Onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazish amaliyoti boʻyicha 5 ta savol

preview

«Norma» professional rivojlanish markazida «Soliq organlarida onlayn-NKMni qanday roʻyxatdan oʻtkazish kerak» nomli vebinar boʻlib oʻtdi. Vuxgalter.uz oʻquvchilarining hamda «Norma» mahsulotlari foydalanuvchilarining savollariga «GAROV-TARAQQIYOT NKM» MChJ direktori Shavkat ABYeRQULOV javob berdi.

 

Savollarga koʻproq javoblarni telegram-kanalimizdagi havolalarda oʻqing.

 

«Yangi doʻkon ochyapmiz. Tanish tadbirkor oʻzi uchun keraksiz boʻlib qolgan onlayn-NKMni sotib olishni taklif qilmoqda. Agar ushbu qurilmani yangi savdo nuqtasi uchun sotib olsak, uni soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazishadimi? Onlayn-NKM sotib olayotganda nimalarga e’tibor berish kerak?»

– Oʻziga keraksiz boʻlgan onlayn-NKMni tadbirkordan sotib olish mumkin, ammo kelgusida muammolarga duch kelmaslik uchun quyidagilarni hisobga olish kerak.

Birinchidan, model onlayn-NKM va virtual kassa apparatlarining davlat reyestrlariga kiritilishi kerak . Reyestr Soliq qoʻmitasining saytlarida (masalan, soliq.uz saytidagi «Xizmatlar va servislar» – «onlayn-NKM» ilovasida) hamda fiskal ma’lumotlar operatori (ofd.uz saytida «Reyestr» ilovasi) ochiq. Agar koʻrib chiqilayotgan model ushbu roʻyxatlarda boʻlmasa, demak, bu qurilma eskirgan yoki Soliq qoʻmitasi tomonidan foydalanishga ruxsat berilmagan.

Ikkinchidan, onlayn-NKM Uzcard yoki HUMO bank kartalari bilan toʻlovlarni qabul qilishi kerak .

Bank kartalari orqali toʻlovlarni qabul qilish qurilmasi toʻgʻridan-toʻgʻri kassaga yoki kabel yordamida kassaga ulanadigan alohida qurilma (pin-pad, terminal) sifatida ulanishi mumkin.

Uchinchidan, agar sizning assortimentingizda majburiy raqamli markirovka qilinishi shart boʻlgan mahsulotlar boʻlsa, sizning onlayn-NKM 2D-skaner bilan jihozlangan boʻlishi kerak  .

Siz bank kartalari orqali toʻlovlarni qabul qilish uchun qurilmasiz yoki skanersiz onlayn-NKM sotib olsangiz (agar sizda majburiy raqamli markirovka qilinishi shart boʻlgan tovarlar boʻlsa), siz modernizatsiyaga sarmoya kiritishingizga toʻgʻri keladi.

Toʻrtinchidan, sotib olish paytida foydalanilgan onlayn-NKM soliq organlarida roʻyxatdan olinishi kerak. Ushbu jihatni sotuvchidan aniqlashtiring. Agar u hali roʻyxatdan olinmagan boʻlsa, u holda TXKMga murojaat qilsin va bu ishni amalga oshirsin.

Ushbu jihatlar sizda qiyinchilik tugʻdirsa, sotuvchi bilan hisob-kitob qilishdan oldin onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazmoqchi boʻlgan TXKM xodimiga koʻrsating. Agar mutaxassis onlayn-NKM belgilangan talablarga javob berishini tasdiqlasa, sotuvchi bilan hisob-kitobni amalga oshiring.

 

«Bizning doʻkonimiz koʻchib oʻtmoqda. Avvalgi savdo nuqtasi manzili boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan onlayn-NKMdan foydalanishni davom ettira olamizmi?»

– Davom ettira olasiz. Ammo koʻchib oʻtgan paytdan boshlab uch kun ichida qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun TXKMga murojaat qilishingiz kerak .

TXKM xodimiga quyidagilarni taqdim eting:

  • statsionar nuqta (koʻchma savdo ob’yekti) mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari: bino, inshoot yoki uning bir qismi uchun ijara shartnomasi yoki kadastr hujjatlari;
  • koʻchma savdo ob’yekti boʻlgan statsionar savdo nuqtasi (xizmatlar koʻrsatish) manzili xaritasida koordinatalar.

Agar siz TXKMni oʻzgartirmoqchi boʻlsangiz, yangi TXKM bilan texnik xizmat koʻrsatish shartnomasini oldindan tuzishingiz kerak boʻladi. Eski fiskal modulni saqlab qolish uchun bu haqda yangi TXKM xodimiga ayting va u fiskal modulni mos ravishda rasmiylashtiradi.

 

«Onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazishda boshqa hujjatlar bilan birga savdo nuqtasining fotosuratini taqdim etish kerakmi?»

– Onlayn-NKM yoki virtual kassani roʻyxatdan oʻtkazishda tadbirkor tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 16-bandida kelishilgan. Bu yopiq roʻyxat hisoblanadi.

 

Roʻyxatda:

  • turgʻun shoxobcha (koʻchma savdo ob’yekti) mavjudligini tasdiqlaydigan hujjatlarning nusxalari: bino, inshootning yoki uning qismining ijara shartnomasi yoki kadastr hujjatlari;
  • onlayn-NKM va (yoki) virtual kassaga texnik xizmat koʻrsatish va ta’mirlashga TXKM bilan tuzilgan shartnomaning nusxasi;
  • turgʻun savdo (xizmat koʻrsatish) shoxobchasi manzilining xaritadagi koordinatasi.

Boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlangan .

Amaliyotda ba’zi hollarda boshqa hujjatlar, xususan,  savdo doʻkonlarining fotosuratlari talab qilinganini eshitib qolamiz. Yana bir bor ta’kidlayman: soliq toʻlovchi faqat Nizomning 16-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etishi kerak.

❖

Hujjatlarni noqonuniy talab qilishning yana bir misolini quyidagi maqolada oʻqing – «Nima uchun onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazish choʻzilib ketmoqda».

Agar onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazish uchun mas’ul boʻlgan TXKM xodimi sizning e’tirozlaringizga beparvo qarasa va bu yuqoridan koʻrsatma ekanligini tushuntirsa, me’yordan ortiq hujjatlarni soʻrash tashabbusi kimdan chiqayotganini aniqlash muhimdir.

Bu TXKMning tashabbusi boʻlsa – bosh TXKMga shikoyat qiling. Telefon raqamlarini Soliq qoʻmitasi va fiskal ma’lumotlar operatori saytlarida joylashtirilgan texnik xizmat koʻrsatish markazlarining davlat reyestridan topishingiz mumkin. 

Agar noqonuniy talab muallifi soliq inspektori boʻlsa – Soliq qoʻmitasi yoki uning boʻlinmalarining ishonch telefoniga murojaat qiling.

Shuningdek, mas’ul xodimlarning noqonuniy talablari ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.

 

«Qanday hollarda soliq organlari onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishlari mumkin? Agar onlayn-NKMni roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan boʻlsa, nima qilish kerak?»

– Soliq organlari roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishadi, qachonki :

  • onlayn NKM yoki virutal kassani roʻyxatdan oʻtkazish uchun hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda;
  • tadbirkorlik sub’yekti tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda nomutanosibliklar aniqlanganda;
  • onlayn-NKM yoki virtual kassaning Davlat reyestriga kiritilmagan ma’lumotlari koʻrsatilganda.

Boshqa asoslarda onlayn-NKM yoki virtual kassani roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Rad etish soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi va unda bunday qarorning sabablari koʻrsatilishi kerak .

Davlat reyestriga kiritish rad etilganda, ariza beruvchi kamchiliklarni bartaraf etib, vakolatli organga takroran murojaat qilishi mumkin .

Agar rad etish sabablari noaniq yoki noqonuniy boʻlsa, u holda soliq inspektorining xatti-harakatlari ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin. Amaliyot shuni koʻrsatdiki, bunday muammolarni hal qilish uchun soliq qoʻmitasining ishonch telefoniga murojaat qilish kifoya.

 

«Ariza berilgan paytdan boshlab onlayn-NKM roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak boʻlgan belgilangan muddat bormi? Agar ushbu muddatlar buzilgan boʻlsa, roʻyxatdan oʻtish jarayonini qanday tezlashtirish mumkin?»

– Bunday muddatlar belgilangan. TXKMda hujjatlarni qayta ishlash va roʻyxatdan oʻtkazish uchun qabul qilingan paytdan boshlab 4 ish soati mavjud. TXKM xodimi hujjatlarni roʻyxatdan oʻtkazgan paytdan boshlab soliq xizmati xodimi arizani koʻrib chiqish uchun 8 ish soati vaqtiga ega. Bu vaqt ichida u sababini koʻrsatgan holda roʻyxatdan oʻtkaziishi yoki rad etishi kerak . Ikkala holatda ham koʻrib chiqish natijalari soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Agar ushbu muddatlar TXKM xodimining aybi bilan buzilgan boʻlsa, u holda soliq toʻlovchi xodimning xatti-harakatlari ustidan bosh TXKMga murojaat qilish orqali shikoyat qilishi mumkin. Agar sabab soliq organlari xodimlarining xatti-harakatlarida boʻlsa, yuqori turuvchi soliq organiga murojaat qiling yoki soliq organlarining ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qiling. Shuningdek, mas’ul xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish  mumkin.

 

 

 

 

Onlayn-NKT Onlayn-NKT Onlayn-NKT /oz/publish/doc/text196603_onlayn-nkmni_ruyhatdan_utkazish_amalieti_buyicha_5_ta_savol