Xoʻjalik yurituvchi sub’yekt kassasida qancha naqd pul saqlash mumkin

preview

«Kompaniya kechiktirib boʻlmaydigan ehtiyojlar uchun tovarlar (xoʻjalik va kanselyariya buyumlari, vakillik xarajatlari) sotib olish maqsadida hisob raqamidan 50 million soʻm naqd pul yechib oldi. Bu mablagʻ xodimga hisobot berish sharti bilan berildi. Moddiy javobgar xodim 30 million soʻmlik hisobot topshirdi, qolgan 20 million soʻmni esa jamiyat kassasiga qaytardi. Naqd pulni kassada qancha vaqt saqlay olamiz?

Qonunchilikda kassa limiti boʻyicha taqiq topmaganimiz bois savol tugʻildi. Kassa operatsiyalarini yuritish qoidalari oʻz kuchini yoʻqotgan, uning oʻrniga esa hech qanday normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmaganmi?»

Buxgalter.uz iltimosiga koʻra savolga soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA javob berdi:

Zarur tushuntirishni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram kanalimizga obuna boʻling.

 

– Haqiqatan ham, Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini yuritish qoidalari (22.06.2015 y. AV roʻyxat raqami 2687-son) oʻz kuchini yoʻqotgan. Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar kassasida naqd pul qoldigʻi limitini belgilash va naqd pul tushumini bank kassalariga topshirishning barcha masalalarini Oʻzbekiston Respublikasi banklari tomonidan naqd pul muomalasini tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (01.05.2018 y. AV roʻyxat raqami 3003-son) tartibga soladi.

Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar kassasida naqd pul qoldigʻi limitini belgilash va naqd pul tushumini bank kassalariga topshirishning barcha masalalari Oʻzbekiston Respublikasi banklari tomonidan naqd pul muomalasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomada (14.06.1999 y. AV roʻyxat raqami 746-son) belgilangan.

Mazkur yoʻriqnomaning 17-18-bandlariga muvofiq, xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar oʻz kassalarida belgilangan naqd pul qoldigʻi limiti doirasida naqd pul saqlashlari mumkin. Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning kassalarida naqd pul qoldigʻi limitini belgilash tartibi faqat banklarda alohida depozit hisobvaragʻiga hamda oʻz kassasiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan qoʻllaniladi.

Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar kassalarida naqd pul qoldigʻi limiti banklar tomonidan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar bilan kelishgan holda har yili pul aylanmasi va ularning ish sharoitlarini hisobga olgan holda, mijoz tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma asosida Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq belgilanadi.

 

Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar kassalaridagi naqd pul qoldigʻi limitlari quyidagicha oʻrnatiladi:

  • doimiy naqd pul tushumiga ega boʻlgan va har ish kuni oxirida pul tushumini bankka topshirishi shart boʻlgan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar uchun – keyingi ish kuni ertalab oʻz faoliyatini belgilangan tartibda davom ettirish uchun zarur boʻlgan miqdorda (bank kassasiga kirim qilish uchun pul topshirilgandan soʻng kassaga kirim qilingan pullar belgilangan limitga kiritilmaydi);
  • bankka keyingi ish kunida naqd pul tushumini topshirishi shart boʻlgan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar uchun – oʻrtacha kunlik naqd pul tushumidan oshmaydigan miqdorda;
  • naqd pul tushumini bir necha kunda bir marta topshirish huquqiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar uchun – oʻrtacha kunlik tushum summasida va uni bankka topshirishning belgilangan muddatini inobatga olgan holda;
  • doimiy naqd pul tushumiga ega boʻlmagan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar uchun – oʻrtacha kunlik naqd pul xarajatlari doirasida (ish haqi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, mukofotlar, stipendiyalar va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni toʻlash xarajatlaridan tashqari).

 

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tayyorlovchi va qayta ishlovchi xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar kassalaridagi naqd pul qoldigʻining belgilangan limitiga aholidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish maqsadida bankdan olingan naqd pullar kiritilmaydi.

E’tibor bering

Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar oʻz kassalarida naqd pullarni belgilangan limitlardan ortiq miqdorda faqat ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni toʻlash uchun (nafaqalar, pensiyalar, stipendiyalar va boshqa ijtimoiy toʻlovlar) bankdan pul olingan kunni hisobga olgan holda 3 ish kunidan oshmaydigan muddatda saqlash huquqiga ega.

 

 

Naqd hisob-kitob Naqd hisob-kitob Naqd hisob-kitob /oz/publish/doc/text211679_hujalik_yurituvchi_subekt_kassasida_qancha_naqd_pul_saqlash_mumkin