Xalqaro tashish soliq solish maqsadlarida qanday hisobga olinadi

preview
E’tibor bering
Materialga bunday xizmatlar qiymatini chet ellik shaxslardan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha QQS hisob-kitobida (hisobot kodi 10001_5) aks ettirish boʻyicha aniqlashtirish kiritildi.

“Korxona realizatsiya qilingan tovarlarning tannarxi asossiz oshirilganligi toʻgʻrisida xabarnoma oldi. Tannarxni hisob-kitob qilish formulasidan DSXO tizimi xizmatlar importini hisobga olmasligi koʻrinadi. 

Korxona tovarlarni import qiladi. Transport xizmatlari uchun import shartnomasi tuzilgan. Xizmatlar koʻrsatish yakunlari boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Hujjatlar TSOYaEATda roʻyxatdan oʻtkazilgan. Transport xizmatlari qiymati boshqa hech qayerda aks ettirilmaydi, sababi xizmatlarga QQS solinmaydi (xizmatlar Oʻzbekistonda koʻrsatilmagan). Hisobvaraq-faktura bunday xizmatlar uchun taqdim etilmaydi. Bunda xizmatlar qiymati 4-son BHMSga asosan tovarning tannarxiga kiritiladi. 

Soliq organi mazkur xizmatlar boʻyicha dalolatnomalar summasini hisobga olishi uchun transport xizmatlari  summasini qanday toʻgʻri aks ettirish kerak? Norezidentlar (XXR rezidentligi sertifikati mavjud) tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun 29 va 137 kodli hisobotlarni toʻldirish kerakmi?”.

Savollarga buxgalter.uz iltimosiga binoan Soliq qoʻmitasining Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi boshligʻi Gulnora NIZAMUTDINOVA javob berdi:

 

1. Koʻrib chiqilayotgan vaziyatda hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilmaydi . Chet ellik shaxsdan xizmat olinganligi bajarilgan ishlar (koʻrsatilgan xizmatlar) dalolatnomasi kabi boshlangʻich hujjatlar bilan tasdiqlanadi.

Yetkazib berish boʻyicha transport xarajatlari sotib olingan tovarlarning boshlangʻich qiymatiga kiritiladi , demak, realizatsiya qilingan tovarlarning tannarxini shakllantirishda ishtirok etadi.

Soliq organi kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilishi boshlanguniga qadar soliq toʻlovchining ishtirokisiz soliq hisoboti va  faoliyat toʻgʻrisidagi boshqa axborotning  tekshiruvdan oldingi (avtomatlashtirilgan) tahlilini oʻtkazishi mumkin . Agar tahlil chogʻida soliq hisobotida soliq organida mavjud boʻlgan ma’lumotlar bilan tafovutlar aniqlansa, soliq toʻlovchi shaxsiy kabineti orqali soliq hisobotiga tegishli tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi xabarnomani oladi.

Soliq toʻlovchi tekshiruvdan oldingi tahlil boʻyicha xabarnomaga javob tariqasida 10 kunlik muddatda aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlarning asosnomasini taqdim etishi shart. Aks holda kameral soliq tekshiruvi oʻtkaziladi.

Shu bois, agar siz soliq organining talabiga rozi boʻlmasangiz, oʻz fikringizni asoslagan holda, tasdiqlovchi hujjatlar va hisob-kitoblarni ilova qilib, xabarnomaga javob taqdim eting.

Agar soliq organi fikringizga qoʻshilmasa, korxona uning qarori ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat berishga haqli.

 

2. Agar chet ellik shaxs yukni transportda tashish va yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatgan boʻlsa, joʻnatish punkti esa Oʻzbekiston hududidan tashqarida joylashgan boʻlsa, Oʻzbekiston bunday xizmatlarni realizatsiya qilish joyi hisoblanmaydi . Binobarin, xizmatlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma yuzaga kelmaydi .

QQS hisob-kitobida bunday xizmatlar qiymati aks ettirilmaydi, biroq Chet ellik shaxslardan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha QQS hisob-kitobida (hisobot kodi 10001_5) aks ettiriladi. U Hisob-kitobning 0102-satriga qoʻlda kiritiladi.

Xalqaro tashish boʻyicha xizmatlar toʻlov manbai sifatida xizmatlarni oluvchida foyda soligʻi solinadigan norezidentning daromadlariga kiradi – soliq solish sohasida xalqaro shartnoma qoidalarini hisobga olgan holda . Soliq organiga Soliq agenti tomonidan toʻlov manbaida ushlab qolinadigan norezidentlar daromadlaridan foyda soligʻi hisob-kitobini taqdim eting (137 kodli).

 

 

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text189586_halqaro_tashish_soliq_solish_maqsadlarida_qanday_hisobga_olinadi