Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Trade-In dasturi boʻyicha avtomobilni realizatsiya qilish EHFda qanday aks ettiriladi
Trade-In dasturi ishtirokchilarida olib sotish uchun jismoniy shaxslardan sotib olinayotgan avtomobillarni realizatsiya qilishda muammolar yuzaga kelmoqda. Bu holda QQS boʻyicha soliq bazasi soliq summasini oʻz ichiga oladigan, realizatsiya qilish narxi va sotib olish qiymati oʻrtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi. Lekin bunda SKning 248-moddasi 11-qismiga muvofiq EHF rasmiylashtirish imkoniyati mavjud emas.
Natijada bu nimaga olib kelishini “Norma” eksperti Tatyana LIMAREVA tushuntirdi:
– “Oʻzavtosanoat” AJning Trade-in dasturi doirasida xaridor – jismoniy shaxs rasmiy dilerga oʻzining ilgari foydalanishda boʻlgan avtomobilini topshirgan va qiymatidagi farqni toʻlagan holda, mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobilni sotib olishi mumkin.
Trade-Inda ikkita bitim amalga oshiriladi. Tashkilot-diler uchun bu:
- eski avtomobilni sotib olish;
- yangisini sotish.
Avtosalonning eksperti eski avtomobilni texnik holati va ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda baholaydi. Agar xaridorni baholash qanoatlantirsa:
1) avtosalon undan eski mashinani sotib oladi va uning qiymati yangi avtomobilni sotishga doir shartnoma hisobiga hisobga olinadi;
2) xaridor yangi va eski avtomobilning narxi oʻrtasidagi farqni toʻlaydi va yangi avtomobilni oladi.
SKning 248-moddasi 11-qismiga asosan olib sotish uchun jismoniy shaxslardan olingan avtomobillar va uy-joy koʻchmas mulk ob’yektlari realizatsiya qilingan taqdirda, soliq bazasi soliq summasini oʻz ichiga oladigan, realizatsiya qilish narxi va sotib olish qiymati oʻrtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.
Koʻrib chiqilayotgan vaziyatda faqat realizatsiya qilish narxi va sotib olish qiymati oʻrtasidagi ijobiy farqqa QQS solinishi kerak. Biroq EHF tizimi bunday bitimlarni rasmiylashtirish imkonini bermayapti. Shu tufayli korxonalarda – dastur ishtirokchilarida buxgalteriya hisobida QQS boʻyicha ortiqcha toʻlov hosil boʻladi. QQS boʻyicha soliq hisoboti va soliq boʻyicha shaxsiy hisobvaraqada esa bunday ortiqcha toʻlov mavjud emas, sababi:
1) hisobot EHF ma’lumotlari asosida shakllantiriladi;
2) ularda hozircha bunday bitimlardagi ijobiy farqni aks ettirish imkoniyati mavjud emas (realizatsiya qilishning barcha summasi toʻliq oʻtadi).
Binobarin, soliq toʻlovchining aybisiz hisob ma’lumotlarida tafovut yuzaga kelmoqda.
Bizning fikrimizcha, muammoni Trade-In dasturi ishtirokchilariga EHF rasmiylashtirishda SKning 248-moddasi 11-qismini qoʻllash imkoniyatini taqdim etish orqali hal qilish mumkin boʻlardi.
![]()