Xorijiy tashuvchining Oʻzbekistondagi mijozimizga koʻrsatgan xizmati uchun QQS toʻlanadimi

preview

«Biz – oʻzbek logistika kompaniyasi mahalliy buyurtmachiga Rossiya-Oʻzbekiston yoʻnalishi boʻyicha tashish xizmatini koʻrsatdik. Barcha mashinalarimiz band boʻlgani sababli tashish uchun uchinchi shaxs – xorijiy kompaniyani jalb qildik. Chet ellik hamkor bizga koʻrsatilgan xizmatlar uchun hisobvaraq-faktura va dalolatnoma berishi kerak. Biz buyurtmachiga mukofot bilan hisobvaraq-faktura taqdim qilamiz. Chet ellik hamkor bizga rezidentlik sertifikatini yubordi.

QQS qanday toʻlanishi kerak: koʻrsatilgan avtomobil xizmatlarining toʻliq summasidanmi yoki faqat mukofotdanmi?»

Buxgalter.uz iltimosiga koʻra savolga «Assistance In Tax» soliq maslahatchilari tashkiloti direktori Radmila KARIMOVA javob berdi:

 

Dolzarb tushuntirishlarni oʻtkazib yubormaslik uchun telegram-kanalimizga a’zo boʻling

 

– Bunday vaziyatda gap transport ekspeditsiyasi shartnomasi haqida bormoqda. Sizning kompaniyangiz mukofot evaziga yuk tashishni tashkil etish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatadi. Bunda  oʻz nomidan, shu jumladan xorijiy tashuvchi kompaniya bilan tashishni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan shartnomalar tuzadi.

Xizmatlarni taqdim etish yakuni boʻyicha kompaniyangiz buyurtmachiga mukofot uchun hisobvaraq-faktura taqdim qiladi va xizmatlar yetkazib beruvchilaridan, shu jumladan tashuvchi kompaniyadan olingan dalolatnomalar, hisbvaraq-fakturalarni qayta topshiradi. Buyurtmachi sizning daromadingiz boʻlgan mukofotni toʻlaydi hamda sizning daromadingiz deb tan olinmaydigan va transport ekspeditsiyasi shartnomasida shartlashilgan xarajatlarni qoplaydi.

 

QQS

Tashish xizmatlari importida xizmatlar importiga QQS toʻlash majburiyati Oʻzbekiston Respublikasi hududi xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etilgan taqdirda yuzaga keladi .

Tashish va (yoki) transportda tashish boʻyicha xizmatlar yoxud bevosita tashish va (yoki) transportda tashish bilan bogʻliq  xizmatlarni xorijiy kompaniya Rossiya-Oʻzbekiston yoʻnalishi boʻyicha koʻrsatayotgan boʻlsa, u holda Oʻzbekiston realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etilmaydi .

Tashish bilan bogʻliq tashish boʻyicha xizmatlar yoxud boshqa xizmatlar chet ellik shaxslar tomonidan koʻrsatilganda, QQS toʻlash boʻyicha majburiyat yuzaga kelishi uchun bir vaqtning oʻzida joʻnatish punkti va belgilangan punkt Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan boʻlishi zarur.

Sizning holatingizda bu shart bajarilmayapti, demak, avtomobil xizmatlari importi summasidan QQSni ushlab qolish majburiyati yuzaga kelmaydi. Bunda sizning kompaniyangiz ekspeditorlik xizmatlarini koʻrsatgani uchun buyurtmachidan qoʻshimcha ravishda oladigan sizning mukofot summangiz QQSga tortiladi.

 

Foyda soligʻi

Sizning kompaniyangizda norezident daromadidan yuridik shaxsning foyda soligʻini ushlab qolish majburiyati yuzaga keladi.

Norezident kompaniyaning xalqaro tashish boʻyicha xizmatlariga, shu jumladan yuklarni yuklash, qayta yuklash, tushirish va joylashtirish uchun tashish shartnomasi shartlarida nazarda tutilgan toʻlovga 6% miqdorida soliq solinadi. Agar xorijiy tashuvchi kompaniyadan rezidentlik sertifikati boʻlsa va ushbu hujjat Soliq kodeksining 358-moddasi talablariga javob bersa, siz norezidentning ushbu daromadini soliq solishdan ozod qilish boʻyicha xalqaro shartnoma shartlarini qoʻllash huquqiga egasiz.

 

 

 

 

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text196204_horijiy_tashuvchining_uzbekistondagi_mijozimizga_kursatgan_hizmati_uchun_qqs_tulanadimi