Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Doimiy muassasa Foyda soligʻi hisob-kitobini toʻldirishda nimani hisobga olishi kerak
“Foyda soligʻi hisob-kitobining yangi shaklida buxgalteriya hisobi axborotini toʻldirish boʻyicha ustunlar nazarda tutilgan. Foyda soligʻi toʻlovchilari hisoblanadigan, biroq buxgalteriya hisobi sub’yekti hisoblanmaydigan yuridik shaxslar bunday axborotni qanday aks ettirishlari lozim? Masalan – chet el kompaniyalarining doimiy muassasalari?”.
Vaziyatni buxgalter.uz iltimosiga binoan soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA tushuntirdi:

– Foyda soligʻi hisob-kitobiga 2.1(a)-ilova “Bevosita xarajatlar moddalari asosida tovarlar (xizmatlar) tannarxi (oʻz mahsuloti (ju jumladan bajarilgan xizmatlar), sotib olingan tovarlar) hisob-kitobi” va 2.1(b)-ilova “Bevosita xarajatlar summasi asosida tovarlar (xizmatlar) tannarxi (oʻz mahsuloti, shu jumladan bajarilgan xizmatlar, sotib olingan tovarlar) hisob-kitobi”ning 3- “Buxgalteriya hisobi” ustunini soliq toʻlovchilar 2023 yilning yakunlari boʻyicha toʻldiradilar. Ehtimol, hisobot shaklining oʻzi bu vaqtga qadar yana oʻzgartiriladi yoki unga tuzatish kiritiladi. Ammo – siz haqsiz – ishlab chiquvchilar va qonun chiqaruvchilarda zarur hollarda oʻzgartirish yoki tuzatish kiritish imkoniyati boʻlishi uchun Hisob-kitobga koʻrsatilgan ilovalarni toʻldirish boʻyicha amaliy savollarni hozirdan berish kerak.
“Doimiy muassasa DM” tushunchasi faqat soliq maqomini aniqlash uchun qoʻllaniladi va tashkiliy-huquqiy ahamiyatga ega emas. Ya’ni DM yuridik shaxs maqomiga ega emas va tegishincha, buxgalteriya hisobi sub’yekti hisoblanmaydi
.
Bunda DMning mavjudligi chet el yuridik shaxsini u tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan boshqa davlat hududida soliqlar toʻlovchisi deb e’tirof etishga olib keladi. Xususan – foyda soligʻi toʻlovchisi.
Oʻz navbatida, chet el yuridik shaxslarining Oʻzbekiston hududidagi vakolatxonalari, filiallari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari qonunchilikda belgilangan tartibda hisob yuritadi hamda hisobot taqdim etadi
. “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasida chet el kompaniyalari buxgalteriya hisobini yuritmaydi (yuritmasligi kerak) deyilmagan, deb xulosa qilish mumkin.
DM xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar moliya-xoʻjalik faoliyati buxgalteriya hisobining Schyotlar rejasidan foydalanishi va zarurat boʻlganda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishi mumkin. DM – bir qator soliqlar toʻlovchisi, shu jumladan soliq agenti boʻladi, shu bois u SKning 347-moddasini hisobga olgan holda soliq solish ob’yektlari hisobini ham yuritishi shart.
Yakun chiqaramiz:
Hisob-kitobga yuqorida koʻrsatilgan ilovalarning 3- “Buxgalteriya hisobi” ustuni katta ehtimol bilan yil yakunlari boʻyicha 2023 yil uchun moliyaviy hisobot koʻrsatkichlari bilan qiyoslanadi. Ammo hozircha yangi shaklni, xususan – 3-ustunni toʻldirish boʻyicha yoʻriqnomalar mavjud emas (uni kim va qanday toʻldirishi kerak), shunday xulosa qilish mumkin deb hisoblayman: agar DM buxgalteriya hisobini yuritmasa va moliyaviy hisobotni taqdim etmasa, buxgalteriya hisobi ma’lumotlari boʻyicha ustunni ham toʻldirishi kerak emas.
Yana bir bor ta’kidlaymizki, qonunchilikda ushbu jihat hali tartibga solinmagan, deylik, bu DMning oʻz ixtiyorida qoladi.
![]()