9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Oʻz maqomingizni tekshiring: Oʻzbekistondan chetga chiqishga cheklovlaringiz yoʻqmi
Oʻzbekistondan chiqishga vaqtinchalik cheklovlaringiz yoʻqmi? Hatto sizda bunday narsa yoʻq va boʻlishi mumkin emas deb ishonsangiz ham, buni tekshirib koʻrish kerak. Jismoniy shaxsning chiqishiga cheklov qoʻyilishiga turli sabablar, shu jumladan soliq xizmatining xatolari va notoʻgʻri ishlashi sabab boʻlishi mumkin.
Yoqimsiz xabar sizni kutilmaganda havotirga solmasligi uchun nima qilish kerakligini buxgalter.uz iltimosiga koʻra soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA tushuntirib berdi:
Ekspertning muhim tushuntirishini oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram-kanalimizga obuna boʻling.
– Soliqlarni oʻz vaqtida toʻlamaslik chiqishga cheklov qoʻyilishiga sabab boʻlishi mumkin. Amaliyot shuni koʻrsatadiki, bu har doim ham siz biror narsani oʻtkazib yuborganingiz, qayerdadir soliqni notoʻgʻri hisoblaganingiz va keragidan kamroq toʻlaganingiz tufayli yuzaga kelgan qarzdorlik boʻlavermaydi. Bunga soliq organlarining notoʻgʻri ishlashi ham sabab boʻlishi mumkin. Masalan, soliq organlari dasturining sozlamalari tufayli sizni xato ravishda qarzdor deb hisoblashadi. Yoki soliq inspeksiyasi xodimlari xatoga yoʻl qoʻyishgan.
Bu muammo har kimda yuzaga kelishi mumkin, chunki biz hammamiz soliq toʻlovchilarmiz. Lekin bu ayniqsa tadbirkorlik sub’yektlari, NNT yoki Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy kompaniyalar vakolatxonalarining rahbarlari va ta’sischilari uchun dolzarbdir, chunki ularning "chiqish maqomi"ga nafaqat ularning soliq toʻlashdagi shaxsiy intizomi, balki ular rahbarlik qilayotgan yoki egasi boʻlgan korxonani soliqqa tortish masalalari ham ta’sir qiladi.
Oʻz amaliyotimdan ikkita voqeani aytib beraman.
1. Notijorat tashkilotlari Soliq kodeksiga muvofiq foyda soligʻi boʻyicha soliq hisobotini yilda bir marta topshiradilar. Soliq toʻlovchiga har chorakda hisobot topshirmagani uchun muntazam ravishda jarimalar kelib turibdi. Soliq toʻlovchining vakili Soliq qoʻmitasi rahbari huzuriga bordi, goʻyo masala hal boʻlgandek edi. Yaqinda yana ma’muriy jarima keldi. Soliq qoʻmitasiga qoʻngʻiroq qilish natijasida ular oʻz tizimlarida notoʻgʻri maqom qoʻyishgani ma’lum boʻldi...
Keyin esa mana bunday holat yuz beradi: soliq toʻlovchi soliqchilarga hujjatlarni yuboradi, soliqchilar hammasini toʻgʻrilaydilar. Soliq toʻlovchi darhol DSBga ularning tizimida xato boʻlgani sababli jarimani bekor qilish iltimosi bilan xat yuboradi. Va ajoyib javob oladi: "qaror chiqarilgan paytda sizning maqomingiz shunday edi, shuning uchun jarimani toʻlang"...
2. Boshqa holatda faoliyatini toʻxtatgan xorijiy korxona vakolatxonasining sobiq rahbari soliq hisobotini taqdim etmagani uchun muntazam ravishda jarima olib turadi. Biz bu haqda bu yerda yozgan edik.
Bu vaziyatdagi eng bema’ni narsa shuki, soliq toʻlovchi barcha hujjatlarni TIVga va soliq hisobidan chiqarish toʻgʻrisidagi xatni oʻz vaqtida topshirgan, bundan tashqari topshirilgan ariza haqida eslatma bilan bir necha bor xat yuborgan. Faqat soliqchilar oʻz ishlarini hech qila olmayaptilar - mavjud boʻlmagan vakolatxonani tekshirib, hisobdan chiqarish yoki soliq toʻlash boʻyicha asoslangan da’volar qoʻyishni toʻxtatmayaptilar. Natijada, ishbilarmonlik uchrashuviga zudlik bilan yetib borish juda zarur boʻlganida, uchishdan besh daqiqa oldin u oʻzining qarzdor sifatida chiqishiga taqiq qoʻyilganini bilib qoladi.
Bunday vaziyatlarning tushuntirib boʻlmas paradoksalligi shundaki, hamma tushunadi va hamma rozi boʻladiki, bu holda xato - soliq organlari tomonida. Faqat negadir uni tuzatishni hech kim uzoq vaqt davomida amalga oshira olmaydi yoki xohlamaydi.
Soliqchilar masalaga mas’uliyatsiz yondashadilar. Uni hal qilish uchun qat’iyatli boʻlish, soliq organlariga bir necha marta tashrif buyurish va doimo oʻz haqligingizni isbotlash kerak. Yoki masalani sud orqali hal qilish kerak, bu ham tez boʻlmaydi.
Masalani tez hal qilishning yagona usuli - sizga hisoblagan narsani toʻlashdir. Lekin bu sizga keyin bu pullarni tez qaytarishadi degani emas. Yana ancha yugurishga toʻgʻri keladi. Bu ayniqsa summalar kichik boʻlmaganda dolzarbdir.
Biz bu sharoitda yashashga majbur boʻlganimiz uchun, sababsiz oʻz maqomingiz bilan qiziqishni tavsiya qilaman. Majburiy ijro byurosi saytining «Xizmatlar» boʻlimidagi «Chiqishga cheklov» interaktiv xizmati yordamida vaqti-vaqti bilan oʻz maqomingizni tekshirishni odat qiling. Va agar u yerda biror narsa topsangiz, muammoni hal qilishni keyinga qoldirmang.
Bu roʻyxatga tushish alomatlari soliq organlarining qarzdorlikni toʻlash zarurligi toʻgʻrisidagi xabarnomalari boʻlishi mumkin. Ular hatto qarzdorlik soliq organining oʻz xatosi tufayli paydo boʻlganda ham keladi. Bunday xabarnomalarga javob berish, soliqchilarda sizga nisbatan barcha savollar yopilishiga erishish kerak. Ogʻzaki emas, aynan ularning axborot tizimlarida.
Oʻz navbatida, soliq organlariga ham iltimos bor. Hammamiz odammiz, hammamiz xato qilamiz... Lekin davlat organining xato qilishga haqqi yoʻq!
Ishni shunday tashkil qiling: agar soliq toʻlovchi sizga oʻz haqligining barcha dalillarini taqdim etgan boʻlsa va siz ular bilan rozi boʻlsangiz, oʻz tizimlaringizni shunday sozlangki, soliq toʻlovchini bu masalalar boʻyicha boshqa bezovta qilmang. Yoki ilgari aniqlangan masalalar boʻyicha da’volarni tez bartaraf etishga yordam beradigan tizim yarating.
Buxgalter.uz tavsiya etadi
Oleg GAYeVOY tayyorladi