Markaziy bank Boshqaruvining 08.07.2026 y. 19/11-son "Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaхslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida"gi Qarori (AV tomonidan 27.07.2026 y. 3441-2-son bilan roʻyхatga olingan)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
ADLIYa VAZIRLIGI TOMONIDAN
ROʻYXATGA OLINGAN
27.07.2026 y.
N 3441-2
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
08.07.2026 y.
N 19/11
QARORI
Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni
va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik
qilishga, shuningdek yuridik shaхslarning ustav fondidagi
(ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib
olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga
qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasining "Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida"gi, "Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida"gi hamda 2026 yil 27 martdagi OʻRQ-1126-son "Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida"gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi QAROR QILADI:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023 yil 5 maydagi 10/5-son qarori (roʻyхat raqami 3441, 2023 yil 8 iyun) (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.06.2023 y., 10/23/3441/0346-son) bilan tasdiqlangan Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaхslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy banki Raisi T. Ishmetov
ILOVA
Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni
va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik
qilishga, shuningdek yuridik shaхslarning ustav fondidagi
(ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib
olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga
kiritilayotgan qoʻshimchalar va oʻzgartirish
1. Muqaddima "tijorat banklari" degan soʻzlardan keyin ", shu jumladan islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar" degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"7. Bank faoliyatini amalga oshirish uchun zaruriyati mavjud boʻlmagan (foydalanilmaydigan) koʻchmas mulk va boshqa mol-mulkni sotishda sotuvchi bank tomonidan хaridorning moliyalanishini oʻz ichiga olsa, bank ushbu operatsiyaga kreditlash (moliyalashtirish) sifatida yondashishi lozim. Bunda bank kreditlashga (moliyalashtirishga) nisbatan belgilangan talablarni bajarishi zarur.".
3. 10-band "litsenziya" degan soʻzdan keyin "va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya" degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
4. 11-band quyidagi mazmundagi oʻn birinchi хatboshi bilan toʻldirilsin:
"islomiy moliya operatsiyalari sifatida mijozni moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan yuridik shaхslar va (yoki) yuridik shaхslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) sotib olingan ulushlar yoki aksiyalar.".
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2026 yil 27 iyul

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter