E-ijarada yangi yuridik shaxsning boʻlgʻusi manzili qanday roʻyxatdan oʻtkaziladi

preview

Ijaraga olingan binoda ishni boshlashni rejalashtirayotgan ta’sischilar yangi tashkil etilayotgan tashkilotning boʻlgʻusi manzili ijara.soliq.uzga kiritishlari lozim. Buni amalga oshirmasdan davlat roʻyxatidan oʻtkazishning imkoni boʻlmaydi.

Tashkil etilayotgan yuridik shaxsning boʻlgʻusi joylashadigan joyi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni qanday kiritish haqida “Norma” professional rivojlanish markazi vebinarida Soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish departamenti bosh davlat soliq inspektori Sanjar XAYRITDINOV gapirib berdi:

 

Har kuni buxgalteriya hisobi, soliqlar va hisobot boʻyicha yangi materiallarni oʻqish uchun bizning telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

– Yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxslar uchun E-ijara platformasida “Kafolat xati asosida ijara (shartnoma toʻgʻrisida dastlabki axborot)” maxsus tugmasi nazarda tutilgan. Ushbu funksional yordamida yangi korxona ta’sischilari va bino egasining yangi tadbirkorlik sub’yekti roʻyxatdan oʻtkazilganidan soʻng binoni ijaraga olishi haqidagi kelishuvi roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Ushbu funksional Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentyabrdagi 595-son qarorining 4-bandini bajarish uchun yaratilgan. Unda yangi tashkil etiladigan yuridik shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazishda soliq xizmatida hisobga qoʻyilgan koʻchmas mulk ijarasi yoki tekin foydalanishga doir dastlabki shartnoma ma’lumotlari asosida joylashish joyini koʻrsatadilar. Hisobga qoʻyish ijara.soliq.uzga ma’lumotlarni kiritishni koʻzda tutadi.

Faqatgina xususiy yoki ijaraga olingan binolar mavjud boʻlgan taqdirda davlat roʻyxatidan oʻtkazish mumkinligi, yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxslar esa bitimning tomoni boʻlishi mumkin emasligi bois, maxsus funksional talab qilindi.

Boʻlgʻusi yuridik shaxs ta’sischilarining bino egasi bilan ijara toʻgʻrisida erishgan dastlabki kelishuvi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng 10 kun mobaynida ijara shartnomasi tuzilishi va E-ijarada hisobga qoʻyilishini tasdiqlovchi yangi korxona ta’sischilarining kafolat xati shaklida rasmiylashtirilgan boʻlishi kerak.

Bu – muhim
Ijaraga olinishi rejalashtirilayotgan bino noturar joy boʻlishi, ya’ni ofis yoki tadbirkorlik faoliyati uchun moʻljallangan boʻlishi kerak.

 

Kafolat xati asosida yuridik shaxsning boʻlgʻusi manzili haqidagi ma’lumotlarni qanday kiritish kerak

Bunday kelishuv toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni ijaraga beruvchi (bino mulkdori) kiritadi.

1. ERIsi yordamida ijara.soliq.uzga kiring.

2. “Kafolat xati asosida ijara (shartnoma toʻgʻrisida dastlabki axborot)” interaktiv xizmati tugmasiga bosing.

3. “Ijaraga berilayotgan koʻchmas mulk toʻgʻrisida axborot” boʻlimida chiqib keladigan tavsiyadan ob’yektning kadastr raqami, yangi tashkil etilayotgan tadbirkorlik sub’yektiga ijaraga beriladigan maydonni tanlang.

4. “Ta’sischi haqida axborot” boʻlimida yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxsning ta’sischilaridan biri kim sanalishini tanlang: yuridik yoki jismoniy shaxs. Va tegishincha, JShShIR yoki STIRni koʻrsating. Shundan soʻng ta’sischi haqidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda yuklanadi.

5. “Joʻnatish” tugmasiga bosing.

E’tibor bering
Bunday roʻyxatdan oʻtkazishdan keyin bino mulkdori ushbu maydonni uchinchi shaxslarga ijaraga berishi mumkin emas. Bu yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxslarning manfaatlarini oʻziga xos tarzda himoya qilish, davlat roʻyxatidan oʻtgandan soʻng u rejalashtirilgan binoda joylashishi mumkinligining kafolatidir.

 

Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng yangi yuridik shaxs nima qilishi kerak

Yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddatda tadbirkorlik sub’yektini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda koʻrsatilgan koʻchmas mulk ijarasi yoki tekin foydalanish shartnomasini soliq organlarida hisobga qoʻyishi shart.

Bunday shartnomani E-ijarada hisobga qoʻyish “Ijara shartnomasini hisobga qoʻyish” tugmasi funksionali asosida umumiy asoslarda amalga oshiriladi. Ushbu talabni bajarmaslik – yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtishda oʻzi koʻrsatgan pochta (yuridik) manzilida yoʻq deb e’tirof etish uchun asos boʻladi .

 

Oleg GAYeVOY tayyorladi

 

 

 

 

DSQ elektron servislari DSQ elektron servislari DSQ elektron servislari /oz/publish/doc/text194958_e-ijarada_yangi_yuridik_shahsning_bulgusi_manzili_qanday_ruyhatdan_utkaziladi