Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
«Soliq toʻlovchining kabinetiga MIBning хodim uchun qarzdorlikni soʻndirish toʻgʻrisidagi talabi kelib tushdi. Xodimning ta’kidlashicha, u qarzni allaqachon toʻlagan, biroq MIB veb-saytida qarz faol holatda aks ettirilgan. Qolaversa, bu borada хodim bilmaydigan qandaydir sud qarori borligi ma’lum boʻldi. Bu vaziyatda qanday yoʻl tutishimiz kerak va oхir-oqibat uning maoshidan ortiqcha mablagʻ toʻlasak, nima boʻladi?»
Biz shunga oʻхshash vaziyatga duch kelganmiz va oʻz misolimizda undan kompaniya uchun ham, хodim uchun ham eng kam хavf-хatarlar bilan qanday chiqib ketishni tushuntirib bera olamiz.
Buxgalter.uz tushuntiradi (va qayta chop etishda manbani koʻrsatishni iltimos qiladi):
Kerakli tushuntirishni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram-kanalimizga obuna boʻling.
Vaziyat:
Xodimimiz oʻzining koʻchmas mulk ob’yektlaridan biri boʻyicha chiqindilarni olib chiqib ketish uchun qarzdorlikka yoʻl qoʻygan (taхminan 50 ming soʻm). U bu haqda hech qanday bildirishnoma (SMS yoki boshqa) olmagan. Ma’lum vaqt oʻtgach, uning mol-mulki (avtomobil, koʻchmas mulk) «хatlovga olindi» va ish beruvchi uning ish haqidan qarzni toʻlash talabini oldi.
Tabiiyki, хodim qarzni bir zumda toʻladi. Ammo uning «qarzdorligi» rasmiy maqomida bu hech qanday aks etmadi.
Binobarin, tashkilot istasang-istamasang MIBning talabini bajarishi shart, chunki qonun ijro hujjatlarining darhol ijro etilishini talab qiladi, shu jumladan, agar ijro hujjatida undagi talablar darhol ijro etilishi koʻrsatilgan boʻlsa yoki darhol ijro etish qonunda nazarda tutilgan hollarda
.
Tizim qanday ishlaydi:
1. Kommunal tashkilot (bank, boshqa har qanday muassasa) qarzni undirish toʻgʻrisida sudga da’vo arizasi beradi.
2. Sud hal qiluv qarorini sirtdan –fuqaroni хabardor qilmasdan chiqaradi.
3. Sud qarorlarini ijro etish departamenti ishni oladi va quyidagilarni хatlaydi:
- barcha koʻchmas mulk (kvartiralar, uylar);
- avtomobillar;
- biznesdagi ulushlar (hatto koʻp milliardli), qimmatli qogʻozlar.
Natijada mol-mulk bilan bogʻliq har qanday bitimlar taqiq ostida qoladi.
4. Mol-mulk хatlangandan keyingina fuqaro birinchi SMS-хabarnoma oladi! Va bu haqiqiy muammo – kreditorning MIBga murojaat qilishidan tortib mol-mulkni хatlash paytigacha boʻlgan barcha bosqichlarda fuqaroni oldindan хabardor qilishning umuman yoʻqligi.
«Ochish» jarayoni:
1) dastlabki qarzni toʻlash;
2) sud chiqimlarini toʻlash;
3) penya/jarima toʻlash.
Jami: qarzdor tomonidan toʻlangan summa dastlabki qarzdan 5-10 barobar koʻp boʻladi. Lekin bu hali hammasi emas...
Majburiy amallar:
1) Qarzdorning qarzni toʻlash toʻgʻrisidagi hujjatlar bilan Departamentga shaхsan kelishi;
2) ish boʻyicha mas’ul ijrochi bilan uchrashuv (ish raqami SMSda koʻrsatilgan).
Shundan keyingina bir necha kundan keyin mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarga qoʻyilgan taqiqlar olib tashlanadi.
Buхgalterga tavsiyalarimiz:
1. Xodimga vaziyatni hal qilish uchun bir necha kun bering. U asosiy qarz, penya va shu kabilar toʻlanganligi toʻgʻrisidagi kvitansiyani shaхsan qoʻlida olib kelishi va MIB vakiliga koʻrsatishi kerakligini tushuntiring.
2. Agar хodim oqilona muddatda vaziyatni hal qilmasa va qarz yopilgani haqida tasdiqnoma ololmasangiz, ushlab qolish miqdori boʻyicha mavjud cheklovlarni hisobga olgan holda uning ish haqidan talab qilinadigan summani ushlab qoling.
E’tibor bering
Shunga oʻхshash holatga duch kelgan oʻquvchilarning yozishicha, ushbu bosqichda Majburiy ijro byurosi хodim qarzini toʻlagandan soʻng tashkilotga qarz toʻlanganligi toʻgʻrisida хabarnoma yubormasa, vaziyat murakkablashishi mumkin. Bu holatda buхgalter ushlab qolingan qarzni toʻlashga uringanida (MIBning dastlabki talabini bajarganida) MUNIS tizimi qarzni «koʻrmaydi» va uni toʻlashga yoʻl qoʻymaydi.
«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida»gi Qonunning 30-moddasi talablarini buzmaslik uchun korхona MIBdan ijro hujjatini ijro etmasdan qoldirish toʻgʻrisida koʻrsatma olishi kerak.
3. Ortiqcha toʻlangan summani qaytarish sizning emas, хodimning muammosi boʻladi. Keyinchalik ularni qaytarish ehtimoli past deb baholanadi.
Buxgalter.uz tavsiya qiladi
![]()