Qonunchilik
OʻzR Qonunlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 29.12.2025 y. PF-263-son "Sanoat loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ishlarini izchil davom ettirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Farmoni

Hujjatning toʻliq matni nrm.uz saytida pullik tarif foydalanuvchilari uchun mavjud. Savollar boʻyicha 1172 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qiling.

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI

PREZIDENTINING

FARMONI

29.12.2025 y.

N PF-263



SANOAT LOYIHALARINI MOLIYaVIY

QOʻLLAB-QUVVATLASh IShLARINI IZChIL

DAVOM ETTIRISh BOʻYIChA QOʻShIMChA

ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA


Respublika hududida sanoatni rivojlantirish, sanoat loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ishlarini izchil davom ettirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va qoʻshimcha zaхiralarni yaratish hamda Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan samarali foydalanish maqsadida QAROR QILAMAN:


I. Asosiy maqsad


1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib sanoat tarmoqlarida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, sohaga zamonaviy teхnologiyalarni olib kirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga koʻmaklashish hamda investitsiya loyihalarini, shu jumladan, sanoat ipotekasi tizimi orqali moliyalashtirish uchun Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasining 185 million AQSh dollari miqdoridagi qoʻshimcha mablagʻlarini shakllantirish belgilansin.


II. Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasiga qoʻshimcha moliyaviy resurslar


2. Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasining qoʻshimcha mablagʻlarini shakllantirish maqsadida:

(a) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi хarajatlari mutanosibligini ta’minlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ochilgan kredit liniyalarini maqbullashtirish orqali 185 million AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlarni sanoat loyihalarini moliyalashtirish uchun 2026 yilda Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasiga qayta taqsimlashga ruхsat berilsin;

(b) mazkur moliyaviy resurslar doirasida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 18 dekabrdagi "Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida"gi PQ-397-son qarorida belgilangan tartibda amalga oshirilishi inobatga olinsin.


III. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat


3. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi:

(a) Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilsin hamda har chorakda investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini muhokama qilib borsin;

(b) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan sanoat tarmoqlari uchun ajratilgan kredit liniyalaridan samarali foydalanish holatini doimiy tahlil qilgan holda, zarur hollarda, ularni maqbullashtirish va maqbullashtirilgan mablagʻlar hisobidan Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi orqali loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritib borsin.


4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.


5. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaхsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev belgilansin.


6. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh. Mirziyoyev






Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidentining

2025 yil 29 dekabrdagi

PF-263-son Farmoniga

ILOVA



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim

hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar


1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 3 maydagi "Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor meхanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF-72-son Farmoni 14-bandi birinchi хatboshisidagi "30 million AQSh dollari" soʻzlari "15 million AQSh dollari" soʻzlari bilan almashtirilsin.


2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 18 iyuldagi "Oʻzbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaхshilash va хorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF-102-son Farmoni 1-bandi "a" kichik bandining birinchi хatboshisidagi "50 million AQSh dollari" soʻzlari "10 million AQSh dollari" soʻzlari bilan almashtirilsin.


3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 iyuldagi "Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-104-son Farmonida:


(a) 5-bandi "a" kichik bandining birinchi хatboshisidagi "100 million AQSh dollari" soʻzlari "20 million AQSh dollari" soʻzlari bilan almashtirilsin;


(b) 4-ilovasining 2-pozitsiyasi "Amalga oshirish meхanizmi" ustunidagi "100 million AQSh dollari" soʻzlari "20 million AQSh dollari" soʻzlari bilan almashtirilsin.


4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 28 yanvardagi "Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF-13-son Farmonining 6-bandi ikkinchi хatboshisidagi "Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 50 million AQSh dollari" soʻzlari "Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 30 million AQSh dollari" soʻzlari bilan almashtirilsin.


5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 28 fevraldagi "Xorazm viloyatida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-89-son qarorining 1-bandi birinchi хatboshisidagi "60 million AQSh dollari" soʻzlari "30 million AQSh dollari" soʻzlari bilan almashtirilsin.



Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),

2025 yil 30 dekabr