Agregatsiyalangan import kodlari (AIK) bilan qanday ishlash kerak (yoʻriqnoma)

preview

Import qiluvchilar majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni (tamaki, alkogol va pivo mahsulotlari, maishiy texnika) olib kirish chogʻida agregatsiyalangan import kodidan (AIK) foydalanishlari shart.

Vuxgalter.uz iltimosiga koʻra «CRPT-TURON» MChJ menejeri Fazliddin SAYDULLAYeV «Asl Belgisi» tizimida bunday kodlar bilan qanday ishlash kerakligi haqida gapirib berdi:

 

– Mahsulotlarni raqamli markirovkalash qoidalariga muvofiq, import qiluvchilar tovarlarni bojxonada deklaratsiyalash chogʻida agregatsiyalangan import kodidan (AIK) foydalanishlari kerak.

Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga muvofiq, AIK BYuDning 31-grafasi detalizatsiyasida emas, balki BYuDning 31-grafasida (Yuk joylari va tovar tavsifi) – «6» raqami ostida bevosita tovar haqidagi umumiy ma’lumotlarni kiritish uchun    belgilangan maydonda koʻrsatiladi. 

 

AIK nima uchun kerak

2022 yil noyabr oyida yakunlangan «Asl Belgisi» raqamli markirovkalash tizimi va bojxona organlarining axborot tizimi integratsiyalanguniga qadar aylanma ishtirokchilari import qilish chogʻida BYuDda raqamli markirovkalash haqidagi ma’lumotlarni toʻldirmay, tovarlarni deklaratsiyalaganlar. Tovarlar erkin muomalaga chiqarilgach (import), olib kirish (import) toʻgʻrisidagi xabarnomani «Asl Belgisi» tizimiga joylashtirganlar. Unga asosan markirovkalangan tovarlarga «Aylanmaga kiritildi» maqomi berilgan.

Tovarlar bunday usulda deklaratsiyalanganda quyidagi koʻplab qonunbuzarliklar aniqlangan:

– tovarlar «Erkin muomalaga chiqarish (import)» bojxona rejimiga joylashtirilgungacha ularni markirovkalash;

– markirovkalangan tovarlar erkin muomalaga chiqarilgach, ularni olib kirish (import) toʻgʻrisida xabarnoma berish.

Shu sababli vakolatli idora markirovkalash kodlarini tekshirmay tovarni deklaratsiyalash usulini (olib kirish toʻgʻrisida xabarnoma) AIK yordamida deklaratsiyalashga sekin-asta oʻtkazishga qaror qildi.

Asosiy farqlari:

Olib kirish (import) toʻgʻrisida xabarnoma

AIKdan foydalanish

Aylanma ishtirokchilari (import qiluvchilar) olib kirish toʻgʻrisidagi xabarnomani bojxona tartib-taomillaridan oʻtgach shakllantiradilar.

Hujjat tavsiya tusiga ega.

Unga tizim muvaffaqiyatli ishlov bergan boʻlsa, unda koʻrsatilgan markirovkalash kodlari «Aylanmaga kiritildi» maqomini oladi

BYuDni rasmiylashtirish chogʻida AIK ruxsat berish tusiga ega.

Import qiluvchi BYuD muvaffaqiyatli rasmiylashtirilgani va tovarlar erkin muomalaga chiqarilgani (import) toʻgʻrisida xabarnoma olgach, AIKda agregatsiyalangan markirovkalash kodlari avtomatik ravishda «Aylanmaga kiritildi» maqomini oladi.

AIK shakllantirilgani toʻgʻrisidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda bojxona organlarining axborot tizimiga beriladi. Shu sababli tovarlarni import bojxona tartib-taomillari ostida joylashtirayotganda bojxona organlari ularning markirovkalangani va AIK shakllantirilgani haqida axborotga ega boʻladilar. Ular bojxona nazorati jarayonida ushbu axborotdan foydalanishlari mumkin (BYuDni rasmiylashtirish chogʻida tovarlar markirovkalangani haqidagi ma’lumotlarni tekshirish, bojxona koʻrigidan oʻtkazish va boshqa operatsiyalar)

 

AIK nimalardan tashkil topadi

Agregatsiyalangan import kodi import qiluvchining buyurtmanomasiga koʻra «Asl Belgisi» tizimida bepul generatsiyalanadi. U 3 ta ma’lumotlar guruhini oʻz ichiga oluvchi belgilarning takrorlanmas ketma-ketligidan (25 ta raqam) iborat:

1) import qiluvchining STIR yoki JShShIR;

2) AIK shakllantirilgan sana;

3) AIKning 5 ta belgidan iborat takrorlanmas kodi. Ushbu kod deklaratsiyalanayotgan tovarning har bir turi uchun alohida beriladi.

E’tibor bering
  • AIKni shakllantirish chogʻida roʻyxatga olingan egasi, TIF TN va GTIN almashtirilmaydi.
  • AIK boʻsh boʻlishi mumkin emas.
  • Quyidagi hollardagina AIK tugatilishi mumkin:

1) import qiluvchi AIK tugatilgani haqida hujjat taqdim etib, unga tizim muvaffaqiyatli ishlov berganda;
2) DBQ AIKni roʻyxatdan oʻtkazishni (shakllantirishni) rad etganda;
3) DBQ ilgari ushbu AIK bilan BYuD rasmiylashtirilgani haqida import qiluvchini xabardor qilganda.

 

AIK qayerda koʻrsatiladi

Agregatsiyalangan import kodi faqat BYuDda koʻrsatilishi mumkin.

Boshqa hujjatlarda (EHF, cheklar va h.k.) realizatsiya qilinayotgan tovarga yoki uning transport qadogʻiga berilgan raqamli markirovkalash kodlari koʻrsatiladi. AIK transport qadogʻiga ham, tovarga ham bosib tushirilmaydi.


AIK bilan qanday ishlash lozim (qadamma-qadam yoʻriqnoma)

1. «Asl Belgisi» tizimida roʻyxatdan oʻting.

2. «Asl Belgisi» tizimining «Markirovkalanadigan tovarlar katalogi»ga tovar haqidagi ma’lumotlarni kiriting.

3. Tovarlarni markirovkalang: kerakli miqdordagi markirovkalash kodlariga buyurtma berib, ularni import qilinayotgan tovar qadogʻiga bosib tushiring (zarurat tugʻilganda tovarlarni guruhlangan va (yoki) transport qadogʻida agregatsiyalang (birlashtiring)).

4. Bojxonada rasmiylashtirish uchun taqdim etiladigan tovarning qadoqlarini aniqlang. Ushbu qadoqlarni markirovkalash kodlarining roʻyxati berilgan *.xls formatidagi faylni shakllantiring. Tovarlar agregatsiyalangan boʻlsa, guruhlangan va (yoki) transport qadoqlarining kodlarini koʻrsating.

5. Markirovkalangan tovarlar «Erkin muomalaga chiqarish (import)» – IM 40 bojxona rejimi ostida joylashtirilgunigacha «Asl Belgisi» shaxsiy kabinetida AIKni generatsiyalash uchun buyurtmanoma bering.

6. BYuDni rasmiylashtirayotganda BYuDning 31-grafasi «6» bandida olingan AIKni koʻrsating.

7. BYuD rasmiylashtirilgach, bojxona tovarlarni erkin muomalaga chiqarish haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda «Asl Belgisi» MATga beradi. AIK tarkibiga kiritilgan markirovkalash kodlari avtomatik ravishda «Aylanmaga kiritildi» maqomini oladi.

Oleg GAYeVOY tayyorladi.


TIF — maslahatlar TIF TIF — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text186456_agregaciyalangan_import_kodlari_aik_bilan_qanday_ishlash_kerak_yuriqnoma