Yangi qoidalar boʻyicha sanitariya-epidemiologik xulosani qanday olish mumkin

preview

Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan va import qilinadigan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Hujjat 14 noyabrdan kuchga kirdi. Tafsilotlarni buxgalter.uz sharhida koʻrib chiqamiz:

Qonunchilikdagi muhim oʻzgarishlarni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

Yangi reglament sanitariya-epidemiologik xulosalarni berish, oʻzgartirish va roʻyxatdan oʻtkazish tartibini, ularning amal qilish muddatlarini, toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibini belgilaydi.

Vazirlar Mahkamasining 13.11.2025 yildagi 720-son qaroriga muvofiq 2026 yil 1 yanvardan boshlab ushbu xizmat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP orqali koʻrsatiladi.

Sanitariya-epidemiologik xulosa majburiy boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari roʻyxatiga kiritilgan mahsulotlarga sanitariya-epidemiologik xulosa quyidagi hollarda beriladi:

  • yangi mahsulot ishlab chiqarishni oʻzlashtirishda;
  • uning tarkibi oʻzgarganda;
  • mahsulot ishlab chiqarish texnologik jarayonining konstruksiyalari va uzellari oʻzgarganda;
  • tajriba maqsadlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga;
  • bunday nazorat qilinadigan mahsulotlarni Oʻzbekistonga olib kirishda;
  • oldingi xulosaning amal qilish muddati tugaganda.

Bunda sinovlarni takrorlamaslik uchun akkreditatsiya qilingan laboratoriyalar boshqa akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarning sinov natijalarini tan oladi.

Sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilish muddatlari

Hujjat umumiy qoidalar boʻyicha – 3 yilga beriladi.

Xorijdan olib kelinadigan mahsulotlarga sanitariya-epidemiologiya xulosasi mahsulotning yaroqlilik muddati koʻrsatilgan holda, yaroqlilik muddati boʻlmagan mahsulotlarga esa koʻrsatilmasdan beriladi.

Bitta tashqi savdo kontrakti doirasida ayni bir tovarga sanitariya-epidemiologiya xulosasi 1 kalendar yildan koʻp boʻlmagan muddatga bir marta beriladi.

Agar yorliqlarda koʻrsatilgan import oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati Oʻzbekiston NHHda belgilangan yaroqlilik muddatidan farq qilsa, ular belgilangan yaroqlilik muddatlari va xavfsizlik koʻrsatkichlariga muvofiqligi boʻyicha akkreditatsiya qilingan laboratoriyada sinovdan oʻtkazilgandan va ijobiy xulosa olingandan keyin respublika hududiga olib kirishga ruxsat etiladi.

E’tibor bering

Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotiga sanitariya-epidemiologik xulosa berish toʻgʻrisida ariza berilgan paytda uning yaroqlilik muddati umumiy yaroqlilik muddatining kamida 60 foizini (ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan umumiy yaroqlilik muddatiga nisbatan foizlarda) tashkil etishi kerak.

Qanday hujjatlar kerak boʻladi

Arizaga quyidagi hujjatlar PDF, PNG yoki JPEG formatida asl nusxada ilova qilinadi:

  • ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun:

– texnologik yoʻriqnoma va retseptura;

– boshqa laboratoriyalar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan oʻtkazish bayonnomalari, agar sinovlar ariza berishdan oldingi oxirgi hafta mobaynida oʻtkazilgan boʻlsa;

  • xorijdan olib kelinadigan mahsulotlar uchun:

– agar aynan bir xil mahsulot bitta tashqi savdo kontrakti doirasida chet eldan olib kelinayotgan boʻlsa, ushbu tashqi savdo kontraktining nusxasi;

– maxsus import qilinadigan biologik faol moddalar va oziq-ovqat qoʻshimchalarini olib kirish va ishlab chiqarishga ruxsatnoma, agar ularni Oʻzbekistonga olib kirishga ruxsatnoma vakolatli organ tomonidan toksikologik-gigiyenik baholash asosida berilgan boʻlsa;

– xalqaro akkreditatsiyaga ega boʻlgan laboratoriyalarda oziq-ovqat mahsulotlarini sinash bayonnomalari;

– agar ariza beruvchi ishonchnoma asosida harakat qilsa, notarial tasdiqlangan ishonchnoma (yuridik shaxs tomonidan berilgan ishonchnoma bundan mustasno).

Arizachi arizaga zarur ma’lumotlarni kiritgandan soʻng, koʻrsatilgan ma’lumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va arizani zamonaviy identifikatsiya vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobile-ID va boshqalar) yordamida tasdiqlaydi.

Ariza YaIDXP orqali berilganda uni ERI bilan tasdiqlash shart emas.

Davlat xizmati narxi

Davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun ariza beruvchidan BHMning 1 baravari (412 ming soʻm) miqdorida toʻlov undiriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda – BHMning 90 foizi.

 

 

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text211909_yangi_qoidalar_buyicha_sanitariya-epidemiologik_hulosani_qanday_olish_mumkin