2023 yil yanvar-aprel oylari uchun ijtimoiy soliqni soliqchilarga qaytarish kerakmi

preview

Soliqchilar alohida kompaniyalarga 2023 yil yanvar-aprel oyla­­ri uchun 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun davlat byudjetidan qoplab berilgan ijtimoiy soliq summasini qaytarishni soʻrab murojaat qilishdi. Soliq toʻlovchilarni arizalarni soliqchilarning oʻzi qabul qilib, ijobiy koʻrib chiqqanlari, endi esa pullarni qaytarishni soʻrayotganliklari gʻazablantirmoqda. 

Gap nimada ekanligini tushunishda buxgalter.uzga soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA yordam berdi.

 

Soliq toʻlovchilarning dolzarb savollariga javoblarni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

Agar qonun hujjatlarining normalariga tayanadigan boʻlsak, soliqchilarning talablari asosli boʻlib, qonuniy asoslarga egadir.

Ilgari 25 yoshdan oshmagan yosh xodimlar uchun ijtimoiy soliqni qaytarish 20.04.2021 yildagi PF-6208-son Farmonga muvofiq amalga oshirilgan. Ushbu Farmonning normalari 2021 yil 1 maydan 2022 yil 31 dekabrgacha boʻlgan davrga tatbiq etilgan.

Hozir ham ijtimoiy soliqni qaytarish toʻgʻrisidagi norma amal qilmoqda, biroq u 26.04.2023 yildagi PF-61-son Farmon bilan belgilangan. Mazkur NHHga muvofiq ijtimoiy soliqni qaytarish 2023 yil 1 maydan 2025 yil 1 yanvargacha boʻlgan davrda amalga oshiriladi. 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasi toʻliq davlat byudjetidan qaytariladi. Ijtimoiy soliqni qaytarishni ish beruvchilar olishlari mumkin, bundan byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari va davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada toʻlovchilar mustasno. Yosh xodim 6 oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi kerak va 7 oydan boshlab uning uchun toʻlangan ijtimoiy soliq qaytariladi.

Ushbu vaziyatda ikkita sana muhim hisoblanadi:

  • PF-6208-son Farmon boʻyicha ijtimoiy soliq 2022 yil 31 dekabrga qadar qoplab berilgan;
  • PF-61-son Farmon boʻyicha ijtimoiy soliq 2023 yil 1 maydan boshlab qoplab beriladi.

Ya’ni toʻrt oy – 2023 yilning yanvar oyidan aprel oyiga qadar – unga muvofiq 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun ijtimoiy soliq qaytariladigan norma mavjud boʻlmagan.

Lekin my.soliq.uz va my3.soliq.uz saytlarida bu vaqtda interaktiv xizmat ishlagan, uning yordamida qaytarishga ariza berish mumkin boʻlgan. Bundan tashqari, arizalarni koʻrib chiqish uchun mas’ul boʻlgan soliq organlarining xodimlari, aftidan, 2023 yilning yanvar-aprel oylarida ijtimoiy soliqni qaytarish uchun asos mavjud emasligini e’tibordan chetda qoldirishgan va ushbu davr uchun arizalarni ma’qullashni davom ettirishgan. Ayrim soliq toʻlovchilar ham PF-6208-son Farmon boʻyicha mazkur normaning amal qilish muddatiga e’tibor berishmagan va ariza berishni davom ettirishgan.

Soliq toʻlovchilar soliqchilarning talabini bajarishlari va 2023 yilning yanvar oyidan aprel oyigacha boʻlgan davr uchun 25 yoshdan oshmagan xodimlar boʻyicha ijtimoiy soliqni qoplash summasini qaytarishlariga toʻgʻri keladi.

 

 

Oleg GAYeVOY tayyorladi

 

 


JShDS va ijtimoiy soliq — maslahatlar JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text192310_2023_yil_yanvar-aprel_oylari_uchun_ijtimoiy_soliqni_soliqchilarga_qaytarish_kerakmi