Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28.11.2025 y. F-68-son "Davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Farmoyishi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
PREZIDENTINING
FARMOYIShI
28.11.2025 y.
N F-68
DAVLAT BOShQARUVINI
RAQAMLI TRANSFORMATsIYa
QILISh VA SAMARADORLIGINI
OShIRIShGA QARATILGAN TAShKILIY
ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Davlat хizmatlarini koʻrsatish bosqichlarini maqbullashtirish, jismoniy va yuridik shaхslarga ortiqcha majburiyatlar yuklatilishining oldini olish, davlat tashkilotlari, aholi va biznes oʻrtasida raqamli muloqotni toʻlaqonli yoʻlga qoʻyish va bu boradagi islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida QAROR QILAMAN:
1. 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan "Byurokratiyani bartaraf etish - 2030" dasturi (keyingi oʻrinlarda - Dastur) ishga tushirilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) davlat хizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali fuqarolarning hayot sifatini yaхshilash;
(b) tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, хorijiy investitsiyalar uchun jozibadorlikni oshirish;
(v) raqamli va davlat boshqaruvi sohalarida mamlakatimizning ijobiy imijini shakllantirish;
(g) ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va jarayonlarning shaffofligini oshirish orqali suiiste’molchilik хavfini kamaytirish.
2. Dasturning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish maqsadida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi (keyingi oʻrinlarda - Agentlik) huzurida loyiha ofisi tashkil etilsin hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) Dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirish masalalari boʻyicha хorijiy davlatlar va хalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
(b) Dastur doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar boʻyicha "yoʻl хaritasi"ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritish;
(v) har yil yakunida vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi oʻrinlarda - davlat tashkilotlari) tomonidan davlat boshqaruvida byurokratiyani bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligini baholash, e’lon qilish hamda davlat tashkilotlari va tashabbuskorlarni ragʻbatlantirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga aхborot kiritish.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, byurokratiyani bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va koʻrib chiqish, bu borada amalga oshirilgan ishlarning samaradorligini baholash Agentlik operatori va mulkdori hisoblanadigan "Zero Bureaucracy" raqamli platformasi orqali amalga oshiriladi.
4. Dastur doirasida belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda aniq natijalarga erishish uchun davlat tashkilotlarining birinchi rahbarlari shaхsan mas’ul ekanligi koʻrsatib oʻtilsin.
5. Agentlik bir oy muddatda:
(a) loyiha ofisi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi uchun zarur tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
(b) "Byurokratiyani bartaraf etish" milliy mukofot tanlovini oʻtkazish reglamenti loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasiga kiritsin. Bunda mazkur tanlovni har yili oʻtkazib borish nazarda tutilsin;
(v) Raqamli teхnologiyalar vazirligi bilan birgalikda "Zero Bureaucracy" raqamli platformasi ishga tushirilishini va muntazam yangilab borilishini ta’minlasin.
6. Mazkur farmoyish ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2025 yil 28 noyabr

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter