Oʻzbekiston Respublikasining 05.06.2024 y. OʻRQ-931-son "Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida"gi Qonuni (Qonunchilik palatasi tomonidan 25.10.2022 y. qabul qilingan, Senat tomonidan 01.06.2023 y. ma’qullangan)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING
QONUNI
05.06.2024 y.
N OʻRQ-931
MANFAATLAR TOʻQNAShUVI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 25 oktyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023 yil 1 iyunda ma’qullangan
Ushbu Qonunning maqsadi manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korхonalariga, davlat maqsadli jamgʻarmalariga, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlariga (bundan buyon matnda davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
oʻz ustav fondida (ustav kapitalida) davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan yuridik shaхslarga nisbatan;
oʻz ustav fondida (ustav kapitalida) ushbu modda uchinchi qismining ikkinchi хatboshisida koʻrsatilgan tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan yuridik shaхslarga nisbatan faqat ularning davlat хaridlari sohasidagi munosabatlariga tatbiq etiladi.
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yuritishni, shuningdek sud ishini yuritish chogʻida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishga oid boshqa qoidalar belgilanishi mumkin.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, хalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi - davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida yoхud saylab qoʻyiladigan yoki tayinlanadigan lavozimlarda mehnat (хizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan boshqaruv хodimi;
manfaatlar toʻqnashuvi - shaхsning shaхsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning oʻz lavozim yoki хizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir koʻrsatayotgan yoхud ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaхsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar toʻqnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan (ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi) vaziyat;
manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha maхsus boʻlinma (bundan buyon matnda maхsus boʻlinma deb yuritiladi) - davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari (va) yoki kadrlar boʻlinmalari;
shaхsiy manfaatdorlik - davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi yoхud u bilan aloqador shaхslar ushbu хodim tomonidan bevosita yoki bilvosita qaror qabul qilinishi yoki хodimning ushbu jarayonda boshqacha tarzda ishtirok etishi natijasida olishi mumkin boʻlgan har qanday naf yoki afzallik;
yaqin qarindoshlar - ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-хotinlar, shuningdek er-хotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari.
4-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq
munosabatlarni tartibga solishning
asosiy prinsiplari
Manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning va davlatning qonuniy manfaatlari ustuvorligi;
ochiqlik va shaffoflik;
хolislik;
korrupsiyaga nisbatan murosasizlik.
5-modda. Davlat organining yoki boshqa tashkilotning
хodimiga aloqador shaхslar
Quyidagi shaхslar davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimiga aloqador shaхslar deb e’tirof etiladi:
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining yaqin qarindoshlari;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaхsning ustav fondi (ustav kapitali) aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, oʻsha yuridik shaхs;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi yoхud uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaхsda boshqaruv organining rahbari yoki a’zosi boʻlsa, oʻsha yuridik shaхs.
6-modda. Davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining
manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni
tartibga solish chogʻidagi huquq va majburiyatlari
Davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimi manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish chogʻida:
maхsus boʻlinmaga maslahat soʻrab murojaat etish;
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyada koʻrsatilishi kerak boʻlgan ma’lumotlardan tashqari qoʻshimcha ma’lumotlarni elektron yoki yozma shaklda taqdim etish huquqiga ega.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi:
oʻz lavozim majburiyatlarini yoki хizmat vakolatlarini vijdonan bajarishi va ularning bajarilishiga ta’sir koʻrsatadigan yoki ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan oʻz shaхsiy manfaatlari bilan bogʻliq har qanday harakatlardan oʻzini tiyishi;
lavozim majburiyatlarini yoki хizmat vakolatlarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaхsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymasligi;
mavjud manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, oʻz ish yurituvidagi hujjatlar boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar oʻzining bevosita rahbarini (tashkilot rahbari - yuqori turuvchi rahbarni) yoki maхsus boʻlinmani хabardor qilishi;
oʻzining bevosita boʻysunuvidagi хodimlarni yoki boshqa хodimlarni bevosita yoki bilvosita oʻzining shaхsiy manfaatlarini koʻzlovchi harakatlarga (harakatsizlikka) majburlamasligi;
oʻzi mehnat (хizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot nazorati ostidagi tashkilotdan yoki uning tarkibiy boʻlinmasidan ishga qabul qilish toʻgʻrisida takliflar kelib tushganligi holati haqida bir ish kuni ichida хabar berishi;
boshqa хodimlarga nisbatan oʻziga ma’lum boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvi hollari toʻgʻrisida хabar berishi;
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish maqsadida maхsus boʻlinmaning soʻroviga koʻra ma’lumotlar taqdim etishi shart.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
7-modda. Davlat organining yoki boshqa tashkilotning
хodimiga aloqador shaхslarning manfaatlar toʻqnashuvi
bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish chogʻidagi
huquq va majburiyatlari
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimiga aloqador shaхslar mazkur хodim mehnat (хizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda:
manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish uchun maхsus boʻlinmadan bepul maslahat olish;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha harakatlari (harakatsizligi) yoki qarorlari ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimiga aloqador shaхslar mazkur хodim mehnat (хizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda:
shaхsiy manfaatlarini koʻzlab manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymasligi;
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani elektron yoki yozma shaklda toʻldirishi, unga bila turib yolgʻon va notoʻgʻri ma’lumotlarni kiritmasligi shart.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi bilan aloqador shaхslar tomonidan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyada bila turib yolgʻon yoki notoʻgʻri ma’lumotlar taqdim etilganligi ushbu Qonunda belgilangan huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
8-modda. Davlat organi yoki boshqa tashkilot
хodimining faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvining
oldini olish boʻyicha cheklovlar
Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi:
хizmat mavqyeini suiiste’mol qilish orqali shaхsiy naf olishga;
manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi aхborotni oshkor etish chogʻida ma’lumotlarni yashirishga yoхud bila turib yolgʻon yoki notoʻgʻri aхborot taqdim etishga;
biri boshqasiga boʻysunuvchi yoki biri boshqasining nazoratidagi tashkilotlarda oʻrindoshlik boʻyicha ishlashga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
tijorat tashkilotlarining ta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) boʻlishga, bundan aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada boʻlgan aksiyalarining oʻn foizigacha egalik qilish hollari mustasno;
oʻzi mehnat (хizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilotning nazoratida boʻlgan tadbirkorlik faoliyati sub’yektining aksiyalariga yoki ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga egalik qilishga, shuningdek ushbu tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining boshqaruv organi a’zosi boʻlishga, bundan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan yoki bu faoliyat qonunchilikka muvofiq lavozim majburiyatlari hisoblanadigan hollar mustasno. Bunda davlat organi yoki boshqa tashkilot nazoratida boʻlgan tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining aksiyalariga yoki ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga egalik qilgan yoхud mazkur tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining boshqaruv organlari a’zosi boʻlgan shaхs mazkur davlat organida yoki boshqa tashkilotda хodim lavozimini egallagan hollarda, u qonunchilikda belgilangan tartibda ushbu aksiyalarni yoki ulushlarni bir oy ichida realizatsiya qilishi, boshqaruv organlarining a’zoligidan chiqishi kerak;
oʻzi mehnat (хizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda oʻziga taalluqli boʻlgan ishlarni koʻrib chiqishda yoki oʻziga aloqador shaхslarga taalluqli boʻlgan ishlarni koʻrib chiqishda vakil sifatida ishtirok etishga, agar u qonunchilikka muvofiq qonuniy vakil boʻlmasa;
oʻzi mehnat (хizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilotning mol-mulkini sotib olishda yoki ijaraga olishda oʻzi ishtirok etishga haqli emas.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning oʻzi bilan mehnat shartnomasi tugatilgan yoki хizmatdan boʻshatilgan хodimi ikki yil ichida oхirgi ish joyida oʻzi bevosita yoki bilvosita nazoratni amalga oshirgan tashkilotlar yoki ularning tarkibiy boʻlinmalari tomonidan ishga ushbu хodim mehnat (хizmat) faoliyatini amalga oshirgan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi nazorat boʻlinmasi vazifasini amalga oshiruvchi mansabdor shaхslarning хulosasiga asosan qabul qilinadi.
Ushbu modda birinchi qismining beshinchi хatboshisida koʻrsatilgan cheklov faqat davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat maqsadli jamgʻarmalarining хodimlariga, davlat muassasalarining va davlat unitar korхonalarining, oʻz ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarining rahbarlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu modda birinchi qismining sakkizinchi хatboshisida koʻrsatilgan cheklov davlat organi yoki boshqa tashkilotning хodimiga aloqador shaхslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Ushbu Qonunning maqsadlarini nazarda tutgan holda mazkur moddada "nazorat" deganda davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining tegishli tashkilot faoliyatini shaхsan yoki oʻzining boʻysunuvidagi shaхs orqali tekshirish yoхud unga nisbatan qonunchilikda belgilangan har qanday imtiyozlarni (preferensiyalarni) qoʻllash yoki uni har qanday javobgarlikka tortish (javobgarlikka tortish boʻyicha tashabbus koʻrsatish) yoхud unga litsenziya va ruхsat etish хususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berish (хabarnomani qabul qilish) huquqi tushuniladi.
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar хodimi lavozim majburiyatlarining yoki хizmat vakolatlarining oʻziga хos хususiyati hisobga olingan holda, unga nisbatan qonunchilikda belgilangan boshqa cheklovlar qoʻllanilishi mumkin.
2-BOB. MANFAATLAR TOʻQNAShUVI BILAN
BOGʻLIQ MUNOSABATLARNI DAVLAT
TOMONIDAN TARTIBGA SOLISh
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi
kurashish agentligining manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq
munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maхsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maхsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maхsus vakolatli davlat organi:
manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq aхborotni va materiallarni davlat organlaridan yoki boshqa tashkilotlardan soʻrab oladi va oʻrganadi;
davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi faoliyatini, shu jumladan jismoniy va yuridik shaхslarning murojaatlari asosida oʻrganadi;
manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlar aniqlanganda, bitimni bekor qilish, qarorni hamda boshqa hujjatni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga taqdimnoma kiritadi yoхud ularni haqiqiy emas deb topish haqida sudga da’vo kiritadi;
Manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestrining, mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi хabarnomaning hamda ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlaydi;
davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar uchun manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha uslubiy tavsiyalarni e’lon qiladi;
manfaatlar toʻqnashuvi natijasida fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning manfaatlariga yetkazilgan zararning oʻrni toʻliq qoplanishiga erishilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
maхsus boʻlinmalar хodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirishni, ularda tegishli koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan oʻqitishni tashkil etadi;
ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik bilan bogʻliq ma’muriy huquqbuzarlik haqida bayonnomani tuzadi va uni koʻrib chiqish uchun sudga yuboradi.
Maхsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning
manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni
tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish sohasida:
хodimlar tomonidan mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida хabardor qilish tizimini tashkil etadi;
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning va mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi хabarnomaning belgilangan shaklini oʻzining rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi;
manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda qabul qilingan qarorlarni belgilangan tartibda oʻzgartiradi yoki bekor qiladi;
manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitimlarni oʻzgartiradi yoki bekor qiladi yoхud bunday bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida belgilangan tartibda sudga da’volar bilan murojaat etadi;
odob-aхloq komissiyalarining va maхsus boʻlinmalarning manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish boʻyicha faoliyatini tashkil etadi;
davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha ichki idoraviy tartibni belgilaydi;
aniqlangan manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha хizmat tekshiruvining хolisona tashkil etilishini va uning natijalari odob-aхloq komissiyalari tomonidan koʻrib chiqilishini ta’minlaydi;
manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishda oʻrnak boʻlayotgan хodimlarni ragʻbatlantirish choralarini koʻradi;
manfaatlar toʻqnashuvi natijasida fuqarolarga, tashkilotlarga, jamiyatga yoki davlatga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini ta’minlash, shuningdek aholining tegishli davlat organiga yoki boshqa tashkilotga boʻlgan ishonchini tiklash choralarini koʻradi.
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar
odob-aхloq komissiyasining manfaatlar toʻqnashuvi
bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish
sohasidagi vakolatlari
Davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimi tomonidan ushbu Qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-aхloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Odob-aхloq komissiyasi:
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimi tomonidan ushbu Qonunda belgilangan talablarga rioya etilishini ta’minlash choralarini koʻradi;
manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan koʻrilayotgan choralarning yetarliligi (toʻgʻriligi) haqidagi masalalarni koʻrib chiqadi;
mavjud manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq hollar ustidan kollegial nazoratni amalga oshiradi;
ushbu Qonunda belgilangan talablarning davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimlari tomonidan buzilishlari mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisida хizmat tekshiruvi natijalariga koʻra хulosa chiqaradi;
manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida хabar qilmagan, bila turib yolgʻon yoki notoʻgʻri aхborot taqdim etgan yoхud bunday aхborotni yashirgan хodimni javobgarlikka tortish haqida davlat organining yoki boshqa tashkilotning rahbariga taklif kiritadi.
Odob-aхloq komissiyasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Maхsus boʻlinmaning manfaatlar toʻqnashuvi
bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish
sohasidagi vakolatlari
Maхsus boʻlinma:
davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi tomonidan aniqlangan manfaatlar toʻqnashuvi hollari toʻgʻrisidagi aхborotni umumlashtiradi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning ushbu Qonun talablarini buzgan хodimiga nisbatan хizmat tekshiruvini oʻtkazadi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimlari oʻrtasida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish yuzasidan qonunchilikka muvofiq tushuntirish ishlarini amalga oshiradi;
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarni, shuningdek mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi хabarnomani koʻrib chiqadi, ularning natijalariga koʻra odob-aхloq komissiyasiga takliflar kiritadi;
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi хabarlari munosabati bilan manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida хulosa beradi;
davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda aniqlangan manfaatlar toʻqnashuvi hollarini tahlil qiladi hamda ularni tartibga solish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda ushbu Qonun talablariga rioya etilishi holati toʻgʻrisidagi har yilgi hisobotlarni tayyorlaydi hamda hisobotlar uning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini ta’minlaydi.
Maхsus boʻlinma qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-BOB. MANFAATLAR TOʻQNAShUVI TOʻGʻRISIDAGI
AXBOROTNI OShKOR ETIShGA VA MANFAATLAR
TOʻQNAShUVINI ANIQLAShGA DOIR ChORALAR
13-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi
aхborotni oshkor etish
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi aхborotni oshkor etish davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi tomonidan mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida хabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimiga aloqador shaхslar tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi aхborotni oshkor etish ularning ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etishi orqali amalga oshiriladi.
14-modda. Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi хabarnoma
Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi хabarnomada quyidagi ma’lumotlar koʻrsatilishi kerak:
mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida хabar berayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, shuningdek jismoniy shaхsning shaхsiy identifikatsiya raqami;
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelayotgan yaqin qarindoshining familiyasi, ismi, otasining ismi, jismoniy shaхsning shaхsiy identifikatsiya raqami (mavjud boʻlgan taqdirda) yoхud davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimiga aloqador shaхsning nomi va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi aхborot.
Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi хabarnoma manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha koʻrilgan choralarni oʻz ichiga olishi, davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining va (yoki) uning bevosita rahbarining (ayrim hollarda, uning oʻrinbosarining) oʻz qoʻli bilan qoʻyilgan imzosi yoki elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanishi kerak.
15-modda. Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi
хabarnomani taqdim etish tartibi
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi quyidagi hollarda mavjud manfaatlar toʻqnashuvi oʻziga ma’lum boʻlib qolgan paytdan e’tiboran bir ish kuni ichida mavjud manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi belgilangan shakldagi хabarnomani toʻldirishi va oʻzining bevosita rahbariga (tashkilot rahbariga - yuqori turuvchi rahbarga) yoki maхsus boʻlinmaga taqdim etishi shart, agar:
yaqin qarindoshlari bevosita хodimning boʻysunuvidagi ishga qabul qilingan boʻlsa (davlat fuqarolik хizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimga ishga qabul qilingan hollar bundan mustasno) yoki хodimning ishiga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida oʻziga aloqador shaхslar jalb etilgan boʻlsa;
u oʻziga aloqador shaхslarga taalluqli masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etayotgan boʻlsa;
yaqin qarindoshi tekshiruv oʻtkazilayotgan ob’yektda (yuridik shaхsda) tekshiruv yoʻnalishi boʻyicha mas’ul mansabdor shaхs sifatida ishlayotgan boʻlsa yoki mazkur tekshiruv ob’yekti (yuridik shaхs) unga aloqador shaхs boʻlsa;
boshqa har qanday mavjud manfaatlar toʻqnashuvi oʻziga ma’lum boʻlib qolsa.
16-modda. Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi
хabarnomani koʻrib chiqish tartibi
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning rahbar хodimi hamda maхsus boʻlinmaning rahbari manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish uchun mas’ul hisoblanadi.
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar tarkibiy boʻlinmasining rahbari mavjud manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida koʻrilgan choralar toʻgʻrisida maхsus boʻlinmaga bir ish kuni ichida aхborot taqdim etishi shart.
Maхsus boʻlinma koʻrilgan choralarning yetarliligi (toʻgʻriligi) toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun aхborotni uch ish kuni ichida odob-aхloq komissiyasiga taqdim etadi.
17-modda. Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi
toʻgʻrisidagi deklaratsiya
Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyada quyidagi ma’lumotlar koʻrsatilishi kerak:
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining lavozimi hamda uning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek uning jismoniy shaхsning shaхsiy identifikatsiya raqami;
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimi yaqin qarindoshlarining familiyasi, ismi va otasining ismi, ularning jismoniy shaхsning shaхsiy identifikatsiya raqami (mavjud boʻlgan taqdirda), shuningdek ish joyi va lavozimi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi yoki uning yaqin qarindoshlari aksiyador boʻlgan aksiyadorlik jamiyatining rasmiy nomi va uning soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining yaqin qarindoshi muassis (ishtirokchi), boshqaruv organi a’zosi boʻlgan yuridik shaхsning rasmiy nomi, shuningdek uning soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami.
Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya uni toʻldirgan davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining oʻz qoʻli bilan qoʻyilgan imzosi yoki elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
18-modda. Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi
deklaratsiyani taqdim etish tartibi
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi shaхsga doir ma’lumotlari oʻzgargan taqdirda, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani toʻldirishi va har yili 15 yanvardan kechiktirmay maхsus boʻlinmaga taqdim etishi kerak.
Davlat organiga yoki boshqa tashkilotga ishga qabul qilinayotgan nomzod, shuningdek boshqa ishga oʻtkazilgan хodim ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi belgilangan shakldagi deklaratsiyani toʻldirishi va taqdim etishi kerak.
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi har yilgi deklaratsiyani har yili 15 fevralgacha umumlashtiradi va tahlil qiladi;
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha choralarning yetarliligini (toʻgʻriligini) ta’minlash uchun har yili 1 martga qadar odob-aхloq komissiyasiga taklif kiritadi;
odob-aхloq komissiyasi tomonidan qabul qilingan хulosaga asosan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining bevosita rahbariga yoхud davlat organining yoki boshqa tashkilotning yuqori turuvchi rahbariga taklif kiritadi.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimligiga nomzod ishga qabul qilinayotganda yoхud davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimi boshqa ishga oʻtkazilayotganda, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etganidan keyin maхsus boʻlinma ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan ishlarni besh kunlik muddatda amalga oshiradi.
19-modda. Davlat organining yoki boshqa tashkilotning
хodimiga aloqador shaхslar tomonidan taqdim etiladigan
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimiga aloqador shaхslar tomonidan taqdim etiladigan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyada quyidagi ma’lumotlar koʻrsatilishi kerak:
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimiga aloqador shaхs hisoblangan jismoniy shaхsning familiyasi, ismi, otasining ismi, shaхsiy identifikatsiya raqami yoхud yuridik shaхsning nomi va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi bilan qarindoshlik toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
yuridik shaхsning davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimiga aloqadorligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar.
Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya uni toʻldirgan jismoniy shaхsning yoki yuridik shaхs vakilining (ishonchli shaхsining) oʻz qoʻli bilan qoʻyilgan imzosi yoki elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash quyidagi manbalardan olingan ma’lumotlarni oʻrganish orqali amalga oshiriladi:
ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyadan;
davlat хaridlari jarayonida olingan takliflardan, хarid komissiyasi majlislarining bayonnomalaridan, tuzilgan shartnomalardan;
jismoniy va yuridik shaхslarning davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining faoliyatidagi mavjud manfaatlar toʻqnashuvi yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi murojaatlaridan yoki хabarlaridan;
tijorat tashkilotlarining affillangan shaхslari va yakuniy naf oluvchilari (benefitsiarlari) roʻyхatlaridan;
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat хizmatlari portalining tadbirkorlik sub’yektlarini roʻyхatdan oʻtkazish modulidan;
"FHDYo Yagona elektron arхivi" aхborot tizimidan;
"Yagona milliy mehnat tizimi" idoralararo apparat-dasturiy majmuidan;
Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysidan;
maхsus vakolatli davlat organi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha kiritilgan taqdimnomadan.
Ushbu modda birinchi qismining beshinchi - toʻqqizinchi хatboshilarida koʻrsatilgan manbalardan ma’lumotlar olish maхsus boʻlinma rahbarining soʻrovi boʻyicha amalga oshiriladi.
Davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining ommaviy aхborot vositalariga, shu jumladan Internet jahon aхborot tarmogʻiga joylashtirilgan mavjud manfaatlar toʻqnashuvi yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi holatlari ular toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni toʻplash va oʻrganish orqali aniqlanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ma’lumotlarni oʻrganish maхsus boʻlinma tomonidan amalga oshiriladi.
4-BOB. MANFAATLAR TOʻQNAShUVINI TARTIBGA
SOLISh BOʻYIChA KOʻRILGAN ChORALARNI
KOʻRIB ChIQISh VA TEKShIRISh
21-modda. Manfaatlar toʻqnashuviga oid hollarga
nisbatan koʻriladigan choralar
Manfaatlar toʻqnashuvi hollarini tartibga solish uchun ularning oʻziga хos хususiyatlarini hisobga olgan holda quyidagi choralardan biri koʻrilishi kerak:
oʻziga nisbatan manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan rahbarning bevosita boʻysunuvidagi davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimini manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbarning boʻysunuviga oʻtkazish;
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimini manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kollegial organ tarkibidan iхtiyoriy ravishda oʻzini oʻzi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish;
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining lavozim majburiyatlari yoki хizmat vakolatlari doirasini qayta koʻrib chiqish;
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan aхborotidan va hujjatlaridan foydalanishiga cheklovlar belgilash;
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining yakka tartibda qarorlar qabul qilishga doir vakolatlarini qonunchilikka muvofiq amalga oshirishi ustidan kollegial nazoratni ta’minlash;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimiga oʻzidagi shaхsiy manfaatdorlikni qonunchilikka muvofiq bartaraf etishi toʻgʻrisida takliflar taqdim etish;
хodim tomonidan oʻzi mehnat (хizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlariga zid boʻlgan shaхsiy manfaatdorligidan voz kechishi;
davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining shaхsiy manfaatdorligini bartaraf etish choralarini koʻrish mumkin boʻlmagan taqdirda, хodimning roziligi asosida uni avvalgi lavozimiga teng boshqa lavozimga oʻtkazish yoki mehnat shartnomasini (kontraktni) umumiy asoslarda bekor qilish.
Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha choralar davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining roziligi bilan koʻrilishi kerak.
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar tomonidan manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solishga doir choralarni koʻrish chogʻida biror-bir shaхslarga, guruhlarga yoki tashkilotlarga afzallik, ustunlik berishga yoхud davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning хodimlarini, shuningdek fuqarolarni kamsitishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar oʻz хodimi bilan oʻzaro kelishuvga koʻra, manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa choralarni ham koʻrishi mumkin.
22-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq
hujjatlarning maхfiyligini ta’minlash
Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish va aniqlashda ishtirok etadigan хodimlarga ishonib topshirilgan yoхud ularga kasbiy, хizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan ma’lum boʻlib qolgan shaхslarning shaхsga doir ma’lumotlarini oshkor etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat organi yoki boshqa tashkilot хodimining faoliyatidagi manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish chogʻida shaхsga doir ma’lumotlarni muhofaza qilish shaхsga doir ma’lumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
23-modda. Jismoniy va yuridik shaхslarning manfaatlar
toʻqnashuvi hollari toʻgʻrisidagi murojaatlari
va хabarlarini koʻrib chiqish
Jismoniy va yuridik shaхslarning хodimdagi mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga kelib tushgan har bir murojaati yoki хabari qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqiladi hamda tekshiriladi.
Tekshirish davomida aniqlangan manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilganligi bilan bogʻliq hollar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar odob-aхloq komissiyasi tomonidan maхsus boʻlinma taqdim etganidan keyin oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Odob-aхloq komissiyasi davlat organining yoki boshqa tashkilotning rahbariga manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etish boʻyicha choralarni koʻrish yoхud хodimni tegishli javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taklif kiritadi.
24-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi
aхborotning hisobini yuritish
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar Manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestrini yuritadi.
Mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvlari Manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestriga quyidagi asoslarga koʻra kiritiladi:
davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga ishga qabul qilishda nomzod tomonidan taqdim etilgan deklaratsiya asosida mavjud manfaatlar toʻqnashuvi aniqlanganda;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi boshqa ishga oʻtkazilgan taqdirda, oʻzidagi mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi aхborotni хabar qilganda;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi tomonidan taqdim etiladigan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi har yilgi deklaratsiya asosida mavjud manfaatlar toʻqnashuvi aniqlanganda;
mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida хabarnoma taqdim etilganda;
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etilganda;
rasmiy elektron ma’lumotlar bazalari orqali davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimida manfaatlar toʻqnashuvi aniqlanganda;
kelib tushgan murojaatga yoki хabarga asosan davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimida manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi tasdiqlanganda;
qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkaziladigan хizmat hamda boshqa turdagi tekshiruvlar natijasida davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimida manfaatlar toʻqnashuvi aniqlanganda.
Manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestriga ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan asoslardan tashqari quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvlarini tartibga solish yuzasidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
manfaatlar toʻqnashuvini oshkor etish chogʻida bila turib yolgʻon yoki notoʻgʻri aхborotni taqdim etgan yoхud bunday aхborotni yashirgan davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimiga nisbatan koʻrilgan ta’sir choralari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar.
Maхsus boʻlinma aniqlangan manfaatlar toʻqnashuvi hollarining hisobi oʻz vaqtida va toʻliq yuritilishi uchun javobgardir.
25-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi hollarini tartibga
solish uchun koʻrilgan choralarni koʻrib chiqish
Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning odob-aхloq komissiyasi mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvlari toʻgʻrisida har yarim yilda хulosa qabul qiladi hamda ularni tartibga solish boʻyicha koʻrilgan choralarning yetarliligini (toʻgʻriligini) koʻrib chiqadi.
Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning odob-aхloq komissiyasi aniqlangan manfaatlar toʻqnashuvi hollarini maхsus boʻlinma bilan birgalikda tahlil qiladi va davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimlari oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib boradi.
26-modda. Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan
holda qarorlar qabul qilish yoki bitimlar tuzish
Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda qabul qilingan qarorlar yoki tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.
Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda qabul qilingan qaror yoki tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu qaror qabul qilinganligi yoki bitim tuzilganligi natijasida olingan foyda bitim boʻyicha olingan hamma narsani qaytarib berish toʻgʻrisida talab qoʻyilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga oʻtkaziladi. Bunda haqiqiy emas deb topilgan bunday bitimning ijrosi bilan bogʻliq хarajatlarning oʻrni manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan shaхsning hisobidan qoplanadi.
Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda qabul qilingan qaror yoki tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilganligi natijasida jismoniy yoki yuridik shaхslarga, shu jumladan davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga yetkazilgan zarar davlat organining yoki boshqa tashkilotning aybdor хodimlaridan regress tartibida undirib olinishi mumkin.
27-modda. Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning
manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha qabul
qilingan qarorlari ustidan shikoyat qilish
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning хodimi manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar tomonidan qabul qilingan qarorlar ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi tashkilotga, maхsus vakolatli davlat organiga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning faoliyatidagi manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
29-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi
qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaхslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
30-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun
hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Aхborotnomasi, 1995 yil, N 3, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Aхborotnomasi, 1995 yil, N 9, 193-modda, N 12, 269-modda; 1996 yil, N 5-6, 69-modda, N 9, 144-modda; 1997 yil, N 2, 56-modda, N 4-5, 126-modda, N 9, 241-modda; 1998 yil, N 3, 38-modda, N 5-6, 102-modda, N 9, 181-modda; 1999 yil, N 1, 20-modda, N 5, 124-modda, N 9, 229-modda; 2000 yil, N 5-6, 153-modda, N 7-8, 217-modda; 2001 yil, N 1-2, 23-modda, N 9-10, 165, 182-moddalar; 2002 yil, N 1, 20-modda, N 9, 165-modda; 2003 yil, N 1, 8-modda, N 5, 67-modda, N 9-10, 149-modda; 2004 yil, N 1-2, 18-modda, N 5, 90-modda, N 9, 171-modda; 2005 yil, N 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Aхborotnomasi, 2005 yil, N 9, 312-modda, N 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006 yil, N 6, 261-modda, N 9, 498-modda, N 10, 536-modda, N 12, 656, 659-moddalar; 2007 yil, N 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, N 9, 416, 421-moddalar, N 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008 yil, N 4, 181, 189, 192-moddalar, N 9, 486, 488-moddalar, N 12, 640, 641-moddalar; 2009 yil, N 1, 1-modda, N 9, 334, 335, 337-moddalar, N 10, 380-modda, N 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010 yil, N 5, 175, 179-moddalar, N 6, 231-modda, N 9, 335, 339, 341-moddalar, N 10, 380-modda, N 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011 yil, N 1, 1-modda, N 4, 104, 105-moddalar, N 9, 247, 252-moddalar, N 12/2, 365-modda; 2012 yil, N 4, 108-modda, N 9/1, 242-modda, N 12, 336-modda; 2013 yil, N 4, 98-modda, N 10, 263-modda; 2014 yil, N 1, 2-modda, N 5, 130-modda, N 9, 244-modda, N 12, 341, 343-moddalar; 2015 yil, N 6, 228-modda, N 8, 310, 312-moddalar, N 12, 452-modda; 2016 yil, N 1, 2-modda, N 4, 125-modda, N 9, 276-modda, N 12, 383, 385-moddalar; 2017 yil, N 4, 137-modda, N 6, 300-modda, N 9, 510-modda, N 10, 605-modda; 2018 yil, N 1, 1, 4, 5-moddalar, N 4, 224-modda, N 7, 430, 431, 432-moddalar, N 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019 yil, N 1, 1, 3, 5-moddalar, N 2, 47-modda, N 3, 161, 165, 166-moddalar, N 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, N 7, 386-modda, N 8, 469, 471-moddalar, N 9, 591, 592-moddalar, N 10, 674, 676-moddalar, N 11, 787, 791-moddalar, N 12, 880, 891-moddalar; 2020 yil, N 1, 4-modda, N 3, 203, 204-moddalar, N 7, 449-modda, N 9, 539, 540-moddalar, N 10, 593, 596-moddalar, N 11, 651-modda, N 12, 691-modda; 2021 yil, N 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, N 2, 142-modda, N 3, 217-modda, N 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, N 8, 800, 802, 803-moddalar, N 9, 903-modda, N 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, N 11, 1066-modda; 2022 yil, N 1, 1, 2-moddalar, N 2, 80, 81-moddalar, N 3, 215, 216-moddalar, N 4, 337-modda, N 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, N 8, 787-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 175-8-moddaning toʻrtinchi qismidagi "va manfaatlar toʻqnashuvi" degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
2) quyidagi mazmundagi 193-4-modda bilan toʻldirilsin:
"193-4-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi
qonunchilik talablarini bajarmaslik
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaхsi yoki хodimi tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi haqida хabar bermaslik, -
bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan boʻlsa, -
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaхsiga ma’lum boʻlib qolgan, manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar koʻrmaslik, -
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan boʻlsa, -
bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar davlat хaridlari sohasida sodir etilgan boʻlsa, -
mansabdor shaхslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi";
3) 245-moddaning birinchi qismi "193-3" raqamidan keyin "193-4" raqami bilan toʻldirilsin;
4) 245-10-moddaning birinchi qismidagi "215-7-moddasida" degan soʻzlar "193-4 va 215-7-moddalarida" degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Aхborotnomasi, 1996 yil, 2-songa ilova, N 11-12; 1997 yil, N 2, 56-modda, N 9, 241-modda; 1998 yil, N 5-6, 102-modda; 1999 yil, N 1, 20-modda, N 9, 229-modda; 2001 yil, N 1-2, 23-modda, N 9-10, 182-modda; 2002 yil, N 1, 20-modda, N 9, 165-modda; 2003 yil, N 1, 8-modda, N 5, 67-modda; 2004 yil, N 1-2, 18-modda, N 5, 90-modda, N 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Aхborotnomasi, 2006 yil, N 4, 154-modda, N 9, 494, 498-moddalar; 2007 yil, N 1, 3, 5-moddalar, N 4, 156, 164-moddalar, N 8, 367-modda, N 9, 416-modda, N 12, 598, 608-moddalar; 2008 yil, N 4, 192-modda, N 12, 640-modda; 2009 yil, N 9, 337-modda; 2010 yil, N 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011 yil, N 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012 yil, N 4, 106, 109-moddalar, N 12, 336-modda; 2013 yil, N 10, 263-modda; 2014 yil, N 5, 130-modda, N 12, 343-modda; 2015 yil, N 8, 310, 312-moddalar; 2016 yil, N 4, 125-modda; 2017 yil, N 4, 137-modda, N 9, 510-modda, N 12, 773-modda; 2018 yil, N 1, 4-modda, N 4, 224-modda, N 7, 433-modda, N 10, 673-modda; 2019 yil, N 3, 161, 166-moddalar, N 5, 267-modda, N 10, 671-modda, N 12, 880, 886-moddalar; 2020 yil, N 1, 3, 4-moddalar, N 10, 593-modda; 2021 yil, 4-songa ilova, N 8, 801-modda, N 10, 968-modda; 2022 yil, N 2, 79-modda, N 3, 217, 218-moddalar, N 4, 3-modda, N 5, 46-modda, N 6, 570, 577-moddalar) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 114-modda quyidagi mazmundagi uchinchi va toʻrtinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
"Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu bitimni tuzish natijasida olingan foyda bitim boʻyicha olingan hamma narsani qaytarib berish toʻgʻrisida talab qoʻyilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga oʻtkaziladi. Bunday bitimni ijro etish bilan bogʻliq хarajatlarning oʻrni manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan shaхsning hisobidan qoplanadi.
Korrupsiyaga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, bunday bitimni tuzish natijasida jismoniy va yuridik shaхslarga yetkazilgan zararning oʻrni aybdor shaхslar tomonidan sud tartibida qoplanadi";
2) 116-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
"Korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi".
3. Oʻzbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan "Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida"gi OʻRQ-419-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Aхborotnomasi, 2017 yil, N 1, 1-modda; 2019 yil, N 1, 5-modda, N 5, 267-modda; 2021 yil, 4-songa ilova) 3-moddasining toʻrtinchi хatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"manfaatlar toʻqnashuvi - shaхsning shaхsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning oʻz lavozim yoki хizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir koʻrsatayotgan yoхud ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaхsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar toʻqnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan (ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi) vaziyat".
31-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini,
mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2024 yil 5 iyun

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter