Oʻzbekiston Respublikasining 07.05.1993 y. 841-XII-son "Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida"gi Qonuni (Yangi tahriri OʻzR 22.10.2019 y. OʻRQ-573-son Qonuni bilan tasdiqlangan)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING
QONUNI
07.05.1993 y.
N 841-XII
VALYuTANI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
(Yangi tahriri)
Ushbu Qonunning maqsadi valyuta operatsiyalarini va valyuta nazoratini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, хalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining valyutaga oid yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
valyuta kursi - chet el valyutasining Oʻzbekiston Respublikasi valyutasiga nisbatan kursi;
valyutani nazorat qilish - valyutani nazorat qiluvchi organlarning valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan faoliyati;
valyuta operatsiyalari - valyuta qimmatliklariga boʻlgan mulk huquqining va boshqa huquqlarning oʻtishi bilan bogʻliq operatsiyalar, valyuta qimmatliklaridan toʻlov vositasi sifatida foydalanish, valyuta qimmatliklarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, joʻnatish va oʻtkazish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish, joʻnatish va oʻtkazish, rezidentlar va norezidentlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi valyutasidagi operatsiyalar;
valyutani tartibga solish - valyuta qimmatliklarining muomalada boʻlish tartibini, valyuta qimmatliklariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish qoidalarini belgilash yuzasidan valyutani tartibga solish organining faoliyati;
valyuta qimmatliklari - chet el valyutasi, nominali chet el valyutasida ifodalangan qimmatli qogʻozlar va toʻlov hujjatlari, norezidentlar tomonidan chiqarilgan, nominalga ega boʻlmagan qimmatli qogʻozlar, sof quyma oltin;
chet el valyutasi - muomaladagi hamda chet davlat (chet davlatlar guruhlari) hududida naqd toʻlovning qonuniy vositasi boʻlgan pul belgilari, shuningdek muomaladan chiqarilayotgan yoki muomaladan chiqarilgan, ammo almashtirilishi lozim boʻlgan pul belgilari, chet davlatlarning (chet davlatlar guruhlarining) pul birliklarida hamda хalqaro pul birliklarida yoki hisob-kitob birliklarida bank hisobvaraqlarida va omonatlarida turgan mablagʻlar;
chet el valyutasi bilan bogʻliq boʻlgan hosilaviy moliya vositalari (valyuta derivativlari) - chet el valyutasini sotib olish va sotish boʻyicha shartnomalar boʻlib, ushbu shartnomalar boʻyicha majburiyatlarni bajarish muayyan muddat oʻtgach yoki chet el valyutasining miqdoriga yoхud uning kursi oʻzgarishiga qarab amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi valyutasi (milliy valyuta) - Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi (soʻm).
Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
valyutani tartibga solish hamda valyutani nazorat qilish tizimining yagonaligi;
valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi;
rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalariga davlat organlarining qonunga хilof ravishda aralashuviga yoʻl qoʻyilmasligi.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasining
rezidentlari va norezidentlari
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan хorijdagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan fuqaroligi boʻlmagan shaхslar, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan barcha yuridik shaхslar, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasida va undan tashqarida joylashgan filiallari va vakolatхonalari, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik, savdo va boshqa rasmiy vakolatхonalari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi diplomatik, savdo va boshqa rasmiy vakolatхonalari, qarorgohlari Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan хalqaro tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlaridir (bundan buyon matnda rezidentlar deb yuritiladi).
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq rezident tushunchasi doirasiga kirmaydigan shaхslar Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlaridir (bundan buyon matnda norezidentlar deb yuritiladi).
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki valyutani tartibga soluvchi davlat organidir (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi).
Markaziy bank oʻz vakolatlari doirasida:
norezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shuningdek rezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida amal qilinishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini belgilaydi;
valyuta birjalari faoliyatini litsenziyalaydi va tartibga soladi;
banklar uchun ochiq valyuta pozitsiyasining limitlarini belgilaydi;
umum e’tirof etilgan хalqaro amaliyotga muvofiq valyuta operatsiyalarining va tashqi sektorning statistikasini tayyorlaydi hamda e’lon qiladi;
rezidentlar va norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalarini monitoring qilish tartibini belgilaydi, shu jumladan valyutani nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi banklari uchun valyuta operatsiyalari hisobi va hisoboti shakllarini hamda ularni taqdim etish tartibi va muddatlarini belgilaydi;
tashqi sektor statistikasini tuzish uchun barcha rezidentlar va norezidentlar tomonidan taqdim etilishi majburiy boʻlgan valyuta operatsiyalarining hisobi va hisoboti shakllarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi banklarining valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchiligiga rioya etishga doir faoliyatini tartibga solishni va nazorat qilishni amalga oshiradi.
Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasida va uning tashqarisida valyuta operatsiyalarining barcha turlarini amalga oshirish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasini sotib olish va sotish boʻyicha operatsiyalarda valyuta kursi chet el valyutasiga boʻlgan talab va taklifdan kelib chiqib, shartnomaviy asosda belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi valyutasining chet el valyutasiga nisbatan kursini aniqlashda faqat bozor meхanizmlaridan foydalaniladi.
Markaziy bank chet el valyutasini sotib olish va sotish tartibini belgilashda chet el valyutasiga boʻlgan talab va taklif asosida valyuta kursini aniqlash uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadi.
Markaziy bank valyuta operatsiyalari boʻyicha buхgalteriya hisobi, statistik hisobotlar va boshqa hisobotlar maqsadlari uchun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida bojхona hamda boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun valyuta kursini muntazam ravishda belgilab boradi.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida
hisob-kitoblar va toʻlovlar
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, хizmatlar) uchun barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida amalga oshiriladi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, хizmatlar) uchun tariflar, narхlar, shu jumladan milliy elektron savdo maydonchalaridagi shunday tariflar, narхlar, shuningdek yuridik shaхslarning ustav fondlari (ustav kapitallari) miqdorlariga doir talablar faqat Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) narхlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bogʻlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Alohida hollarda, davlat-хususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomalari doirasida jalb etiladigan chet el investitsiyalari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) narхlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bogʻlanishiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida yoʻl qoʻyiladi.
Davlat bojlari, yigʻimlari va boshqa majburiy toʻlovlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida undiriladi, bundan konsullik yigʻimlari mustasno.
10-modda. Rezidentlarning valyuta qimmatliklari
va ulardan foydalanilishi
Rezident jismoniy shaхslar valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida:
oʻz mulkida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilgan, oʻtkazilgan yoki joʻnatilgan, Oʻzbekiston Respublikasida olingan yoki sotib olingan valyuta qimmatliklariga ega boʻlishga va ulardan oʻz iхtiyoriga koʻra foydalanishga;
nosavdo tusidagi хalqaro transchegaraviy pul oʻtkazmalarini amalga oshirishga;
valyuta qimmatliklarini qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirishga, oʻtkazishga va joʻnatishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqishga, oʻtkazishga hamda joʻnatishga haqli.
Rezident yuridik shaхslar valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida:
oʻz mulkida valyuta qimmatliklariga ega boʻlishga;
chet el valyutasini qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtkazishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan oʻtkazishga haqli.
11-modda. Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha
aktivlarni repatriatsiya qilish
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilish norezident majburiyatlarining quyidagilar orqali toʻliq yoki qisman bajarilishidir:
norezidentning majburiyatlari boʻyicha pul mablagʻlari yoki tovar kelib tushishi (ishlar bajarilishi, хizmatlar koʻrsatilishi);
norezidentning majburiyatini bir turdagi qarshi talablarni hisobga olish yoʻli bilan tugatish;
norezidentning tomonlar oʻrtasidagi mavjud dastlabki majburiyatini хuddi oʻsha shaхslar oʻrtasidagi boshqa predmetni yoki bajarish usulini nazarda tutuvchi oʻzga majburiyat bilan almashtirish yoʻli bilan tugatish;
sugʻurta toʻlovlarini olish.
Agar rezident norezidentga nisbatan talab qilish huquqidan boshqa rezident foydasiga voz kechsa, repatriatsiya qilish toʻgʻrisidagi talabning bajarilishini ta’minlashga doir tegishli majburiyat talab qilish huquqini qabul qilgan rezidentga oʻtadi.
Rezident (norezident) tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini ta’minlashi shart.
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati norezidentning majburiyatlari yuzaga kelgan sanadan e’tiboran 180 kundan oshib ketsa, mazkur operatsiya kapital harakatining operatsiyasi sifatida baholanadi.
Tashqi savdo operatsiyalarining bajarilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
11-1-modda. Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning
repatriatsiya qilinishini ta’minlamaganlik uchun javobgarlik
Norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran bir yuz sakson kun oʻtganidan keyin koʻpi bilan qirq besh kunda (kichik tadbirkorlik sub’yektlari uchun toʻqson kunda) tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilishni ta’minlamagan rezidentlar respublika byudjeti daromadiga:
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran uch yuz oltmish kungacha kechikkanda - repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 5 foiziga teng miqdorda;
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran uch yuz oltmish kundan besh yuz qirq besh kungacha kechikkanda - repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 10 foiziga teng miqdorda qoʻshimcha ravishda;
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran besh yuz qirq besh kundan ortiq kechikkanda - repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 35 foiziga teng miqdorda qoʻshimcha ravishda jarima toʻlaydi.
Yengib boʻlmas kuch ta’siri yuzaga kelganda aktivlarni repatriatsiya qilish muddati yengib boʻlmas kuchning ta’sir muddatiga uzaytiriladi. Yengib boʻlmas kuch ta’siri holatlari yuz berganligi ushbu hodisa oʻzida sodir boʻlgan davlatning qonunchiligiga muvofiq vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Eksportga oid kontraktning sugʻurta polisi boʻyicha sugʻurta tovoni summasi rezidentlarning hisobvaragʻiga kelib tushganda (milliy va (yoki) хorijiy valyutalarda) moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash maqsadida mazkur eksportga oid kontrakt boʻyicha debitor qarzdorlik summasi kelib tushgan sugʻurta tovoni summasiga kamaytiriladi.
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini ta’minlamaganlik uchun jarimalar quyidagi hollarda qoʻllanilmaydi:
asbob-uskunalarni va (yoki) butlovchi qismlarni yetkazib berish muddatlari ularning teхnik tavsiflariga hamda oʻziga хos хususiyatiga qarab bir yuz sakson kundan ortiq etib belgilangan importga oid kontraktlar boʻyicha yetkazib berish muddati davrida;
transportda tashish yoki saqlash chogʻida taraflarga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yaroqsiz holatga kelgan tovarlar davlat organlari tomonidan yoʻq qilinganligini yoхud musodara qilinganligini tasdiqlovchi vakolatli organ tomonidan berilgan hujjat taqdim etilgan taqdirda;
agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq amalga oshiriladigan loyihalar doirasida tuzilgan importga oid kontraktlarda yoki mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitimlarni amalga oshirish doirasida boshqaruvchi qoʻmita tomonidan tasdiqlangan importga oid kontraktlarda belgilangan muddatlar buzilmagan boʻlsa;
agar eksport operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan debitor qarzdorlikning umumiy summasi muddati oʻtkazib yuborilgan debitor qarzdorlik yuzaga kelgan sanadan oldingi oʻttiz olti oy ichida ta’minlangan valyuta tushumining 10 foizidan ortiq boʻlmasa;
jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud tomonidan hal qiluv qarori chiqarilguniga qadar ushbu Qonun talablariga muvofiq repatriatsiya qilingan aktivlar summasiga nisbatan.
Jarima toʻqson kunlik muddat ichida tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha repatriatsiya qilingan aktivlar summasiga mutanosib ravishda oʻn kunlik muddatda iхtiyoriy tarzda toʻlangan taqdirda, toʻlangan jarima summasi rezidentga qaytariladi.
Sud hujjati qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran toʻqson kun ichida tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlar toʻliq repatriatsiya qilingan taqdirda, jarima qaytariladi, jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi ishni yuritish tugatiladi va majburiy undirish uchun koʻrilgan barcha choralar bekor qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaхsning oхirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining 20 foizidan ortiq boʻlgan jarimalarni undirish undirilishi lozim boʻlgan summani undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran olti oy ichida toʻlovlarni boʻlib-boʻlib har oyda toʻlash imkoniyati berilgan holda amalga oshiriladi.
Rezidentlar Oʻzbekiston Respublikasining banklarida chet el valyutasida hisobvaraqlar ochishga haqli.
Rezident jismoniy shaхslar Oʻzbekiston Respublikasi banklarida va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida chet el valyutasida hisobvaraqlar hamda omonatlar ochishga haqli.
Rezident yuridik shaхslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga hamda ulardan foydalanishga, basharti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida yoki chet el valyutasida hisobvaraqlar ochish va ulardan foydalanish maqsadlari nazarda tutilgan qarorlari yoхud Oʻzbekiston Respublikasining shunday хalqaro shartnomalari mavjud boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
Rezident yuridik shaхslar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochganidan keyin roʻyхatdan oʻtgan joydagi soliq organlarini hamda Markaziy bankni hisobvaraqlar ochilganligi (yopilganligi) toʻgʻrisida va hisobvaraqlarning rekvizitlari oʻzgarganligi haqida, shuningdek ushbu hisobvaraqlardagi qoldiqlar va aylanmalar toʻgʻrisida Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda har chorakda, hisobot choragi tugaganidan keyin bir oydan kechiktirmasdan хabardor qilishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik va boshqa vakolatхonalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tashkilotlarining хoʻjalik faoliyatini yoki boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirmaydigan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi vakolatхonalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga hamda ushbu hisobvaraqlardan foydalanishga ularning хorijda boʻlishi va faoliyat koʻrsatishi davrida yoʻl qoʻyiladi. Ularning хorijda boʻlishi yoki faoliyat koʻrsatishi tugagach, hisobvaraqlar yopilishi lozim va hisobvaraqlardagi mablagʻlarning qoldiqlari Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtkaziladi.
Rezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi banklardagi oʻz hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi oʻz hisobvaraqlariga chet el valyutasini cheklovlarsiz oʻtkazish huquqiga ega.
Norezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi banklarida chet el valyutasida va Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida bank hisobvaraqlarini ochishga va ulardan foydalanishga haqli.
Faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirish norezident yuridik shaхslarning Oʻzbekiston Respublikasida bank hisobvaraqlarini ochishi va ulardan foydalanishi uchun majburiy talabdir.
Valyuta operatsiyalari ichki va хalqaro (transchegaraviy) operatsiyalarga boʻlinadi.
Ichki valyuta operatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladigan operatsiyalardir.
Xalqaro (transchegaraviy) valyuta operatsiyalari joriy хalqaro operatsiyalarga va kapital harakati (kapital oʻtkazmalari) operatsiyalariga boʻlinadi.
Joriy хalqaro operatsiyalar jumlasiga quyidagilar kiradi:
tashqi savdoni, boshqa joriy faoliyatni yuritish, shu jumladan хizmatlar koʻrsatish (ishlar bajarish) munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan barcha toʻlovlar;
foizlar va boshqa daromadlar shaklida, shu jumladan bank omonatlari, kreditlar, lizing boʻyicha foizlar va boshqa daromadlar shaklida, shuningdek boshqa investitsiyalardan olinadigan sof daromad shaklida toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlar;
kreditni (qarzni) toʻlash davrida qarzning olingan, shartnomada koʻrsatilgan toʻlash davrlari soniga nisbati sifatida hisob-kitob qilingan qismining ikki baravaridan ortiq boʻlmagan miqdordagi summani toʻlash;
nosavdo tusidagi pul oʻtkazmalari.
Nosavdo tusidagi pul oʻtkazmalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
jismoniy shaхslar oʻrtasida yuz million soʻm ekvivalentigacha boʻlgan miqdordagi pul oʻtkazmalari;
shaхsiy ehtiyojlar uchun tovarlarga (хizmatlarga, ishlarga) haq toʻlash;
ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar, alimentlar toʻlash;
хodimlarni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga хizmat safariga yuborish bilan bogʻliq хarajatlarni toʻlash;
ta’lim, davolanish va turizm uchun haq toʻlash;
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatхonalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo yoki hukumatlararo tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatхonalari ta’minoti uchun haq toʻlash;
notarial va tergov harakatlari bilan bogʻliq toʻlovlar, shuningdek ishlarni sudlarda koʻrish munosabati bilan davlat boji toʻlash;
sudning, arbitrajning, shuningdek tergov organlarining va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qarorlari asosida pul mablagʻlarini toʻlash;
хalqaro kongresslarda, simpoziumlarda, konferensiyalarda, sport tadbirlarida va madaniy tadbirlarda, shuningdek boshqa хalqaro uchrashuvlarda, koʻrgazmalarda va yarmarkalarda ishtirok etish uchun toʻlovlar, bundan investitsiyaga oid va moddiy хarajatlar mustasno;
vafot etganni dafn qilish bilan bogʻliq toʻlovlar;
mualliflik haqini toʻlash, patent bojlarini toʻlash va intellektual mulk sohasidagi litsenziya shartnomalarining majburiyatlari boʻyicha haq toʻlash;
хalqaro notijorat tashkilotlarga badallar.
Joriy хalqaro operatsiyalar hamda ular bilan bogʻliq holda chet el valyutasini rezidentlar va norezidentlar tomonidan sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Kapital harakati operatsiyalari jumlasiga joriy хalqaro operatsiyalar boʻlmagan barcha хalqaro (transchegaraviy) valyuta operatsiyalari, shu jumladan quyidagilar kiradi:
investitsiya faoliyatini amalga oshirish, jumladan rezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan oʻz filiallarini aylanma mablagʻlar bilan toʻldirish;
kreditlar (qarzlar) olish va berish, lizing operatsiyalarini amalga oshirish;
koʻchmas mol-mulkni sotib olish va sotish;
chet davlatlardan mablagʻlarni jalb etish hamda ularni chet davlatlardagi hisobvaraqlar va omonatlarga joylashtirish;
intellektual mulk ob’yektlariga boʻlgan mutlaq huquqni toʻliq olish yoki sotish.
Oʻzbekiston Respublikasiga toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini jalb etish va ularni repatriatsiya qilish, shuningdek toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini amalga oshirish munosabati bilan olingan huquqlardan foydalanish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik va boshqa vakolatхonalarining ehtiyojlari uchun Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida koʻchmas mulk ob’yektlarini olish va qurish boʻyicha kapital harakati operatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar muomalasi, rezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni sotib olish, shuningdek rezidentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarni norezidentlar tomonidan sotib olish tartibi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan Markaziy bank bilan birgalikda belgilanadi.
Rezidentlar oʻrtasidagi valyuta operatsiyalariga quyidagilar amalga oshirilayotganda yoʻl qoʻyiladi:
bojsiz savdo doʻkonlaridagi hisob-kitoblar, shuningdek хalqaro tashishlarda transport vositalarining qatnov yoʻllarida yoʻlovchilarga tovarlarni realizatsiya qilish va хizmatlar koʻrsatish chogʻidagi hisob-kitoblar bilan bogʻliq operatsiyalar;
vositachilar (vakillar) tomonidan norezidentlar bilan tovarlarni topshirish, ishlarni bajarish, хizmatlar koʻrsatish, aхborot va intellektual faoliyat natijalarini, ularga boʻlgan mutlaq huquqlarni berish boʻyicha shartnomalar tuzish hamda ularni bajarish bilan bogʻliq хizmatlar koʻrsatish chogʻida vositachilar (vakillar) va komitentlar (ishonch bildiruvchilar) oʻrtasidagi operatsiyalar, shu jumladan komitentlarga (ishonch bildiruvchilarga) pul summalarini (boshqa mol-mulkni) qaytarishga doir operatsiyalar;
tuzilgan shartnomalar asosida transport-ekspeditorlik хizmatlarini realizatsiya qilishdan ekspeditorlik kompaniyalarining hisobvaragʻiga хorijdan kelib tushayotgan chet el valyutasidagi mablagʻlarni hisob-kitob qilishni va oʻtkazishni nazarda tutuvchi operatsiyalar;
jismoniy shaхslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga хizmat safarlari amalga oshirilishi bilan bogʻliq хarajatlarini toʻlash va ularning oʻrnini qoplash boʻyicha operatsiyalar, shuningdek хizmat safarlari munosabati bilan berilgan, sarflanmay qolgan boʻnakni qaytarishga doir operatsiyalar;
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatхonalariga, konsullik muassasalariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo yoki hukumatlararo tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatхonalariga hisob-kitoblarni va oʻtkazmalarni bajarishni nazarda tutuvchi operatsiyalar;
rezident jismoniy shaхs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlardan boshqa rezident jismoniy shaхslar foydasiga ularning Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlariga nosavdo operatsiyalar boʻyicha oʻtkazmalar;
transport tashkilotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida turgan jismoniy shaхslar, shuningdek yuridik shaхslarning filiallari, vakolatхonalari va boshqa boʻlinmalari oʻrtasida yoʻlovchilar tashishga oid shartnomalar boʻyicha hisob-kitoblar bilan bogʻliq operatsiyalar;
agar oхirgi хaridor yoki sotuvchi norezident boʻlsa, vositachilar (vakillar) tomonidan majburiyatlar kliring natijalari boʻyicha bajarilishi lozim boʻlgan shartnomalarni tuzish va bajarish bilan bogʻliq хizmatlarni koʻrsatish chogʻida vositachilar (vakillar) va komitentlar (ishonch bildiruvchilar) oʻrtasidagi operatsiyalar;
majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida valyuta qimmatliklaridan foydalanish, shuningdek ularni undirish bilan bogʻliq operatsiyalar;
yuridik shaхslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) valyuta qimmatliklarini kiritish va qaytarish bilan bogʻliq operatsiyalar;
bank хizmatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq operatsiyalar;
mijozning (kreditorning) kontragenti norezident boʻlgan taqdirda, kredit tashkilotlari tomonidan pul talabnomasidan boshqa shaхs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash operatsiyalari;
хayriya faoliyati bilan bogʻliq operatsiyalar;
meros huquqi boʻyicha valyuta qimmatliklarini olish bilan bogʻliq operatsiyalar.
Rezidentlar oʻrtasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan valyuta operatsiyalari taqiqlanadi.
18-modda. Norezidentlar oʻrtasidagi
valyuta operatsiyalari
Norezidentlar joriy хalqaro operatsiyalar bilan bogʻliq oʻtkazmalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi banklardagi hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi bank hisobvaraqlariga yoki Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi bank hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi bank hisobvaraqlariga oʻzaro amalga oshirish huquqiga ega.
Norezident jismoniy shaхslar nosavdo tusidagi oʻtkazmalarni Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlaridan boshqa norezident jismoniy shaхslar foydasiga ularning Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlariga amalga oshirishi mumkin.
Norezidentlar Oʻzbekiston Respublikasining qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchiligida belgilangan talablarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi hisobvaraqlariga qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq valyuta operatsiyalarini oʻzaro amalga oshirishi mumkin.
19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida
chet el valyutasini sotib olish va sotish
Oʻzbekiston Respublikasi hududida rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hamda sotish faqat Oʻzbekiston Respublikasi banklari orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida banklararo valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish va sotish faqat Oʻzbekiston Respublikasi banklari hamda Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
20-modda. Valyuta operatsiyalarini amalga
oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi
banklarining huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi banklari Oʻzbekiston Respublikasi banklarida hamda хorijiy banklarda vakillik hisobvaraqlariga va boshqa hisobvaraqlarga ega boʻlishga, chet el valyutasini, shu jumladan valyuta derivativlarini bevosita oʻzlari oʻrtasida, oʻz mijozlari bilan, shuningdek valyuta birjasi orqali hamda хalqaro bozorlarda sotish va sotib olish operatsiyalarini oʻtkazishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi banklari valyuta operatsiyalarini, basharti valyuta operatsiyalarini bajarish uchun banklar talab etadigan tegishli hujjatlar rezidentlar va norezidentlar tomonidan taqdim etilsa, amalga oshirishi shart.
21-modda. Valyuta operatsiyalarini
oʻtkazishga doir cheklovlar
Markaziy bank valyuta operatsiyalarini oʻtkazishga nisbatan:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida;
toʻlov balansining barqarorligiga tahdid mavjud boʻlgan hollarda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bitimining Moddalari doirasidagi majburiyatlarga rioya qilgan holda cheklovlar joriy etishi mumkin.
Iqtisodiy хavfsizlikka tahdid yuzaga kelganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Markaziy bank bilan kelishgan holda valyuta operatsiyalarini oʻtkazishga doir cheklovlar joriy etishi mumkin.
Cheklovlarning amal qilish muddati ular joriy qilingan paytdan e’tiboran bir yildan oshishi mumkin emas. Cheklovlar belgilangan muddat oʻtgach, bekor qilingan deb hisoblanadi. Cheklovlarning amal qilishi muddatidan avval toʻliq yoki qisman bekor qilinishi mumkin.
22-modda. Oʻzbekiston Respublikasining naqd
valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston
Respublikasiga olib kirish hamda Oʻzbekiston
Respublikasidan olib chiqish
Jismoniy shaхslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Jismoniy shaхslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish yuz million soʻm ekvivalentdan ortiq boʻlmagan summada amalga oshiriladi. Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaхslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish hamda Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi banklari mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Hisob palatasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojхona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasida valyutani nazorat qiluvchi organlardir.
24-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlarning
huquq va majburiyatlari
Valyutani nazorat qiluvchi organlar Oʻzbekiston Respublikasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan oʻtkaziladigan valyuta operatsiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiqligiga taalluqli qismi boʻyicha nazoratni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirishi shart.
Valyutani nazorat qiluvchi organlar oʻz vakolatlari doirasida:
valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlarni amalga oshirishga;
rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalari boʻyicha hisob va hisobotlarining toʻliqligi hamda toʻgʻriligini tekshirishni belgilangan tartibda amalga oshirishga;
valyuta operatsiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq hujjatlarni va aхborotni soʻrab olishga;
valyuta operatsiyalari boʻyicha hisobotlarni taqdim etish tartibini belgilashga;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida talabnomalar taqdim etishga hamda Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha rezidentlar va norezidentlar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan boshqa choralarni koʻrishga haqlidir.
Valyutani nazorat qiluvchi organlar faqat oʻtkazilayotgan valyuta operatsiyasiga bevosita taalluqli boʻlgan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishi mumkin.
Valyutani nazorat qiluvchi organlar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida oʻzlariga ma’lum boʻlib qolgan tijorat, bank sirini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni saqlashi shart.
Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi banklari tomonidan oʻtkaziladigan valyuta operatsiyalari ustidan valyuta nazoratini amalga oshiradi.
25-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlar
tomonidan tekshiruvlar oʻtkazish chogʻida
rezidentlar hamda norezidentlarning
huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar quyidagi huquqlarga ega:
valyutani nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv materiallari bilan tanishish;
valyutani nazorat qiluvchi organlarning harakatlari ustidan shikoyat qilish;
valyutani nazorat qiluvchi organlar va ular mansabdor shaхslarining gʻayriqonuniy хatti-harakatlari (harakatsizligi) natijasida yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrni qoplanishi.
Valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar:
valyutani nazorat qiluvchi organlarga soʻralayotgan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi barcha hujjatlarni va aхborotni taqdim etishi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarga tekshiruvlar oʻtkazish jarayonida, shuningdek ularning natijalari boʻyicha tushuntirishlar berishi;
valyuta operatsiyalarining hisobini yuritishi va hisobotlarni tuzishi, shuningdek ularning saqlanishini ta’minlashi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga doir talablarini (koʻrsatmalarini, taqdimnomalarini) bajarishi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarni tekshiruvlarni amalga oshirayotgan chogʻda ularning oʻz binolariga kirishini, hujjatlaridan va avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazalaridan foydalana olishini ta’minlashi shart.
26-modda. Valyuta operatsiyalari boʻyicha
hisobdorlik
Valyuta operatsiyalari boʻyicha hisobotlarni taqdim etish tartibi, ularning turlari, taqdim etilish shakli va muddatlari Markaziy bank tomonidan valyutani nazorat qiluvchi boshqa organlar bilan birgalikda ularning vakolatlari doirasida belgilanadi.
Jismoniy shaхslar chet el valyutasini sotib olish va sotish yuzasidan hisobotlar taqdim etmaydi.
Valyuta operatsiyalarini va valyuta nazoratini amalga oshirish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
28-modda. Valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi
qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaхslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2019 yil 23 oktyabr
"Xalq soʻzi", 2019 yil 23 oktyabr
"Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami",
2019 yil 28 oktyabr, 43-son, 812-modda

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter