PQ-192-son qaror bilan qanday imtiyoz va preferensiyalar nazarda tutilgan

preview

E-aktivdan ixtiyoriy foydalanish tartibi 2024 yil 1 aprelga qadar uzaytirildi. 14.06.2023 yildagi PQ-192-son qarordagi boshqa yangiliklar toʻgʻrisida batafsil – buxgalter.uz sharhida:

E’tibor bering
Qonunchilik hujjatlaridagi muhim oʻzgartirishlar haqida tezkor tarzda bilish uchun bizning TG-kanalimizga obuna boʻling!

 

Hujjat, boshqalar qatori, 2023 yil 1 iyun holatiga quyidagilarni hisobdan chiqarishni nazarda tutadi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi (noturar koʻchmas mulk ob’yektlari bundan mustasno) boʻyicha muddatida toʻlanmagan qarziga hisoblangan penya summalari;
  • oxirgi 6 oy mobaynida moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy belgilangan miqdorlardagi JShDS va ijtimoiy soliqdan vujudga kelgan qarzi, hamda ularga hisoblangan penya va jarimalar summasi;
  • xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorligi uchun qoʻllanilgan jarimalar summasi.

Soliq qoʻmitasi va Majburiy ijro byurosi 2 hafta muddatda bunday qarz, penya va jarimalarni undirish bilan bogʻliq sud va ijro ishlarini tugatishi shart.

Shuningdek:

  • 2024 yil 1 iyunga qadar yer uchastkalaridan hujjatlarsiz foydalanayotgan jismoniy shaxslar uchun yer soligʻining 3 karra summasini toʻlamaslik muddati uzaytirildi;
  • fermer xoʻjaliklariga 2023 yil 1 iyun holatiga shakllangan suv soligʻidan qarzini 12 oy mobaynida teng ulushlarda foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berildi;
  • AV, NMA va TMZni hisobga olish (sotib olish (qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish) hamda oʻz UFni (UKni) shakllantirish va kamaytirish bilan bogʻliq barcha operatsiyalarni soliq organlarining ye-aktiv axborot tizimida ixtiyoriy aks ettirish tartibining amal qilish muddati 2024 yil 1 aprelga qadar uzaytirildi;
  • 2023 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 iyulga qadar issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan koʻp boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishchilarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari boʻyicha toʻlangan JShDSni quyidagi shartlarga bir vaqtning oʻzida rioya qilinganda qaytarib berish tartibi joriy etilmoqda:

1) har bir 5 sotix yer maydoni uchun oyiga kamida 1 nafar ishchining bandligi ta’minlangan;

2) har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromad MHEKMning 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorni tashkil etadi;

3) issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan issiqxona faoliyati boʻyicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etadi.

Saida JONIZOQOVA tayyorladi


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text191237_pq-192-son_qaror_bilan_qanday_imtiez_va_preferenciyalar_nazarda_tutilgan