QQS hisobotida tolling operatsiyalarini qanday toʻgʻri aks ettirish mumkin

preview

QQS hisobotining tolling operatsiyalari boʻyicha daromadlarni aks ettirish uchun moʻljallangan qismiga tuzatishlar kiritilishi lozim. Mazkur daromadlar hozirgidek Xarid qilingan tovarlar reyestrida emas, balki Realizatsiya qilingan tovarlar reyestrida (eksportga oʻxshab) aks ettirilishi kerak. Aks holda, soliq toʻlovchilar QQS hisobotini toʻldirishda muammolarga, soliqchilar esa - tekshiruvdan oldingi tahlil yuzasidan xabarnomalar joʻnatishlariga va ular boʻyicha javoblarni koʻrib chiqish boʻyicha qoʻshimcha ishlarni bajarishlariga toʻgʻri keladi. 

Buxgalter.uz iltimosiga binoan vaziyatni moliyaviy maslahatchi Anvar ROʻZMAMATOV (ACCA DipIFR, CAP) sharhlab berdi:

 

– Soliq qoʻmitasining mazkur muammodan xabari bor, lekin nimagadir hozirgacha hal qilinmagan. DSQ mazkur masala boʻyicha murojaatlarni “Yangi texnologiyalar” IAMga yoʻnaltiradi, IAM esa – DSQga. Davlat soliq qoʻmitasi bu masalani QQS soliq hisobotiga oʻzgartirish kiritib, hal qilishi kerak.

 

Nima uchun QQS hisob-kitobi va EHF reyestri ma’lumotlari oʻzaro muvofiq kelmayapti 

Mening qoʻlimda “Yangi texnologiyalar” IAMning yozma javobi bor, unda ma’lum qilinishicha, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash boʻyicha xizmatlar qiymati QQS hisobotida realizatsiya sifatida emas, balki xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha hisobvaraq-fakturalar (hisobvaraq-faktura oʻrnini bosadigan hujjatlar) reyestrida “EK-11” rejimiga oʻxshab manfiy aks ettirilishi lozim. Lekin bu yondashuv notoʻgʻri.

Haqiqatan, Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning 6-bobiga asosan “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash boʻyicha xizmatlar qiymati uchun reeksport bojxona rejimi kabi “EK-11” blankasida toʻldiriladi. Aftidan, soliq hisoboti shakllarini ishlab chiquvchilar ham aynan ushbu normaga amal qilishgan. Shuning uchun QQS hisobotida “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash boʻyicha xizmatlar qiymati va reeksport bir xil aks ettirilmoqda.

QQS hisobotining 2-ilovasi 042-satriga qoʻlda kiritilgan tolling operatsiyalari boʻyicha xizmatlar qiymati hisobotning 7-ilovasi 0103-“Nol darajali stavka boʻyicha aylanmalar (tovarlar eksportidan tashqari), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududi realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etilmaydigan xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha aylanmalar” satrida avtomatik tarzda aks ettiriladi. Natijada hisobotning 1-ilovasi 010-“Soliq davridagi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmalari” satridagi summa realizatsiya qilingan tovarlar boʻyicha hisobvaraq-fakturalar (hisobvaraq-faktura oʻrnini bosadigan hujjatlar) Reyestri ma’lumotlariga mos kelmaydi. Bu tolling operatsiyalari boʻyicha aylanmalar realizatsiya qilingan tovarlar Reyestrida mavjud emasligi sababli sodir boʻladi. DSQning axborot tizimlari ushbu nomuvofiqlikni aniqlaydi va bu xato haqida xabar chiqaradi.

 

Nima qilish kerak

Muammoning yechimi - QQS hisoboti shakllarini takomillashtirishda. Tolling operatsiyalarini aks ettirishni xarid qilingan tovarlar Reyestridan realizatsiya qilingan tovarlar Reyestriga olib oʻtish zarur (eksportga oʻxshab). Aks holda soliq toʻlovchilar nafaqat soliq hisobotini topshirishda, balki tekshiruvdan oldingi tahlilda ham muammolarga duch kelaverishadi. Soliqchilar qoʻshimcha QQS hisoblashga intilishadi, soliq toʻlovchilar esa har safar nega tafovut yuzaga kelganligini yozma ravishda tushuntirishlariga toʻgʻri keladi.

Oleg GAYeVOY tayyorladi


QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text181926_qqs_hisobotida_tolling_operaciyalarini_qanday_tugri_aks_ettirish_mumkin