Ipoteka kreditlari boʻyicha JShDS imtiyozlaridan foydalanish

preview

2023 yil 1 yanvardan boshlab bir soliq davrida ipoteka kreditlarini yoki ular boʻyicha hisoblangan foizlarni soʻndirish uchun yoʻnaltiriladigan JShDSga tortilmaydigan summa MHEKMning 80 baravarigacha oshirildi. Bu Prezidentning 2022 yil 22 sentyabrdagi “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida nazarda tutilgan.

Buxgalter.uz tafsilotlarni aniqlashtirdi:

 

Hujjatga asosan 2023 yil 1 yanvardan boshlab dastlabki badalning va ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berilgan fuqarolarning uy-joylarni sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlash uchun yoʻnaltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari JShDSga tortilmaydi. Ushbu imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida MHEKMning 80 baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi (bugungi kunda 73,6 mln soʻm).


Ma’lumot uchun: SKga asosan 2022 yil oхiriga qadar soliq davri mobaynida imtiyoz beriladigan summa 15 mln soʻmni tashkil etadi (qarz oluvchi va birga qarz oluvchi bilan birgalikda). Bunda Soliq kodeksida sotib olinayotgan uy-joy qiymati va qarz oluvchilarning yoshi (“yosh oila”) boʻyicha muayyan shartlar nazarda tutiladi . Prezidentning 2022 yil 22 sentyabrdagi qarorida bunday shartlar mavjud emas.

 

2023 yildan boshlab ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan mol-mulk unga boʻlgan huquq davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan sanadan e’tiboran 36 oy ichida begonalashtirilganda (masalan, sotilganda), ilgari imtiyoz berilgan summalar belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.

Saida JONIZOQOVA tayyorladi


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text184412_ipoteka_kreditlari_buyicha_jshds_imtiezlaridan_foydalanish