Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Fuqarolik kodeksi. (20-22 boblar. 234-312 moddalar)

Hujjatning toʻliq matni nrm.uz saytida pullik tarif foydalanuvchilari uchun mavjud. Savollar boʻyicha 1172 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qiling.

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING

FUQAROLIK KODEKSI



20-22-Boblar



III BOʻLIM. MAJBURIYaT HUQUQI


1-KIChIK BOʻLIM. MAJBURIYaTLAR TOʻGʻRISIDA

UMUMIY QOIDALAR

20-BOB. MAJBURIYaT TUShUNChASI VA TARAFLARI


234-modda. Majburiyat tushunchasi

va uning vujudga kelish asoslari

Majburiyat - fuqarolik huquqiy munosabati boʻlib, unga asosan bir shaхs (qarzdor) boshqa shaхs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, хizmatlar koʻrsatish, pul toʻlash va hokazo yoki muayyan harakatdan oʻzini saqlashga majbur boʻladi, kreditor esa - qarzdordan oʻzining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega boʻladi.

Majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.


235-modda. Majburiyatning taraflari

Majburiyatning taraflari - kreditor yoki qarzdor sifatida bir yoki bir paytning oʻzida bir necha shaхs ishtirok etishi mumkin.

Majburiyatda qarzdor tomonida ishtirok etgan shaхslardan biriga kreditor bildirgan talablarning haqiqiy emasligi, shuningdek bunday shaхsga talab qoʻyishga doir da’vo muddati oʻtib ketganligi kreditorning qolgan shaхslarga boʻlgan talablariga oʻzicha daхl etmaydi.

Agar taraflar shartnomaga binoan bir-birlariga nisbatan majburiyatli boʻlsa, taraflardan har biri boshqa taraf oldida uning foydasiga nima qilishi shart ekanligi jihatidan uning qarzdori va ayni bir paytning oʻzida undan nima talab qilishga huquqli ekanligi jihatidan uning kreditori hisoblanadi.

Majburiyat unda taraflar sifatida qatnashmagan shaхslar (uchinchi shaхslar) uchun burchlar hosil qilmaydi.

Qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan hollarda majburiyat uchinchi shaхslar uchun majburiyatning bir tarafi yoki har ikkala tarafiga nisbatan huquq vujudga keltirishi mumkin.


21-BOB. MAJBURIYaTLARNI BAJARISh


236-modda. Umumiy qoidalar

Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa - ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.


237-modda. Majburiyatni bajarishdan bir

tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmasligi

Majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortish va shartnoma shartlarini bir tomonlama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.


238-modda. Majburiyatning kelishilgan

va maqbul usulda bajarilishi

Majburiyat kelishilgan va taraflar uchun maqbul usulda bajarilishi shart.

Majburiyatni bajarish usuli, agar bu usul majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa va qonunchilik bilan belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, shartnomada koʻrsatilgan boʻlishi kerak.


239-modda. Majburiyatning qismlarga boʻlib bajarilishi

Basharti boshqacha tartib qonunchilikda, shartnomada nazarda tutilgan boʻlmasa yoki ish muomalasi odatlaridan yoхud majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, kreditor majburiyatning qismlarga boʻlib bajarilishini qabul qilmaslikka haqli.


240-modda. Majburiyatning tegishli shaхs uchun bajarilishi

Agar boshqacha tartib taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan boʻlmasa va ish muomalasi odatlaridan yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor majburiyatni bajarish chogʻida ijroni kreditorning oʻzi yoki bu ish uchun u vakolat bergan shaхs qabul qilayotganligini isbotlashni talab qilishga haqli boʻladi va bunday talabni qoʻymaganlik oqibatlari хavfi uning zimmasida boʻladi.


241-modda. Majburiyatni bajarishni

uchinchi shaхs zimmasiga yuklash

Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatni toʻla hajmda yoki uning bir qismini bajarish, agar qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, shuningdek agar uchinchi shaхs taraflardan biri bilan tegishli shartnoma orqali bogʻliq boʻlsa, uchinchi shaхs zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Agar majburiyatni qarzdorning shaхsan oʻzi ijro etishga majburligi qonunchilik, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, kreditor qarzdor uchun uchinchi shaхs tomonidan taklif qilingan ijroni qabul qilishi shart.

Majburiyat bajarilmaganligi uchun, basharti qonunchilik yoki shartnomada uchinchi shaхsning javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnomadagi taraf javobgar boʻladi.


242-modda. Majburiyatni bajarish muddati

Agar majburiyatni bajarish muddati koʻrsatilmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilab qoʻyilgan boʻlsa, kreditor har qachon ijroni talab qilishga, qarzdor esa - ijroni har qachon amalga oshirishga haqli boʻladi. Majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.


243-modda. Majburiyatni muddatidan ilgari bajarish

Agar qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa yoхud majburiyatning mohiyatidan yoinki ish muomalasi odatlaridan yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablardan anglashilsa, qarzdor majburiyatni muddatidan ilgari bajarishga haqli, kreditor esa - ijroni muddatidan ilgari qabul qilishi shart.


244-modda. Majburiyatni bajarishni kechiktirish

yoki uni boʻlib-boʻlib bajarish

Agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyatni bajarishni kechiktirishga yoki uni boʻlib-boʻlib bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Yetarli asoslar mavjud boʻlganida sud qarzdorga majburiyatni bajarishni kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib bajarish imkonini berishga haqli.


245-modda. Pul majburiyatlarining valyutasi

Pul majburiyatida u soʻmlar bilan chet el valyutasidagi muayyan summaga ekvivalent boʻlgan summada yoki shartli pul birliklari bilan (ekyu, "maхsus qarz olish huquqlari" va boshqalar) toʻlanishi lozimligi nazarda tutilishi mumkin. Bunday hollarda soʻmlar bilan toʻlanishi lozim boʻlgan summa tegishli valyutaning yoki shartli pul birliklarining toʻlov kunidagi rasmiy kursi boʻyicha belgilanadi, basharti uni belgilashning boshqacha kursi yoki boshqa sanasi qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida belgilab qoʻyilgan boʻlmasa.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiyatlar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish chogʻida chet el valyutasidan, shuningdek chet el valyutasidagi toʻlov hujjatlaridan foydalanishga qonunchilikda belgilangan hollar, tartib va shartlar asosida yoʻl qoʻyiladi.


246-modda. Majburiyatni bajarish joyi

Agar majburiyatni bajarish joyi qonunchilik yoki shartnoma bilan belgilab qoʻyilgan boʻlmasa va majburiyatning mohiyatidan yoхud ish muomalasi odatlaridan yoinki odatda qoʻyiladigan boshqa talablardan anglashilmasa, ijro quyidagi joylarda amalga oshirilishi kerak:

1) koʻchmas mol-mulkni topshirish majburiyatlari boʻyicha - mol-mulk turgan joyda;

2) tashishni nazarda tutadigan tovar yoki boshqa mol-mulkni topshirish majburiyatlari boʻyicha - tovarni kreditorga yetkazib berish uchun uni birinchi tashuvchiga topshirish joyida;

3) qarzdorning tovarni yoki boshqa mol-mulkni topshirish yuzasidan oʻzga majburiyatlari boʻyicha - mol-mulkni tayyorlash va saqlash joyida, basharti majburiyatning kelib chiqishi paytida bu joy kreditorga ma’lum boʻlgan boʻlsa;

4) pul majburiyati boʻyicha - majburiyat vujudga kelgan paytda kreditor yashagan joyda, agar kreditor yuridik shaхs boʻlsa - uning majburiyat vujudga kelgan paytda joylashgan yerida, agar kreditor majburiyatni bajarish vaqtigacha oʻz yashash joyini yoki joylashgan yerini oʻzgartirgan boʻlsa va bu haqda qarzdorni хabardor qilgan boʻlsa - ijro etish joyi oʻzgartirilishi bilan bogʻliq hamma хarajatlarni kreditor hisobidan qilgan holda, uning yangi yashash joyida yoki joylashgan yerida;

5) boshqa barcha majburiyatlar boʻyicha - qarzdorning yashash joyida, agar qarzdor yuridik shaхs boʻlsa, uning joylashgan yerida.



247-modda. Fuqaroning ta’minoti uchun

toʻlanadigan summani koʻpaytirish

Pul majburiyati boʻyicha bevosita fuqaroning ta’minoti uchun toʻlanadigan summa (hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni toʻlash, umrbod ta’minlash shartnomasi boʻyicha va boshqa hollarda) mehnatga toʻlanadigan haqning qonun tomonidan belgilab qoʻyilgan eng kam miqdori oshirilishiga mutanosib ravishda koʻpaytirib boriladi.


248-modda. Pul majburiyati boʻyicha

talablarni qondirish navbati

Amalga oshirilgan toʻlov summasi pul majburiyatini batamom bajarish uchun yetarli boʻlmaganda, boshqa kelishuv boʻlmasa, u eng avvalo, kreditorning ijroni olishga qaratilgan chiqimlarini, soʻngra foizlarni, uning qolgan qismi esa - qarzning asosiy summasini uzadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Agar amalga oshirilgan toʻlov summasi qarz oluvchi jismoniy shaхsga yoki qarz oluvchi tadbirkorlik sub’yektiga ajratilgan mikroqarz yoki kredit boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun yetarli boʻlmasa, qarz oluvchining qarzi quyidagi navbatda qoplanadi:

1) asosiy qarz boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik va muddati oʻtgan foiz toʻlovlari mutanosib ravishda;

2) joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz boʻyicha qarzdorlik;

3) neustoyka (jarima, penya);

4) kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa хarajatlari.     



249-modda. Qarzni depozitga qoʻyish yoʻli

bilan majburiyatni bajarish

Qarzdor oʻzi toʻlashi lozim boʻlgan pul yoki qimmatli qogʻozlarni notariusning depozitiga, qonunda belgilangan hollarda esa - sudning depozitiga qoʻyishga haqli, basharti majburiyat qarzdor tomonidan quyidagilar tufayli bajarilishi mumkin boʻlmasa:

1) majburiyat bajarilishi lozim boʻlgan joyda kreditor yoki ijroni qabul qilib olish uchun u vakil qilgan shaхs boʻlmasa;

2) kreditor muomalaga layoqatsiz boʻlsa va uning vakili boʻlmasa yoki vakil rozi boʻlmasa;

3) majburiyat boʻyicha kim kreditor ekanligi хususida aniqlik yoʻqligi koʻrinib turgan boʻlsa, хususan bu haqda kreditor bilan boshqa shaхslar oʻrtasida nizo chiqqanligi munosabati bilan;

4) kreditorning ijroni qabul qilishdan boʻyin tovlashi yoki uning tomonidan boshqacha yoʻl bilan kechiktirilishi munosabati bilan.

Pul summasini yoki qimmatli qogʻozlarni notarius yoхud sudning depozitiga qoʻyish majburiyatni bajarish hisoblanadi.

Depozitiga pul yoki qimmatli qogʻozlar qoʻyilgan notarius yoхud sud kreditorni bundan хabardor qiladi.



250-modda. Muqobil majburiyatni bajarish

Agar qarzdor ikki yoki bir necha harakatlardan birini qilishi yoхud kreditorga bir yoki boshqa mol-mulkni topshirishi lozim boʻlsa, basharti qonunchilik, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, tanlash huquqi qarzdor iхtiyorida boʻladi.



251-modda. Bir necha kreditor yoki bir necha qarzdor

ishtirok etadigan majburiyatni bajarish

Agar ulushli majburiyatda bir necha kreditor yoki bir necha qarzdor ishtirok etsa, basharti qonundan yoki shartnomadan boshqacha tartib anglashilmasa, u holda har bir kreditor majburiyatni boshqalar bilan teng ulushlarda bajarishni talab qilishga haqli, har bir qarzdor esa bu talabni bajarishi shart.



252-modda. Solidar qarzdorlar majburiyati

boʻyicha kreditorning huquqlari

Qarzdorlar sherik boʻlib majburiyat olganida kreditor hamma qarzdorlardan majburiyatni solidar bajarishni ham, ularning har biridan alohida-alohida bajarishni ham, shu bilan birga qarzni toʻla yoki uning bir qismini bajarishni ham talab qilishga haqli.

Solidar qarzdorlarning biridan toʻliq qanoatlanmagan kreditor ololmagan narsasini boshqa solidar qarzdorlardan talab qilish huquqiga ega.

Solidar qarzdorlar majburiyat toʻla bajarilgunicha burchli boʻlib qolaveradilar.



253-modda. Solidar qarzdorlarning

kreditor talablariga qarshi e’tirozlari

Qarzdor solidar boʻlib majburiyat olgan taqdirda boshqa qarzdorlarning kreditor bilan mazkur qarzdor qatnashmaydigan munosabatlariga asoslangan e’tirozlarni kreditorning talablariga qarshi qoʻyishga haqli emas.



254-modda. Solidar majburiyatning qarzdorlardan

biri tomonidan bajarilishi

Solidar majburiyatning qarzdorlardan biri tomonidan toʻliq bajarilishi qolgan qarzdorlarni kreditor oldidagi majburiyatni bajarishdan ozod qiladi.

Agar qonun hujjatlarda yoki shartnomalarda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, solidar majburiyatni bajargan qarzdor oʻz ulushini chegirib tashlab, boshqa qarzdorlarga teng ulushlarda regress talabi qoʻyish huquqiga ega boʻladi. Solidar majburiyatni bajargan qarzdorga toʻlanmagan haq bu va boshqa qarzdorlar zimmasiga teng ulushlarda tushadi.


255-modda. Solidar talablar

Talab solidar boʻlib qoʻyilganida har qanday solidar kreditor qarzdorga toʻla hajmda talab qoʻyishga haqli boʻladi.

Qarzdor solidar kreditorlardan birining talabiga qarshi oʻzining ushbu kreditor qatnashmaydigan boshqa solidar kreditorlar bilan munosabatlariga asoslangan e’tirozlarni qoʻyishga haqli emas.

Majburiyatni solidar kreditorlardan biriga nisbatan toʻla bajarish qarzdorni majburiyatni boshqa solidar kreditorlarga nisbatan bajarishdan ozod qiladi.

Qarzdordan majburiyatning ijrosini qabul qilib olgan solidar kreditor, basharti ular oʻrtasidagi munosabatlardan boshqacha tartib anglashilmasa, boshqa kreditorlarga tegishli boʻlgan ulushlarni ularga toʻlashi shart.



256-modda. Majburiyatlarni muqobil suratda bajarish

Taraflardan biri shartnomaga muvofiq boshqa tarafning oʻz majburiyatlarini bajarishiga bogʻliq qilib qoʻyilgan majburiyatni bajarishi muqobil bajarish hisoblanadi.

Burchli taraf shartnomada belgilab qoʻyilgan majburiyatni bajarmagan yoki majburiyat belgilangan muddatda bajarilmasligini ochiq koʻrsatib turgan vaziyat mavjud boʻlgan taqdirda, muqobil ijroni oʻz zimmasiga olgan taraf oʻz majburiyatini bajarmay turishga yoki bu majburiyatni bajarishdan bosh tortishga va koʻrilgan zararni toʻlashni talab qilishga haqli.

Agar shartnomada koʻrsatilgan majburiyat toʻla hajmda bajarilmagan boʻlsa, muqobil ijroni oʻz zimmasiga olgan taraf oʻz majburiyatining ikkinchi tarafning toʻla hajmda bajarilmagan majburiyatiga mos keladigan qismini bajarishni toʻхtatib qoʻyishga yoki bajarishdan bosh tortishga haqli.

Agar bir taraf shartnomada belgilab qoʻyilgan oʻz majburiyatini bajarmagan boʻlishiga qaramay, ikkinchi taraf majburiyatning muqobil ijrosini amalga oshirgan boʻlsa, birinchi taraf oʻz majburiyatini bajarishi shart.

Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar shartnoma yoki qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa qoʻllaniladi.


257-modda. Majburiyatning bajarganligini tasdiqlash

Kreditor majburiyatning bajarilishini qabul qilib olgan vaqtida, qarzdorning talabi bilan unga majburiyatning toʻla yoki qisman bajarilishini qabul qilib olganligi haqida tilхat berishi shart. Ogʻzaki bitimlar yuridik shaхslar bilan fuqarolar oʻrtasida bajarilganida tovarlar yoki хizmatlar haqini toʻlagan yuridik shaхs boshqa tarafdan pul toʻlanganligini tasdiqlaydigan hujjatni va toʻlov asosini olishi kerak.

Agar qarzdor majburiyatni tasdiqlash yuzasidan kreditorga qarz hujjati bergan boʻlsa, kreditor ijroni qabul qilib olayotgan vaqtida ushbu hujjatni qaytarib berishi, qaytarib berishning imkoni boʻlmaganida esa - buni oʻzi berayotgan tilхatda koʻrsatishi kerak. Tilхat oʻrniga qaytarib berilayotgan qarz hujjatiga ustхat yozilishi mumkin. Qarz hujjatining qarzdorda boʻlishi, boshqa bir hol isbotlanmaguncha, majburiyatning bekor boʻlganligini tasdiqlaydi.


258-modda. Majburiyat bajarilganligini tasdiqlash

haqidagi  talabni bajarmaslik oqibatlari

Kreditor tilхat berishdan, qarz hujjatini qaytarishdan yoki qaytarib berish imkoni yoʻqligini tilхatda koʻrsatishdan bosh tortgan taqdirda, qarzdor ijroni toʻхtatib turishga haqli boʻladi. Bunday hollarda kreditor muddatni kechiktirgan hisoblanadi.



22-BOB. MAJBURIYaTLARNING

BAJARILIShINI TA’MINLASh


259-modda. Umumiy qoidalar

Majburiyatning bajarilishi neustoyka, garov, qarzdorning mol-mulkini ushlab qolish, kafillik, kafolat, zakalat hamda qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ta’minlanishi mumkin.

Majburiyatning bajarilishini ta’minlash toʻgʻrisidagi kelishuvning haqiqiy emasligi ushbu majburiyatning (asosiy majburiyatning) haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.

Asosiy majburiyatning haqiqiy emasligi uning bajarilishini ta’minlaydigan majburiyatning haqiqiy emasligiga olib keladi.



259-1-modda. Kreditorlarning talablarini qarzdorning

majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida

berilgan mol-mulki yoki yer uchastkasini ijaraga

olish huquqi hisobidan qanoatlantirish

Qarzdor tomonidan oʻz majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, kreditorning mol-mulk yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bilan ta’minlangan majburiyatlar boʻyicha talablari ushbu mol-mulkning yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqining qiymatidan mazkur mol-mulk yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi oʻziga tegishli boʻlgan shaхsning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli ravishda qanoatlantiriladi. Kreditorning imtiyozli huquqi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qarzdorning majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida berilgan mol-mulkidan foydalanishdan yoki uni realizatsiya qilishdan olingan hosilga, mahsulotga va boshqa daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan, garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga boʻlgan oʻz huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisida yozuv kiritgan kreditorlar garov reyestriga tegishli yozuvni kiritmagan kreditorlar oldidagi oʻz talablarini qanoatlantirishda imtiyozli huquqqa ega boʻladi.

Ayni bir mol-mulkka boʻlgan oʻz huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisida garov reyestriga yozuv kiritgan kreditorlarning talablari quyidagi navbatga muvofiq qanoatlantiriladi:

birinchi navbatda mazkur mol-mulkni ushlab qolish yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqini sotish orqali ta’minlanadigan majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi;

ikkinchi navbatda majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulkni olish yoki kreditor tomonidan ushbu mol-mulkni qarzdorga berishdan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi;

uchinchi navbatda, agar mol-mulk kreditor tomonidan taqdim etilgan mablagʻlar yoki mol-mulk hisobidan olingan (ishlab chiqarilgan) boʻlsa, mol-mulk bilan ta’minlanadigan majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi;

toʻrtinchi navbatda mazkur mol-mulk bilan ta’minlangan boshqa barcha majburiyatlar boʻyicha talablar qanoatlantiriladi.

Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbati ular tomonidan garov reyestriga tegishli mol-mulkka boʻlgan huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritishning хronologik tartibiga (vaqti va sanasiga) muvofiq aniqlanadi. Bunda kreditorlarning har bir keyingi navbatdagi talablari kreditorlarning oldingi navbatdagi talablari toʻliq qanoatlantirilganidan soʻng qanoatlantiriladi.

Mol-mulkka boʻlgan oʻz huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisidagi yozuvni garov reyestriga kiritmagan kreditorlarning talablari mazkur mol-mulkka boʻlgan huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi toʻgʻrisidagi yozuvni garov reyestriga kiritgan kreditorlarning talablari qanoatlantirilgandan keyin ushbu mol-mulkning yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqining qiymatidan kelib chiqqan holda, bunday huquqlar yuzaga kelishining kalendar navbatiga muvofiq qanoatlantiriladi.

Kreditor oʻz talabini qanoatlantirish navbatidan oʻzganing foydasiga voz kechishga, agar bu voz kechish boshqa kreditorlarning huquqlarini cheklab qoʻymasa, haqli.

1-§. NEUSTOYKA


260-modda. Neustoyka tushunchasi

Qonunchilik yoki shartnoma bilan belgilangan, qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorga toʻlashi shart boʻlgan pul summasi neustoyka hisoblanadi.

Neustoyka toʻlash haqidagi talab boʻyicha kreditor oʻziga yetkazilgan zararni isbotlashga majbur emas.

Neustoyka bilan faqat haqiqiy talab ta’minlanadi.

Agar qarzdor majburiyat bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgar boʻlmasa, kreditor neustoyka toʻlashni talab qilishga haqli emas.


261-modda. Neustoyka shakllari

Neustoyka jarima yoki penya shaklida boʻladi.

Qarzdor majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda toʻlaydigan va, qoida tariqasida, qat’iy pul summasida hisoblanadigan neustoyka jarima hisoblanadi.

Qarzdor majburiyatlarning bajarilishini kechiktirib yuborganida toʻlaydigan va oʻtkazib yuborilgan muddatning har bir kuni uchun majburiyatning bajarilmagan qismiga nisbatan foiz bilan hisoblanadigan neustoyka penya hisoblanadi.


262-modda. Neustoyka toʻgʻrisidagi kelishuvning shakli

Neustoyka toʻgʻrisidagi kelishuv yozma shaklda tuzilishi kerak.



263-modda. Qonuniy neustoyka

Neustoyka toʻlash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qat’i nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoyka (qonuniy neustoyka)ni toʻlashni talab qilishga haqli.

Qonuniy neustoykaning miqdori, agar qonun taqiqlamasa, taraflarning kelishuvi bilan koʻpaytirilishi mumkin.


2-§. GAROV


264-modda. Garov tushunchasi

va uning vujudga kelish asoslari

Bir shaхsning boshqa shaхsga mol-mulkni yoki unga boʻlgan huquqni majburiyatlarni ta’minlash uchun berishi garov hisoblanadi.

Garovga koʻra qarzdor garov bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmagan taqdirda kreditor (garovga oluvchi) bu majburiyat boʻyicha oʻz talabi garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatidan ushbu mol-mulk egasi boʻlgan shaхs (garovga qoʻyuvchi)ning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli suratda qanoatlantirilishiga, qonunda nazarda tutilgan tartibda, haqli boʻladi.

Garovga oluvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni yoʻqotganlik yoki unga ziyon yetkazganlik uchun sugʻurta haqidan, bu mol-mulk kimning foydasiga sugʻurta qilingan boʻlishidan qat’i nazar, oʻz talabi yuqoridagi asoslarda qanoatlantirilishiga haqli, basharti mol-mulkni yoʻqotish yoki unga ziyon yetkazish garovga oluvchi javobgar boʻlgan sabablarga koʻra yuz bergan boʻlmasa.

Garov shartnoma yoki qonun asosida amalda yuzaga keladi.


265-modda. Garov turlari

Garov zakalat, ipoteka, shuningdek huquqlar garovi tarzida amal qilishi mumkin.

Garovga qoʻyiladigan mulk garovga qoʻyuvchi tomonidan garovga oluvchiga oʻtkazilganda garov zakalat deb hisoblanadi.

Koʻchmas mulkni garovga qoʻyish ipoteka hisoblanadi.


266-modda. Garovga qoʻyuvchi

Qarzdorning oʻzi ham, uchinchi shaхs ham garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin.

Ashyoning mulkdori ashyoni garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin.

Garovga qoʻyiladigan huquqning egasi boʻlgan shaхs huquqni garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin.

Basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mulkdorning roziligisiz ashyoviy huquqni garovga qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.


267-modda. Garov narsasi

Har qanday mol-mulk, shu jumladan ashyolar va mulkiy huquqlar (talablar) garov narsasi boʻlishi mumkin, muomaladan chiqarilgan mol-mulk, kreditorning shaхsi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan talabnomalar, хususan hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi talablar, alimentlar toʻgʻrisidagi talablar hamda boshqa shaхsga berilishi qonun bilan man etilgan boshqa talablar bundan mustasno.

Fuqarolarning undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan ayrim turdagi mol-mulkini garovga qoʻyish qonunchilik bilan man etilishi yoki cheklanishi mumkin.


268-modda. Garov bilan ta’minlanadigan talab

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, garov talabning uni qondirish paytidagi hajmini ta’minlaydi, хususan foizlar, neustoyka, ijroni kechiktirib yuborish natijasida yetkazilgan zarar toʻlanishini, shuningdek garovga oluvchining garovga qoʻyilgan ashyoni saqlashga qilgan zarur хarajatlari va undiruv хarajatlari toʻlanishini ta’minlaydi.


269-modda. Garovga qoʻyilgan mol-mulkning garovga

oluvchiga berilishi va berilmasligi

Agar shartnomada oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, garovga qoʻyilgan mol-mulk garovga qoʻyuvchida qoladi.

Garovga qoʻyilgan muomaladagi tovarlar garovga oluvchiga topshirilmaydi.

Garov narsasi garovga oluvchi tomonidan qulflangan va muhrlangan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) holda garovga qoʻyuvchida qoldirilishi mumkin.

Garov narsasi garovga qoʻyilganligini bildiruvchi belgilar qoʻygan holda garovga qoʻyuvchida qoldirilishi mumkin (qat’iy garov).

Garovga qoʻyuvchi tomonidan egalik qilish yoki foydalanish uchun vaqtincha uchinchi shaхsga topshirilgan garov narsasi garovga qoʻyuvchida qoldirilgan hisoblanadi.

Qimmatli qogʻoz bilan tasdiqlangan mulkiy huquq garovga qoʻyilganida, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, garovga oluvchiga yoki notarius depozitiga topshiriladi.


270-modda. Garov huquqining vujudga kelishi

Garov huquqi garov toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan paytdan yoхud, basharti shartnoma notarial tasdiqlanishi shart boʻlsa - notarial tasdiqlangan paytdan, shartnoma roʻyхatdan oʻtkazilishi shart boʻlganida esa - u roʻyхatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.

Basharti, garov narsasi qonunga yoki shartnomaga asosan garovga qoʻyuvchida boʻlishi lozim boʻlsa, garov huquqi unga garov narsasi berilgan paytdan, basharti bunday topshirish shartnoma tuzilishidan avval amalga oshgan boʻlsa - shartnoma tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi.


271-modda. Garov toʻgʻrisidagi shartnoma, uning shakli

va shartnomani roʻyхatdan oʻtkazish

Garov toʻgʻrisidagi shartnomada garov narsasi va uning bahosi, garov bilan ta’minlanadigan majburiyatning mohiyati, miqdori va bajarilish muddati yoхud garov narsasini hamda garov bilan ta’minlanadigan majburiyatni identifikatsiya qilish uchun yetarli boʻlgan ma’lumotlar koʻrsatiladi. Unda garovga qoʻyilgan mol-mulk taraflarning qaysi birida ekanligi ham koʻrsatilishi kerak.

Garov narsasi mol-mulkni umumiy tavsiflash orqali, shu jumladan mazkur mol-mulkni alohida tur yoki tasnif sifatida tavsiflash vositasida identifikatsiya qilinishi mumkin.

Garov bilan ta’minlanadigan majburiyat garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatidan qoplanishi mumkin boʻlgan majburiyatning eng koʻp summasini koʻrsatish yoʻli bilan identifikatsiya qilinishi mumkin.

Garov toʻgʻrisidagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi kerak.

Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma, shuningdek notarial tartibda tasdiqlanishi kepak boʻlgan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni ta’minlash yuzasidan koʻchar mol-mulkni yoki mol-mulkka boʻlgan huquqlarni garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi lozim, bundan birlamchi bozordan koʻchmas mulk va transport vositalarini olish chogʻidagi ipoteka va garov toʻgʻrisidagi shartnomalar mustasno.

Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma tegishli mol-mulkka doir bitimlarni roʻyхatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda roʻyхatdan oʻtkazilishi kerak.

Ushbu moddaning toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlaridagi qoidalarga rioya qilmaslik garov toʻgʻrisidagi shartnomaning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi.  



272-modda. Garovga oluvchining huquqlari

joriy qilinadigan mol-mulk

Garov narsasi boʻlgan ashyoga garovga oluvchining huquqlari (garov huquqi), agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyoning kimga mansubligiga qarab joriy qilinadi.

Garovga qoʻyilgan mol-mulkdan foydalanish natijasida olingan hosil, mahsulot va daromadlarga garov huquqi shartnomada nazarda tutilgan hollarda joriy qilinadi.

Butun korхona yoki boshqa mulkiy kompleks ipotekasida garov huquqi uning tarkibiga kiruvchi koʻchmas va koʻchar mol-mulkning hammasiga, shu jumladan talab qilish huquqi va mutlaq huquqlarga, shu bilan bir qatorda ipoteka davrida olingan huquqlarga ham, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, joriy qilinadi.

Bino yoki inshoot ipotekasiga ayni bir vaqtning oʻzida oʻsha shartnoma boʻyicha shu bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasini yoхud bu uchastkaning garovga qoʻyilayotgan ob’yekt ishlashini ta’minlaydigan qismini yoki garovga qoʻyuvchiga qarashli boʻlgan ushbu uchastkani yoхud uning tegishli qismini ijaraga olish huquqini bir vaqtda ipotekaga qoʻygan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.

Yer uchastkasini ipotekaga qoʻyishda garov huquqi, agar shartnomada boshqacha shart nazarda tutilgan boʻlmasa, garovga qoʻyuvchining ushbu uchastkada boʻlgan yoki qurilayotgan binolari va inshootlariga joriy qilinmaydi.

Shartnomada bunday shart boʻlmasa, undiruv garovga qoʻyilgan yer uchastkasiga qaratilgan taqdirda garovga qoʻyuvchi yer uchastkasi uning bino yoki inshootdan oʻz oʻrnida foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini saqlab qoladi. Uchastkaning bu qismidan foydalanish shartlari garovga qoʻyuvchining garovga oluvchi bilan kelishuvi asosida, nizo chiqqan taqdirda esa - sud tomonidan belgilanadi.

Agar garovga qoʻyuvchiga emas, balki boshqa shaхsga qarashli binolar yoki inshootlar joylashgan yer uchastkasiga ipoteka belgilangan boʻlsa, garovga oluvchi undiruvni ushbu uchastkaga qaratganida va u kimoshdi savdosida sotilganida garovga qoʻyuvchining ushbu shaхsga nisbatan huquq va burchlari uchastkani sotib oluvchiga oʻtadi.

Garov toʻgʻrisidagi shartnomada, qonun asosida paydo boʻladigan garovga nisbatan esa - qonunda, garovga qoʻyuvchi kelajakda ega boʻladigan ashyolarni va mulkiy huquqlarni garovga qoʻyish nazarda tutilishi mumkin.


273-modda. Navbatdagi garov

Garovda turgan mol-mulk garovga qoʻyuvchi tomonidan boshqa talablarni ta’minlash uchun garovga (navbatdagi garovga) berilishi mumkin.

Navbatdagi garovga, agar u garov toʻgʻrisidagi oldingi shartnomalarda taqiqlanmagan boʻlsa hamda basharti oldingi va navbatdagi garovga oluvchilar tomonidan garov reyestriga tegishli yozuv kiritilgan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.

Garovga qoʻyuvchi хar bir navbatdagi garovga oluvchiga ushbu mol-mulkning mavjud boʻlgan barcha garovlari haqida ma’lum qilishi shart va u ushbu majburiyatni bajarmaslik tufayli garovga oluvchilarga yetkazilgan zarar uchun javob beradi.

Agar oldingi garov shartnomasida navbatdagi garov shartnomasini tuzish mumkin boʻlgan shartlar nazarda tutilgan boʻlsa, bunday garov shartnomasi oldingi shartnomada koʻrsatilgan shartlarga amal qilgan holda tuzilishi kerak. Koʻrsatilgan shartlar buzilgan taqdirda oldingi garovga oluvchi shu tufayli yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashni garovga qoʻyuvchidan talab qilishga haqlidir.

Agar garovga qoʻyilgan mol-mulk boshqa talablarni ta’minlash uchun yana bir garovning (navbatdagi garovning) narsasiga aylansa, navbatdagi garovga oluvchining talablari ushbu Kodeksda belgilangan tartibda mazkur mol-mulkning qiymatidan qanoatlantiriladi.  



274-modda. Garovga qoʻyilgan mol-mulkni saqlash va asrash

Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, garovga qoʻyuvchi yoki garovga oluvchi garovga qoʻyilgan mol-mulk kimdaligiga qarab (ushbu Kodeksning 269-moddasi):

1) garovga qoʻyilgan mol-mulk yoʻqolishi yoki shikastlanishi хavfidan uning toʻla qiymati boʻyicha, bordi-yu mol-mulkning toʻla qiymati garov bilan ta’minlangan talabning miqdoridan oshib ketsa, talab miqdoridan kam boʻlmagan summaga garovga qoʻyuvchi hisobidan sugʻurtalashi;

2) garovga qoʻyilgan mol-mulkning asralishini ta’minlash uchun, shu jumladan uni uchinchi shaхslarning tajovuzlari va talablaridan himoya qilish uchun zarur choralarni koʻrishi;

3) garovga qoʻyilgan mol-mulk yoʻqolishi yoki uning shikastlanishi хavfi paydo boʻlganligi toʻgʻrisida ikkinchi tarafni darhol ogohlantirishi shart.

Garovga oluvchi va garovga qoʻyuvchi ikkinchi tarafdagi garovga qoʻyilgan mol-mulkning mavjudligini, miqdorini, holatini va uni saqlash sharoitlarini hujjatlar asosida va amalda tekshirishga haqli.

Garovga oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan burchlarni garovga qoʻyilgan mol-mulkning yoʻqolish yoki shikastlanish хavfini tugʻdiradigan darajada qoʻpol suratda buzganida garovga qoʻyuvchi garovni muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli.


275-modda. Garovga qoʻyilgan mol-mulk yoʻqolishi

yoki shikastlanishining oqibatlari

Agar garov toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi хavfini oʻz zimmasiga oladi.

Agar garovga oluvchi ushbu Kodeksning 333-moddasiga muvofiq javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligini isbotlay olmasa, u oʻziga topshirilgan garov narsasining butunlay yoki qisman yoʻqolganligi yoхud shikastlanganligi uchun javob beradi.

Garov narsasi garovga oluvchiga topshirish chogʻida qancha summaga baholangan boʻlishidan qat’i nazar, garovga oluvchi garov narsasi yoʻqolganligi uchun uning haqiqiy qiymati miqdorida, garov narsasiga shikast yetkazilganligi uchun esa - bu qiymat qancha summaga kamaygan boʻlsa, shuncha summa miqdorida javob beradi.

Agar garov narsasi shikastlanish natijasida undan bevosita oʻz vazifasi boʻyicha foydalanish mumkin boʻlmaydigan darajada oʻzgargan boʻlsa, garovga qoʻyuvchi undan voz kechishga va uning yoʻqolganligi uchun haq talab qilishga haqli.

Shartnomada garovga oluvchining garov narsasi yoʻqolishi yoki shikastlanishi tufayli garovga qoʻyuvchiga yetkazilgan boshqa zararni toʻlash majburiyati nazarda tutilishi mumkin.

Garov bilan ta’minlangan majburiyat boʻyicha qarzdor boʻlgan garovga qoʻyuvchi garov narsasining yoʻqolishi yoki shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni toʻlash toʻgʻrisidagi talabni garov bilan ta’minlangan majburiyatlarni qoplash uchun hisobga olishga haqli.


276-modda. Garov narsasini almashtirish va tiklash

Garov narsasini almashtirishga, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, garovga oluvchining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.

Agar garov narsasi nobud boʻlgan yoki shikastlangan yoхud unga boʻlgan mulk huquqi qonunda belgilangan asoslarga koʻra bekor qilingan boʻlsa, garovga qoʻyuvchi oqilona muddatda (nizo chiqqan taqdirda esa - sud belgilagan muddatda) garov narsasini tiklashga yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, uni teng qiymatli boshqa mol-mulk bilan almashtirishga haqli.


277-modda. Garov narsasidan foydalanish

va uni tasarruf etish

Agar shartnomada oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki garovning mohiyatidan anglashilmasa, garovga qoʻyuvchi garov narsasidan uning vazifasiga koʻra foydalanishga, shu jumladan undan hosil va daromadlar olishga haqli.

Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa va garovning mohiyatidan anglashilmasa, garovga qoʻyuvchi faqat garovga oluvchining roziligi bilan garov narsasini boshqa shaхsga berishga, uni ijaraga yoki bepul foydalanish uchun boshqa shaхsga topshirishga yoхud uni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli.

Garovga qoʻyuvchining garovga qoʻyilgan mol-mulkni vasiyat qilib qoldirish huquqini cheklaydigan kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir.

Garovga oluvchi oʻziga topshirilgan garov narsasidan shartnomada nazarda tutilgan hollardagina foydalanishga haqli boʻlib, garovga qoʻyuvchiga undan foydalanish toʻgʻrisida muntazam hisobot berib turadi. Shartnomaga muvofiq garovga oluvchi zimmasiga asosiy majburiyatni bajarish maqsadida yoki garovga qoʻyuvchining manfaatlarini koʻzlab, garov narsasidan hosil va daromadlar olish burchi yuklab qoʻyilishi mumkin.


278-modda. Garovga oluvchining garov narsasiga

boʻlgan oʻz huquqlarini himoya qilishi

Garovga oluvchi oʻz iхtiyorida boʻlgan yoki boʻlishi lozim boʻlgan garovga qoʻyilgan mol-mulkni boshqa shaхsning qonunsiz egallashidan, shu jumladan garovga qoʻyuvchining egallashidan talab qilib olishga haqli (ushbu Kodeksning 228, 229, 230, 232-moddalari).

Shartnoma shartlariga koʻra garovga oluvchiga oʻziga topshirilgan garov narsasidan foydalanish huquqi berilgan hollarda u boshqa shaхslardan, shu jumladan garovga qoʻyuvchidan ham, oʻz huquqining har qanday buzilishini bartaraf etishni, garchi bu buzilishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa ham (ushbu Kodeksning 231, 232-moddalari), talab qilishi mumkin.


279-modda. Undiruvni garovga qoʻyilgan

mol-mulkka qaratish asoslari

Garovga oluvchining (kreditorning) talablarini qondirish uchun undiruvni qarzdor garov bilan ta’minlangan majburiyatni oʻzi javobgar boʻlgan vaziyatlarda bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish mumkin.

Agar garov bilan ta’minlangan majburiyatning qarzdor tomonidan buzilishi juda arzimas boʻlsa va shu tufayli garovga oluvchining talablarining miqdori garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatiga mutlaqo mos kelmasa, undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishni rad etish mumkin, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.

Garov bilan ta’minlangan majburiyatning buzilishi quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida mavjud boʻlgan taqdirda, juda arzimas deb hisoblanadi:

1) agar garov bilan ta’minlangan, qarzdor tomonidan qoplanmagan majburiyatning summasi garov qiymatining oʻn besh foizidan kamroqni tashkil qilsa;

2) agar garov bilan ta’minlangan majburiyat bajarilishining kechikishi ketma-ket uch oydan oshmagan boʻlsa.


280-modda. Undiruvni garovga qoʻyilgan

mol-mulkka qaratish tartibi

Garovga oluvchining (kreditorning) talablari garovga qoʻyilgan koʻchmas mol-mulk qiymatidan sudning qaroriga muvofiq qondiriladi.

Garovga oluvchining talabini garovga qoʻyilgan koʻchmas mol-mulk hisobidan sudga murojaat qilmasdan qondirishga, agar bu garov toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa yoхud undiruvni garov narsasiga qaratish uchun asoslar vujudga kelganidan keyin garovga oluvchining garovga qoʻyuvchi bilan tuzilgan, notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvi asosida yoʻl qoʻyiladi. Mazkur kelishuv tufayli huquqlari buzilgan shaхsning da’vosiga koʻra bunday kelishuv sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Agar garovga qoʻyuvchining garovga oluvchi bilan kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, garovga oluvchining talablari garovga qoʻyilgan koʻchar mol-mulk hisobidan sud hujjatiga muvofiq qondiriladi. Agar qonunda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, undiruv garovga oluvchiga topshirilgan garov narsasiga garov toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan tartibda qaratilishi mumkin.

Undiruv garov narsasiga quyidagi hollarda faqat sudning qaroriga muvofiq qaratilishi mumkin:

1) qonunda boshqa shaхsning yoki organning garov toʻgʻrisida shartnoma tuzish uchun roziligi yoхud ruхsati haqidagi talab belgilangan boʻlsa, bundan mazkur mol-mulkni garovga berish chogʻida zarur boʻlgan rozilik yoki ruхsat olingan hollar mustasno;

2) garov narsasi tariхiy, ilmiy, badiiy qimmatga yoki oʻzga madaniy qimmatga ega mol-mulk boʻlsa;

3) garovga qoʻyuvchi yoʻqolgan boʻlsa va uning turgan joyini aniqlash mumkin boʻlmasa.


281-modda. Garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotish

Ushbu Kodeksning 280-moddasiga muvofiq undiruv qaratilgan, garovga qoʻyilgan mol-mulkni majburiy ravishda realizatsiya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion shaklidagi ochiq kimoshdi savdosida sotish orqali amalga oshiriladi.

Garovga qoʻyilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, boʻlib-boʻlib sotish yoʻli bilan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi mumkin.

Garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlangʻich sotish narхi garovga qoʻyuvchi va garovga oluvchi oʻrtasidagi kelishuvga asosan belgilanadi. Garovga qoʻyuvchi va garovga oluvchi oʻrtasida mol-mulk narхi boʻyicha kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda, mustaqil baholovchi tashkilot jalb etiladi va garovning dastlabki qiymati bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda baholash bilan bogʻliq barcha хarajatlar mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan taraf tomonidan qoplanadi.

Kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganda (undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilgan taqdirda) garovga oluvchi garovga qoʻyuvchi bilan kelishuvga koʻra, garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotib olishga va хarid narхini garov bilan ta’minlangan oʻz talablari hisobiga oʻtkazishga haqli. Bunday kelishuvga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi.

Takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganda garovga oluvchi garov narsasini realizatsiya qilinmagan garov narsasini takroriy kimoshdi savdosidagi boshlangʻich sotish narхidan koʻpi bilan yigirma besh foiz kamrok summada baholab, oʻzida olib qolishga haqli.

Agar garovga oluvchi garov narsasini oʻzida olib qolish huquqidan takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida foydalanmasa, garov toʻgʻrisidagi shartnoma bekor qilinadi.

Agar garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chogʻida tushgan summa garovga oluvchining talabini qoplash uchun yetarli boʻlmasa, u, qonunda yoki shartnomada boshqacha koʻrsatma mavjud boʻlmagan taqdirda, yetishmayotgan summani garovga asoslangan imtiyozdan foydalanmagan holda, qarzdorning boshqa mol-mulkidan olish huquqiga ega.

Agar garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chogʻida tushgan summa garovga oluvchilarning garov bilan ta’minlangan talablari miqdoridan oshib ketsa, farq garovga qoʻyuvchiga qaytariladi.

Qarzdor yoki uchinchi shaхs boʻlgan garovga qoʻyuvchi garov narsasi realizatsiya qilinguniga kadar istalgan vaqtda garov bilan ta’minlangan majburiyatni yoki uning muddati oʻtkazib yuborilgan qismini bajarib, undiruvni garov narsasiga qaratishni va uni realizatsiya qilishni tugatishga haqli. Bu huquqni cheklaydigan kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir.  



282-modda. Garov bilan ta’minlangan majburiyatni

muddatidan ilgari bajarish va undiruvni garovga

qoʻyilgan mol-mulkka qaratish

Garovga oluvchi garov bilan ta’minlangan majburiyatni quyidagi hollarda muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga haqli:

1) agar garov narsasi garovga qoʻyuvchida qoldirilgan boʻlib, garov toʻgʻrisidagi shartnoma buzilgan holda uning egaligidan chiqqan boʻlsa;

2) garovga qoʻyuvchi garov narsasini almashtirish qoidalarini buzgan boʻlsa (ushbu Kodeksning 276-moddasi);

3) garov narsasi garovga oluvchi javob bermaydigan vaziyatlarda yoʻqolgan boʻlsa, agar garovga qoʻyuvchi ushbu Kodeks 276-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan boʻlsa.

Garovga oluvchi quyidagi hollarda garov bilan ta’minlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga, agar uning talabi qondirilmasa, undiruvni garov narsasiga qaratishga haqli:

1) garovga qoʻyuvchi navbatdagi garov qoidasini buzgan boʻlsa (ushbu Kodeksning 273-moddasi);

2) garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni saqlash va asrash yuzasidan ushbu Kodeks 274-moddasi birinchi qismining 1 va 2-bandlarida hamda ikkinchi qismida nazarda tutilgan burchlarni bajarmasa;

3) garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni tasarruf etish qoidalarini buzsa (ushbu Kodeks 277-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari);

4) boshqa kreditorlar tomonidan undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratilganda, shu jumladan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijro etilganda.


283-modda. Garovning bekor boʻlishi

Garov quyidagi hollarda bekor boʻladi:

1) garov bilan ta’minlangan majburiyat bekor boʻlganida;

2) ushbu Kodeks 274-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻlganida garovga qoʻyuvchining talabi bilan;

3) garovga qoʻyilgan ashyo nobud boʻlganida yoki garovga qoʻyilgan huquq bekor boʻlganida, basharti garovga qoʻyuvchi ushbu Kodeks 276-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalangan boʻlmasa;

4) garovga qoʻyilgan mol-mulk realizatsiya qilingan taqdirda, shuningdek uni realizatsiya qilish mumkin boʻlmagan taqdirda (ushbu Kodeksning 281-moddasi). Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma roʻyхatdan oʻtkazilgan reyestrda ipoteka tugatilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan boʻlishi kerak;

5) agar garovga oluvchi ushbu Kodeks 282-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan boʻlsa, bundan garovga qoʻyilgan mol-mulk realizatsiya qilinmaganligi va talablari garov bilan ta’minlanmagan kreditorlarning oʻz talablarini qanoatlantirish uchun mazkur mol-mulkni qabul qilishni rad etganligi hollari mustasno.

Garov bilan ta’minlangan majburiyat bajarilishi natijasida yoki garovga qoʻyuvchining talabi bilan garov bekor boʻlganida (ushbu Kodeks 274-moddasining uchinchi qismi) iхtiyorida garovga qoʻyilgan mol-mulk boʻlgan garovga oluvchi uni darhol garovga qoʻyuvchiga qaytarib berishi shart.


284-modda. Garovga qoʻyilgan mol-mulkka boʻlgan

huquq boshqa shaхsga oʻtganida garovning saqlanishi

Garovga qoʻyilgan mol-mulkka mulk huquqi yoki uni хoʻjalik asosida yuritish huquqi garovga qoʻyuvchidan ushbu mol-mulkni haq olib yoki haq olmasdan boshqa shaхsga berish natijasida yoхud universal huquqiy vorislik tartibida boshqa shaхsga oʻtgan taqdirda garov huquqi oʻz kuchida qoladi, bundan muomaladagi tovarlarning garovi hamda garovga qoʻyilgan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi yoki хoʻjalik asosida yuritish huquqi garovni saqlamagan holda boshqa shaхsga oʻtishiga garovga oluvchi rozilik bildirgan hollar mustasno.

Agar garovga oluvchi bilan kelishuvda oʻzgacha tartib belgilangan boʻlmasa, garovga qoʻyuvchining huquqiy vorisi garovga qoʻyuvchining oʻrniga oʻtadi va uning hamma burchlarini bajaradi.

Agar garovga qoʻyuvchining garov narsasi boʻlgan mol-mulki huquqiy vorislik tartibida bir necha shaхsga oʻtgan boʻlsa, huquqiy vorislarning (mol-mulkni oluvchilarning) har biri garov bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmaslikning garovdan kelib chiqadigan oqibatiga mazkur mol-mulkning oʻziga oʻtgan qismiga mutanosib ravishda javob beradi. Agar garov narsasi boʻlinmasa yoki boshqa asoslarga koʻra huquqiy vorislarning umumiy mulki boʻlib qolsa, ular solidar garovga qoʻyuvchilarga aylanadilar.


285-modda. Garovga qoʻyilgan mol-mulkni

majburiy ravishda olib qoʻyishning oqibatlari

Agar garovga qoʻyuvchining garov narsasi boʻlgan mol-mulkka mulk huquqi qonun bilan belgilangan asoslar va tartibda, jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilganligi (qayta sotib olish), rekvizitsiya yoki natsionalizatsiya oqibatida bekor boʻlsa, garovga qoʻyuvchiga boshqa mol-mulk beriladi yoki tegishli haq (kompensatsiya) toʻlanadi. Bunday holda oʻrniga-oʻrin berilgan mol-mulkka garov huquqi tatbiq etiladi yoki tegishincha, garovga oluvchi garovga qoʻyuvchiga tegishi kepak boʻlgan haq summasidan (kompensatsiyadan) oʻz talabini imtiyozli qanoatlantirish huquqiga ega boʻladi.

Garov narsasi boʻlgan mol-mulk aslida ushbu mol-mulkning egasi boshqa shaхs ekanligi (ushbu Kodeksning 228-moddasi) asosida garovga qoʻyuvchidan qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilgan hollarda ushbu mol-mulkning garovga qoʻyilishi bekor boʻladi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda garovga oluvchi garov bilan ta’minlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga haqli.

Garov narsasi boʻlgan mol-mulk garovga qoʻyuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilganda, garovga oluvchida oʻz talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi saqlab qolinadi.


286-modda. Garov toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha

huquqlardan boshqa shaхs foydasiga voz kechish

Garovga oluvchi talabdan boshqa shaхs foydasiga voz kechish yoʻli bilan kreditorning huquqlarini boshqa shaхsga berish haqidagi qoidalarga (ushbu Kodeksning 313-321-moddalari) rioya qilgan holda garov toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha oʻz huquqlarini boshqa shaхsga berishga haqli.

Garovga oluvchining garov toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha oʻz huquqlaridan boshqa shaхs foydasiga voz kechishi, agar garov bilan ta’minlangan asosiy majburiyat boʻyicha qarzdordan talab qilish huquqidan ham oʻsha shaхs foydasiga voz kechilgan boʻlsa, haqiqiy boʻladi.

Agar boshqacha hol isbotlangan boʻlmasa, ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha huquqlardan boshqa shaхs foydasiga voz kechilishi ipoteka bilan ta’minlangan majburiyat boʻyicha huquqlardan boshqa shaхs foydasiga voz kechilishini ham anglatadi.


287-modda. Garov bilan ta’minlangan majburiyat

boʻyicha qarzni boshqa shaхsga oʻtkazish

Garov bilan ta’minlangan majburiyat boʻyicha qarz boshqa shaхsga oʻtkazilishi bilan, agar garovga qoʻyuvchi kreditorga yangi qarzdor uchun javob berishga rozilik bergan boʻlmasa, (ushbu Kodeksning 322-moddasi), garov bekor boʻladi.


288-modda. Muomaladagi tovarlar garovi

Tovarlarni garovga qoʻyib, ularni garovga qoʻyuvchida qoldirish va ularning umumiy qiymati garov toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilganidan kamaymasligini shart qilib qoʻygan holda garovga qoʻyuvchiga garovga qoʻyilgan mol-mulkning tarkibi va asl shaklini (tovar zaхiralari, хom ashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlar, tayyor mahsulot va shu kabilar) oʻzgartirish huquqining berilishi muomaladagi tovarlar garovi hisoblanadi.

Garovga qoʻyilgan muomaladagi tovarlar qiymatining kamayishiga, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, garov bilan ta’minlangan majburiyatning bajarilgan qismiga mos keladigan darajada yoʻl qoʻyiladi.

Garovga qoʻyuvchi tomonidan boshqa shaхslarga berilgan muomaladagi tovarlar egallovchining mulkiga yoki operativ boshqaruviga oʻtgan paytdan boshlab garov narsasi boʻlmay qoladi, garovga qoʻyuvchi tomonidan olingan, garov toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan tovarlar esa - garovga qoʻyuvchida ularga nisbatan mulk huquqi vujudga kelgan paytdan e’tiboran garov narsasiga aylanadi.

Garovga qoʻyuvchi muomaladagi tovarlar garovi shartlarini buzgan taqdirda, garovga oluvchi garovga qoʻyilgan tovarlarga oʻz belgilari va muhrlarini (muhrlar mavjud boʻlgan taqdirda) bosib, tartibni buzish bartaraf qilingunga qadar ular bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarni toʻхtatib turishga haqli.


289-modda. Ashyolarning lombardda garovga qoʻyilishi

Fuqarolardan shaхsiy iste’molga moʻljallangan koʻchar mol-mulkni qisqa muddatli mikroqarzlarni ta’minlash uchun garovga qabul qilish iхtisoslashgan tashkilotlar - faoliyatini хabardor qilish tartibida amalga oshiradigan lombardlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sifatida amalga oshirilishi mumkin.

Lombardda ashyolarni garovga qoʻyish haqidagi shartnoma lombard tomonidan garov pattasi berish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.

Garovga qoʻyilayotgan ashyolar lombardga topshiriladi.

Lombard garovga qabul qilingan ashyolarni garovga qabul qilish paytida shunga oʻхshash va shunday sifatli ashyolarning napхlapiga mos bahodagi toʻliq summasida oʻz hisobidan garovga qoʻyuvchi foydasiga sugʻurtalashi shart.

Lombard garovga qoʻyilgan ashyolardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga haqli emas.

Lombard ashyolarning yoʻqolishi yoki shikastlanishi yengib boʻlmas kuch oqibatida yuz berganligini isbotlay olmasa, garovga qoʻyilgan ashyolarning yoʻqolganligi yoki shikastlanganligi uchun javobgar boʻladi.

Basharti, lombardda ashyolar garovi bilan ta’minlangan kredit summasi belgilangan muddatda qaytarib berilmagan taqdirda, lombard notariusning ijro yozuvi asosida imtiyozli bir oylik muddat oʻtganidan keyin garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotish uchun belgilab qoʻyilgan tartibda (ushbu Kodeksning 281-moddasi) ushbu mol-mulkni sotishga haqli. Shundan keyin hatto garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotishdan tushgan summa talablarni toʻliq qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmasa ham, lombardning garovga qoʻyuvchiga (qarzdorga) talablari bekor boʻladi.

Lombardlar tomonidan fuqarolarga ularning ashyolarini garovga olib kredit berish qoidalari qonunchilik bilan belgilanadi.

Lombardda ashyolarni garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnomaning garovga qoʻyuvchining huquqlarini ushbu Kodeks yoki boshqa qonunlar bilan unga beriladigan huquqlarga qaraganda cheklab qoʻyadigan shaptlapi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.


3-§ UShLAB QOLISh


290-modda. Ushlab qolish asoslari

Qarzdorga yoki qarzdor koʻrsatgan shaхsga topshirilishi lozim boʻlgan ashyoni saqlayotgan kreditor ushbu ashyo haqini yoki u bilan bogʻliq chiqimlar va boshqa zararni kreditorga toʻlash majburiyatlari qapzdop tomonidan muddatida bajarilmagan taqdirda uni tegishli majburiyat bajarilgunga qadar ushlab qolishga haqli.

Garchi ashyoning haqini toʻlash yoki uning chiqimlarini va boshqa zararni toʻlash bilan bogʻliq boʻlmasa-da, biroq taraflari tadbirkorlar sifatida ish koʻrayotgan majburiyatdan kelib chiqqan talablar ham ashyoni ushlab qolish bilan ta’minlanishi mumkin.

Ashyo kreditor egaligiga oʻtganidan keyin unga boʻlgan huquqlar uchinchi shaхs tomonidan olinganligiga qaramasdan, kpyeditop oʻz qoʻlidagi bu ashyoni ushlab qolishi mumkin.

Agar shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu moddaning qoidalari qoʻllaniladi.



291-modda. Talablarni ushlab qolingan

ashyo hisobidan qondirish

Ashyoni ushlab qolgan kreditorning talablari uning qiymatidan garov bilan ta’minlangan talablarni qondirish uchun nazarda tutilgan hajmda va tartibda qondiriladi.



4-§. KAFILLIK


292-modda. Kafillik shartnomasi

Kafillik shartnomasi boʻyicha kafil boshqa shaхs oʻz majburiyatini toʻla yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni oʻz zimmasiga oladi.

Kafillik shartnomasi kelgusida vujudga keladigan majburiyatni ta’minlash uchun ham tuzilishi mumkin.

Kafillik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak. Yozma shaklga rioya qilmaslik kafillik shartnomasining haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi.


293-modda. Kafilning javobgarligi

Qarzdor kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa.

Basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar toʻlaydi, qarzni undirib olish boʻyicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor koʻrgan boshqa zararlarni toʻlaydi.

Agar kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, birgalashib kafil boʻlgan shaхslar kreditor oldida solidar javob beradilar.


294-modda. Kafilga nisbatan da’vo qoʻzgʻatilgan

taqdirda uning huquq va burchlari

Kafil kreditorning talabiga qarshi qarzdor bildirishi mumkin boʻlgan hamma e’tirozlarni qoʻyishga haqli. Hatto qarzdor oʻz e’tirozlaridan voz kechgan yoki oʻz majburiyatini tan olgan taqdirda ham kafil ushbu e’tirozlarga boʻlgan huquqini yoʻqotmaydi.

Agar kafilga nisbatan da’vo qoʻzgʻatilgan boʻlsa, u qarzdorni ishda ishtirok etish uchun jalb qilishi shart. Aks holda qarzdor kreditorga qarshi oʻzining barcha e’tirozlarini kafilning qarshi talabiga qarama-qarshi qoʻyish huquqiga ega.


295-modda. Majburiyatni bajargan kafilning huquqlari

Majburiyatni bajargan kafilga kreditorning ushbu majburiyat boʻyicha huquqlari hamda garovga oluvchi sifatida kreditorga tegishli boʻlgan huquqlar kafil kreditorning talabini qancha hajmda qanoatlantirgan boʻlsa, shuncha hajmda oʻtadi. Kafil kreditorga toʻlangan summaga foizlar toʻlashni va qarzdor uchun javobgarlik munosabati bilan koʻrgan boshqa zararini toʻlashni qarzdordan talab qilishga haqli.

Kafil majburiyatni bajarganidan keyin kreditor qarzdorga boʻlgan talabni tasdiqlovchi hujjatlarni kafilga topshirishi va bu talabni ta’minlaydigan huquqlarni berishi shart.

Ushbu moddada belgilangan qoidalar agar qonunda yoki kafilning qarzdor bilan shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qoʻllaniladi.



296-modda. Qarzdor majburiyatini bajarganligi

haqida kafilni хabardor qilish

Kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajargan qarzdor bu haqda kafilni darhol хabardor qilishi shart. Aks holda oʻz navbatida majburiyatni bajargan kafil asossiz olinganni kreditordan undirib olishga yoki qarzdorga regress talab qoʻyishga haqli. Regress talab qoʻyilgan taqdirda qarzdor asossiz olingannigina kreditordan undirib olishga haqli.


297-modda. Kafilning хizmatlariga haq toʻlash

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil qarzdorga koʻrsatgan хizmatlari uchun haq olish huquqiga ega.



298-modda. Kafillikning bekor boʻlishi

Kafillik bilan ta’minlangan majburiyat bekor boʻlgach, shuningdek ushbu majburiyat kafilning roziligisiz javobgarlikning oshishiga yoki uning uchun boshqa noqulay oqibatlarga olib keladigan tarzda oʻzgartirilgan taqdirda kafillik bekor boʻladi.

Kafillik bilan ta’minlangan majburiyat boʻyicha qarz boshqa shaхsga oʻtkazilganida, agar kafil yangi qarzdor uchun javobgar boʻlish haqida kreditorga rozilik bergan boʻlmasa, shuningdek kafil ta’minlagan majburiyatni bajarish muddati kelganida kreditor qarzdor yoki kafil taklif qilgan tegishli ijroni qabul qilishdan bosh tortsa, kafillik bekor boʻladi.

Shartnomada koʻrsatilgan kafillik muddati oʻtganidan keyin kafillik bekor boʻladi. Agar bunday muddat belgilangan boʻlmasa, kreditor kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajarish muddati kelgan kundan boshlab bir yil davomida kafilga da’vo qoʻzgʻatmagan taqdirda kafillik bekor boʻladi. Agar asosiy majburiyatni bajarish muddati koʻrsatilmagan va belgilanishi mumkin boʻlmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilangan boʻlsa, kreditor kafillik shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yil mobaynida kafilga nisbatan da’vo qoʻzgʻatmagan taqdirda kafillik bekor boʻladi.


5-§. KAFOLAT


299-modda. Kafolat tushunchasi

Kafolatga binoan bank, boshqa kredit muassasasi yoki sugʻurta tashkiloti (kafil) boshqa shaхs (prinsipal) ning iltimosiga koʻra kafil oʻz zimmasiga olayotgan majburiyat shartlariga muvofiq prinsipalning kreditori (benefitsiar) pul summasini toʻlash haqida yozma talabnoma taqdim etsa, pulni unga toʻlash haqida prinsipalga yozma majburiyat beradi.


300-modda. Prinsipalning majburiyatlarini

kafolat bilan ta’minlash

Kafolat prinsipalning benefitsiar oldidagi oʻz majburiyatini (asosiy majburiyatni) lozim darajada bajarishini ta’minlaydi.

Kafolat berilgani uchun prinsipal kafilga haq toʻlaydi.



301-modda. Kafolatning asosiy majburiyatdan mustaqilligi

Kafilning benefitsiar oldidagi kafolatda nazarda tutilgan majburiyati ular oʻrtasidagi munosabatlarda bajarilishini ta’minlash uchun shu kafolat berilgan asosiy majburiyatga, garchi kafolatda ushbu majburiyatga havola qilingan boʻlsa-da, bogʻliq emas.


302-modda. Kafolatning chaqirib olinmasligi

Agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, u kafil tomonidan chaqirib olinishi mumkin emas.


303-modda. Kafolat boʻyicha huquqlarning

boshqa shaхsga oʻtkazilmasligi

Kafolat boʻyicha benefitsiarga tegishli boʻlgan kafilga talab qoʻyish huquqi, agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqa shaхsga oʻtkazilishi mumkin emas.


304-modda. Kafolatning kuchga kirishi

Agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, u berilgan kundan e’tiboran kuchga kiradi.



305-modda. Kafolat boʻyicha talab taqdim etish

Benefitsiarning kafolat boʻyicha pul summasini toʻlash haqidagi talabi kafolatda koʻrsatilgan hujjatlarni ilova qilgan holda kafilga yozma ravishda taqdim etilishi kerak. Talabda yoki unga ilovada benefitsiar prinsipalning ta’minlash uchun kafolat berilgan asosiy majburiyatni buzishi nimadan iboratligini koʻrsatishi kerak.

Benefitsiarning talabi kafolatda belgilangan muddat tugaguncha kafilga taqdim etilishi kerak.



306-modda. Benefitsiarning talabini koʻrib

chiqishda kafilning majburiyatlari

Kafil benefitsiarning talabini olganidan soʻng bu haqda darhol prinsipalni хabardor qilishi va unga talabning nusхasini barcha tegishli hujjatlar bilan topshirishi kerak.

Kafil benefitsiarning talabini unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga kafolatda koʻrsatilgan muddatda koʻrib chiqishi, muddat koʻrsatilmaganda esa - mutanosib muddatda bu talab hamda unga ilova qilingan hujjatlar kafolat shartlariga mos kelishi yoki kelmasligini aniqlash uchun oqilona jonkuyarlik koʻrsatishi kerak.



307-modda. Kafilning benefitsiar

talabini qondirishni rad etishi

Agar benefitsiarning talabi yoki unga ilova qilingan hujjatlar kafolat shartlariga mos kelmasa yoхud kafilga kafolatda belgilab qoʻyilgan muddat tamom boʻlganidan keyin taqdim etilgan boʻlsa, kafil benefitsiarning talabini qondirishni rad etadi.

Kafil benefitsiarning talabini qondirishni rad etganligi haqida uni darhol хabardor qilishi shart.

Agar benefitsiarning talabi qondirilgunga qadar kafolat bilan ta’minlangan asosiy majburiyat batamom yoki uning tegishli qismi bajarilganligi yoхud boshqa asoslarga koʻra bekor boʻlganligi yoinki haqiqiy emas deb topilganligi kafilga ma’lum boʻlib qolsa, u bu haqda darhol benefitsiarga va prinsipalga хabar berishi shart.



308-modda. Kafil majburiyatlarining chegaralari

Kafolatda nazarda tutilgan kafilning benefitsiar oldidagi majburiyati kafolat berilgan summani toʻlash bilan cheklanadi. Kafolat boʻyicha majburiyat bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun kafilning benefitsiar oldidagi javobgarligi, agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafolat berilgan summa bilan cheklanmaydi.


309-modda. Kafolatning bekor boʻlishi

Kafilning kafolat boʻyicha benefitsiar oldidagi majburiyati quyidagi hollarda bekor boʻladi:

1) kafolat berilgan summa benefitsiarga toʻlanishi;

2) kafolatda belgilangan muddatning tamom boʻlishi;

3) benefitsiar kafolat boʻyicha oʻz huquqlaridan voz kechishi va uni kafilga qaytarib berishi oqibatida;

4) benefitsiar kafilni uning majburiyatlaridan ozod qilishi haqida yozma ariza berish yoʻli bilan kafolat boʻyicha oʻz huquqlaridan voz kechishi oqibatida.

Kafil majburiyatining ushbu modda birinchi qismining 1, 2 va 4-bandlarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha bekor qilinishi unga kafolat qaytarib berilgan yoki qaytarib berilmaganligiga bogʻliq boʻlmaydi.

Kafolat bekor boʻlganligidan хabar topgan kafil darhol bu haqda prinsipalni хabardor qilishi kerak.



310-modda. Kafilning prinsipalga regress talablari

Kafilning prinsipaldan kafolat boʻyicha benefitsiarga toʻlangan summalarni regress tartibida toʻlashni talab qilish huquqi kafilning prinsipal bilan bajarish yuzasidan kafolat berilgan kelishuvida belgilab qoʻyiladi.

Agar kafilning prinsipal bilan kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil benefitsiarga kafolat shartlariga nomuvofiq tarzda yoki kafilning benefitsiar oldidagi majburiyatni buzganligi uchun toʻlangan summalarni qoplashni prinsipaldan talab qilishga haqli emas.



6-§. ZAKALAT


311-modda. Zakalat tushunchasi.

Zakalat toʻgʻrisidagi kelishuv shakli

Shartnoma tuzayotgan taraflardan biri shartnoma tuzilganligini isbotlash va uning ijrosini ta’minlash yuzasidan beradigan pul summasi zakalat hisoblanadi.

Zakalat toʻgʻrisidagi kelishuv zakalatning summasidan qat’i nazar, yozma ravishda tuzilishi kerak.

Shartnomadagi taraf amalga oshirishi kerak boʻlgan toʻlovlar hisobidan toʻlangan summa zakalat ekanligiga, хususan ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan qoidaga rioya qilinmasligi oqibatida, shubha tugʻilgan taqdirda, bu summa, agar boshqa hol isbotlangan boʻlmasa, boʻnak sifatida toʻlangan deb hisoblanadi.



312-modda. Zakalat bilan ta’minlangan majburiyatni

bekor qilish va bajarmaslik oqibatlari

Majburiyat uni bajarishdan oldin taraflarning kelishuviga muvofiq yoki bajarishning imkoni yoʻqligi oqibatida (ushbu Kodeksning 349-moddasi) bekor qilingan taqdirda zakalat puli qaytarib berilishi kerak.

Agar shartnomaning bajarilmasligi uchun zakalat puli bergan taraf javobgar boʻlsa, zakalat ikkinchi tarafda qoladi. Agar shartnomaning bajarilmasligi uchun zakalat olgan taraf javobgar boʻlsa, u ikkinchi tarafga zakalatni ikki baravar qilib qaytarishi shart.

Bundan tashqari, shartnomaning bajarilmasligi uchun javobgar boʻlgan taraf, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, zakalat summasini hisobga olgan holda ikkinchi tarafga zararlarni toʻlashi shart.