9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Onlayn-NKT chekini qanday qilib soliq.uz mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtkazish mumkin? Dasturdagi belgilar va xabarlar nimani bildiradi? Sizga xaridingiz qiymatining 1%ini qachon toʻlab berishadi? Aniq bir chek boʻyicha toʻlovni kutmaslik kerakligini qanday tushunish mumkin? Nihoyat, xaridor kimdan xavotirlanishi kerak? Uning uchun kim keshbek olishi mumkin?
Buxgalter.uz yoʻriqnomasidan foydalaning:
Chek qanday roʻyxatdan oʻtkaziladi
1. Soliq.uz mobil ilovasini yuklang va smartfonga oʻrnating, uni oching.
2. Ekranning pastki qismida QR-kod tasviri tushirilgan koʻk doiraga bosing.
3. Kamerani chekda tasvirlangan QR-kodga olib boring.
Sizdan talab qilinadigan narsalar - shular. Skanerlash yakunlangach, ilova sizga natijani xabar qiladi.
Chekni roʻyxatdan oʻtkazish haqida xabar
Sizni tabriklaymiz albatta, lekin quvonishga hali erta.
1. “Keshbekka” bosing (“Umumiy xizmatlar” boʻlimida).
2. “Mening cheklarim”ni tanlang. Ekranda siz tomondan roʻyxatdan oʻtkazilgan cheklar roʻyxati aks ettirilishi kerak.
3. Chekning oʻng tarafidagi uchburchak koʻrsatkichli belgi qanday rangda ekanligini tekshiring.
Agar toʻq koʻk boʻlsa, yana bir bor tabriklaymiz: siz chekdan maksimum naf oldingiz. Dastur chekning toʻliq summasidan keshbek hisobladi.
4. Agar koʻrsatkichli belgining rangi - och koʻk yoki qizil boʻlsa, unga bosing. Siz chek boʻyicha qanday summa hisoblanganligini va nima uchun bunday boʻlganini koʻrasiz. Chek boʻyicha xarid qilingan bitta yoki barcha tovarlarga xato koʻrsatilgan yoki umuman koʻrsatilmagan mahsulotlar va xizmatlarning identifikatsiya kodi (MXIK), qoidaga koʻra, toʻliq boʻlmagan summa yoki hisoblashni rad etish sababi boʻladi.
Agar notoʻgʻri yoki koʻrsatilmagan MXIK bunga sabab boʻlsa, sotuvchiga xatoni bartaraf etishni soʻrab murojaat qilish mumkin. Buni xarid qilingan oy yakuniga qadar amalga oshirishga ulgurish kerak. Bundan keyin doʻkon sizga yangi chek bermaydi. Biroq, agar u xatoni tuzatsa, ushbu chek roʻparasidagi koʻrsatkichli belgi toʻq koʻk rangga oʻzgarishi kerak.
Keshbek faqat xaridor tomonidan xarid uchun naql pul yoki plastik karta boʻyicha hisob-kitobda chek boʻyicha toʻlangan summaga hisoblanadi.
Savdo shoxobchalarida amal qiladigan loyallik dasturlari doirasida hisoblangan bonuslar bilan qoplangan summalar hisob-kitobga qabul qilinmaydi.
Supermarketlarning yirik tarmoqlaridan biri va uning yetkazish xizmati haqiqatda xaridorlarning plastik kartalaridan toʻlovni yechib, ushbu hisob-kitoblarni oʻzlarida “bonus” sifatida oʻtkazishlari ma’lum boʻldi. Bunda onlayn-NKT chekida xaridor xarid uchun savdo shoxobchasida amal qiladigan loyallik dasturlari doirasida hisoblangan bonuslar hisobidan haq toʻlaganligi notoʻgʻri aks ettirilgan.
Xaridorning iltimosiga binoan savdo tarmogʻi 1% keshbekni soliq organlari tomonidan joriy etilgan keshbek tizimidan tashqari - xaridorning kartasiga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazishni taklif qiladi. Call-markaz operatorining tushuntirishicha, oʻzaro hisob-kitoblar tizimi ularda qayta ishlanmoqda va yaqin vaqtda umumqabul qilingan talablarga muvofiq boʻladi.
Shunga qaramay, bu vaziyat - chekda ma’lumotlar buzib koʻrsatilishiga misol boʻladi, bu soliq.uz tizimida bunday xarid boʻyicha keshbek summasi nolga teng boʻlishiga olib keladi.
24 soatdan keyin chekni roʻyxatdan oʻtkazishga urinishni takrorlashni soʻrash yoki onlayn-NKM tizimida sizning chekingiz mavjud emasligi haqida xabar
Agar dastur shunday xabar bersa, 24 soatdan keyin chekni roʻyxatdan oʻtkazishga urinib koʻring.
Sotuvchida internet yoki elektr energiyasi bilan muammolar bunga sabab boʻlishi mumkin. Biroq, agar takroran roʻyxatdan oʻtkazishda shu kabi xabar chiqsa, demak, muammo - jiddiy. Masalan, qoʻlingizdagi chek soxta boʻlishi ehtimoli bor. U DSQning onlayn-NKT tizimida ishlamaydigan qurilmada shakllantirilgan.
Bu holda sizda uchta yoʻl bor:
1) sotuvchiga e’tirozlar bilan murojaat qilish mumkin (buning yordam berishi ehtimoli kam);
2) soliq.uz ilovasining “Soliq hamkori” tugmasi orqali soliq organlariga (yoki iste’molchilar huquqini himoya qilish vakolatiga ega boʻlgan boshqa organlarga murojaat qilish. Chek bermaslik (qoʻlingizdagi esa chek emas) - bu qonunchilikni buzish hisoblanadi. Muammo haqida tegishli joylarga xabar bersangiz, keshbek ololmaysiz, lekin hech boʻlmaganda qoidabuzarni jazolashadi;
3) mazkur savdo shoxobchasini oʻzingizning shaxsiy “qora roʻyxatingizga” kiritib, shunchaki bu xariddan keshbek olish haqida unuting.
Sizning chekingiz boshqa telefon raqamiga roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqida xabar
Afsuski, shunday ham boʻladi. Savdo shoxobchalarining nihoyatda uddaburon xodimlari, yetkazib berish xizmati kuryerlari, xizmat vazifasi tufayli kassadan foydalanish imkoniga ega boʻlgan kishilar chek ovchilariga aylanishadi.
Bunday hollarga qarshi kurashish uchun DSQ qoida oʻrnatdi, unga asosan har bir fuqaro bir kunda bitta savdo shoxobchasidan 5 tadan ortiq boʻlmagan QR-kodli cheklarni roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin. Biroq hatto ushbu norma ham sizdan kimdir ilgarilab ketmasligini kafolatlamaydi. Oʻz keshbekingizni yoʻqotmaslik uchun, aytilganidek, cheklarni kassadan uzoqlashmay roʻyxatdan oʻtkazing.
Har qanday holda ham, agar siz chekni roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida u muayyan telefon raqamiga roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqida xabar olsangiz:
1) koʻrsatilgan telefon raqamiga qoʻngʻiroq qilib, uning egasidan bu haqda soʻrashingiz mumkin;
2) savdo shoxobchasi ma’muriyatiga albatta shikoyat yozib bering.
Xaridor chekda xatoni topgan taqdirda sotuvchilar nima qilishlari lozimligi haqida biz bu yerda yozganmiz.
Manbaga bu yerda, bu yerda va bu yerda qarang.
Oleg GAYeVOY
