QQS guvohnomasi toʻxtatib turilganda EHF qanday rasmiylashtiriladi

preview

«Korxonaning QQS toʻlovchi guvohnomasi 2023 yil iyul-sentyabr oylarida toʻxtatib turilgan edi. Keyin guvohnoma bir oyga tiklandi, oktyabr oyidan hozirgi kunga qadar yana toʻxtatib qoʻyildi.

Iyul oyidan dekabr oyigacha QQS guvohnomasining toʻxtatib turilishi tufayli kontragentlar korxonaga hisobvaraq-fakturalarni taqdim qilishmadi. Soliq bazasini yashirmaslik uchun EHF jismoniy shaxs – korxona direktori nomiga rasmiylashtirildi. Biroq bu holda korxona ushbu tovarlarni (xizmatlarni) hisobga olish, shuningdek ular boʻyicha QQSni kiritishga haqli emas.  

Qanday qilib korxona QQS guvohnomasining amal qilishi toʻxtatib turilgan davrda kontragentlar tomonidan korxona rahbariga taqdim qilingan EHF boʻyicha tovar va xizmatlarni hisobga olishi mumkin? Ushbu EHF boʻyicha QQSni qanday hisobga olish mumkin?»

Savolga buxgalter.uz iltimosiga koʻra «Norma» eksperti Irina Axmetova javob berdi:

 

Mutaxassislarning tushuntirishlarini oʻtkazib yubormaslik uchun telegram-kanalimizga a’zo boʻling.

 

– QQS toʻlovchi guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib turish – yetkazib beruvchida ham, xaridorda ham – ular oʻrtasida xoʻjalik operatsiyalari toʻxtatib turilishini va EHF taqdim qilish imkoniyati yoʻqligini anglatmaydi.

QQS guvohnomasining amal qilishi toʻxtatib turilgan QQS toʻlovchilari odatdagi tartibda soliq solinadigan realizatsiya qilinadigan aylanma boʻyicha QQS hisoblash bilan EHF taqdim qilishadi, ammo bunda ular sotib olinadigan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha «kiruvchi» soliqni hisobga olishga haqli emas.

Shunga oʻxshash hisobga olish tartibi guvohnomasi faol boʻlgan QQS toʻlovchilariga nisbatan ham tatbiq qilinadi – ular «kiruvchi» QQSni faqat QQS guvohnomasi faol  boʻlgan yetkazib beruvchilar tomonidan taqdim etilgan EHF boʻyicha hisobga olishga haqli  .

Guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilganligi munosabati bilan hisobga olish uchun qabul qilinmagan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlangan (toʻlanishi lozim boʻlgan) soliq summasi guvohnomaning amal qilishi qayta tiklangan taqdirda hisobga olinadi. Guvohnomaning amal qilishi toʻxtatilgan sanadan e’tiboran yetkazib beruvchida ham, xaridorda ham hisobga olishga tuzatish kiritish amalga oshiriladi .

2023 yil  5 sentyabrdan boshlab soliq organlari QQS toʻlovchi guvohnomasining amal qilishini faqat bitta holatda – amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga nomuvofiq boʻlgan holatda  toʻxtatib turishga haqli .

Guvohnomaning amal qilishi koʻpi bilan 30 kun muddatga toʻxtatib turiladi. Agar ushbu muddatda kameral hamda sayyor soliq tekshiruvlari natijasiga koʻra korxona tomonidan amalga oshirilayotgan bitimlar, operatsiyalar xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar, xizmatlar nomenklaturasiga mos kelmaganligi holatlari oʻz tasdigʻini topmasa, guvohnomaning amal qilishi avtomatik tarzda qayta tiklanadi .

Misol

Soliq organi korxonaning QQS toʻlovchi guvohnomasining amal qilishini toʻxtatdi.

Guvohnomaning amal qilishi toʻxtatilgan davrida korxona 112 000 ming soʻmlik tovarlarni, shu jumladan 12% QQSni hisobga olgan holda realizatsiya qildi, shuningdek QQSni hisobga olganda  89 600 ming soʻmlik tovar va xizmatlarni sotib oldi.

Korxona 9 600 ming soʻm summadagi (89,600: 112 x 12) «kiruvchi»  QQSni guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilganligi sababli hisobga olishga haqli emas.

Korxona tomonidan realizatsiya boʻyicha hisoblangan 12 000 ming soʻm (112,000: 112 x 12) summadagi QQS ham uning xaridorlari tomonidan hisobga olinmaydi.

Soliq organlari oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra korxona tomonidan amalga oshirilgan bitimlar uning faoliyati profiliga mos kelmasligi tasdigʻini topmadi. Shuning uchun bir oydan keyin korxonaning QQS guvohnomasi tiklandi.

Korxona yetkazib beruvchilarga QQS guvohnomasining amal qilishi toʻxtatib turilgan davrda taqdim qilingan 9 600 ming soʻm summadagi  QQSni hisobga olishi  uchun guvohnomaning amal qilishi tiklangandan keyin yetkazib beruvchilar unga ushbu davr uchun tuzatilgan EHFni taqdim qilishlari kerak – oʻsha koʻrsatkichlar bilan.

Xaridorlar korxona tomonidan QQS guvohnomasining amal qilishi toʻxtatib turilgan davrda taqdim qilingan 12 000 ming soʻm summadagi  QQSni hisobga olishi  uchun guvohnomaning amal qilishi tiklangandan keyin korxona ularga ushbu davr uchun tuzatilgan EHFni taqdim qilishi kerak – oʻsha  koʻrsatkichlar bilan.

Guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilgan davr uchun QQS boʻyicha hisobotni qayta topshirishda tuzatilgan EHF sotib olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha hisob-fakturalar Reyestrida (QQS Hisob-kitobiga 4-ilova 1-jadval) hisobga olinadigan QQS boʻyicha EHF sifatida aks ettiriladi.

 

Shunday qilib, QQS guvohnomangizning amal qilishi toʻxtatilganda kontragentlar sizga EHFni odatdagi tartibda taqdim qilishlari kerak. Bunda ushbu EHF boʻyicha tovarlar va xizmatlar QQSni hisobga olish huquqisiz hisobga qabul qilinadi. QQS guvohnomasi tiklangandan keyin ular boʻyicha QQSni hisobga olish  mumkin boʻladi.

Shuningdek e’tiborga olishingiz kerak: agar sizning QQS guvohnomangiz amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga mos kelmaganligi sababisiz toʻxtatilgan boʻlsa va bugungi kunda uning amal qilishi tiklanmagan boʻlsa, soliq organlarining qarori ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilishingiz mumkin  .

QQS guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib turish davrida kontragentlar tomonidan jismoniy shaxs – korxona rahbariga tovarlar va xizmatlar uchun taqdim qilingan  EHFni hisobga olib boʻlmaydi.

 

 

 

 

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text196051_qqs_guvohnomasi_tuhtatib_turilganda_ehf_qanday_rasmiylashtiriladi