Qanday hollarda yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bekor qilinadi

preview

Savol yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislari tushuntirish berishdi:

 

YeKning 36-moddasiga asosan ijaraga oluvchi quyidagi hollarda yer uchastkasini ijaraga olish huquqini yoʻqotadi:

  • yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;
  • ijara shartnomasi muddati tugaganda;
  • ijaraga oluvchi yuridik shaxs tugatilganda;
  • yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida;
  • yer uchastkasidan 3 yil mobaynida oqilona foydalanilmaganda (hosildorlik darajasi normativdan past);
  • qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan 1 yil mobaynida, qishloq xoʻjaligi sohasiga taalluqli boʻlmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan 2 yil mobaynida foydalanilmaganida;
  • yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda;
  • yer soligʻi oʻz vaqtida toʻlanmaganda;
  • ijara haqi oʻz vaqtida toʻlanmaganda;
  • Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a’zoligi tugatilganda.

Yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish tomonlarning kelishuviga koʻra, kelishuvga erishilmagan taqdirda - sud qarori bilan bekor qilinadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlari yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni ochiq tanlov va elektron onlayn-auksion yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomani bekor qilish yoki oʻzgartirish yoʻli bilan bekor qilishga haqli emas .

Eslatib oʻtamiz, yer uchastkalari quyidagilarga ijara huquqi asosida beriladi :

1) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan uchastkalar boʻyicha viloyat va Toshkent shahar hokimining ochiq elektron tanlov natijalarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori bilan - jismoniy va yuridik shaxslarga;

2) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan uchastkalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlarini amalga oshirish uchun yoki uchastka normativ qiymatining ikki baravaridan ortiq miqdordagi pul mablagʻlari depozitga qoʻyilgan taqdirda, shuningdek yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun -  Qishloq xoʻjaligi vazirligi yoki viloyat hokimining taklifiga koʻra;

3) qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan uchastkalar boʻyicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun - Vazirlar Mahkamasi tomonidan.

Elektron auksion orqali ijaraga olish huquqini olgan ijaraga oluvchilar uchastkalarni ikkilamchi ijaraga berishlari mumkin emas.

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berishning eng koʻp muddati 30 yil,  qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarni ijaraga berish muddati - 100 yil. Yuridik shaxslar-chet el kapitali bilan investorlar yoki jismoniy shaxslar-norezidentlar uchun ijara muddati - 25 yildan oshmasligi  kerak.

Manbaga qarang.

Saida JONIZOQOVA tayyorladi


Yuridik yordamchi — maslahatlar Yuridik yordamchi Yuridik yordamchi — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text178035_qanday_hollarda_er_uchastkasini_ijaraga_olish_huquqi_bekor_qilinadi