Onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazishni hujjatlar toʻplamisiz uddalash mumkinmi

preview

“TXKMga soliq organlarida onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazish iltimosi bilan murojaat qildik. Bir soat mobaynida barcha zarur tartib-taomillar yakunlanadi, deb oʻyladik. Unday boʻlmadi! Doʻkonimizning joylashish koordinatalarini aniqlash uchun bizni bino ijara shartnomasi va kadastr hujjatlarini olib kelishga, shuningdek doʻkonimiz joylashgan mahallaning nomini aniqlashtirib kelishga joʻnatishdi”.

Vaziyatni buxgalter.uz iltimosiga binoan “GAROV TARAQQIYOT NKM” MChJ ta’sischisi Vladimir GIBEL tushuntirdi. Shuningdek, u soliq organlarida onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazishni qanday takomillashtirish mumkinligi yuzasidan fikri bilan oʻrtoqlashdi.

 

Bizning telegram-kanalimizga obuna boʻlgan holda, mutaxassislarning dolzarb tushuntirishlari haqida oson bilish mumkin.

 

– Onlayn-NKM yoki virtual kassani soliq organida roʻyxatdan oʻtkazish uchun tadbirkorlik sub’yektlari aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishdan oldin belgilangan shaklga muvofiq elektron yoki yozma ariza bilan Davlat reyestriga kiritilgan TXKM yoki uning hududiy filiallariga murojaat qiladi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • turgʻun shoxobchaning (koʻchma savdo ob’yektining) mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar: bino, inshootning yoki uning bir qismining ijara shartnomasi yoki kadastr hujjatlari;
  • TXKM bilan tuzilgan onlayn-NKM va (yoki) virtual kassaga texnik xizmat koʻrsatish yoki ta’mirlashga doir shartnoma nusxasi;
  • turgʻun savdo (xizmat koʻrsatish) shoxobchasi (koʻchma savdo ob’yekti) manzilining xaritadagi koordinatasi.

Ushbu qoidalar Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida nizomning 16-bandida belgilangan.

TXKM xodimi soliq organlarining dasturida ushbu hujjatlar asosida nafaqat maxsus shaklni toʻldiradi, balki unga ularning nusxalarini biriktiradi. Shundan soʻng shakl hujjatlar bilan soliq organlariga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.

Shuni taassuf bilan e’tirof etamanki, qogʻoz shaklidagi hujjatlar toʻplamini taqdim etish kerakligidan norozi boʻlganlar koʻp. Koʻpincha tadbirkorlar e’tirozlarini shunday bayon etishadi: nima uchun TXKM xodimi zarur axborotni soliq organlarining ma’lumotlar bazasidan (kadastr hujjatlari va ijara.soliq.uz) ololmaydi, axir unda koʻchmas mulk ob’yekti, uning mulkdorlari va ijarachilari haqida barcha axborot bor.

Javob beramiz: TXKM soliq organlarining ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Ammo men axborot texnologiyalari onlayn-NKMni soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazish uchun dasturiy ta’minotning ushbu hujjatlarni soʻrab olish zaruratini istisno qiladigan tarzda ishlab chiqilishi tarafdoriman.

Sodda variantlardan biri sifatida onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazish dasturini kadastrga doir axborot va koʻchmas mulk ijara shartnomalari boʻyicha ma’lumotlar saqlanadigan soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilishni taklif qilaman. Onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazish dasturi interfeysini tadbirkorning STIRi yoki JShShIRi kiritilganda chiqib keladigan tavsiyada uning tasarrufida boʻlgan barcha koʻchmas mulk ob’yektlari biroz yoritilib koʻrsatiladigan tarzda sozlash mumkin. Axborotni kiritish uchun mas’ul xodim faqat roʻyxatdan oʻtkazilayotgan onlayn-NKM yoki virtual kassa ishlaydigan ob’yektni tanlashi va koʻrsatishi kerak boʻladi.

Bunday yondashuv:

  • soliq organlari nuqtai nazaridan – taqdim etilayotgan ma’lumotlarning haqqoniyligi ustidan ancha qat’iy nazoratni ta’minlash;
  • tadbirkorlar nuqtai nazaridan – talab qilinadigan hujjatlarni yigʻish bilan bogʻliq sarsongarchilikdan ozod qilish imkonini beradi.

 

Oleg GAYeVOY tayyorladi

 

 

 

 

Onlayn-NKT Onlayn-NKT Onlayn-NKT /oz/publish/doc/text194674_onlayn-nkmni_ruyhatdan_utkazishni_hujjatlar_tuplamisiz_uddalash_mumkinmi