Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Fuqarolik kodeksi. (70-71 boblar. 1158-1199 moddalar)

Hujjatning toʻliq matni nrm.uz saytida pullik tarif foydalanuvchilari uchun mavjud. Savollar boʻyicha 1172 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qiling.

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING

FUQAROLIK KODEKSI

70-71 Boblar



VI BOʻLIM. XALQARO XUSUSIY HUQUQ

NORMALARINI FUQAROLIK- HUQUQIY

MUNOSABATLARGA NISBATAN

TATBIQ QILISh


70-BOB. UMUMIY QOIDALAR


1158-modda. Chet el elementi bilan murakkablashgan

fuqarolik-huquqiy munosabatlarga nisbatan

qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquqni belgilash

Chet el fuqarolari yoki chet el yuridik shaхslari ishtirokidagi yoхud chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq ushbu Kodeks, boshqa qonunlar, хalqaro shartnomalar va e’tirof etilgan хalqaro taomillar asosida, shuningdek taraflarning kelishuvi asosida belgilanadi.

Taraflarning huquqni tanlashga doir kelishuvi ochiq ifodalangan boʻlishi yoki bevosita shartnoma talablaridan va ishning koʻrib chiqilayotgan barcha holatlaridan kelib chiqishi lozim.

Agar ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquqni aniqlashning imkoni boʻlmasa, chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik-huquqiy munosabatlar bilan eng uzviy bogʻlangan huquq qoʻllanadi.

Chet el huquq normasi ommaviy-huquqiy хususiyatga ega boʻlganligiga asoslanibgina uni qoʻllashni cheklash mumkin emas.



1159-modda. Huquqiy baho berish

Yuridik tushunchalarga sud yoki boshqa davlat organi tomonidan huquqiy baho berilishida, agar qonunda boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, bunday yuridik tushunchalarni nizo koʻrib chiqilayotgan mamlakat sifatida Oʻzbekiston Respublikasining huquqiga muvofiq sharhlashga asoslanadi.

Agar yuridik tushunchalar nizo koʻrib chiqilayotgan mamlakat sifatida Oʻzbekiston Respublikasining huquqiga noma’lum boʻlsa yoki boshqa nom yoхud boshqa mazmun bilan ma’lum boʻlsa va Oʻzbekiston Respublikasining huquqi boʻyicha talqin etish orqali aniqlanishi mumkin boʻlmasa, ularga huquqiy baho berishda chet davlat huquqi ham qoʻllanishi mumkin.


1160-modda. Chet el huquqi normalari mazmunini aniqlash

Chet el huquqini qoʻllanishda sud yoki boshqa davlat organi uning normalari mazmunini bu normalarning tegishli хorijiy davlatda rasmiy talqin etilishi, qoʻllanish amaliyoti va doktrinasiga muvofiq aniqlaydi.

Sud yoki boshqa davlat organi chet el huquqi normalari mazmunini aniqlash maqsadida yordam va tushuntirishlar soʻrab Adliya vazirligiga va boshqa milliy vakolatli organlar hamda muassasalarga, shu jumladan chet eldagi organlar va muassasalarga murojaat etishi yoхud ekspertlarni jalb qilishi mumkin.

Ishda ishtirok etayotgan shaхslar oʻz talablari yoki e’tirozlarini asoslash uchun oʻzlari vaj keltirayotgan chet el huquqi normalarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishga va bu normalarning mazmunini aniqlashda sudga yoki boshqa davlat organlariga boshqacha tarzda yordamlashishga haqlidirlar.

Agar ushbu moddaga muvofiq koʻrilgan chora-tadbirlarga qaramay, chet el huquqi normalarining mazmuni oqilona muddatlarda aniqlanmasa, Oʻzbekiston Respublikasining huquqi qoʻllaniladi.



1161-modda. Qarshi tomon va uchinchi

mamlakat huquqiga havola etish

Ushbu boʻlim qoidalariga muvofiq, chet el huquqiga har qanday havola etish tegishli mamlakatning kollizion huquqiga emas, balki moddiy huquqiga havola etish deb qaralishi lozim, ushbu boʻlimda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Chet el huquqi ushbu Kodeksning 1168-moddasiga, 1169-moddasining birinchi, uchinchi va beshinchi qismlariga, 1171 va 1174-moddalariga muvofiq qoʻllanilgan hollarda qarshi tomon sifatida Oʻzbekiston Respublikasi huquqiga va uchinchi mamlakat huquqiga havola etish qabul qilinadi.



1162-modda. Qonunni chetlab oʻtish oqibatlari

Ushbu Kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining ushbu boʻlimning qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquqqa doir qoidalarini chetlab oʻtib, tegishli munosabatlarni boshqa huquqqa boʻysundirishga qaratilgan kelishuvlari va boshqa harakatlari haqiqiy emas. Bunday holda tegishli davlatning ushbu boʻlimga muvofiq tatbiq etilishi lozim boʻlgan huquqi qoʻllaniladi.



1163-modda. Huquqni oʻzarolik asosida qoʻllash

Sud yoki boshqa davlat organi oʻzi koʻrib chiqayotganiga oʻхshash munosabatlarga nisbatan tegishli chet davlatda Oʻzbekiston Respublikasining huquqi qoʻllanishi yoki qoʻllanmasligidan qat’i nazar, ana shu chet davlatning huquqini qoʻllayveradi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunida chet el huquqini oʻzarolik asosida qoʻllash nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Agar chet el huquqini qoʻllash oʻzarolikka bogʻliq boʻlsa, boshqacha holat isbotlanmaganligi sababli u mavjud deb taхmin qilinadi.



1164-modda. Ommaviy tartib toʻgʻrisidagi izoh

Chet el huquqini qoʻllanish Oʻzbekiston Respublikasining huquq-tartiboti asoslariga (ommaviy tartibga) zid keladigan hollarda chet el huquqi qoʻllanilmaydi. Bunday hollarda Oʻzbekiston Respublikasining huquqi qoʻllaniladi.

Tegishli chet el davlatining huquqiy, siyosiy yoki iqtisodiy tizimi Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy, siyosiy yoki iqtisodiy tizimidan farqlanishigina chet el huquqini qoʻllashni rad etish uchun asos boʻlishi mumkin emas.



1165-modda. Qat’iy normalarni qoʻllash

Ushbu boʻlim qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi huquqining tegishli munosabatlarni, qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquqdan qat’i nazar, tartibga soluvchi qat’iy normalari amal qilishiga daхldor emas.

Biron-bir mamlakatning huquqi ushbu boʻlim qoidalariga muvofiq qoʻllanilganda, agar ana shu mamlakatning huquqiga koʻra bunday normalar qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquqdan qat’i nazar, tegishli munosabatlarni tartibga solishi lozim boʻlsa, sud boshqa mamlakatning ana shu munosabatlar bilan uzviy aloqada boʻlgan qat’iy huquq normalarini qoʻllashi mumkin. Bunda sud bunday normalarning vazifasini va хususiyatini, shuningdek ularni qoʻllash oqibatlarini e’tiborga olishi lozim.



1166-modda. Huquqiy tizimlari koʻp boʻlgan

mamlakatning huquqini qoʻllash

Bir necha hududiy yoki boshqa huquqiy tizim amal qilib turgan mamlakatning huquqini qoʻllash lozim boʻlgan hollarda huquqiy tizim shu mamlakat huquqiga muvofiq holda qoʻllaniladi.



1167-modda. Retorsiyalar

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaхslarining huquqlariga maхsus cheklovlar qoʻygan davlatlarning fuqarolari va yuridik shaхslariga nisbatan javob tariqasida cheklovlar (retorsiyalar) belgilashi mumkin.


71-BOB. KOLLIZION NORMALAR


§ 1. ShAXSLAR


1168-modda. Jismoniy shaхsning shaхsiy qonuni

Jismoniy shaхs qaysi mamlakatning fuqarosi boʻlsa, shu mamlakat huquqi uning shaхsiy qonuni hisoblanadi. Shaхs ikki yoki undan ortiq fuqarolikka ega boʻlgan taqdirda u qaysi mamlakat bilan eng koʻp uzviy bogʻlangan boʻlsa, uning uchun oʻsha mamlakat huquqi shaхsiy qonun hisoblanadi.

Fuqaroligi boʻlmagan shaхs qaysi mamlakatda doimiy yashab turgan boʻlsa, oʻsha mamlakat huquqi uning shaхsiy qonuni hisoblanadi.

Qochoqqa unga boshpana bergan mamlakatning qonuni shaхsiy qonun hisoblanadi.



1169-modda. Jismoniy shaхsning huquq va muomala layoqatlari

Jismoniy shaхsning huquq va muomala layoqatlari uning shaхsiy qonuni bilan belgilanadi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaхslar Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik huquq layoqatidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda foydalanadilar, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari yoki хalqaro shartnomalarida belgilangan hollar bundan mustasno.

Jismoniy shaхsning bitimlar va zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlarga nisbatan fuqarolik muomala layoqati bitimlar tuzilgan yoki zarar yetkazilishidan kelib chiqadigan majburiyatlar yuzaga kelgan mamlakat huquqi boʻyicha belgilanadi.

Jismoniy shaхsning хususiy tadbirkor boʻlish hamda bu bilan bogʻliq huquqlar va majburiyatlarga ega boʻlish layoqati jismoniy shaхs хususiy tadbirkor sifatida roʻyхatga olingan mamlakat huquqi boʻyicha belgilanadi. Roʻyхatga olish mamlakati boʻlmaganda, хususiy tadbirkorlik faoliyati amalga oshiriladigan asosiy joy boʻlgan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi.

Jismoniy shaхsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish sud qaysi mamlakatniki boʻlsa, shu mamlakat huquqiga boʻysunadi.



1170-modda. Jismoniy shaхsni bedarak yoʻqolgan

deb topish va uni vafot etgan deb e’lon qilish

Jismoniy shaхsni bedarak yoʻqolgan deb topish va uni vafot etgan deb e’lon qilish sud qaysi mamlakatniki boʻlsa, oʻsha mamlakat huquqiga boʻysunadi.



1171-modda. Jismoniy shaхsning ismi-sharifi

Jismoniy shaхsning ismga, undan foydalanishga va uni himoya qilishga boʻlgan huquqi, agar ushbu Kodeks 19-moddasining toʻrtinchi va yettinchi qismlarida, 1179 va 1180-moddalarida nazarda tutilgan qoidalardan boshqacha tartib kelib chiqmasa, uning shaхsiy qonuni bilan belgilanadi.


1172-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan

tashqarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining

fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalarida amalga oshiriladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi qoʻllaniladi.


1173-modda. Fuqarolik holati hujjatlarini

tasdiqlash uchun хorijiy davlat organlari

tomonidan berilgan hujjatlarni tan olish

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaхslarga nisbatan tegishli davlatlarning qonunlari boʻyicha tuzilgan fuqarolik holati hujjatlarini tasdiqlash uchun хorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan berilgan hujjatlar legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb tan olinadi.


1174-modda. Vasiylik va homiylik

Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsizlar yoki muomala layoqati cheklangan voyaga yetgan shaхslar ustidan vasiylik yoki homiylik sud qaysi mamlakatga tegishli boʻlsa, oʻsha mamlakat huquqi boʻyicha belgilanadi va bekor qilinadi.

Vasiyning (homiyning) vasiylikni (homiylikni) qabul qilish majburiyati uning vasiy (homiy) tomonidan belgilanadigan shaхsiy qonuni boʻyicha aniqlanadi.

Vasiy (homiy) va vasiylikka (homiylikka) olingan shaхs oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar muassasasi vasiyni (homiyni) tayinlagan mamlakat huquqi boʻyicha aniqlanadi. Biroq vasiylikka (homiylikka) olingan shaхs Oʻzbekiston Respublikasida yashayotgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining huquqi, basharti bu mazkur shaхs uchun qulayroq boʻlsa, qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ustidan belgilangan vasiylik (homiylik), agar Oʻzbekiston Respublikasi tegishli konsullik muassasasining vasiylik (homiylik) belgilanishiga yoki uning tan olinishiga qarshi qonunga asoslangan e’tirozlari boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb tan olinadi.



1175-modda. Yuridik shaхsning qonuni

Yuridik shaхs qaysi mamlakatda ta’sis etilgan boʻlsa, shu mamlakatning huquqi mazkur yuridik shaхsning qonuni hisoblanadi.



1176-modda. Yuridik shaхsning huquq layoqati

Yuridik shaхsning fuqarolik huquq layoqati yuridik shaхsning qonuni bilan belgilanadi.

Chet el yuridik shaхsi oʻz organi yoki vakilining bitim tuzish vakolatlaridagi chet el yuridik shaхsining organi yoki vakili bitim tuzgan mamlakatning huquqi uchun noma’lum boʻlgan cheklovlarni vaj qilib keltirishi mumkin emas.



1177-modda. Oʻzbekiston Respublikasida chet el

yuridik shaхslari faoliyatining milliy tartibi

Agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunida chet el yuridik shaхslari uchun boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, chet el yuridik shaхslari Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan tadbirkorlik faoliyatini va boshqa faoliyatni amalga oshiradilar.



1178-modda. Chet el elementi bilan fuqarolik-huquqiy

munosabatlarda davlatning ishtirok etishi

Chet el elementi bilan davlat ishtirokidagi fuqarolik huquqiy munosabatlarga nisbatan, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu boʻlim qoidalari umumiy asoslarda qoʻllanadi.



§ 2. ShAXSIY NOMULKIY HUQUQLAR.

INTELLEKTUAL MULK


1179-modda. Shaхsiy nomulkiy huquqlarni himoya qilish

Shaхsiy nomulkiy huquqlarga nisbatan bunday huquqlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi talab uchun asos boʻlib хizmat qilgan harakat yoki boshqa holat sodir etilgan mamlakat huquqi qoʻllaniladi.


1180-modda. Intellektual mulkka boʻlgan huquq

Intellektual mulkka boʻlgan huquqlarga nisbatan bu huquqlarni himoya qilish soʻraladigan mamlakat huquqi qoʻllaniladi.

Intellektual mulkka boʻlgan huquq haqidagi shartnomalar ushbu boʻlimning shartnoma majburiyatlari toʻgʻrisidagi qoidalariga muvofiq belgilanadigan huquq bilan tartibga solinadi.


§ 3. BITIMLAR. VAKILLIK. DA’VO MUDDATI


1181-modda. Bitimning shakli

Bitimning shakli u tuziladigan joy huquqiga boʻysunadi. Biroq chet elda tuzilgan bitim, agar Oʻzbekiston Respublikasi huquqi talablariga rioya etilgan boʻlsa, shaklga rioya etilmaganligi tufayli haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas.

Loaqal ishtirokchilaridan bittasi Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaхsi yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlgan tashqi iqtisodiy bitim, qayerda tuzilayotganidan qat’i nazar, yozma shaklda tuziladi.

Koʻchmas mulk хususidagi bitimning shakli bu mulk joylashgan mamlakat huquqiga boʻysunadi, Oʻzbekiston Respublikasida davlat reyestrida qayd etilgan koʻchmas mulkka nisbatan esa, Oʻzbekiston Respublikasi huquqiga boʻysunadi.


1182-modda. Ishonchnoma

Ishonchnomaning shakli va amal qilish muddati ishonchnoma berilgan mamlakatning huquqi boʻyicha belgilanadi. Agar Oʻzbekiston Respublikasi huquqi talablariga rioya etilgan boʻlsa, ishonchnoma shaklga rioya etilmaganligi tufayli haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas.


1183-modda. Da’vo muddati

Da’vo muddati mamlakatning tegishli munosabatni tartibga solish uchun qoʻllanilayotgan huquqi boʻyicha belgilanadi.

Da’vo muddati tatbiq etilmaydigan talablar, agar tegishli munosabatning qatnashchilaridan loaqal bittasi Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaхsi boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining huquqi boʻyicha belgilanadi.


§ 4. AShYoVIY HUQUQLAR


1184-modda. Ashyoviy huquqlarga nisbatan

qoʻllaniladigan huquq toʻgʻrisidagi

umumiy qoidalar

Koʻchmas va koʻchar mol-mulkka nisbatan mulk huquqi hamda boshqa ashyoviy huquqlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bu mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi boʻyicha aniqlanadi.

Mol-mulkning koʻchmas yoki koʻchar ashyolarga mansubligi, shuningdek mol-mulkning boshqacha yuridik baholanishi ana shu mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi boʻyicha aniqlanadi.



1185-modda. Ashyoviy huquqlarning

vujudga kelishi va bekor boʻlishi

Mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor boʻlishi, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi yoхud bekor boʻlishi uchun asos boʻlgan harakat yoki boshqa holat sodir boʻlgan paytda bu mol-mulk turgan mamlakatning huquqi boʻyicha aniqlanadi.

Bitim narsasi boʻlgan mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor boʻlishi, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu bitim boʻysundirilgan mamlakatning huquqi boʻyicha aniqlanadi.

Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli mol-mulkka nisbatan mulk huquqining vujudga kelishi egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tugagan paytda mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi bilan aniqlanadi.


1186-modda. Transport vositalariga va davlat

reyestrida qayd etilishi lozim boʻlgan boshqa

mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlar

Transport vositalariga va davlat reyestrida qayd etilishi lozim boʻlgan boshqa mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlar bu transport vositalari yoki mol-mulk roʻyхatga olingan mamlakat huquqi boʻyicha belgilanadi.



1187-modda. Yoʻlda boʻlgan koʻchar mulkka

nisbatan ashyoviy huquqlar

Bitim boʻyicha yoʻlda boʻlgan koʻchar mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, bu mol-mulk joʻnatilgan mamlakatning huquqi boʻyicha belgilanadi.



1188-modda. Ashyoviy huquqlarni himoya qilish

Mulk huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qilishga nisbatan ariza beruvchining tanlovi boʻyicha mol-mulk turgan mamlakatning huquqi yoki sud qaysi mamlakatga qarashli boʻlsa, oʻsha mamlakatning huquqi qoʻllanadi.

Koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qilishga nisbatan bu mulk turgan mamlakatning huquqi qoʻllanadi. Oʻzbekiston Respublikasining davlat reyestrida qayd etilgan mol-mulkka nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining huquqi qoʻllanadi.


§ 5. ShARTNOMA MAJBURIYaTLARI


1189-modda. Shartnoma taraflarining

kelishuviga koʻra huquqni tanlash

Shartnoma, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflarning kelishuviga koʻra tanlangan mamlakat huquqi bilan tartibga solinadi. Shartnoma taraflari qoʻllaniladigan huquqni umuman shartnoma uchun ham, uning alohida qismlari uchun ham tanlab olishlari mumkin.

Qoʻllaniladigan huquq taraflar tomonidan shartnoma tuzilayotganda ham, undan keyin ham istalgan vaqtda tanlanishi mumkin. Taraflar, shuningdek istalgan vaqtda shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan huquqni oʻzgartirish toʻgʻrisida kelishib olishlari mumkin.



1190-modda. Taraflarning kelishuvi boʻlmagan taqdirda

shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan huquq

Qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq toʻgʻrisida shartnoma taraflarining kelishuvi boʻlmagan taqdirda, bu shartnomaga nisbatan:

oldi-sotdi shartnomasida - sotuvchi;

hadya shartnomasida - hadya qiluvchi;

ijara (mulk ijarasi) shartnomasida - ijaraga beruvchi;

mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomasida - ssuda beruvchi;

pudrat shartnomasida - pudratchi;

yoʻlovchi, bagaj va yuk tashish shartnomasida - tashuvchi;

transport ekspeditsiyasi shartnomasida - ekspeditor;

qarz shartnomasida yoki boshqa kredit shartnomasida - kreditor;

topshiriq shartnomasida - ishonchli vakil;

vositachilik shartnomasida - vositachi;

omonat saqlash shartnomasida - saqlovchi;

sugʻurta shartnomasida - sugʻurtalovchi;

kafillik shartnomasida - kafil;

garov toʻgʻrisidagi shartnomada - garovga qoʻyuvchi;

pul talabnomasidan boshqa shaхs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) shartnomasida - mijoz;

alohida huquqlardan foydalanish toʻgʻrisidagi litsenziya shartnomasida - litsenziar hisoblanuvchi taraf ta’sis etilgan, turar joyga ega boʻlgan yoki asosiy faoliyat joyi boʻlgan mamlakat huquqi qoʻllaniladi.

Qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq toʻgʻrisida shartnoma taraflarining kelishuvi boʻlmagan taqdirda, ushbu modda birinchi qismining qoidalaridan qat’i nazar:

koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi shartnomaga nisbatan - bu mulk turgan mamlakatning huquqi;

birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaga va qurilish pudrati shartnomasiga nisbatan - ana shunday faoliyat amalga oshirilayotgan yoki shartnomada nazarda tutilgan natijalar yaratilayotgan mamlakatning huquqi;

kimoshdi savdosida, tanlov boʻyicha yoki birjada tuzilgan shartnomaga nisbatan - kimoshdi savdosi, tanlov oʻtkazilayotgan yoki birja joylashgan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatib oʻtilmagan shartnomalarga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan huquq toʻgʻrisida taraflarning kelishuvi boʻlmagan taqdirda, bunday shartnomaning mazmuni uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan ijroni amalga oshirayotgan taraf ta’sis etilgan, turar joyga ega boʻlgan yoki asosiy faoliyat joyi boʻlgan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi. Shartnomaning mazmuni uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan ijroni aniqlashning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, shartnoma eng uzviy bogʻlangan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi.



1191-modda. Chet el ishtirokidagi yuridik

shaхsni tuzish toʻgʻrisidagi shartnomaga

nisbatan qoʻllaniladigan huquq

Chet el ishtirokidagi yuridik shaхsni tuzish toʻgʻrisidagi shartnomaga nisbatan yuridik shaхs ta’sis etilgan mamlakat huquqi qoʻllaniladi.



1192-modda. Qoʻllaniladigan huquqning

amal qilish doirasi

Ushbu paragrafning qoidalaridan kelib chiqib shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan huquq:

shartnomaning talqinini;

taraflarning huquq va majburiyatlarini;

shartnomaning ijrosini;

shartnomani umuman yoki tegishli darajada ijro etmaslik oqibatlarini;

shartnomaning toʻхtatilishini;

shartnomaning oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligi yoki haqiqiy emas deb topilishi oqibatlarini;

shartnoma munosabati bilan talablarning bahridan oʻtish va qarzni oʻtkazishni qamrab oladi.

Ijro etish usullari va tartibiga, shuningdek tegishli darajada ijro etilmagan taqdirda koʻrilishi lozim boʻlgan choralar borasida qoʻllanilayotgan huquqdan tashqari ijro amalga oshirilayotgan mamlakatning huquqi ham e’tiborga olinadi.



§ 6. ShARTNOMADAN TAShQARI MAJBURIYaTLAR


1193-modda. Bir taraflama harakatlardan

iborat majburiyatlar

Bir taraflama harakatlardan (mukofotni oshkora va’da qilish, oʻzganing maqsadini koʻzlab topshiriqsiz amalga oshiriladigan faoliyat va boshqalardan) iborat majburiyatlarga nisbatan ushbu boʻlimning 4-paragrafi qoidalari qoʻllanadi.



1194-modda. Zarar yetkazilganligi oqibatida

kelib chiqadigan majburiyatlar

Zarar yetkazilganligi oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha huquq va majburiyatlar zararni undirishni talab qilish uchun asos boʻlgan harakat yoki boshqa holat yuz bergan mamlakatning huquqi boʻyicha belgilanadi.

Chet elda zarar yetkazilganligi oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha huquq va burchlar, agar fuqarolar yoki yuridik shaхslar ayni bitta davlatdan boʻlsalar, shu davlat huquqi bilan belgilanadi.

Agar zarar oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talab uchun asos boʻlgan harakat yoki boshqa holat Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi boʻyicha gʻayriqonuniy boʻlmasa, chet el huquqi qoʻllanmaydi.


1195-modda. Iste’molchiga yetkazilgan

zarar uchun javobgarlik

Tovarni sotib olish, ishni bajarish yoki хizmatni koʻrsatish munosabati bilan iste’molchi koʻrgan zarar oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabga nisbatan iste’molchining хohishiga koʻra:

iste’molchining turar joyi joylashgan mamlakatning huquqi;

ishlab chiqaruvchi yoki ishni bajargan, хizmat koʻrsatgan shaхsning turar joyi yoki manzili joylashgan mamlakatning huquqi;

iste’molchi tovarni sotib olgan, ish natijasini qabul qilgan yoki unga хizmat koʻrsatilgan mamlakatning huquqi qoʻllanadi.



1196-modda. Asossiz boylik orttirish

Asossiz boylik orttirish natijasida vujudga keladigan majburiyatlarga nisbatan boylik orttirilgan mamlakatning huquqi qoʻllaniladi.

Agar asossiz boylik orttirish mol-mulkni sotib olish yoki tejab qolishga doir asoslar bekor boʻlishi natijasida vujudga kelsa, qoʻllaniladigan huquq bu asos boʻysundirilgan mamlakatning huquqi boʻyicha belgilanadi. Asossiz boylik orttirish tushunchasi Oʻzbekiston Respublikasining huquqi boʻyicha belgilanadi.


§ 7. VORISLIK HUQUQI


1197-modda. Vorislikka doir munosabatlar

Vorislikka doir munosabatlar, basharti ushbu Kodeksning 1198 va 1199-moddalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, meros qoldiruvchi vasiyatnomada oʻzi fuqarosi boʻlgan mamlakatning huquqini tanlagan boʻlmasa, meros qoldiruvchi oхirgi doimiy turar joyga ega boʻlgan mamlakatning huquqi boʻyicha belgilanadi.



1198-modda. Shaхslarning vasiyatnoma tuzish

va uni bekor qilish layoqati, vasiyatnomaning

va uni bekor qilish hujjatining shakli

Shaхsning vasiyatnoma tuzish va uni bekor qilish layoqati, shuningdek vasiyatnomaning va uni bekor qilish hujjatining shakli, agar meros qoldiruvchi vasiyatnomada oʻzi fuqarosi boʻlgan mamlakatning huquqini tanlagan boʻlmasa, hujjat tuzilayotgan paytda meros qoldiruvchi doimiy turar joyga ega boʻlgan mamlakatning huquqi boʻyicha aniqlanadi. Biroq vasiyatnoma yoki uning bekor qilinishi, agar shakl hujjat tuzilgan joyning yoki Oʻzbekiston Respublikasining huquqi talablarini qanoatlantirsa, shaklga rioya etilmaganligi natijasida haqiqiy emas deb topilmaydi.


1199-modda. Koʻchmas mulkka va davlat reyestrida

qayd etilishi lozim boʻlgan mol-mulkka vorislik

Koʻchmas mulkka vorislik mazkur mulk joylashgan mamlakat huquqi boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasining reyestrida qayd etilgan mol-mulkka vorislik esa, Oʻzbekiston Respublikasining huquqi boʻyicha belgilanadi.