2025 yil 1 maydan Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi

preview

Oʻgʻitlarni markirovkalash, kommunal xizmatlar tariflarining oshishi, hisobraqamlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish va soliq tekshiruvlarining yangi shartlari... Bizni 1 maydan kutayotgan bu va boshqa oʻzgarishlar haqida buxgalter.uz ning an’anaviy oylik sharhida oʻqing:

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

1. Oʻgʻitlar va pestitsidlarni raqamli markirovkalash boshlanadi

1 maydan Oʻzbekistonda oʻgʻitlar va oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarini markirovkalash boshlanadi. Birinchi bosqichda bu faqat beshta kompaniyaga tegishli boʻladi. Bir yildan soʻng esa – 2026 yil 1 maydan – oʻgʻitlar va pestitsidlarni raqamli markirovkalash barcha aylanma ishtirokchilari uchun majburiy boʻladi. Bu 08.04.2025 yildagi 203-son VMQda nazarda tutilgan.

2. Elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshiriladi

Ularni 1 apreldan oshirishni va’da qilishgan edi, lekin faqat hozir oshirilmoqda.

Korxonalar va jismoniy shaxslar uchun amaldagi tariflarni ma’lumotnomamizda koʻring:

 

3. Hisobraqamlar boʻyicha operatsiyalar sud qarorisiz toʻxtatib turilishi mumkin

Buning uchun tadbirkorlik sub’yekti soliq qonunbuzarligini sodir etganini tan olishi kerak . Aks holda, bunday chora faqat sud tartibida qoʻllanilishi mumkin.

 

4. Soliq bazasini pasaytirish faktlari boʻyicha tekshiruvlar haqida oldindan xabar berilmaydi

Tekshiruvlar boshlanishidan kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik sub’yektini xabardor qilish talabi quyidagi soliq tekshiruvlariga nisbatan qoʻllanilmaydi :

  • soliq bazasini yashirish (pasaytirish) faktlari bilan bogʻliq;
  • «Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» dasturi ishi natijalari boʻyicha oʻtkaziladigan tekshiruvlar.

 

5. Yuqori xavf darajasiga ega mahsulotlar muvofiqligini roʻyxatga olish soddalashtiriladi

Bunday mahsulotlar uchun sertifikatlashtirish organlarida muvofiqlik deklaratsiyasini roʻyxatdan oʻtkazish kerak boʻlmaydi. 1 maydan boshlab barcha zarur harakatlar (deklaratsiyalarni tuzish va hisobga olish) korxonalar tomonidan Texnik jihatdan tartibga solish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi .

 

6. Kreativ industriya parkining rezidentlari uchun soliq imtiyozlari

 2025 yil 1 maydan 2031 yil 1 yanvargacha kreativ park rezidentlari ijtimoiy soliq va JShDSni 50% ga kamaytirilgan stavka boʻyicha toʻlaydilar.

Shuningdek, bu davrda ular tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan olingan daromad summasidan qat’i nazar, aylanmadan olinadigan soliqni toʻlash huquqiga ega. Yoki – QQS va foyda soligʻini toʻlashga oʻtishga haqli .

E’tibor bering: bu normani Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar kiritilgandan soʻng qoʻllash mumkin.

Eslatib oʻtamiz, Kreativ industriya parkining faoliyati qoidalari va undagi rezidentlik shartlari «Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida»gi Qonunda belgilangan.

 

7. Davlat biznesni yiriklashtirishni ragʻbatlantirishni boshlaydi

2025 yil 1 maydan boshlab «oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs – yakka tartibdagi tadbirkor – kichik biznes – oʻrta biznes – yirik korxona» zanjiri asosida tadbirkorlik sub’yektlarini yiriklashtirishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish boshlanadi . Ularga muvofiq:

  • oʻzini-oʻzi band qilgan shaxsni yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishda davlat boji olinmaydi;
  • oʻz faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlarga quyidagi miqdorlarda garovsiz kreditlar ajratiladi:

– 50 mln soʻmgacha – Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida;

– 150 mln soʻmgacha – Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlashning kompleks dasturi doirasida;

  • bir yil davomida oʻz faoliyatini oʻrta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlik sub’yektlariga QQSni qaytarish tezlashtirilgan tartibda (7 kunlik muddatda) amalga oshiriladi.

 

8. Ayol-tadbirkorlar «Hamroh» dasturida ishtirok etishi mumkin boʻladi

«Hamroh» qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida :

  • 50 mln soʻmgacha grantni ayollarga «yashil» loyihalar va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, kamida 5 nafar ayol uchun tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashgan ming nafar tadbirkor-ustoz oladi;
  • 100 mln soʻmgacha garovsiz kreditni ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan ayollar olishi mumkin;
  • ayol-tadbirkorlar tomonidan kredit mablagʻlari hisobidan sotib olinadigan uskunalar yetkazib berilguniga qadar kafillikni «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ taqdim etadi.

 

9. Viloyat ahamiyatiga ega shaharlarda «iflos» ishlab chiqarishlarni ochish ta’qiqlanadi

Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek, viloyat markazlarida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirish ta’qiqlanadi :

  • asbest va sement, shlam va shlaklar ishlab chiqarish;
  • teri-oshlash, parrandachilik fabrikalari;
  • yuqori samarali chang tutib qoluvchi va gazni tozalash inshootlari bilan jihozlanmasdan har qanday koʻmir turini yoqishni nazarda tutadigan ishlab chiqarish;
  • qora va rangli metallurgiya, tarkibida zaharli aralashmalar boʻlgan shisha ishlab chiqarish;
  • I va II xavflilik darajasi sinfiga kiruvchi chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.

Eslatib oʻtamiz!

Kompensatsiya toʻlovlari sub’yektlari atrof-muhitga ta’sir koʻrsatish darajasiga koʻra 4 toifaga (I–IV) boʻlinadi. Bu faoliyat turlarining barchasi Roʻyxatda belgilangan.

 

10. Har qanday mahsulotni ham «Halol» belgisi bilan markirovkalash mumkin boʻlmaydi

«Halol» talablariga mos keladigan mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi yangi Nizom «Halol» belgisi bilan faqat Islom mamlakatlarining standartlashtirish va metrologiya instituti (SMIIC) talablariga muvofiq sertifikatlangan mahsulotlar va xizmatlarni markirovkalash mumkinligini nazarda tutadi. Tovar yoki xizmatning bu talablarga muvofiqligini ishlab chiqaruvchining arizasi boʻyicha sertifikatlashtirish organi tekshiradi .

 

11. Suv transportiga yangi talablar kuchga kiradi

1 maydan boshlab tabiiy va sun’iy suv havzalarida quyidagi suv transportidan (ichki yonuv dvigatelli va elektromotorli) foydalanish mumkin boʻlmaydi :

  • tezlikni avtomatik pasaytirish uskunasi bilan jihozlanmagan;
  • milliy GPS-monitoring va navigatsiya tizimiga ulanmagan.

Suv transporti vositalarining maksimal ruxsat etilgan harakatlanish tezligi – soatiga 40 km, kemalar turadigan joy chegaralarida va aholi punktlari chegaralarida – soatiga 20 km, plyajlar va aholining ommaviy dam olish joylari chegaralarida – soatiga 5 km belgilanadi.

 

12. Tovarlarni bojsiz olib kirish boʻyicha yangi me’yorlar kuchga kiradi Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlar uchun notijorat maqsadlarda tovarlarni bojsiz olib kirish me’yorlari belgilanadi :

  • havo transporti orqali – 1 000 AQSh dollarigacha;
  • temir yoʻl va daryo transporti orqali – 500 AQSh dollarigacha;
  • avtomobil (piyoda) chegara oʻtish punktlari orqali – 300 AQSh dollargacha;
  • xalqaro kuryerlik joʻnatmalari orqali – 200 AQSh dollarigacha;
  • xalqaro pochta joʻnatmalari orqali – 100 AQSh dollarigacha.

 

Saida JANIZAKOVA tayyorladi


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text207975_2025_yil_1_maydan_uzbekistonda_nimalar_uzgaradi