9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Koʻrsatilgan elektron shakldagi xizmatlarning realizatsiya qilish joyi qanday aniqlanadi
Savol QQS toʻlovchilar uchun dolzarbdir: koʻrsatilgan elektron shakldagi xizmatlarning realizatsiya qilish joyini qanday toʻgʻri aniqlash mumkin?
Buxgalter.uz tushuntiradi:
– Koʻrsatilgan elektron shakldagi xizmatlarning realizatsiya qilish joyini xaridorining turgan yoki faoliyatni amalga oshirayotgan joyi boʻyicha aniqlang.
Bu Oʻzbekistonda turgan yoki faoliyatni amalga oshirayotgan shaxslar tomonidan olingan elektron shakldagi xizmatlarga Oʻzbekistonda QQS solinishini bildiradi
.
Agar xizmatlar xaridori - jismoniy shaxs boʻlsa, quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilsa, Oʻzbekiston ularni olish joyi deb e’tirof etiladi:
- xaridorning yashash joyi Oʻzbekiston boʻlsa;
- xaridor tomonidan xizmatlarga haq toʻlash uchun foydalaniladigan bank yoki xaridor tomonidan xizmatlarga haq toʻlash amalga oshiriladigan toʻlov tizimlarining operatori Oʻzbekistonda joylashgan boʻlsa;
- xaridor xizmatlarni olish chogʻida foydalangan tarmoqning manzili Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa;
- xizmatlarni olish yoki xizmatlarga haq toʻlash uchun foydalaniladigan telefon raqami mansub boʻlgan mamlakatning xalqaro kodi Oʻzbekiston tomonidan berilgan boʻlsa.
Elektron shakldagi xizmatlar
Ushbu toifaga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda internetdan avtomatik usulda foydalanish orqali koʻrsatilgan xizmatlar kiradi. Xususan
:
- dasturiy ta’minotdan (shu jumladan internet orqali yetkazib beriladigan oʻyinlardan), shuningdek ma’lumotlar bazalaridan, ularga kiritiladigan yangi ma’lumotlardan va qoʻshimcha funksional imkoniyatlardan internet orqali, shu jumladan ulardan masofadan turib foydalanish imkonini berish yoʻli bilan foydalanishga boʻlgan huquqlarni taqdim etish;
- elektron kitoblardan (nashrlardan) va boshqa elektron nashrlardan, axborot, ta’limga oid materiallardan, grafik tasvirlardan, matnli yoki matnsiz musiqa asarlaridan, audiovizual asarlardan foydalanish huquqini internet orqali, shu jumladan koʻrib chiqish yoki eshitish uchun ulardan masofadan turib foydalanish imkonini berish yoʻli bilan taqdim etish;
- internetda, shu jumladan elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlardan va internetda ishlab turgan ma’lumotlar bazalaridan foydalangan holda reklamaga oid xizmatlar koʻrsatish, shuningdek reklama uchun reklamaga oid maydon (joy) va vaqt berish;
- internetda tovarlarni (xizmatlarni) va mulkiy huquqlarni olish (realizatsiya qilish) toʻgʻrisida takliflar joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
- internet orqali sotuvchilar va xaridorlar oʻrtasida aloqalar oʻrnatish va bitimlar tuzish uchun axborot texnologiyalari va tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan texnik, tashkiliy, axborot imkoniyatlarini hamda boshqa imkoniyatlarni berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish. Masalan - virtual savdo maydonchasini berish, bu maydonda potensial xaridorlar avtomatlashtirilgan tartib-taomil vositasida oʻz narxini taklif etadi hamda taraflar avtomatik tarzda yaratiladigan xabar orqali sotuv toʻgʻrisida xabardor qilinadi;
- oʻz maqsadlari uchun yoki iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida internetda hozir boʻlishni ta’minlash va (yoki) saqlab turish, foydalanuvchilarning elektron resurslarini (saytlarini va (yoki) internetdagi saytlari sahifalarini) saqlab turish, ulardan internetdan boshqa foydalanuvchilarning foydalanishini ta’minlash, foydalanuvchilarga ularni modifikatsiyalash imkonini taqdim etish;
- dasturning masofadan va onlayn rejimida ishlashini avtomatik tarzda saqlab turish, internetda axborot tizimlarini, saytlarni va (yoki) sahifalarni boshqarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
- basharti axborotni taqdim etgan shaxs undan internet orqali foydalanish imkoniga ega boʻlsa, ushbu axborotni saqlash va unga ishlov berish;
- axborot tizimida axborotni joylashtirish uchun real vaqt rejimida hisoblash quvvatini taqdim etish;
- domen nomlar berish, xosting xizmatlarini koʻrsatish;
- internet orqali xaridor tomonidan ma’lumotlar kiritilayotganda avtomatik usulda yuzaga keladigan axborotni yetkazib berish, ma’lumotlarni qidirish, soʻrovlarga koʻra ularni saralash va ajratish boʻyicha avtomatlashtirilgan xizmatlar koʻrsatish. Masalan - fond birjasining real vaqt rejimidagi ma’lumotlari, matnlarning avtomatlashtirilgan tarjimasini real vaqt rejimida amalga oshirish;
- potensial xaridorlar toʻgʻrisidagi axborotni qidirish va (yoki) buyurtmachiga taqdim etish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
- internetdagi qidiruv tizimlaridan foydalanish imkonini berish;
- internetdagi saytlarda statistikani yuritish.
Quyidagilar elektron shakldagi xizmatlar jumlasiga kirmaydi:
- agar internet orqali buyurtma berilganda tovarlar yetkazib berish (xizmatlar koʻrsatish) aslida internetdan foydalanmagan holda amalga oshiriladigan boʻlsa, tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish;
- kompyuter dasturlarini (shu jumladan kompyuter oʻyinlari) va moddiy jismlardagi ma’lumotlar bazalarini realizatsiya qilish (ulardan foydalanish huquqlarini taqdim etish);
- elektron pochta orqali maslahat xizmatlari koʻrsatish;
- internetdan foydalanish imkonini berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish.
Oʻzbekistondagi korxona - QQS toʻlovchisi kompyuter dasturini ishlab chiqdi va chet el kompaniyasiga internet orqali undan foydalanish huquqini beradi.
DTdan foydalanish huquqini internet orqali berish - bu elektron shakldagi xizmat. Uni realizatsiya qilish joyi ular xaridorining faoliyatni amalga oshirayotgan (turgan) joy boʻyicha aniqlanadi.
Oʻzbekistondagi korxonada QQS boʻyicha majburiyatning yuzaga kelishi chet el kompaniyasi Oʻzbekistonda doimiy muassasaga egaligi va ushbu xizmatlar DM orqali olinganligiga bogʻliq.
Agar chet el kompaniyasi faoliyatini Oʻzbekiston hududida amalga oshirmasa, u elektron shakldagi xizmatlarni koʻrsatish joyi hisoblanmaydi. Binobarin, Oʻzbekistondagi korxonada QQS solish ob’yekti yuzaga kelmaydi.
Agarda chet el kompaniyasi faoliyatini Oʻzbekistonda DM orqali amalga oshirsa va u orqali dasturdan foydalanish huquqini olgan boʻlsa, Oʻzbekiston elektron shakldagi xizmatlarni realizatsiya qilish joyi sanaladi. Binobarin, Oʻzbekistondagi korxona dasturdan foydalanish huquqini berish chogʻida QQS hisoblashi shart.
Xorijda joylashgan chet el tashkiloti buyurtmasiga asosan Oʻzbekistondagi korxona - QQS toʻlovchisi matnlarni oʻzbek tiliga tarjima qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi. Xizmatlar natijasi buyurtmachiga elektron pochta orqali joʻnatiladi.
Tarjimani elektron pochta orqali joʻnatish - bu elektron shaklda xizmat koʻrsatish sanalmaydi. Biroq uni realizatsiya qilish joyi ham soliq solish maqsadlarida xaridorning faoliyatni amalga oshirayotgan (turgan) joy boʻyicha aniqlanadi.
Xizmatlar buyurtmachisi - xorijda joylashgan chet el tashkiloti boʻlganligi bois, Oʻzbekiston realizatsiya qilish joyi hisoblanmaydi. Binobarin, Oʻzbekistondagi korxona tarjima boʻyicha xizmatlar qiymatidan QQSni hisobga olmaydi.
Mavzuga doir materiallarni tavsiya qilamiz:
- QQSni kimlar toʻlaydi;
- Chet el yuridik shaxslari qachon QQS toʻlaydi;
- Tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish joyini aniqlash tartibi.
Irina AXMETOVA,
“Norma” eksperti