Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Materialda:
– Oʻzbekistonda xorijiy fuqaro uchun JShShIR qanday rasmiylashtiriladi;
– chet ellik fuqaro soliq toʻlovchi sifatida hisobda turish-turmasligini qanday tekshirish mumkin.
2021 yil 1 iyundan jismoniy shaxslarni soliq organlarida hisobga olish JShShIR boʻyicha amalga oshiriladi
.
Shuning uchun, xorijlikni ishga qabul qilarkansiz, unda JShShIR bor-yoʻqligini tekshiring. Agar JShShIR boʻlmasa, siz xodimga hisoblangan daromadlarni JShDS va ijtimoiy soliq boʻyicha hisobotda aks ettira olmaysiz. Agar xorijiy mutaxassis Oʻzbekiston kompaniyasi bilan birinchi marta shartnoma tuzayotgan boʻlsa, unda JShShIR yoʻq. Agar u avval Oʻzbekistonda JShShIR olgan boʻlsa, Soliq qoʻmitasi ma’lumotlar bazasida u haqida ma’lumotlar allaqachon mavjud.
Oʻzbekistonda xorijlik uchun JShShIR qanday rasmiylashtiriladi
Oʻzbekistonda ilgari JShShIR olmagan xorijiy fuqaro Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga (ya’ni «pasport stoli»ga) va yaqin oradagi Davlat xizmatlari markaziga (DXM) tashrif buyurishi kerak. Agar mutaxassis masofadan turib ishlayotgan boʻlsa va yaqin kelajakda Oʻzbekistonga kelishni rejalashtirmagan boʻlsa, u DXMda JShShIR olish uchun notarial tasdiqlangan ishonchnoma yuborish orqali Oʻzbekistondagi vakil orqali harakat qilishi mumkin. Bunday vakil ish beruvchining xodimi boʻlishi mumkin.
JShShIR olish uchun chet ellik fuqaroga quyidagilar kerak boʻladi:
- pasport – DXMga shaxsan tashrif buyurganda;
- pasport skaneri (elektron shaklda) va ishonchnoma – agar xorijiy fuqaro uchun JShShIRni vakil olayotgan boʻlsa.
DXM xorijiy fuqaroga berilgan JShShIR koʻrsatilgan ma’lumotnoma beradi.
Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi bazasidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda soliq organlari ma’lumotlar bazasida aks ettiriladi. Shuning uchun JShShIR berilgandan soʻng xorijiy fuqaro haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda soliq organlari ma’lumotlar bazasida paydo boʻladi.
Xorijiy fuqaro ilgari Oʻzbekistonda JShShIR olgan, ammo my.soliq.uz saytida «Oʻz STIR yoki JShShIRingizni bilib oling» interaktiv xizmati yordamida tekshirilganda, «Personallashtirish agentligi ma’lumotlar bazasida bu JShShIR boʻyicha ma’lumotlar mavjud emas» xabari chiqadigan holatlar uchraydi.
Bunday holda, xorijiy fuqaro yoki uning vakili texnik muammoni bartaraf etishda yordam berish iltimosi bilan IIVning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga va yaqin oradagi DXMga murojaat qilishi kerak. Bunda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish kerak.
Xorijlik soliq toʻlovchi sifatida hisobda turish-turmasligini qanday tekshirish mumkin
Buning uchun:
- my.soliq.uz saytiga kiring;
- «Jismoniy shaxslar uchun» toifasida «Xizmatlar»ga oʻting;
- «Oʻz STIR yoki JShShIRingizni bilib oling» vkladkasini bosing. Shundan soʻng siz xizmatni bevosita olish uchun avtomatik ravishda my3.soliq.uz saytiga oʻtasiz;
- «Oʻz STIR yoki JShShIRingizni tekshirish» boʻlimida «Jismoniy shaxs» satrida «Xorijiy fuqaro»ni tanlang;
- xorijiy fuqaroning JShShIRini kiriting;
- rasmdagi kodni kiriting;
- «Tekshirish»ni bosing.
Tizim darhol Personallashtirish agentligi ma’lumotlar bazasiga soʻrov yuboradi.
Agar ekranda xorijiy fuqaroning F.I.Sh. paydo boʻlsa, demak, uning JShShIRi Personallashtirish agentligi ma’lumotlar bazasida tasdiqlangan. Shunga koʻra, u haqidagi ma’lumot Soliq qoʻmitasi ma’lumotlar bazasida ham shakllantirilgan – xorijiy fuqaro soliq organlarida hisobga olingan. Endi siz soliq hisobotida xorijlik xodimning ish haqi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni koʻrsata olasiz.
❖
Chet ellik xodimga «kasallik varaqasi» boʻyicha haq toʻlash: buxgalteriya hisobi va soliq oqibatlari haqida alohida maqolada oʻqing.
![]()