9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Qanday vaziyatlarda mol-mulk soligʻi boʻyicha aniqlashtirilgan boʻnak ma’lumotnomalari zarur
Ayrim korxonalar soliq organidan minimal qiymatdan kelib chiqqan holda mol-mulk soligʻi boʻyicha aniqlashtirilgan boʻnak ma’lumotnomalarini taqdim etish zarurati toʻgʻrisida bildirishnoma olishdi. Vaziyatni buxgalter.uz iltimosiga binoan Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti direktori Irodaxon ABBOSXONOVA va DSQ Resurs soliqlar ma’muriyatchiligi boshqarmasi boshligʻi Nodir QODIROV tushuntirishdi:
– Soliq kodeksi
va Prezidentning qarori
normalari, shuningdek Moliya vazirligining 22.02.2022 yildagi axborot xabari quyidagicha xulosa qilish imkonini beradi:
1-vaziyat. Korxonada bino va inshootlarning oʻrtacha yillik qoldiq qiymati minimal qiymatdan oshgan. Korxona 2022 yil 1 fevralga qadar oʻrtacha yillik qoldiq qiymatdan kelib chiqqan holda boʻnak ma’lumotnomasini taqdim etishi kerak boʻlgan. Keyingi davrlarda bunday korxonalar tomonidan aniqlashtirilgan ma’lumotnoma taqdim etilmaydi (SKning 417-moddasi 7-qismida keltirilgan boshqa asoslar bundan mustasno).
2-vaziyat. Korxonada bino va inshootlarning oʻrtacha yillik qoldiq qiymati minimal qiymatdan past. Agar korxona 1 fevralga qadar boʻnak ma’lumotnomasini yoki 2022 yil 1 aprelga qadar uni minimal qiymatdan kelib chiqib taqdim etgan boʻlsa, keyingi davrlarda aniqlashtirilgan ma’lumotnomani taqdim etish shart emas (SKning 417-moddasi 7-qismida keltirilgan boshqa asoslar bundan mustasno).
Ba’zi korxonalar soliq organlaridan bildirishnoma olishdi. Bu ma’lumotnomaning ilgarigi shakli (elektron hisobotda shakllar kodlari: 10401-15-son-oylik, 10401-16-son-choraklik) soliq organlariga yuqorida koʻrsatilgan vaziyatni tahlil qilish imkonini bermaganligi bilan bogʻliq. Mol-mulk soligʻi boʻyicha yangi shakl boʻyicha ma’lumotnoma taqdim etish soliq hisob-kitobida xatolarni eng kam darajaga tushiradi. Yangi shakl boʻyicha ma’lumot taqdim etgan soliq toʻlovchilarga nisbatan javobgarlik choralari qoʻllanilmaydi.
Shu bois bildirishnoma yuzasidan soliq organiga aniqlashtiruvchi axborot bilan javob yoʻllashni tavsiya qilamiz.
3-vaziyat. Korxona 2022 yil 1 fevralga qadar soliq organiga mol-mulkning oʻrtacha yillik qoldiq qiymatidan kelib chiqqan holda ma’lumotnoma taqdim etdi va taqdim etilgan huquqdan foydalangan holda 2022 yil 1 aprelga qadar boʻlgʻusi baholash haqida xabardor qildi. Mustaqil baholash yakunlangach, u aniqlashtirilgan boʻnak ma’lumotnomasini taqdim etishi kerak. Buni baholash tugagandan keyin 30 kunlik muddatda, biroq 2022 yil 1 oktyabrdan kechiktirmay amalga oshirish zarur.
Shunga qaramay, bunday korxonalarning ham bildirishnomaga javob berishlari maqsadga muvofiqdir. Xabarnoma shakli bir xillashtirilmaganligi bois, korxonalar baholash toʻgʻrisidagi xabarnomani soliq organlariga oʻz kabinetlari orqali erkin shaklda yuborishdi. Avtomatlashtirilgan tizimning imkoniyatlari murojaatlarning umumiy massasidan bunday xabarnomalarga taalluqli xabarlarni ajratish imkonini bermadi. Shu sababli korxona tomonidan bildirishnomaga aniqlashtiruvchi axborot bilan olingan xabarnomaga havola bergan holda javob yoʻllanishi faqat olqishlanadi.
4-vaziyat. Korxona 2022 yil 1 fevralga qadar mol-mulkning oʻrtacha yillik qoldiq qiymatidan kelib chiqqan holda ma’lumotnoma taqdim etdi. 2022 yil 1 aprelga qadar u aniqlashtirilgan boʻnak ma’lumotnomasini taqdim etmadi va soliq organlarini boʻlgʻusi baholash toʻgʻrisida xabardor qilmadi. Korxona eng qisqa muddatda mol-mulkning minimal qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlashtirilgan ma’lumotnoma taqdim etishi lozim.
5-vaziyat. Korxona 2022 yil 1 fevralga qadar mol-mulkning oʻrtacha yillik qoldiq qiymatidan kelib chiqqan holda boʻnak ma’lumotnomasini taqdim etdi. Taqdim etilgan huquqdan foydalangan holda u soliq organlarini 2022 yil 1 aprelga qadar boʻlgʻusi baholash haqida xabardor qildi. Agar 1 oktyabrga qadar u mustaqil baholashni oʻtkazmasa, korxona minimal qiymatdan kelib chiqqan holda aniqlashtirilgan boʻnak ma’lumotnomasini berishi zarur boʻladi. Bunda boʻnak toʻlovlariga 2022 yil fevraldan boshlab soliqning oʻzgarish summasiga teng ulushlarda tuzatish kiritiladi.
6-vaziyat. Korxona 2022 yil 1 fevralga qadar mol-mulkning oʻrtacha yillik qoldiq qiymatidan kelib chiqqan holda boʻnak ma’lumotnomasini taqdim etdi. Taqdim etilgan huquqdan foydalangan holda u soliq organlarini 2022 yil 1 aprelga qadar boʻlgʻusi baholash haqida xabardor qildi.
Baholash natijalari boʻyicha baholangan qiymat minimal qiymatdan yuqori boʻldi, biroq soliq toʻlovchilar minimal qiymatdan kelib chiqqan holda mol-mulk soligʻini hisoblab chiqarish huquqiga ega.
Bu holda aniqlashtirilgan ma’lumotnomani baholash yakunlangandan keyin 30 kunlik muddatda topshirish zarur. Baholashning oʻzi 2022 yil 1 oktyabrdan kechiktirmasdan oʻtkazilgan boʻlishi kerak. Bunda boʻnak toʻlovlariga SKning 417-moddasining 7-qismida nazarda tutilgan tartibda soliqning oʻzgarish summasiga teng ulushlarda tuzatish kiritiladi.
7-vaziyat. Korxona minimal qiymatdan kelib chiqqan holda boʻnak ma’lumotnomasini taqdim etdi. 2022 yil 1 oktyabrga qadar u mustaqil baholashni oʻtkazdi, uning natijalari minimal qiymatdan yuqori boʻldi. Bu holda aniqlashtiligan ma’lumotnomani taqdim etish shart emas.
Kadastr bilan taqqoslash toʻgʻrisida
Soliq toʻlovchilar kadastr ma’lumotlari bilan tafovut mavjud boʻlgan taqdirda taqqoslashni amalga oshiradilar. Soliq organlari kadastr organlarining koʻchmas mulk ob’yektlari maydonlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarining boʻnak ma’lumotnomasining yangi shaklida avtomatik tarzda aks ettirilishini ta’minlaganliklari bois, faqat mavjud ma’lumotlar haqiqiy ma’lumotlardan ogʻgan taqdirda kadastr bilan taqqoslashni oʻtkazish talab qilinadi.
![]()