Nima uchun onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazish choʻzilib ketmoqda

preview

“2 kun avval barcha hujjatlarni TXKMga topshirdik, biroq hanuz onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazishni kutayapmiz va savdo qilishni boshlay olmayapmiz. TXKM xodimlari hujjatlar joyida, kechikishda bizning aybimiz yoʻq, deb javob berishmoqda. Bir tanish tadbirkor hujjatlarga savdo shoxobchasining fotosuratini ilova qilish lozim, shunda onlayn-NKMni tezroq roʻyxatdan oʻtkazishlarini aytdi. Ammo TXKMda aytishlaricha, fotosurat kerak emas”.

Onlayn-NKTga xizmat koʻrsatish sohasida ekspert, “GAROV TARAQQIYOT NKM” MChJ ta’sischisi Vladimir GIBEL buxgalter.uz oʻquvchilari uchun vaziyat yuzasidan oʻzining professional qarashi bilan oʻrtoqlashdi:

 

Ekspertlarning javoblarini oʻtkazib yubormang – bizning telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

– Tadbirkor kechikishning sababi TXKMda deb hisoblaydi. Ammo TXKM ham apparatingizni pulli xizmat koʻrsatishga qabul qilish uchun uni tezroq roʻyxatdan oʻtkazishdan manfaatdordir.

TXKM xodimlari tadbirkordan barcha hujjatlarni qabul qilib olgach, hujjatlarni maxsus axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazadilar. Odatda, ular Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 18-bandida ajratilgan 4 ish soatida ulgurishadi.

Shundan soʻng arizani soliq xizmati inspektori ma’qullashi kerak. Bunga soliqchilarga Nizomga asosan  maxsus axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin 8 ish soati ajratiladi. Soʻnggi vaqtlarda ariza qabul qilinishini 3 kun va undan ortiq muddat kutishga toʻgʻri kelmoqda. Bu hatto Nizomning 19-bandida arizadagi ma’lumotlarni joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqish uchun taqdim etilgan muddatdan (1 ish kuni) ham koʻp. Taqdim etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi shubha uygʻotgan taqdirda bunday tekshiruv oʻtkazilishi mumkin. Soliq qoʻmitasi ushbu muddatlarning bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirishi maqsadga muvofiq boʻladi.

Soliqchilar faqat quyidagi asoslarga koʻra roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishlari mumkin :

  • onlayn-NKM yoki virtual kassani roʻyxatdan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlar tadbirkorlik sub’yekti tomonidan toʻliq taqdim etilmaganda;
  • tadbirkorlik sub’yektlari taqdim etgan ma’lumotlarda nomutanosibliklar aniqlanib, ular tasdiqlanganda;
  • Davlat reyestriga kiritilmagan onlayn-NKM yoki virtual kassa ma’lumotlari koʻrsatilganda.

Ba’zan kechikish shu bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Ammo shunday hollarda bunday kechikish muddatlari Nizomning 22-bandida tartibga solingan va 1 ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatni tashkil etadi. Bunda shu muddat mobaynida rad etishning aniq sabablari koʻrsatilgan holda elektron tarzda TXKMga hamda my.soliq.uzdagi tadbirkorlik sub’yektining shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuborilishi kerak.

Savdo shoxobchasining fotosuratiga kelsak, haqiqatan ularni hujjatlarga biriktirish kerak emas. Onlayn-NKMni soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxati Nizomning 16-bandida belgilangan. Boshqa hujjatlarni talab qilish qat’iy taqiqlanadi.

Roʻyxatdan oʻtkazish uchun arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • turgʻun shoxobcha (koʻchma savdo ob’yekti) mavjudligini tasdiqlaydigan hujjatlarning nusxalari (bino-inshootning yoki uning qismining ijara shartnomasi yoki kadastr hujjatlari);
  • onlayn-NKM va (yoki) virtual kassaga texnik xizmat koʻrsatish va uni ta’mirlashga TXKM bilan tuzilgan shartnomaning nusxasi;
  • turgʻun savdo (xizmat koʻrsatish) shoxobchasi (koʻchma savdo ob’yekti) manzilining xaritadagi koordinatasi.

❖

Agar sizda savdo shoxobchalari koʻp boʻlsa, yuridik shaxsning nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan kassalarni qanday tekshirish mumkin.

Har qanday kechikish va soliq organining noqonuniy harakatlari ustidan tadbirkor yuqori turuvchi soliq organiga yoki sud orqali murojaat qilgan holda shikoyat qilishi mumkin. Ammo, odatda, tadbirkorlar bunday qilishmaydi, sababi bunday murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlari har doim yanada uzoqroq boʻlishi ma’lum boʻladi.

Shu bilan birga, onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazishni kechiktirish masalasi hal qilinishini talab qiladi. Tadbirkorlar ular onlayn-kassa texnikasisiz ishlashga haqli emasliklaridan  norozilar. Ular foydani toʻliq olishmaydi va bekor turib qolishdan zarar koʻrishadi.

Soliq inspektorlarini ham tushunaman. Bunday kechikishlar, aftidan, ular boshqa ish bilan bandligi tufayli sodir boʻladi.

 

Nima taklif qilamiz

Hujjatlarni avtomatik tarzda koʻrib chiqishni joriy etish muammoning yechimi boʻlishi mumkin. Soliq organlarining xodimi arizani belgilangan 8 soatda koʻrib chiqmagan taqdirda u avtomatik tarzda tasdiqlanadigan va tadbirkor oʻrnatilgan kassa bilan ishlashi mumkin boʻlgan normani belgilash mumkin.

Asoslar mavjud boʻlgan taqdirda soliqchilarda tadbirkorlik sub’yektini sayyor tekshiruvdan oʻtkazish uchun har doim huquq boʻladi.

 

 Oleg GAYeVOY tayyorladi

 

 

 

 

Onlayn-NKT Onlayn-NKT Onlayn-NKT /oz/publish/doc/text195054_nima_uchun_onlayn-nkmni_ruyhatdan_utkazish_chuzilib_ketmoqda