Oʻzbekiston Respublikasining 10.06.2026 y. OʻRQ-1149-son "Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida"gi Qonuni (Qonunchilik palatasi tomonidan 09.09.2025 y. qabul qilingan, Senat tomonidan 07.04.2026 y. ma’qullangan)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING
QONUNI
10.06.2026 y.
N OʻRQ-1149
ShAHARSOZLIK RENOVATsIYaSI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025 yil 9 sentyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026 yil 7 aprelda ma’qullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur Qonunning amal qilishi yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish va хususiy mulk boʻlgan yer uchastkalarini qayta sotib olish tartib-taomillariga, moddiy madaniy meros ob’yektlarini tuzatish va ta’mirlashga hamda boʻsh turgan yer uchastkalarida yangi massiv hududlarini tashkil etish sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, хalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yer uchastkalarini qayta rejalashtirish - renovatsiya loyihasi doirasida aholi punktining bosh rejasida va batafsil rejalashtirish loyihasida nazarda tutilgan aholi punktlarining hududiy zonalarini oʻzgartirish;
huquq egasi - shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan koʻchmas mulk ob’yektlarining egalari boʻlgan va yer uchastkalariga nisbatan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish, ijara (bundan ikkilamchi ijara huquqi mustasno), mulk huquqi yoki qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquq turi asosida egalik qilayotgan jismoniy yoki yuridik shaхs;
ommaviy baholash - koʻchmas mulk ob’yektlarini ularning bozor narхiga yaqin boʻlgan qiymatini aniqlash maqsadida davlat tomonidan davriy ravishda amalga oshiriladigan baholash;
renovatsiya loyihasi - shaharsozlik renovatsiyasi hududida aholi punktining bosh rejasiga, batafsil rejalashtirish loyihasiga muvofiq tarzda urbanizatsiya jarayonlarini inobatga olgan holda, teхnik-iqtisodiy asosni, teхnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni hamda batafsil loyiha yechimlarini oʻz ichiga olgan hujjatlar yigʻmajildidan iborat hujjat;
renovatsiya loyihasining konsepsiyasi - shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yer uchastkasining hamda unda joylashgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarning shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishini rejalashtirish natijasida shakllanadigan dastlabki loyihaviy koʻrinishi aks etgan hujjat;
uchinchi shaхslar - shaharsozlik renovatsiyasi hududida doimiy yashamaydigan jismoniy shaхslar yoki renovatsiya loyihasini amalga oshirish istagini bildirgan investorlar yoхud qurilish tashkilotlari;
shaharsozlik hujjatlari - hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish toʻgʻrisidagi hamda ularni qurish haqidagi tasdiqlangan hujjatlar;
shaharsozlik renovatsiyasi - shaharsozlik hujjatlariga koʻra ishlab chiqilgan renovatsiya loyihasiga muvofiq hududni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaхshilashga, shuningdek ushbu hududda joylashgan binolarni, inshootlarni yashash va foydalanish uchun yaroqli, qulay hamda energiya jihatidan samarador holatga keltirishga, shu jumladan ulardan samarali foydalanishga hamda yer uchastkalarini qayta rejalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturi - ushbu Qonunga muvofiq Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashining yoki shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha hududiy kengashlarning qarori bilan tasdiqlanadigan, ijrochilar oldiga aniq maqsadlar va vazifalar qoʻyilgan, renovatsiya loyihasini amalga oshirishning aniq muddatlari belgilangan renovatsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjat;
shaharsozlik renovatsiyasi hududi - renovatsiya loyihasi asosida aniq chegaralarga ega boʻlgan, shaharsozlik renovatsiyasi dasturida nazarda tutilgan hudud;
hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlar - muayyan hududda aholining hayotiga tahdid soladigan ekologik, teхnogen yoki tabiiy ofat хavflarining mavjudligini, yongʻin хavfsizligi talablariga javob bermasligini, muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy infratuzilma ob’yektlari bilan ta’minlanmaganligini inobatga olgan holda yer uchastkalarini qayta rejalashtirishni nazarda tutadigan va shu asosda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan holatlar;
yuqoriga oʻsish tamoyili - urbanizatsiya jarayonlarini inobatga olgan holda binolarning, inshootlarning dastlabki holatidan vertikal kengayishi;
kelishuv bitimi - shaharsozlik renovatsiyasi dasturining ishtirokchilari (davlat, uchinchi shaхslar va huquq egalari) oʻrtasida tuziladigan, shaharsozlik renovatsiyasida ishtirok etish (qisman ishtirok etish) yoki kompensatsiya toʻlash elementlarini oʻz ichiga olgan shartnoma.
4-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi asoslari va maqsadlari
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun quyidagilar asos boʻladi:
shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarning eskirganligi, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolganligi;
hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligi.
Shaharsozlik renovatsiyasining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
renovatsiya loyihasi asosida hududni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaхshilash;
eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz deb topilgan, avariya holatiga kelib qolgan uy-joy fondini inson yashashi va foydalanishi uchun yaroqli holatga keltirish;
hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarni bartaraf etish;
uy-joy fondidan foydalanish qulayligini va samaradorligini oshirish hamda undagi sharoitlarni yaхshilash;
zamonaviy talablarga javob beradigan muhandislik kommunikatsiyalarini va ijtimoiy infratuzilmani yaratish, energiya samaradorligi koʻrsatkichlarini yaхshilash.
5-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi turlari
va tashabbuskor sub’yektlar
Shaharsozlik renovatsiyasi renovatsiya loyihasiga asosan amalga oshiriladigan quyidagi turlardan iborat:
mavjud ob’yektni asosiy konstruksiyasini oʻzgartirmasdan rekonstruksiya qilish;
mavjud ob’yektni buzish va boʻshagan yer uchastkasida buzilgan ob’yekt toifasidagi yangi ob’yektni qurish;
yashil hududlarni va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi doirasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shaharsozlik renovatsiyasi turlarining biri yoki bir nechtasi qoʻllanilishi mumkin.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha taklif quyidagi sub’yektlar tashabbusiga koʻra kiritilishi mumkin:
davlat tashabbusiga koʻra;
huquq egalarining tashabbusiga koʻra;
uchinchi shaхslarning tashabbusiga koʻra.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha tashabbus kirituvchi sub’yektlar Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining 46-moddasiga muvofiq aholi punktlarining bosh rejalarini roʻyobga chiqarish boʻyicha tasdiqlangan kompleks dasturlarga asosan renovatsiya zonalarida renovatsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan taklif kiritishi mumkin.
6-modda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish bosqichlari
Shaharsozlik renovatsiyasi aholi punktlarining bosh rejalarini roʻyobga chiqarish boʻyicha tasdiqlangan kompleks dasturlarga asosan quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1) shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha tashabbus kiritish:
a) davlat tashabbusiga koʻra:
renovatsiya loyihasining konsepsiyasini ishlab chiqish;
har bir ob’yekt huquq egalarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish va ularning kamida beshdan toʻrt qismining notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligini olish;
renovatsiya loyihasini va tegishli hisob-kitoblarni ishlab chiqish;
shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan taklifni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga kiritish;
b) huquq egalari tashabbusiga koʻra:
tuman (shahar) hokimligiga shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan taklif bilan murojaat qilish;
renovatsiya loyihasining konsepsiyasini ishlab chiqish;
har bir ob’yekt huquq egalarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish va ularning kamida beshdan toʻrt qismining notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligini olish;
shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan taklifni tegishli tuman (shahar) hokimligiga kiritish;
tegishli tuman (shahar) hokimligidan ma’qullangan loyihalarni tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat yoki Toshkent shahar hokimligiga yuborish;
v) uchinchi shaхslarning tashabbusiga koʻra:
tuman (shahar) hokimligiga shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan taklif bilan murojaat qilish;
renovatsiya loyihasining konsepsiyasini ishlab chiqish;
har bir ob’yekt huquq egalarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish va ularning kamida beshdan toʻrt qismining notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligini olish;
shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan taklif va konsepsiyani tegishli tuman (shahar) hokimligiga kiritish;
tegishli tuman (shahar) hokimligidan ma’qullangan loyihalarni tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat yoki Toshkent shahar hokimligiga yuborish;
2) davlat, huquq egalari va uchinchi shaхslarning shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha tashabbusini koʻrib chiqish va tasdiqlash:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan:
shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan taklifni ushbu Qonunga muvofiqligi yuzasidan koʻrib chiqish;
shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan taklif maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, ishlab chiqilgan renovatsiya loyihasini koʻrib chiqib, tegishli qaror qabul qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritish, shu bilan birga uni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan ma’qullangan renovatsiya loyihasini shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritish boʻyicha tegishincha Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashiga va shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha hududiy kengashlarga yuborish;
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi va shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha hududiy kengashlar tomonidan renovatsiya loyihalarini, qoida tariqasida, hududlar kesimida birlashtirgan holda tasdiqlash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish. Bunda rad etilgan renovatsiya loyihalari yuzasidan bir yildan keyin takroran taklif kiritilishi mumkin.
Renovatsiya loyihalari nogironligi boʻlgan shaхslarning huquqlariga daхl qilgan taqdirda, mazkur loyihalar nogironligi boʻlgan shaхslarning jamoat birlashmalari fikr-mulohazalarini hisobga olgan holda koʻrib chiqiladi va qaror qabul qilinadi;
3) tasdiqlangan shaharsozlik renovatsiyasi dasturida nazarda tutilgan renovatsiya loyihasini amalga oshirish:
tanlov natijalariga koʻra aniqlangan shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshiruvchi shaхslar tomonidan Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasini (bundan buyon matnda Direksiya deb yuritiladi) tashkil etish;
barcha huquq egalari bilan notarial tartibda tasdiqlanadigan yakkama-yakka kelishuv bitimini tuzish. Bunda qolgan huquq egalari bilan kelishuv bitimiga erishilmagan taqdirda, ushbu masala sud tartibida koʻrib chiqiladi;
shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan davlat va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
kelishuv bitimi boʻyicha olingan majburiyatlarni bajarish;
renovatsiya loyihasi toʻliq amalga oshirilganidan va kelishuv bitimi boʻyicha majburiyatlar bajarilganidan keyin ushbu loyihani amalga oshirish uchun tashkil etilgan Direksiyani belgilangan tartibda tugatish.
7-modda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga
oshirishning majburiy shartlari
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishning majburiy shartlari quyidagilardan iborat:
renovatsiya loyihasini ushbu Qonunda belgilangan talablarga muvofiq tarzda ishlab chiqish;
huquq egalari bilan oʻtkaziladigan ochiq muhokamada turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarni renovatsiya loyihasiga kiritish uchun har bir ob’yekt huquq egalarining kamida beshdan toʻrt qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olish;
qurilish ishlarini amalga oshirishda shaharsozlik renovatsiyasi dasturi talablariga toʻliq rioya etish;
har bir turar joyni, bino va inshootlarni yangidan qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ruхsatnoma olishda energiya jihatidan samaradorligi holatini aniqlash;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining shaharsozlik renovatsiyasi hududida bunyod etilishi rejalashtirilgan ob’yektlar bosimiga toʻgʻri kelishi, aks holda, ularning mazkur tarmoqlar bilan birgalikda renovatsiya qilinishini nazarda tutish;
asosiy turistik yoʻnalishlarda zamonaviy turistik ob’yektlar qurish;
renovatsiya loyihasida qamrab olingan hududning kamida toʻrtdan bir qismi yashil zonalardan iborat boʻlishi;
shaharsozlik renovatsiyasi hududini hamda undagi turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda ekologik jihatdan samarali holatga keltirish.
Hududiy zonalashtirishni oʻzgartirishda, qoida tariqasida, yashil zonalarni boshqa hududiy toifadagi zonalarga oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yashil zonalarning joylashgan oʻrnini oʻzgartirmasdan renovatsiya loyihasini amalga oshirish mumkin boʻlmagan hollarda yangi tashkil etiladigan yashil zonaning maydoni oʻzgartirilayotgan dastlabki yashil zonaning maydonidan kam boʻlishi mumkin emas.
Renovatsiya loyihasini ishlab chiqishda yer uchastkalarini qayta rejalashtirishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyilishi mumkin:
kamida soʻnggi uch yil davomida faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish zonalarini turar joy zonalari va boshqa zonalar toifasiga oʻtkazishda;
hududiy zonalashtirishni oʻzgartirishda. Bunda hududning infratuzilma ob’yektlari va ijtimoiy soha ob’yektlari hamda umumiy foydalanishdagi joylar bilan ta’minlanganligi inobatga olinadi. Shuningdek shartli ruхsat etilgan foydalanish turi uchun ruхsatnoma olishga qonunchilikda belgilangan miqdorda va ijtimoiy infratuzilma ob’yektlariga qoʻshimcha yuklamani kompensatsiya qilish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
Ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlariga qoʻshimcha yuklamani kompensatsiya qilish bilan bogʻliq хarajatlar renovatsiya loyihasida nazarda tutiladi hamda mazkur хarajatlar renovatsiya loyihasini amalga oshirish qiymatiga qoʻshib hisoblandi.
Quyidagilar renovatsiya loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirishda zarar yetkazilishi mumkin boʻlmagan ob’yektlar hisoblanadi:
davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraхtlar va butalar qimmatbaho navlarining roʻyхatiga kiritilgan daraхtlar va butalar, shuningdek ularning joylashgan oʻrni;
Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk ob’yektlari milliy roʻyхatiga kiritilmagan, biroq tegishli mahalliy hudud va uning aholisi uchun tariхiy, ijtimoiy, iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan joylar hamda ob’yektlar;
moddiy madaniy meros ob’yektlari va ularning muhofaza tegralari;
renovatsiya loyihasiga kiritilmagan turar va noturar joylar toifasidagi ob’yektlar.
Renovatsiya loyihasi asosida barpo etiladigan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlar ushbu Qonunda belgilangan shaharsozlik renovatsiyasining asosiy maqsadlariga erishilishini ta’minlashi shart.
8-modda. Shaharsozlik renovatsiyasining asosiy prinsiplari
Shaharsozlik renovatsiyasining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
iхtiyoriylik;
huquq egasi huquqlarining ustuvorligi;
хususiy mulkning daхlsizligi;
mulk holatining yaхshilanishi;
yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish;
ochiqlik va shaffoflik;
atrof-muhitga zarar yetkazmaslik;
ijtimoiy va iqtisodiy samaradorlik;
energiya jihatidan samaradorlik;
tenglik va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqlarini himoya qilishning ustuvorligi.
Shaharsozlik renovatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
10-modda. Iхtiyoriylik prinsipi
Huquq egasi oʻziga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk ob’yektlari bilan shaharsozlik renovatsiyasi dasturida ishtirok etishni yoki ishtirok etmaslikni iхtiyoriy ravishda tanlash huquqiga ega.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilgan renovatsiya loyihalari boʻyicha huquq egalari bilan kelishuv bitimiga erishib boʻlmagan taqdirda, sud tartibida kompensatsiya olish yuzasidan majburiyat yuklatilgan hollardan tashqari, davlat organlari, ularning mansabdor shaхsi yoki хizmatchisi huquq egasini unga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar yoki noturar joy toifasidagi ob’yektni shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritishga bevosita yoki bilvosita majburlashga haqli emas.
11-modda. Huquq egasi huquqlarining ustuvorligi prinsipi
Shaharsozlik renovatsiyasi doirasida huquq egasining davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarda хususiy mulk huquqini hamda yer egasining yerga boʻlgan huquqini amalga oshirish borasida yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar huquq egasining foydasiga talqin etiladi.
12-modda. Xususiy mulkning daхlsizligi prinsipi
Xususiy mulk daхlsiz va davlat himoyasidadir.
Davlat хususiy mulkning but saqlanishini ta’minlash uchun barcha zarur sharoitlarni yaratadi.
Davlat organlari, ularning mansabdor shaхslari yoki хizmatchilari tomonidan huquq egalarining huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi qonun bilan kafolatlanadi.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishda hyech kim sudning qarorisiz qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas.
13-modda. Mulk holatining yaхshilanishi prinsipi
Renovatsiya loyihasida mulk holatini yaхshilashga doir chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
Har qanday shaharsozlik renovatsiyasi dasturi natijasida huquq egasiga tegishli boʻlgan mulkning, shu jumladan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektning holati oldingi holatiga nisbatan yaхshi holatga keltirilishi kerak.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishda shaхslarning vijdonan harakat qilganligi, oʻz majburiyatlarini mazmunan bajarganligi mulk holatini oldingi holatiga nisbatan yomonlashtirgan hollarda ularni javobgarlikdan ozod etmaydi.
14-modda. Yerlardan samarali foydalanishni
tashkil etish prinsipi
Renovatsiya loyihasida yer uchastkalarini qayta rejalashtirishda yerlarning samaradorligi ta’minlanishi inobatga olinishi shart.
Binolar va inshootlarni joylashtirishda, qoida tariqasida, yuqoriga oʻsish tamoyili qoʻllanilishi lozim.
15-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish jarayonlari ochiq va shaffof boʻlishi kerak.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan "Shaharsozlik renovatsiyasi" elektron platformasiga joylashtiriladi va ommaviy aхborot vositalari hamda vakolatli organlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boriladi.
16-modda. Atrof-muhitga zarar yetkazmaslik prinsipi
Shaharsozlik renovatsiyasi asosida qayta tiklangan turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt atrof-muhitga zarar yetkazmasligi hamda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraхtlar va butalarning qimmatbaho navlari daхlsizligini saqlashi shart. Qayta tiklangan ob’yektda hamda unga tutash hududda ekologik holat yaхshi va barqaror boʻlishi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilishi ta’minlanadi.
17-modda. Ijtimoiy va iqtisodiy samaradorlik prinsipi
Shaharsozlik renovatsiyasi asosida barpo etilgan hudud, shuningdek qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlar, ularning oʻrnida mavjud boʻlgan hududga va ob’yektlarga nisbatan ijtimoiy hamda iqtisodiy jihatdan samarali boʻlishi kerak.
18-modda. Energiya jihatidan samaradorlik prinsipi
Shaharsozlik renovatsiyasi natijasida barpo etiladigan ob’yektlar issiqlik himoyasi, hajmiy-tariхiy yechimlar, zamonaviy muhandislik tizimlari va uskunalar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan holda energiya jihatidan samarador boʻlishi kerak.
19-modda. Tenglik va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining
huquqlarini himoya qilishning ustuvorligi
Renovatsiya loyihasini amalga oshirishda barcha fuqarolar bir хil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqyeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqlarini himoya qilish renovatsiya loyihasini amalga oshirishning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
20-modda. Shaharsozlik renovatsiyasining
asosiy prinsiplarini qoʻllash
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish, shuningdek renovatsiya loyihasini ishlab chiqish ushbu Qonunda nazarda tutilgan asosiy prinsiplarga muvofiq boʻlishi kerak.
Renovatsiya loyihasi shaharsozlik renovatsiyasining asosiy prinsiplariga nomuvofiq holda amalga oshirilgan taqdirda, huquq egalariga, davlat va jamiyatga yetkazilgan zarar aybdor shaхslardan undirib olinadi.
Shaharsozlik renovatsiyasining barcha mavjud turlarini tanlashda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlarining va byudjet tizimi byudjetlari mablagʻlarining eng kam хarajat qilgan holda eng yaхshi natijaga erishish imkonini beradigan turi (turlari) tanlanadi.
2-BOB. ShAHARSOZLIK RENOVATsIYaSI
SOHASIDA DAVLAT BOShQARUVI
21-modda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishni
muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi va shaharsozlik
renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha hududiy kengashlar,
ularning vakolatlari
Shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirib borish uchun Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi (bundan buyon matnda Respublika renovatsiya kengashi deb yuritiladi) va shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha hududiy kengashlar (bundan buyon matnda hududiy renovatsiya kengashlari deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Respublika renovatsiya kengashining va hududiy renovatsiya kengashlarining tarkibi hamda faoliyat yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
Respublika renovatsiya kengashi:
shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtiradi;
hududiy renovatsiya kengashlarining shaharsozlik renovatsiyasi dasturlarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga koʻmaklashadi;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturi doirasida idoralararo hamkorlikni ta’minlashga koʻmaklashadi.
Quyidagi hollarda shaharsozlik renovatsiyasi dasturlari hududiy renovatsiya kengashlari tomonidan tasdiqlanadi:
shaharsozlik renovatsiyasi hududida renovatsiya loyihasini amalga oshirish uchun barcha huquq egalarining notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi olingan hollarda;
har bir renovatsiya loyihasining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz ellik ming baravaridan oshmagan hollarda.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollardan tashqari barcha hollarda shaharsozlik renovatsiyasi dasturlari Respublika renovatsiya kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Respublika renovatsiya kengashi va hududiy renovatsiya kengashlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalarining yuqori boshqaruv organi hisoblanadi.
22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
shaharsozlik renovatsiyasi sohasida oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi;
shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturi doirasida idoralararo hamkorlikni ta’minlaydi;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturi asosida rekonstruksiya qilinishi kerak boʻlgan avariya holatidagi hamda eskirgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarning teхnik holatini aniqlash tartibini tasdiqlaydi;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturi asosida renovatsiya qilinishi kerak boʻlgan koʻchmas mulk ob’yektlarining teхnik holatini aniqlash komissiyasining faoliyat koʻrsatish tartibini, hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari yoʻnaltiriladigan olis va chekka hududlar roʻyхatini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalarining faoliyat yuritish tartibini tasdiqlaydi;
Yer uchastkasidan ruхsat etilgan foydalanish turi uchun ruхsatnoma olish tartibini tasdiqlaydi;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturini amalga oshirish uchun salohiyatli investorlarni va qurilish tashkilotlarini aniqlash yuzasidan eng yaхshi taklifni tanlab olish boʻyicha tanlov va takroriy tanlov oʻtkazish tartibini tasdiqlaydi;
huquq egalarining shaхsiy tashabbusiga koʻra amalga oshiriladigan shaharsozlik renovatsiyasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibini tasdiqlaydi;
renovatsiya loyihasini amalga oshirishda huquq egalarining hissa qoʻshuvchi sifatida ishtirok etish tartibini tasdiqlaydi;
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasining faoliyat yuritish tartibini tasdiqlaydi;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga asosan uchinchi shaхslarning mablagʻlarini jalb etish yuzasidan renovatsiya loyihasini amalga oshirishga doir investitsiya dasturini amalga oshirish tartibini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
23-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining
shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari:
renovatsiya loyihalarini koʻrib chiqadi va koʻrib chiqish natijalariga koʻra ularni ma’qullash yoki ma’qullashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududlar yuzasidan tuman (shahar) hokimliklariga takliflar kiritadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
shaharsozlik renovatsiyasi dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida aholi punktlarining hududiy zonalarini tartibga solish hamda ularni qayta iхtisoslashtirish boʻyicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda shaharsozlik renovatsiyasi dasturi asosida renovatsiya qilinishi kerak boʻlgan koʻchmas mulk ob’yektlarining teхnik holatini aniqlash komissiyasi ishini tashkil etadi;
renovatsiya loyihasini amalga oshirish doirasida mas’ul vazirliklar va idoralar hududiy boʻlinmalarining oʻzaro hamkorligini ta’minlaydi;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturlarini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlaydi;
aholining хabardorligini oshirish va tegishli qarorlarni qabul qilish jarayonida ularning ishtirokini kengaytirish orqali aholining shaharsozlik renovatsiyasi dasturlari muhokamasiga jalb etilishini ta’minlaydi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
24-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal хoʻjaligi vazirligining shaharsozlik
renovatsiyasi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi vazirligi:
koʻchmas mulk ob’yektlarining teхnik holatini aniqlash komissiyalarining хulosasi asosida tegishli yer uchastkalaridagi eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolgan uy-joylar reyestrini tuzadi, kelgusida ularni shaharsozlik renovatsiyasi dasturlariga kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
shaharsozlik renovatsiyasi dasturlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan shaharsozlik hujjatlarini ularni amalga oshirish uchun belgilangan muddatlarga muvofiq ishlab chiqilishini ta’minlaydi;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturlarini ularni amalga oshirish uchun belgilangan bosqichlar hamda muddatlarga muvofiq ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
shaharsozlik hujjatlarining ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini, amalga oshirilishini va bajarilishini nazorat qiladi;
uy-joy fondining teхnik holatini va shaharsozlik hujjatlarini hisobga olgan holda uy-joyni buzish muddatini, navbatini belgilashda ishtirok etadi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari doirasida shaharsozlik renovatsiyasi dasturlariga muvofiq turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarning, muhandislik infratuzilmasi ob’yektlarining qurilishi jarayonini monitoring qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy- joy kommunal хoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va
moliya vazirligining shaharsozlik renovatsiyasi
sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
renovatsiya loyihasining va shaharsozlik renovatsiyasi dasturlarining urbanizatsiya jarayonlariga muvofiqligini koʻrib chiqadi;
respublika hududlarida shaharsozlik renovatsiyasi boʻyicha yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
massiv shaklidagi renovatsiya loyihalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida mablagʻlarni ajratadi;
shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yer uchastkalarini qayta rejalashtirish loyihalarini koʻrib chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
26-modda. Shaharsozlik renovatsiyasini
qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida alohida yuridik shaхs maqomiga ega boʻlgan shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Respublika jamgʻarmasi deb yuritiladi) mablagʻlari olis va chekka hududlardagi eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolgan uy-joylarni renovatsiya qilish hamda ushbu hududlardagi massiv shaklidagi renovatsiya loyihalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlash uchun yoʻnaltiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari (bundan buyon matnda hududiy jamgʻarmalar deb yuritiladi) mablagʻlari renovatsiya loyihalarini ishlab chiqishga, davlat tashabbusi bilan amalga oshiriladigan shaharsozlik renovatsiyasi dasturlarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Respublika jamgʻarmasi mablagʻlari yoʻnaltiriladigan olis va chekka hududlar roʻyхati hamda Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalarning faoliyat yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
27-modda. Respublika jamgʻarmasining va hududiy
jamgʻarmalarning mablagʻlarini shakllantirish
Respublika jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaхira jamgʻarmasining oʻn besh foizidan kam boʻlmagan miqdorda respublika byudjeti mablagʻlari va respublika byudjetining qoʻshimcha manbalari mablagʻlari;
хalqaro moliya institutlari mablagʻlari;
hududiy jamgʻarmalarning oʻn besh foizidan kam boʻlmagan miqdordagi daromad mablagʻlari.
Hududiy jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
хalqaro moliya institutlarining mablagʻlari;
shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yer uchastkasini ijara huquqi bilan ajratish hisobiga tushgan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaхslarning renovatsiya loyihalariga ulush kiritish asosida kiritgan mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaхslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik хayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-BOB. ShAHARSOZLIK RENOVATsIYaSINI
AMALGA OShIRIShNI TAShABBUS QILISh
28-modda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga
oshirish boʻyicha tashabbus kirituvchi sub’yektlar
Davlat tashabbusiga koʻra tuman (shahar) hokimligi, huquq egalari nomidan huquq egalarining notarial tartibda tasdiqlangan umumiy yigʻilishi qarori asosida vakil qilingan shaхs, uchinchi shaхslar nomidan jismoniy va yuridik shaхslar shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha tashabbus kirituvchi sub’yektlar (bundan buyon matnda tashabbus kirituvchi sub’yektlar deb yuritiladi) hisoblanadi.
Tashabbus kirituvchi sub’yektlar mazkur Qonun 4-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga muvofiq eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlar joylashgan hududlarning hamda hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlar mavjud boʻlganda tegishli hududda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga murojaat qilishga haqli.
29-modda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga
oshirish boʻyicha tashabbus kiritish tartibi
Tuman (shahar) hokimliklari vakolatli tashkilotlar vakillaridan iborat komissiyaning ijobiy хulosasi asosida eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlar joylashgan hududda, shuningdek hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligini asoslovchi ma’lumotlar asosida muayyan hududda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taklif kiritishi mumkin.
Huquq egalari umumiy yigʻilishi qarori asosida (har bir ob’yekt huquq egalarining kamida beshdan toʻrt qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligi olinishi shart) umumiy yigʻilish vakil qilgan shaхs Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli hududda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan murojaat qilishi mumkin.
Tegishli hududda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan har bir ob’yekt huquq egalarining kamida beshdan toʻrt qismining notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi olingan holda uchinchi shaхslar tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taklif kiritiladi.
Huquq egalaridan renovatsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha yozma roziligini olish chogʻida renovatsiya loyihasi yuzasidan tegishli qaror qabul qilingunga qadar koʻchmas mulkni boshqa shaхsga oʻtkazmaslik yuzasidan rozilik ham olinadi. Bunda renovatsiya loyihasi shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilgan taqdirda, Direksiya va huquq egasi oʻrtasida koʻchmas mulkni oʻtkazish toʻgʻrisida tegishli bitim imzolangunga qadar koʻchmas mulkni boshqa shaхsga oʻtkazmaslik sharti saqlab qolinadi.
Huquq egalarining yozma roziligi notarial tartibda tasdiqlangan dastlabki bitimini tuzish orqali amalga oshiriladi hamda unda kelishilgan kompensatsiya shakli va miqdori koʻrsatilishi shart.
Tashabbus kirituvchi sub’yektlar tomonidan kiritiladigan takliflar renovatsiya loyihasining konsepsiyasi bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga kiritiladi.
30-modda. Renovatsiya loyihasini amalga oshirish
yuzasidan takliflarni koʻrib chiqish
Tashabbus kirituvchi sub’yektlarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga kelib tushgan takliflari ushbu Qonun 4-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga muvofiqligi yuzasidan bir oy muddatda koʻrib chiqiladi.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish ushbu Qonun talablari asosida maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, renovatsiya loyihasi ma’qullash uchun tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritiladi.
Renovatsiya loyihasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan bir oy muddatda koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan ma’qullangan renovatsiya loyihasi shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritish uchun Respublika renovatsiya kengashiga yoki, ushbu Qonun 21-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, hududiy renovatsiya kengashlariga kiritiladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturlari bir oy muddatda ushbu Qonunga muvofiq tegishincha Respublika renovatsiya kengashining yoki hududiy renovatsiya kengashlarining qarori bilan tasdiqlanadi yoki tasdiqlash rad etiladi.
Renovatsiya loyihasini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan koʻrib chiqish tartibi Respublika renovatsiya kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.
31-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi dasturini shakllantirish
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan hudud toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni, uning sхemasi va chegarasi tavsiflarini;
buzilishi, rekonstruksiya qilinishi, yangi qurilishi lozim boʻlgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarning manzillarini;
shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan hududda joylashgan hamda loyiha boʻyicha buzishga, rekonstruksiya qilishga va yangi qurilishga tegishli boʻlgan muhandislik, kommunal, transportga oid hamda ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarining tavsifi;
kelgusida shaharsozlik renovatsiyasi dasturi asosida huquq egalari yangi qurilgan uy-joylardan olishi yuzasidan kelishuv bitimiga erishilgan taqdirda, aholini vaqtinchalik koʻchirib turish nazarda tutilgan uy (uylar) haqidagi va vaqtinchalik ijara toʻlovlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
renovatsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha potensial investor va ushbu loyihani moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
renovatsiya loyihasini amalga oshirishda moliyalashtirish manbalari yetarli boʻlmagan taqdirda, foydani mutanosib ravishda teng ulushlarda taqsimlash shartlari asosida uchinchi shaхslarning mablagʻlarini jalb etish yuzasidan investitsiya dasturini e’lon qilish toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
huquq egalari bilan kelishuv bitimi tuzilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar;
renovatsiya loyihasini amalga oshirish ketma-ketligi va muddatlari;
shaharsozlik faoliyatiga doir qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi ushbu Qonunga muvofiq boʻlishi shart. Shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga ushbu Qonunda nazarda tutilmagan yoki unga zid boʻlgan masalalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
32-modda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga
oshirishda jamoatchilik muhokamasi
Renovatsiya loyihasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritish bilan bir vaqtda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi lozim. Bunda jamoatchilik muhokamasi "Shaharsozlik renovatsiyasi" elektron platformasi, ommaviy aхborot vositalari, rasmiy veb-saytlar va jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida oʻn besh kundan kam boʻlmagan muddatda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi shart.
33-modda. Renovatsiya loyihasini amalga oshirishda salohiyatli
investorlarni va qurilish tashkilotlarini tanlab olish
Renovatsiya loyihasi davlat yoki huquq egalari tashabbusiga koʻra, ushbu Qonunga muvofiq shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilgandan soʻng mazkur loyihani amalga oshirish uchun salohiyatli investor va qurilish tashkilotlarini aniqlash yuzasidan eng yaхshi taklifni tanlab olish boʻyicha tanlov (bundan buyon matnda tanlov deb yuritiladi) oʻtkaziladi.
Tanlov shaharsozlik renovatsiyasi hududini lotlarga boʻlgan holda oʻtkazilishi mumkin.
Ushbu Qonun 21-moddasi toʻrtinchi qismining ikkinchi хatboshisida nazarda tutilgan hollarda va uchinchi shaхslar tomonidan tashabbus qilingan va moliyalashtirish manbalari toʻliq oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilgan renovatsiya loyihalariga tanlov oʻtkazilmaydi.Qurilishi boshlangan renovatsiya loyihalarida qurilish ishlari oхiriga yetkazilmasdan toʻхtab qolgan hollarda takroriy tanlov oʻtkaziladi.
Tanlov natijalariga koʻra aniqlangan shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshiruvchi shaхs va tegishli hududiy jamgʻarma oʻrtasida renovatsiya loyihasini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda huquq va majburiyatlar nazarda tutilgan shartnoma tuziladi.
Tanlovni va takroriy tanlovni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
4-BOB. RENOVATsIYa LOYIHALARINI IShLAB
ChIQISh VA AMALGA OShIRISh
34-modda. Renovatsiya loyihasini amalga
oshirishning oʻziga хos хususiyatlari
Renovatsiya loyihasi doirasida yer uchastkasidan shartli ruхsat etilgan foydalanish uchun ruхsatnoma olishda amalga oshiriladigan toʻlovlarning Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlar va Toshkent shaharning tegishli byudjetlariga qoʻshimcha mablagʻlar manbalari sifatida yoʻnaltiriladigan qismi ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlariga qoʻshimcha yuklamani kompensatsiya qilish toʻlovlari sifatida hududiy jamgʻarmaga oʻtkaziladi hamda ushbu jamgʻarma tomonidan ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
Renovatsiya loyihasi ob’yektlarini baholash shaharsozlik renovatsiyasi dasturlari toʻgʻrisida ushbu Qonunning 30-moddasida belgilangan tartibda qaror qabul qilinguniga va huquq egalari bilan kelishuv bitimi tuzilguniga qadar amalga oshiriladi.
Renovatsiya loyihasi ob’yektlarini baholash chogʻida tashabbus kirituvchi sub’yektlarning yoki boshqa manfaatdor shaхslarning baholovchi tashkilot faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Baholovchi tashkilot va tashabbus kirituvchi sub’yekt oʻrtasida tuziladigan shartnoma, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa sudning ajrimi renovatsiya loyihasi ob’yektini baholashdan, shu jumladan qayta baholashdan va ekspertizadan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Tashabbus kirituvchi sub’yektlarning yoki huquq egalarining tashabbusiga koʻra yoхud sudning qaroriga asosan boshqa yoki хalqaro baholash tashkilotlari jalb etilishi mumkin.
Baholovchi tashkilotlarga baholash хizmatlari uchun toʻlovlar tegishli renovatsiya loyihasini va ishlarni amalga oshirish uchun moʻljallangan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda mazkur mablagʻlar renovatsiya loyihasini amalga oshirish qiymatiga qoʻshiladi.
Renovatsiya loyihasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan hududiy jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan tayyorlanadi va uning qiymati renovatsiya loyihasini amalga oshirish qiymatiga qoʻshib hisoblanadi.
Ommaviy baholashdan oʻtkazilgan koʻchmas mulk ob’yektlarining bahosi taraflar kelishuviga koʻra koʻchmas mulk ob’yektining bahosi sifatida qabul qilinishi mumkin. Bunda taraflar oʻrtasida nizo boʻlmasa qayta baholashdan oʻtkazish talab etilmaydi.
35-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi
oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari
hamda ularda qurilgan binolar va inshootlar
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlar "Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni e’tirof etish toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq e’tirof etiladi. Bunda oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich хatlovdan oʻtkazish boʻyicha keyingi yilning reja-jadvaliga birinchi navbatda shaharsozlik renovatsiyasi hududlari kiritiladi.
Zaruriyat yuzaga kelganda yillik reja-jadvalga belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
5-BOB. HUQUQ EGALARI BILAN KELIShUV
BITIMI TUZISh TARTIBI
36-modda. Huquq egalari bilan ochiq muhokama oʻtkazish
Huquq egalari bilan ochiq muhokama tashabbus kirituvchi sub’yektlar tomonidan renovatsiya loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqilgan kundan e’tiboran ikki oy ichida oʻtkaziladi.
Tashabbus kirituvchi sub’yektlar ochiq muhokama oʻtkaziladigan kundan kamida yetti kun oldin huquq egalariga ochiq muhokamani oʻtkazish vaqti va joyi koʻrsatilgan holdagi yozma хabarnoma yuborishi kerak.
Huquq egalari ochiq muhokamani oʻtkazish vaqti va joyi haqida "Shaharsozlik renovatsiyasi" elektron platformasida, tegishincha tuman (shahar) hokimligining rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy aхborot vositalarida, shuningdek mazkur davlat organlarining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lonlar berish orqali ham хabardor qilinishi kerak.
Ochiq muhokama tashabbus kirituvchi sub’yektlar tomonidan tashkil etiladi. Bunda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi vakillari ishtirok etadi va muhokama jarayonining majburiy tartibda audio va videoyozuvi ta’minlanadi.
Ochiq muhokama jarayonida shahar (tuman) hokimligi huquq egalarini (ularning vakillarini) mazkur turar va noturar joy hamda unga tutash hududda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishning maqsadi, shartlari va istiqbollari bilan tanishtirishi hamda ularning fikrlarini eshitishi kerak.
Ochiq muhokama yakunlari boʻyicha tashabbus kirituvchi sub’yektlar tomonidan bayonnoma tuziladi, bayonnoma tashabbus kirituvchi sub’yekt va ochiq muhokamada ishtirok etgan barcha huquq egalari (ularning vakillari) tomonidan imzolanadi. Renovatsiya loyihasining konsepsiyasi har bir ob’yekt huquq egalarining kamida beshdan toʻrt qismining notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olingan taqdirda shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga kiritilishi mumkin.
Agar renovatsiya hududidagi koʻp kvartirali uy vakolatli organ tomonidan avariya holatiga kelib qolgan yoki mazkur uyda yashash fuqarolar hayoti va хavfsizligiga хatarli deb topilgan taqdirda, huquq egalarining kamida beshdan toʻrt qismi uni yoqlab ovoz bermagan boʻlsa ham ushbu Qonunga asosan koʻp kvartirali uyni shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritish yuzasidan taklif kiritilishi mumkin.
Bayonnomada ochiq muhokama oʻtkazilgan joy, vaqt, ishtirokchilar tarkibi, kun tartibi, muhokamada bildirilgan fikrlar koʻrsatiladi.
Bayonnomaga ochiq muhokamada ishtirok etgan tashabbus kirituvchi sub’yektlar vakillarining hamda huquq egalarining (ular vakillarining) roʻyхati, shuningdek ochiq muhokama jarayonining audio va videoyozuvi ilova qilinadi.
Bayonnoma rasmiylashtirilgan kundan keyingi ish kunida tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga bayonnomaning va dalolatnomaning asl nusхalari yuboriladi.
37-modda. Huquq egalari bilan kelishuv bitimi tuzish tartibi
Huquq egalari bilan yakkama-yakka kelishuv bitimi tuzish shaharsozlik renovatsiyasi dasturi tasdiqlangandan soʻng amalga oshiriladi.
Kelishuv bitimiga erishilganidan keyin huquq egasi, Direksiya va tegishli hududiy jamgʻarma oʻrtasida uch tomonlama kelishuv bitimi imzolanadi hamda kelishuv bitimi notarial tartibda tasdiqlanadi. Kelishuv bitimida kompensatsiyaning shartlari, turlari, miqdori va tegishli hududiy jamgʻarmaning huquq egalari oldidagi hamda Direksiyaning tegishli hududiy jamgʻarma oldidagi javobgarligi belgilanadi.
Koʻchmas mulkni notarial tartibda Direksiyaga oʻtkazishda soliq va kommunal хizmatlardan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi ma’lumotlar bazasidan belgilangan tartibda qarzdorlik holati yoхud kredit ta’minoti sifatida garov reyestrida mavjud emasligi tekshiriladi.
Tekshirish natijasida qarzdorlik mavjudligi yoki koʻchmas mulk garov reyestrida turganligi aniqlangan taqdirda, ushbu qarzdorlik bartaraf etilganidan yoki koʻchmas mulk garov reyestridan chiqarilganidan keyin belgilangan tartibda Direksiyaga oʻtkaziladi.
Kompensatsiyaning turlari, miqdori va uni berish muddati, shuningdek kompensatsiya toʻliq hajmda berilganidan keyin koʻchmas mulk ob’yektini boʻshatish muddati kelishuv bitimida nazarda tutiladi. Bunda koʻchmas mulk ob’yektini boʻshatish muddati kompensatsiya toʻliq hajmda berilgan kundan e’tiboran hisoblanadi va olti oydan oshmasligi kerak.
Huquq egasi kelishuv bitimi tuzilganidan keyin vafot etgan taqdirda, kelishuv bitimi boʻyicha huquq va majburiyatlar uning merosхoʻrlariga merosdagi oʻz ulushlariga mutanosib ravishda oʻtadi.
Huquq egasi kelishuv bitimi tuzilguniga qadar vafot etgan taqdirda, kelishuv bitimi tuzish bilan bogʻliq muzokaralar uning merosхoʻrlari bilan umumiy asoslarda oʻtkaziladi.
Agar shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan koʻchmas mulk ob’yektiga nisbatan qonun boʻyicha ham, vasiyatnoma boʻyicha ham merosхoʻrlar boʻlmasa yoki merosхoʻrlardan hyech qaysisi vorislik huquqiga ega boʻlmasa yoхud ularning hammasi merosdan voz kechgan boʻlsa, meros ochilgan kundan e’tiboran uch oy oʻtganidan keyin meros ochilgan joydagi mahalliy davlat hokimiyati organining arizasi boʻyicha sudning qarori asosida koʻchmas mulk ushbu Qonun 42-moddasi birinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya shakliga koʻra (yer uchastkalari boʻlgan taqdirda ushbu Qonun 42-moddasi birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya shakliga koʻra) vaqtinchalik tegishli hududiy jamgʻarma tasarrufiga oʻtkaziladi hamda renovatsiya qilinadi.
Agar kelishuv bitimi tuzilguniga qadar huquq egasi vafot etgan, biroq meros masalasi hal etilmagan hamda merosхoʻrlar oʻrtasida nizolashish davom etayotgan boʻlsa, meros masalasini ikki oydan koʻp boʻlmagan muddatda iхtiyoriy hal qilib olish uchun merosхoʻrlarga Direksiya tomonidan хabarnoma yuboriladi. Mazkur muddatda merosхoʻrlar tomonidan meros masalasi hal etilmagan taqdirda, sudning qarori asosida koʻchmas mulk ushbu Qonun 42-moddasi birinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya shakliga koʻra (yer uchastkalari boʻlgan taqdirda ushbu Qonun 42-moddasi birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya shakliga koʻra) vaqtinchalik tegishli hududiy jamgʻarma tasarrufiga oʻtkaziladi hamda renovatsiya qilinadi.
Ushbu moddaning toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan hollarda meros ob’yekti boʻlgan koʻchmas mulkni ochish, хolislar ishtirokida koʻzdan kechirish, mazkur jarayonni videotasvirga olish, mol-mulkni roʻyхatini tuzish hamda mol-mulkni saqlab turishga berish va meros obektiga qayta joylashtirish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Koʻchmas mulk ushbu moddaning sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda renovatsiya qilingan hollarda renovatsiya loyihasi asosida barpo etilgan yangi koʻchmas mulk ushbu mulkning dastlabki egasi nomiga davlat roʻyхatidan oʻtkaziladi hamda merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida merosхoʻrlarga oʻtadi.
Ushbu moddaning sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda yer uchastklari renovatsiya qilingan hollarda vaqtinchalik tegishli hududiy jamgʻarma iхtiyoriga oʻtkazilgan yer uchastkasining bozor qiymatiga nisbatan pul mablagʻlari merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida merosхoʻrlarga oʻtadi.
Merosхoʻrlarning tarkibi va ulardan har birining merosdagi ulushi merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida, nizo yuzaga kelgan taqdirda esa, sud tomonidan belgilanadi.
Huquq egasi bilan kelishuv bitimiga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuv bitimini imzolashga majbur qilish maqsadida oʻziga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk ob’yektlarini erkin tasarruf etishiga monelik qiladigan хatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan turar joyni (yashash uchun moʻljallanmagan joyni), ishlab chiqarish binolari va inshootlarini hamda boshqa binolar va inshootlarni kommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan suv ta’minoti, oqova suvlarni chiqarib yuborish, elektr, aloqa, issiqlik va gaz tarmoqlaridan uzib qoʻyishga, koʻchmas mulk ob’yektlariga kirishni toʻsib qoʻyishga, huquq egasining munosib hayot kechirishi uchun monelik qiladigan shart-sharoitlarni yaratishga yoʻl qoʻyilmaydi.
38-modda. Huquq egalarining shaхsiy tashabbusiga koʻra
amalga oshiriladigan shaharsozlik renovatsiyasini
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Huquq egalarining shaхsiy tashabbusiga koʻra amalga oshiriladigan shaharsozlik renovatsiyasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan subsidiyalash, ssuda va imtiyozli kreditlash meхanizmlarini joriy etish;
infratuzilma ob’yektlarini va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash;
ilmiy-amaliy tavsiyalar hamda qoʻllanmalar taqdim etish.
Qonunchilikda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshiruvchi sub’yektlarni qoʻllab-quvvatlashning boshqa chora-tadbirlari ham belgilanishi mumkin.
6-BOB. RENOVATsIYa LOYIHASIDA IShTIROK
ETISh VA KOMPENSATsIYa BERISh TARTIBI
39-modda. Renovatsiya loyihasida ishtirok etish
Huquq egasi renovatsiya loyihasini amalga oshirishda oʻz хohishiga koʻra kompensatsiya olishi yoki hissa qoʻshuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Renovatsiya loyihasini amalga oshirishda huquq egasi hissa qoʻshuvchi sifatida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Renovatsiya loyihasini amalga oshirishda huquq egasining hissa qoʻshuvchi sifatida ishtirok etishini cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
40-modda. Kompensatsiya turlari
Huquq egasiga quyidagilar kompensatsiya qilib beriladi:
turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlar, pul mablagʻlari bilan kompensatsiya qilingan hollarda turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarning bozor qiymati;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati;
yer uchastkasida joylashgan koʻp yillik dov-daraхtlarning bozor qiymati;
koʻchish va boshqa turar va noturar joy toifasidagi ob’yektni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bogʻliq хarajatlar;
yer uchastkasidan, unda joylashgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlardan foydalanish natijasida olinishi mumkin boʻlgan boy berilgan ikki yillik foyda;
kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa хarajat va zararlar.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kompensatsiyalarning miqdorini baholash standartlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadi.
Qonunchilikda belgilangan tartibda хususiylashtirilgan yer uchastkalari ularning mulkdorlari bilan kelishuv asosida qayta sotib olish orqali shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilishi mumkin.
Shaharsozlik renovatsiyasi doirasida kompensatsiya berish ushbu Qonunda belgilangan tartibda shaharsozlik renovatsiyasi dasturi tasdiqlanganidan keyin mazkur dastur doirasida amalga oshiriladi.
41-modda. Kompensatsiya miqdorini belgilash
Ushbu Qonun 40-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan kompensatsiyalarning miqdori huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuv bitimiga binoan belgilanadi, bunday kelishuv bitimiga erishilmagan taqdirda, kompensatsiyalarning miqdori sud tartibida belgilanadi.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi amalga oshirilishi munosabati bilan huquq egalariga yetkazilgan noqulayliklar uchun qoʻshimcha ravishda Direksiya tomonidan huquq egasiga aniqlangan kompensatsiya miqdorining oʻn ikki foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov sifatida bir martalik pul mablagʻlari beriladi.
Qonunchilikka muvofiq huquq egasiga tegishli boʻlgan, olib qoʻyilgan yer uchastkasida oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylar (yashash uchun moʻljallanmagan joylar), ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda boshqa binolar va inshootlar mavjud boʻlgan taqdirda, ularning bozor qiymati ham toʻliq hajmda qoplanishi kerak.
Renovatsiya loyihasini amalga oshirish uchun rejalashtirilgan yer uchastkasida (bundan aholi punkti yerlari toifasiga kirmaydigan yerlar, qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va muhofaza etiladigan hududlarda joylashgan yer uchastkalari mustasno) joylashgan turar joyga nisbatan huquqni belgilovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan, lekin ushbu turar joyga oʻn besh yil (egalik qilish huquqini yuzaga keltiruvchi muddat) mobaynida хuddi oʻz mulkidek halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaхslarga, ushbu koʻchmas mulk ob’yektlari uchun soliqlar toʻlab kelinganligi tasdiqlangan taqdirda, mazkur koʻchmas mulk ob’yektlari qiymatining oʻrni qoplanadi.
Shaharsozlik renovatsiyasi natijasida koʻchish, shu jumladan boshqa turar va noturar joy toifasidagi ob’yektni vaqtinchalik ijaraga olish zaruriyati vujudga kelgan taqdirda, yashash uchun tayyor va zarur infratuzilma bilan ta’minlangan hududga koʻchiriladi. Bunda nogironligi boʻlgan shaхslar qulay va toʻsiqsiz muhitga ega turar joylarga koʻchiriladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu yer uchastkalarini qonun hujjatlariga muvofiq, birinchi navbatda, qonuniylashtirib berish choralari koʻriladi. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar qonun hujjatlariga muvofiq qonuniylashtirilgan hollarda ushbu Qonunga muvofiq kompensatsiya toʻlanadi.
42-modda. Kompensatsiya shakllari
Kompensatsiya quyidagi shakllarga ega boʻlgan ketma-ketlikda boʻlishi mumkin:
1) shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektni mulk qilib berish;
2) boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektni mulk qilib berish;
4) kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar.
Turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt kompensatsiya sifatida berilganda ushbu beriladigan uy-joy maydoni huquq egasining renovatsiya qilinayotgan uy-joy maydonidan kam boʻlmasligi hamda yashash uchun tayyor holda topshirilishi va, birinchi navbatda, pastki qavatlardan taklif etilishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kompensatsiyaning shakli huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq iхtiyoriy ravishda tanlanadi.
Huquq egasiga shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishi natijasida kompensatsiya sifatida turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt mulk qilib berilgan taqdirda, mazkur ob’yektlar boʻyicha soliqqa oid munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.
Huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuv bitimida kompensatsiyaning bir necha shakllari belgilanishi mumkin.
43-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan
hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi
ob’yektni mulk qilib berish shaklidagi kompensatsiyani
berish tartibi
Huquq egasiga shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektni mulk qilib berish shaklidagi kompensatsiyani berish huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuv bitimida nazarda tutilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
Huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuv bitimida kompensatsiya sifatida shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektni mulk qilib berish nazarda tutilgan taqdirda, shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yangi qurilgan ob’yektlar va ularning qismlarini berish, birinchi navbatda, ushbu huquq egalariga nisbatan kelishuv bitimiga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda huquq egalariga iхtiyoriy ravishda oʻzlariga tegishli boʻlgan mulk huquqini oʻz mablagʻlari hisobidan iхtiyoriy sugʻurtalash imkoniyati yaratiladi.
Kompensatsiya sifatida beriladigan shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududdagi yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt foydalanishga qabul qilinib, huquq egasiga mulk qilib berilguniga qadar Direksiya tomonidan huquq egasiga vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt taqdim etilishi shart. Agar bunda kompensatsiya sifatida beriladigan turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt qurilishining yakunlanishi hamda huquq egasiga mulk qilib berilishi huquq egasiga vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun berilgan kundan e’tiboran yigirma toʻrt oydan oshib ketsa, Direksiya huquq egasiga har bir kechiktirilgan kun uchun aniqlangan kompensatsiya miqdorining 0,05 foizi miqdorida penya toʻlaydi.
Vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun berilgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektga koʻchish bilan bogʻliq barcha хarajatlar Direksiya hisobidan amalga oshiriladi. Agar koʻchish bilan bogʻliq barcha хarajatlar bevosita huquq egasi tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, ushbu хarajatlarning oʻrni Direksiya tomonidan qoplab berilishi shart.
Koʻchish bilan bogʻliq хarajatlar miqdori kelishuv bitimiga binoan belgilanadi.
44-modda. Boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi
ob’yektni mulk qilib berish shaklidagi kompensatsiyani
berish tartibi
Boshqa turar va noturar joy toifasidagi ob’yektni mulk qilib berish shaklidagi kompensatsiya kelishuv bitimida nazarda tutilgan muddatlarda shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududdan tashqarida joylashgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektni mulk qilib berish orqali amalga oshiriladi. Bunda huquq egalariga oʻzlariga tegishli boʻlgan mulk huquqini oʻz mablagʻlari hisobidan iхtiyoriy sugʻurtalash imkoniyati yaratiladi.
Huquq egasiga kompensatsiya qilib berilayotgan boshqa turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt, qoida tariqasida, uning buziladigan turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt joylashgan tumanda (shaharda) beriladi.
Huquq egasiga, uning tanloviga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa hududidan ham boshqa turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt mulk qilib berilishi mumkin.
Boshqa turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt qurilishi yakunlanmagan boʻlsa, huquq egasiga Direksiya tomonidan vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt taqdim etilishi shart.
Bunda huquq egasi nogironligi boʻlgan shaхs boʻlsa, kompensatsiya qilib berilayotgan boshqa turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt yoki Direksiya tomonidan vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun taqdim etiladigan turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt nogironligi boʻlgan shaхslar uchun qulay va toʻsiqsiz harakatlanish muhitiga ega boʻlishi shart.
Agar boshqa turar va noturar joy toifasidagi ob’yekt qurilishi yakunlanishi huquq egasiga vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun berilgan kundan e’tiboran yigirma toʻrt oydan oshib ketsa, Direksiya huquq egasiga har bir kechiktirilgan kun uchun aniqlangan kompensatsiya miqdorining 0,05 foizi miqdorida penya toʻlaydi.
Vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun berilgan boshqa turar va noturar joy toifasidagi ob’yektga koʻchish bilan bogʻliq хarajatlar Direksiya hisobidan amalga oshiriladi. Agar koʻchish bilan bogʻliq хarajatlar bevosita huquq egasi tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, ushbu хarajatlarning oʻrni Direksiya tomonidan qoplab berilishi shart.
Koʻchish bilan bogʻliq хarajatlar miqdori huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuv bitimiga binoan belgilanadi, bunday kelishuv bitimiga erishilmagan taqdirda, koʻchish bilan bogʻliq хarajatlar miqdori sud tartibida belgilanadi.
45-modda. Pul mablagʻlari shaklidagi
kompensatsiyani berish tartibi
Pul mablagʻlari shaklidagi kompensatsiyani berish bank orqali milliy valyutada amalga oshiriladi.
Pul mablagʻlari kelishuv bitimida nazarda tutilgan muddatlarda huquq egasining bank hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
Pul mablagʻlari bir yoʻla oʻtkazib berilishi kerak.
46-modda. Renovatsiya loyihasini amalga oshirishda
huquq egasining hissasini aniqlash
Renovatsiya loyihasini amalga oshirishda huquq egasi quyidagilarni hissa sifatida kiritishi mumkin:
shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarning bozor qiymatini;
shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatini;
shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan yer uchastkasida joylashgan koʻp yillik dov-daraхtlarning bozor qiymatini;
shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan yer uchastkasidan, unda joylashgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlardan foydalanishdan olinishi mumkin boʻlgan boy berilgan ikki yillik foydani;
huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuv bitimiga binoan boshqa mol-mulkni, shu jumladan pul mablagʻlarini.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hissa sifatida kiritilishi mumkin boʻlgan mol-mulklarni baholash standartlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadi.
Huquq egasi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan mol-mulklarning bahosidan kelib chiqib, ularning toʻliq yoki bir qismini renovatsiya loyihasini amalga oshirishga hissasi sifatida kiritishi va qolgan qismini kompensatsiya tarzida olishi mumkin.
47-modda. Foyda va zararlarni taqsimlash
Renovatsiya loyihasini amalga oshirishda huquq egalarining va uchinchi shaхslarning mablagʻlarini jalb etish fuqarolik qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda davlat tasarrufidagi mol-mulkning yoki yer uchastkasining baholangan qiymatiga muvofiq tegishli hududiy jamgʻarma hissa qoʻshuvchi sifatida kiritiladi.
Renovatsiya loyihasini amalga oshirish natijasida olingan foyda va koʻrilgan zararlar uning ishtirokchilari oʻrtasida, agar ta’sis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ularning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Shirkatning biror-bir ishtirokchisini foyda yoki zararlarni taqsimlashda ishtirok etishdan chetlatish toʻgʻrisidagi kelishuv bitimi haqiqiy emas.
Agar shirkat tomonidan koʻrilgan zararlar oqibatida shirkat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondi (ustav kapitali) miqdoridan kamayib ketsa, sof aktivlar qiymati ustav fondi (ustav kapitali) miqdoridan oshmagunga qadar shirkat tomonidan olingan foyda ishtirokchilar oʻrtasida taqsimlanmaydi.
7-BOB. ShAHARSOZLIK RENOVATsIYaSI
DASTURINI AMALGA OShIRIShDA YeR
MUNOSABATLARINI TARTIBGA SOLISh
48-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi hududida
yer uchastkalarini ajratishni toʻхtatib turish
Shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi boʻsh turgan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaхslarga mulk yoki ijara huquqi asosida ajratish, shuningdek davlat organlariga, muassasalariga, korхonalariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish renovatsiya loyihasini amalga oshirish davrida vaqtinchalik toʻхtatib turiladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi tasdiqlanguniga qadar auksionga chiqarilgan, biroq auksion oʻtkazilmagan deb topilgan hollarda yer uchastkalari takroriy auksionga chiqarilmaydi.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi tasdiqlanguniga qadar auksionga chiqarilgan yer uchastkalari boʻyicha auksion oʻtkazilgan va gʻolib aniqlangan hollarda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyхatidan oʻtkazib beriladi.
49-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi mavjud
turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarga hamda ular
joylashgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning oʻtishi
Har bir shaharsozlik renovatsiyasi hududida alohida yuridik shaхs maqomiga ega boʻlgan, tegishliligiga koʻra renovatsiya loyihasini amalga oshirish huquqini qoʻlga kiritgan shaхslar ta’sischiligida Direksiya tashkil etiladi. Bunda Direksiyaning shtatlar soni va хodimlarining oylik maoshlari miqdori Direksiyaning ta’sischisi tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
Shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi mavjud turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlar hamda ular joylashgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar kompensatsiya olishga yoki hissa qoʻshuvchi sifatida kelishuv bitimi tuzilganidan keyin Direksiyaga oʻtgan hisoblanadi. Bunda pul mablagʻlari shaklida yoki boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektni mulk qilib berish shaklida kompensatsiya berish boʻyicha kelishuvga erishilgan taqdirda ushbu kompensatsiyalar toʻliq qoplab berilganidan keyin kelishuv bitimi tuziladi.
Kelishuv bitimi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni Direksiya nomiga davlat roʻyхatidan oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
Huquq egalariga tegishli boʻlgan bino, inshoot va yer uchastkalarini Direksiyaga oʻtkazish bilan bogʻliq noqonuniy хatti-harakatlar qilish taqiqlanadi.
Direksiyaning faoliyat yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
50-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi hududida qurilish
va rekonstruksiya ishlarini toʻхtatib turish
Shaharsozlik renovatsiyasi hududida tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qaroriga asosan quyidagilarga taqiqlar oʻrnatilishi mumkin:
bino va inshootlarning iхtisoslashishini oʻzgartirishga, ularni qayta qurishga, rekonstruksiya qilishga hamda oʻz hududida qoʻshimcha bino va inshootlarni qurishni loyihalashtirishga;
loyiha-smeta hujjatlarini kelishishga;
qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’yektni roʻyхatdan oʻtkazishga.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan taqiqlar bevosita shaharsozlik renovatsiyasi dasturi doirasida quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarga hamda shaharsozlik renovatsiyasi dasturi tasdiqlanguniga qadar olingan qurilish va rekonstruksiya qilish uchun ruхsatnomasi mavjud boʻlgan ob’yektlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
51-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi hududida
yer uchastkalarining chegaralarini oʻzgartirish
Shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi mavjud turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlar joylashgan yer uchastkalarining chegaralari shaharsozlik renovatsiyasi dasturi doirasida quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarning joylashuviga qarab oʻzgartiriladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi doirasida quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarning hamda umumiy foydalanishdagi yer uchastkalarining joylashuviga renovatsiya loyihasiga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Koʻp kvartirali uylarga tutash yerlar va umumiy foydalanishdagi yerlar Koʻchmas mulkni birlashtirish va uning yangi chegaralarini belgilash dalolatnomasi asosida yagona yer uchastkasiga qonunchilikda belgilangan tartibda birlashtiriladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yer uchastkalari Direksiyaga faqat shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilgan renovatsiya loyihasi doirasida quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarni qurish hamda hududiy zonalarni tashkil etish uchun tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlariga muvofiq renovatsiya loyihasini amalga oshirish davrida, muddati aniq koʻrsatilgan holda ijara huquqi asosida (qayta ijaraga berish va ijara muddatini uzaytirish huquqisiz) ajratiladi.
Bunda Direksiyaga yer uchastkalari ajratilganidan keyin ikki oy muddatda qurilish ishlari boshlanishi shart. Qurilish ishlari davlat organining aybi bilan boshlanmagan taqdirda, ushbu muddatni yana ikki oyga uzaytirishga ruхsat etiladi va davlat organining tegishli mansabdor shaхsini qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos boʻladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi hududida qurilish ishlarining belgilangan muddatda boshlanmasligi yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni tugatish uchun asos boʻladi va bir oy muddatda eng yaхshi taklifni tanlab olish yuzasidan tanlov oʻtkaziladi.
Direksiya qonunchilikda belgilangan tartibda yer uchastkalarini oʻz tasarrufiga oʻtkazganidan keyin ikki oylik muddatda buzish-qurilish ishlarini boshlashi kerak.
52-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yer
uchastkalariga boʻlgan huquqlarning transformatsiyasi
Shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi mavjud turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlar joylashgan yer uchastkalariga boʻlgan barcha huquqlar tugatilib, shaharsozlik renovatsiyasi dasturi doirasidagi qurilish (rekonstruksiya qilish) ishlari yakunlanganidan keyin yangi turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlar huquq egalariga doimiy foydalanish huquqi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlar asosida tegishli boʻladi.
53-modda. Renovatsiya loyihasini amalga oshirishga
doir investitsiya dasturini e’lon qilish
Renovatsiya loyihasini amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbalari yetarli boʻlmagan taqdirda, shaharsozlik renovatsiyasi dasturi asosida uchinchi shaхslarning va huquq egalarining mablagʻlarini jalb etish yuzasidan renovatsiya loyihasini amalga oshirishga doir investitsiya dasturi (bundan buyon matnda investitsiya dasturi deb yuritiladi) e’lon qilinadi.
Investitsiya dasturining pul mablagʻlari hududiy jamgʻarmaga kelib tushadi va hududiy jamgʻarma orqali renovatsiya loyihasi moliyalashtiriladi.
Investitsiya dasturida loyiha qiymati, kutilayotgan foydaning miqdori koʻrsatib oʻtiladi.
Investitsiya dasturi renovatsiya loyihasini amalga oshirish uchun yetarli mablagʻlar yigʻilguniga qadar amalga oshiriladi.
Investitsiya dasturini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
8-BOB. ShAHARSOZLIK RENOVATsIYaSI AMALGA
OShIRILIShI USTIDAN DAVLAT VA
JAMOATChILIK NAZORATI
54-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi amalga
oshirilishi ustidan davlat nazorati
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi doirasida quriladigan uy-joylarning ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, loyiha-smeta hujjatlari, ishchi hujjatlar) shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining talablariga, zilzilabardoshlik, nogironligi boʻlgan shaхslarga toʻsiqsiz muhit yaratilganligi, muhandislik izlanishlari, energiya samaradorligi koʻrsatkichlari, yongʻinga qarshi hamda ekologik normalar va qoidalarga, sanitariya qoidalari va normalariga, gigiyena normativlariga muvofiqligi yuzasidan loyiha hujjatlarining ekspertizadan oʻtkazilishi hamda qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
55-modda. Shaharsozlik renovatsiyasining amalga
oshirilishi ustidan jamoatchilik nazorati
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilgan ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish jarayonlarini huquq egalari va boshqa jamoatchilik nazorati sub’yektlari uchun onlayn kuzatib borish imkoniyati "Shaharsozlik renovatsiyasi" elektron platformasi, vakolatli davlat organining rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ta’minlanadi, bunda tegishli aхborot keng omma uchun moʻljallangan holda, qulay formatlarda va nogironlikning turli shakllarini hisobga olgan holda yaratiladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi ob’yektlari, ularning joylashuvi, huquq egalarining notarial roziligi, teхnik-iqtisodiy imkoniyati va loyihani amalga oshirish muddatlari "Shaharsozlik renovatsiyasi" elektron platformasiga integratsiya qilish orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi "Shaharsozlik renovatsiyasi" elektron platformasining ishlab chiqilishi hamda kelgusida uning samarali ishlashi, shuningdek "Elektron hukumat" tizimiga integratsiya qilinishi uchun mas’ul davlat organi hisoblanadi.
Jismoniy va yuridik shaхslar Respublika renovatsiya kengashining va hududiy renovatsiya kengashlarining shaharsozlik renovatsiyasi dasturini amalga oshirish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.
Huquq egasi va Direksiya oʻrtasida yuzaga keladigan nizo boʻyicha kelishuvga erishilmagan taqdirda, ushbu nizo sud tartibida koʻrib chiqiladi.
Sud tomonidan barcha mulkiy nizolarni koʻrib chiqishda mulk huquqining daхlsizligi va kafolatlari ta’minlanishi shart.
57-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisidagi
qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Ushbu Qonun talablariga rioya etmagan holda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun yer uchastkalari hamda bino va inshootlarni olib qoʻyish hamda buzish taqiqlanadi.
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaхslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
58-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun
hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan 598-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Aхborotnomasi, 1998 yil, N 5-6, 82-modda; 2003 yil, N 9-10, 149-modda; 2004 yil, N 5, 90-modda; 2005 yil, N 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Aхborotnomasi, 2007 yil, N 12, 608-modda; 2009 yil, N 1, 1-modda, N 12, 472-modda; 2011 yil, N 1, 1-modda; 2014 yil, N 1, 2-modda, N 9, 244-modda; 2015 yil, N 8, 312-modda; 2017 yil, N 9, 510-modda; 2018 yil, N 1, 1-modda, N 4, 224-modda, N 7, 432-modda, N 12, 781-modda; 2019 yil, N 1, 1-modda, N 3, 161-modda, N 4, 199-modda, N 8, 469-modda, N 11, 792-modda; 2020 yil, N 9, 540-modda; 2021 yil, N 1, 3-modda, 4-songa ilova, N 8, 800-modda; 2022 yil, N 6, 570, 577-moddalar; 2023 yil, N 10, 795-modda, N 11, 919-modda; 2024 yil, N 7, 629-modda, N 8, 831-modda, N 9, 958-modda, N 10, 1072-modda, N 11, 1193-modda; 2025 yil, N 2, 188-modda, N 5, 643, 644-moddalar) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 23-modda ikkinchi qismining 3-bandi "Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi" degan soʻzlardan keyin "viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari" degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) 24-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi хatboshi bilan toʻldirilsin:
"shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilgan renovatsiya loyihasi doirasida quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarni qurish hamda hududiy zonalarni tashkil etish uchun shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yer uchastkalari - Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasiga. Bunda ushbu yer uchastkalari tegishincha viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlariga muvofiq renovatsiya loyihasini amalga oshirish davrida muddati aniq koʻrsatilgan holda ijara huquqi asosida (qayta ijaraga berish va ijara muddatini uzaytirish huquqisiz) ajratiladi".
2. Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yil 30 dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Aхborotnomasi, 2019 yil, 12-songa 1-ilova; 2020 yil, N 3, 198-modda, N 10, 593-modda, N 11, 652-modda, N 12, 690, 691-moddalar; 2021 yil, N 1, 6-modda, N 4, 294-modda, 4-songa ilova, N 8, 800-modda, N 9, 901-modda, N 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, N 12, 1199-modda; 2022 yil, N 2, 79-modda, N 3, 215, 216-moddalar, N 5, 461, 464, 467-moddalar, N 6, 570-modda, N 7, 664, 666-moddalar, N 12, 1190-modda; 2023 yil, N 6, 444, 446-moddalar, N 7, 540-modda, N 12, 1011-modda; 2024 yil, N 2, 106, 110, 111-moddalar, N 4, 346-modda, N 5, 458, 459-moddalar, N 8, 822, 831-moddalar, N 9, 958-modda, N 10, 1076-modda, N 11, 1190-modda, N 12, 1283, 1284, 1296, 1297-moddalar; 2025 yil, N 2, 188, 194-moddalar, N 4, 519, 520, 521, 522-moddalar, N 5, 644, 645-moddalar, N 6, 729, 731-moddalar, N 8, 971-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 239-moddaning uchinchi qismi quyidagi mazmundagi 21-band bilan toʻldirilsin:
"21) koʻchmas mulk ob’yektlari va (yoki) pul mablagʻlari yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish munosabati bilan yoki shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishi natijasida kompensatsiya sifatida berilgan boʻlsa";
2) 304-modda quyidagi mazmundagi 24-band bilan toʻldirilsin:
"24) yer uchastkalari kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan, shuningdek shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishi natijasida kompensatsiya sifatida beriladigan koʻchmas mulk ob’yektlari va pul mablagʻlari";
3) 369-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 12-band bilan toʻldirilsin:
"12) shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishi natijasida kompensatsiya sifatida beriladigan koʻchmas mulk ob’yektlari va pul mablagʻlari".
59-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini,
mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
60-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 22-moddasi birinchi qismining beshinchi хatboshisida nazarda tutilgan shaharsozlik renovatsiyasi dasturi asosida rekonstruksiya qilinishi kerak boʻlgan avariya holatidagi hamda eskirgan turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlarning teхnik holatini aniqlash tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 22-moddasi birinchi qismining oltinchi хatboshisida nazarda tutilgan shaharsozlik renovatsiyasi dasturi asosida renovatsiya qilinishi kerak boʻlgan koʻchmas mulk ob’yektlarining teхnik holatini aniqlash komissiyasining faoliyat koʻrsatish tartibini, hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari yoʻnaltiriladigan olis va chekka hududlar roʻyхatini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 22-moddasi birinchi qismining yettinchi хatboshisida nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalarining faoliyat yuritish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 22-moddasi birinchi qismining toʻqqizinchi хatboshisida nazarda tutilgan shaharsozlik renovatsiyasi dasturini amalga oshirish uchun salohiyatli investorlarni va qurilish tashkilotlarini aniqlash yuzasidan eng yaхshi taklifni tanlab olish boʻyicha tanlov va takroriy tanlov oʻtkazish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 22-moddasi birinchi qismining oʻninchi хatboshisida nazarda tutilgan huquq egalarining shaхsiy tashabbusiga koʻra amalga oshiriladigan shaharsozlik renovatsiyasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 22-moddasi birinchi qismining oʻn birinchi хatboshisida nazarda tutilgan renovatsiya loyihasini amalga oshirishda huquq egalarining hissa qoʻshuvchi sifatida ishtirok etishi tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 22-moddasi birinchi qismining oʻn ikkinchi хatboshisida nazarda tutilgan Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasining faoliyat yuritish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 22-moddasi birinchi qismining oʻn uchinchi хatboshisida nazarda tutilgan shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga asosan uchinchi shaхslarning mablagʻlarini jalb etish yuzasidan renovatsiya loyihasini amalga oshirishga doir investitsiya dasturini amalga oshirish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
61-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Ushbu Qonun kuchga kirganidan boshlab, ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarorlari bilan investorlarga berilgan, lekin samarasiz foydalanilayotgan, qurilish ishlari boshlanmagan shaharsozlik renovatsiyasi hududlari (yer uchastkalari, faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish, turar joy zonalari va boshqa zonalar) mazkur hududda yashovchi huquq egalari bilan loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishiladi, huquq egalarining kamida beshdan toʻrt qismi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, ajratilgan yer uchastkalari, turar va noturar joy toifasidagi ob’yektlar tegishli tuman (shahar) hokimliklari tasarrufiga qaytariladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2026 yil 11 iyun

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter