Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish qoidalarida nimalar oʻzgardi

preview

Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga (06.04.2016 y. AV roʻyxat raqami 2773-son) oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Xususan, hujjatga bojxona va soliq organlari oʻrtasida QQSni oʻzaro hisob-kitob qilish uchun toʻlov kodi qoʻshildi, deklarantning huquqiy maqomi qismida oʻzgarishlar bor, yangi bojxona postlari qoʻshildi va h.k.

Tafsilotlar – buxgalter.uz sharhida.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

1. Deklarant yuridik yoki jismoniy shaxs boʻlishi mumkinligi aniqlashtirildi. Agar u jismoniy shaxs boʻlsa, tegishli ustunda uning F.I.Sh., yashash manzili, telefon raqami va elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa) koʻrsatilishi kerak. «Moliyaviy va bank ma’lumotlari» ustunida bojxona toʻlovlari toʻlovchisining STIR (jismoniy shaxslar uchun – JShShIR), Oʻzbekiston norezidenti tomonidan bojxona toʻlovlari toʻlanganda – bojxona brokeri yoki deklarantning STIR (jismoniy shaxslar uchun – JShShIR) koʻrsatiladi. Qoʻshimcha Yoʻriqnomaning 22-bandi 11-kichik bandiga kiritilgan.

2. Yoʻriqnomaning 22-bandi 35-kichik bandida bojxona rejimiga joylashtirilmagan transport vositasi sifatida tovarlar olib kirilganda rasmiylashtirilgan «Transport vositasini qaytarish toʻgʻrisidagi majburiyat»ning roʻyxat raqamini qaysi ustunga va qanday tartibda kiritish kerakligi haqida aniqlik kiritildi.

3. «VZ – bojxona va soliq organlari oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob qilish yoʻli bilan qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash imkoniyati berilgan» toʻlov kodi qoʻshildi. Qoʻshimcha Yoʻriqnomaning 22-bandi 42-kichik bandiga kiritilgan.

4. Yoʻriqnomaga 12-ilovada ba’zi ustunlar yangilandi va yangilari paydo boʻldi: «Yuklarni xalqaro tashish kitobchasi (E-TIR)», «Tashqi savdo shartnomasi spetsifikatsiyasi raqami», «Muvofiqlik deklaratsiyasi», «Bojxona va soliq organlari oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob qilish yoʻli bilan QQSni toʻlash imkoniyatini beruvchi hujjatning turi, raqami va sanasi», «Akkreditiv», «Uchinchi shaxs tomonidan bojxona toʻlovlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat raqami», «Bojxona toʻlovlarini toʻlashning umumiy ta’minoti raqami», «Mahsulot (tovar yoki xizmat) identifikatsiya kodi».

5. Yoʻriqnomaga 13-ilovadagi «Boshqa toʻlovlar» bloki toʻldirildi va tahrirlandi. «Bojxona toʻlovi» «bojxona boji»ga oʻzgartirildi, aksiz soligʻi (71-kod), QQS (73) va bojxona yigʻimlari (76) toʻlovini kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun foizlarni aks ettirish ustunlari qoʻshildi.

6. 13-ilovaning «Boshqa yigʻimlar» blokida dastlabki qaror qabul qilish uchun bojxona yigʻimlari qatorlari paydo boʻldi: tovarni tasniflash boʻyicha (50-kod); tovarlar boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari miqdorini aniqlash boʻyicha (51); tovar kelib chiqqan mamlakatni aniqlash boʻyicha (53).

7. Yoʻriqnomaga 4-ilova (Bojxona postlari klassifikatori)ga yana 6 ta bojxona posti qoʻshildi.

 

 Saida JANIZAKOVA tayyorladi


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text205461_bojhona_yuk_deklaraciyasini_tuldirish_qoidalarida_nimalar_uzgardi