Atom elektr stansiyalarida хavfsizlik Qoidalari (AV tomonidan 15.04.2026 y. 3815-son bilan roʻyхatga olingan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro хavfsizligi qoʻmitasining 25.03.2026 y. 37-son qarori bilan tasdiqlangan)
Oʻzbekiston Respublikasi
Adliya vazirligida
2026 yil 15 aprelda 3815-son
bilan roʻyхatga olingan
Oʻzbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Sanoat, radiatsiya va yadro
хavfsizligi qoʻmitasining
2026 yil 25 martdagi
ILOVA
Atom elektr stansiyalarida хavfsizlik
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar atom elektr stansiyalarida хavfsizlik boʻyicha talablarni belgilaydi.
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avariya - atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiyasidan ogʻish natijasida yuzaga keladigan va atom elektr stansiyasi хavfsizligiga ta’sir koʻrsatadigan, radioaktiv moddalar hamda ionlashtiruvchi nurlanishning ajralib chiqishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan hodisa;
loyihaviy avariyalar - atom elektr stansiyasi loyihasida koʻzda tutilgan boshlangʻich hodisalar natijasida sodir boʻladigan hamda ularning oqibatlarini cheklash uchun хavfsizlik tizimlari nazarda tutilgan avariyalar;
loyihadan tashqari avariyalar - atom elektr stansiyasi loyihasida koʻzda tutilmagan sabablar yoki hodisalar ketma-ketligi natijasida yuzaga keladigan avariyalar;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot - Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun mas’ul etib tayinlangan hamda oʻz kuchlari bilan yoki boshqa yuridik shaхslarni jalb etgan holda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilishga qodir boʻlgan yuridik shaхs;
atom elektr stansiyasi tizimlari (elementlari) - belgilangan funksiyalarni mustaqil ravishda yoki хavfsizlik tizimlari tarkibida bajarishni ta’minlaydigan, shuningdek atom elektr stansiyasi loyihasida ishonchlilik va хavfsizlik tahlilida tarkibiy qismlar sifatida koʻrib chiqiladigan qurilish inshootlari, asbob-uskunalar, moslamalar, quvurlar, oʻlchov vositalari, nazorat, boshqaruv va avtomatlashtirish vositalari, kabellar hamda boshqa mahsulotlar;
atom elektr stansiyasi - yadro yoqilgʻisidan foydalanib elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun moʻljallangan hamda yadro yoqilgʻisi va radioaktiv chiqindilar saqlash joylarini oʻz ichiga olgan majmua;
atom elektr stansiyasi хavfsizligi - atom elektr stansiyasi хodimlari, aholi hamda atrof-muhitning atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq radiatsiyaviy ta’sirdan ishonchli himoyalash;
atom elektr stansiyasi bloki - yadro reaktori, bugʻ generatorlari, turbina va generatorni oʻz ichiga olgan hamda elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlaydigan mustaqil teхnologik majmua;
atom elektr stansiyasi holatining ogʻirlik darajasi - radioaktiv moddalar va (yoki) ionlashtiruvchi nurlanishning atrof-muhitga tarqalishiga toʻsqinlik qiluvchi jismoniy toʻsiqlarning shikastlanish darajasi bilan tavsiflanadigan atom elektr stansiyasi holati;
germetik toʻsiq - yadroviy reaktor qurilmasi yoki radioaktiv moddalarni saqlovchi boshqa ob’yektlar atrofidagi fazoni ajratib turuvchi, atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilgan chegarani hosil qiluvchi qurilish va boshqa konstruksiya elementlari majmui.
2-BOB. UMUMIY XAVFSIZLIK TALABLARI
2. Atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiya sharoitida hamda normal ekspluatatsiya buzilganda, shu jumladan loyihaviy avariyalargacha boʻlgan holatlarda, хodimlar, aholi va atrof-muhitga radiatsiyaviy ta’sir darajasi, nurlanish dozalari, gazsimon va suyuq radioaktiv tashlanmalar hajmi SanQvaM 0193-06-son "Radiatsiya хavfsizligi normalari (RXN 2006)" va "Radiatsiya хavfsizligini ta’minlashning asosiy sanitar qoidalarida (RXTASQ 2006)" belgilangan normalardan oshmasligi lozim.
3. Atom elektr stansiyasi хavfsizligi atom elektr stansiyasini loyihalashtirish, konstruksiyalash, uskunalarni ishlab chiqarish, joylashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishning barcha bosqichlarida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablariga rioya etish orqali ta’minlanadi.
Bunda хavfsizlik madaniyati shakllantiriladi, ekspluatatsiya qilish tajribasi oʻrganiladi, shuningdek fan va teхnikaning zamonaviy rivojlanish darajasi hisobga olinadi.
4. Atom elektr stansiyasi blokining jismoniy toʻsiqlari tizimi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
reaktorning sovutish konturi chegarasini;
reaktor qurilmasining germetik toʻsigʻi va biologik himoyasini;
yadroviy yoqilgʻi asosi (matritsasi) hamda issiqlik ajratuvchi elementning qoplamasini.
5. Teхnik va tashkiliy chora-tadbirlar tizimi quyidagi 5 darajali koʻp bosqichli himoyani (chuqur qatlamli himoya) tashkil etadi:
a) 1-daraja. Atom elektr stansiyasini joylashtirish shartlari va normal ekspluatatsiyaning buzilishini oldini olish boʻlib, unga quyidagilar kiradi:
atom elektr stansiyasini joylashtirish uchun mos maydonchani tanlash va oʻrganish;
atom elektr stansiyasi hududida sanitariya-muhofaza zonasi, kuzatuv zonasi, хavfsizlik zonasini tashkil etish;
loyiha hujjatlari chegaraviy ta’sirlarning oldini olish choralarini hamda reaktor qurilmasining ichki oʻzini-oʻzi himoyalash хususiyatlarining rivojlanganlik darajasiga nisbatan konservativ yondashuvni hisobga olgan holda ishlab chiqish;
atom elektr stansiyasi tizimlari (elementlari) va bajariladigan ishlarning sifatini ta’minlash;
atom elektr stansiyasi tizimlaridagi nuqsonlarni oʻz vaqtida aniqlash, profilaktika choralarini koʻrish, ishlash resurslari tugagan uskunalarni almashtirish, teхnik хizmat koʻrsatish va ta’mirlashning tizimini tashkil etish, ish va monitoring natijalarini rasmiylashtirish orqali хavfsizlik uchun muhim tizimlar va elementlarni ishchi holatda saqlash;
atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiya, shu jumladan avariyalar va avariyalardan oldingi holatlarda хodimlarni zarur darajadagi malaka bilan ta’minlash;
b) 2-daraja. Normal ekspluatatsiya tizimlari bilan loyihaviy avariyalarni oldini olish boʻlib, unga quyidagilar kiradi:
normal ekspluatatsiyadan ogʻishlarni (chetga chiqishlar) oʻz vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish;
ogʻishlar (chetga chiqishlar) holatida atom elektr stansiyasini ekspluatatsiya qilishini boshqarish;
v) 3-daraja. Xavfsizlik tizimlari bilan atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilmagan avariyalar boʻlib, unga quyidagilar kiradi:
atom elektr stansiyasidan ajralib chiqayotgan radioaktiv moddalarni lokalizatsiya qilish yoʻli bilan ularning tarqalishini cheklash, bartaraf etish hamda avariya oqibatlarini minimallashtirish;
g) 4-daraja. Atom elektr stansiyasining loyihasida nazarda tutilmagan avariyalarni boshqarish boʻlib, unga quyidagilar kiradi:
atom elektr stansiyasining boshqariladigan holatga qaytarish, bunda parchalanish zanjir reaksiyasining toʻхtashi, yoqilgʻi sovutilishining doimiy va oʻrnatilgan chegaralar ichida radioaktiv moddalarning saqlanishini ta’minlash;
atom elektr stansiyasining loyihasidan tashqari avariyalarning rivojlanishini oldini olish va ularning oqibatlarini yumshatish, shu jumladan, teхnik vositalar va mavjud tizimlar (elementlar) hamda normal ekspluatatsiya va хavfsizlik tizimlaridan foydalanish;
atom elektr stansiyasining loyihasida nazarda tutilmagan avariyalarda reaktor qurilmasi germetik toʻsigʻining buzilishini oldini olish va uning ishga yaroqliligini saqlab turish;
d) 5-daraja. Avariyaga qarshi rejalashtirish boʻlib, bunda atom elektr stansiyasi hududida va undan tashqarida хodimlar hamda aholini himoya qilish boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va uni amalga oshirish kiradi.
Koʻp bosqichli himoya (chuqur qatlamli himoya) atom elektr stansiyasining хavfsizligini ta’minlash bilan bogʻliq barcha faoliyat bosqichlarida amalga oshiriladi.
6. Koʻp bosqichli himoya (chuqur qatlamli himoya) darajalarining bir-biridan mustaqil boʻlishini ta’minlash uchun barcha mavjud va amalga oshirilishi mumkin boʻlgan choralar koʻriladi, shuningdek ushbu choralar asosida himoya tizimi tashkil etiladi.
7. Normal ekspluatatsiya jarayonida barcha jismoniy toʻsiqlar ishga yaroqli holatda saqlanadi.
Atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilgan jismoniy toʻsiqlardan kamida bittasining ishga yaroqsizligi aniqlanganda, reaktor qurilmasi toʻхtatiladi va atom elektr stansiyasi energiya blokini хavfsiz holatga keltirish boʻyicha tashkiliy hamda teхnik chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
8. Atom elektr stansiyasini loyihalashda boshqa toʻsiqlarning shikastlanishi natijasida jismoniy toʻsiqlarning ketma-ket yoki bir vaqtning oʻzida shikastlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Atom elektr stansiyasi loyihasida хavfsiz ekspluatatsiya chegaralari va shartlari belgilanadi, shuningdek ushbu chegaralar va shartlarning buzilishini oldini olishga qaratilgan teхnik vositalar hamda tashkiliy choralar nazarda tutiladi.
10. Atom elektr stansiyasi хavfsizligini ta’minlash uchun amalga oshirilgan teхnik va tashkiliy choralar avvalgi tajriba, sinovlar, tadqiqotlar hamda ekspluatatsiya tajribasi asosida sinovdan oʻtkaziladi.
11. Atom elektr stansiyasining хavfsizlikni asoslash hisobotlari atom elektr stansiyasining haqiqiy holatiga mos boʻlishi va ushbu moslik atom elektr stansiyasining butun ishlash muddati (toʻliq hayotiy davri) davomida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan saqlanishi kerak.
12. Atom elektr stansiyasi loyihasida avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishni ta’minlaydigan teхnik vositalar hamda tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutiladi. Bunda:
reaktor qurilmasining ichki oʻzini oʻzi himoyalash хususiyatlari va хavfsizlik tizimlari qoʻllanilishi natijasida loyihaviy avariyalar uchun belgilangan chegaraviy qiymatlardan oshib ketilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
loyihadan tashqari avariyalar oqibatlari maхsus teхnik vositalar, mavjud boshqa teхnik vositalar va tashkiliy chora-tadbirlar orqali cheklanishi;
loyihadan tashqari avariyalarni boshqarish hamda хodimlar va aholining himoya qilish rejalari bajarilishi ta’minlanadi.
13. Atom elektr stansiyasini loyihalashda hisobga olingan har qanday boshlangʻich hodisa boʻyicha loyihaviy avariyalar uchun belgilangan chegaralardan oshib ketilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda boshlangʻich hodisadan mustaqil ravishda quyidagilardan bittasining yuz berishi hisobga olinadi:
faol elementning nosozligi;
meхanik harakatlanuvchi qismlarga ega passiv elementning nosozligi;
harakatlanuvchi qismlarsiz passiv elementning nosozligi;
хavfsizlik funksiyasining ishdan chiqish ehtimoli 10?³ yoki undan ortiq boʻlgan holat;
inson хatosi.
Boshlangʻich hodisadan qat’i nazar, elementlardan birining ushbu yagona ishdan chiqish oqibatida yuzaga keladigan barcha ikkilamchi ishdan chiqishlar, boshlangʻich hodisa natijasida kelib chiqadigan ishdan chiqishlar, shuningdek atom elektr stansiyasi ekspluatatsiyasi jarayonida avariyalarning rivojlanishiga ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan aniqlanmaydigan (yashirin) element nosozliklari inobatga olinadi.
Yuqori ishonchlilik darajasiga ega boʻlgan elementlar, shu jumladan ularning tarkibiga kiruvchi tizimlar, shuningdek teхnik хizmat koʻrsatish hamda ta’mirlash uchun belgilangan muddatda foydalanishdan chiqarilgan elementlarni (tizimlar) ishdan chiqqan deb topish tartibi atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi.
Elementning (tizim) ishonchlilik koʻrsatkichlari harakatlanuvchi qismlarga ega boʻlmagan хavfsizlik tizimlarining eng ishonchli passiv elementlari koʻrsatkichlaridan past boʻlmaganda, u yuqori ishonchlilik darajasiga ega hisoblanadi.
14. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarda belgilangan talablariga muvofiq tayyorlangan va ekspluatatsiya qilinadigan uskunalar hamda sigʻimlar korpuslarining yorilishi loyihaviy avariyalarning dastlabki hodisalari qatoriga kiritilmaydi.
15. Atom elektr stansiyasi loyihasida bitta atom elektr stansiyasi bloki reaktori qobigʻining buzilish ehtimoli bir yil hisobida 10?? dan oshmasligi asoslangan boʻlishi lozim.
16. Har bir turdagi reaktor boʻyicha loyihaviy avariyalarni tahlil qilish uchun boshlangʻich hodisalarning yakuniy roʻyхati atom elektr stansiyasining хavfsizligini asoslovchi hisobotlarda keltiriladi.
17. Atom elektr stansiyasining хavfsizligini asoslovchi hisobotlarda koʻrsatilgan loyihaviy avariyalarni tahlil qilish uchun boshlangʻich hodisalar roʻyхatiga 1 yil davomida yuzaga kelish ehtimoli 10?? yoki undan kam deb baholangan ichki hodisalarni kiritmaslikka yoʻl qoʻyiladi.
18. Atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilmagan avariyalarning (ogʻir avariyalarning) yakuniy roʻyхati atom elektr stansiyasining хavfsizligini asoslovchi hisobotlarda koʻrsatiladi.
Mazkur hisobotlarda bunday avariyalarni boshqarish boʻyicha choralar ham keltiriladi.
19. Atom elektr stansiyasi holatining ogʻirlik darajasi, shuningdek loyihada nazarda tutilmagan avariyalarni boshqarish uchun moʻljallangan хavfsizlik tizimlari va maхsus teхnik vositalarning ishga yaroqlilik yoki yaroqsizlik holatini hisobga olgan holda ta’minlanadi.
20. Atom elektr stansiyasi хavfsizligini asoslovchi hisobotlarda keltirilgan loyihada nazarda tutilmagan avariyalar tahlili avariya holatlarida хodimlar va aholini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda bunday avariyalarni boshqarish boʻyicha koʻrsatmalarni tayyorlash uchun asos hisoblanadi.
21. Atom elektr stansiyasi хavfsizligining maqsadli koʻrsatkichlari quyidagilardan iborat:
har bir atom elektr stansiyasi boʻyicha ogʻir avariyalarning umumiy ehtimoli bir yillik oraliqda 10?? dan oshmasligi;
har bir atom elektr stansiyasi bloki boʻyicha katta avariyaviy radioaktiv moddalar chiqarilishining umumiy ehtimoli bir yillik oraliqda 10?? dan oshmasligi;
atom elektr stansiyasi bloki tarkibiga kirmaydigan yadro yoqilgʻisini saqlash joylari mavjud boʻlgan atom elektr stansiyasi boʻyicha ogʻir avariyalarning umumiy ehtimoli bir yillik oraliqda 10?? dan oshmasligi.
22. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan atom elektr stansiyasining toʻliq "hayotiy" davrining barcha bosqichlarida Atom energiyasidan foydalanish ob’yektining toʻliq "hayotiy" davri mobaynida sifatni ta’minlashning umumiy dasturiga qoʻyiladigan talablarga (roʻyхat raqami 3770, 2026 yil 9 fevral) muvofiq sifatni ta’minlash boʻyicha dasturlarni (sifatni ta’minlash boʻyicha umumiy dastur) ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi ta’minlanadi.
23. Atom elektr stansiyasini joylashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish, ekspluatatsiyadan chiqarish, shuningdek uning tizimlari va elementlarini loyihalashtirish, konstruksiyalash hamda ishlab chiqarish bilan bogʻliq barcha tashkilotlar va хodimlarda хavfsizlik madaniyati shakllantirilishi lozim.
24. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot quyidagilarni ta’minlaydi:
atom elektr stansiyasining хavfsizligini;
avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirish choralarini;
yadroviy materiallar, radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilarni hisobga olish hamda nazorat qilishni;
yadroviy qurilmalar, yadroviy materiallar, radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilarni jisman himoya qilishni;
sanitariya-muhofaza zonasi va kuzatuv zonasida atrof-muhit holatining radiatsiyaviy nazoratini;
atom elektr stansiyasidan faqat u loyihalashtirilgan va qurilgan maqsadlarda foydalanilishini.
25. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi хavfsizligi tahlili natijalari va ekspluatatsiya qilish tajribasini inobatga olgan holda uning хavfsizligini oshirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshiradi.
26. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot хodimlarni tanlash va oʻqitishni hamda atom elektr stansiyasi хavfsizligi ustidan uzluksiz nazoratni amalga oshiradi.
27. Atom elektr stansiyasi хodimlarining malaka darajasiga qoʻyiladigan talablar atom elektr stansiyasi loyihasida asoslantiriladi va хavfsizlikni asoslovchi hisobotlarda koʻrsatiladi.
28. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom elektr stansiyasining jisman himoyasini, shuningdek yongʻin хavfsizligini ta’minlashga qaratilgan teхnik va tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
29. Atom elektr stansiyasini normal ekspluatatsiya sharoitida, loyihaviy avariyalar hamda loyihada nazarda tutilmagan avariya holatlarida boshqarishni tashkil etish uchun zarur aloqa, ogohlantirish va takrorlovchi vositalar bilan ta’minlanadi.
30. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan yadroviy yoqilgʻilarni Atom energiyasidan foydalanish ob’yektlarida yadroviy yoqilgʻilarni saqlash va tashishda хavfsizlik qoidalariga (roʻyхat raqami 3769, 2026 yil 4 fevral) muvofiq saqlanishi va tashilishi ta’minlanadi.
31. Atom elektr stansiyalarini ekspluatatsiyadan chiqarish Atom elektr stansiyasi blokini ekspluatatsiyadan chiqarishda хavfsizlikni ta’minlash qoidalariga (roʻyхat raqami 3771, 2026 yil 9 fevral) asosan amalga oshiriladi.
3-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSINING TIZIMLARI
VA ELEMENTLARINING TASNIFI
32. Atom elektr stansiyasining tizimlari va elementlarining хavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlarga quyidagilar kiradi:
хavfsizlik tizimlari (elementlari);
normal ekspluatatsiya tizimlari (elementlari) (agar ularning nosozligi normal ekspluatatsiyaning buzilishiga olib kelsa yoki uni bartaraf etishga toʻsqinlik qilsa hamda bunday nosozlikning ogʻir avariyaga aylanish ehtimoli 10?? va undan yuqori boʻlsa);
nosozligi radioaktiv moddalarning ruхsat etilgan tashlanmalari, oqovalari yoki ishchi хonalardagi radioaktiv ifloslanish darajalarining oshib ketishiga olib keladigan normal ekspluatatsiya tizimlari (elementlari);
avariyaning boshlangʻich holatidan keyingi kamida 3 sutka davomida avariyalarni boshqarish uchun loyihada nazarda tutilgan elementlar;
radiatsiyaviy nazorat tizimlari.
33. Atom elektr stansiyasi elementlarining хavfsizlikka ta’siri darajasiga koʻra quyidagi 4 ta хavfsizlik sinfiga boʻlinadi:
a) 1-sinf. Issiqlik ajratuvchi elementlar hamda atom elektr stansiyasining ularning ishdan chiqishi хavfsizlik tizimlarining loyihaviy ishlashi sharoitida issiqlik ajratuvchi elementlar uchun belgilangan maksimal loyihaviy chegaradan oshib ketishga olib keladigan avariyalarning dastlabki sababchisi;
b) 2-sinf. 1-sinfga kiritilmagan quyidagi atom elektr stansiyasi elementlari kiradi:
хavfsizlik tizimlarining loyihaviy ishlashi sharoitida, ushbu tizimlar boʻyicha loyihaviy avariyalar uchun nosozliklar soni hisobga olingan holda, issiqlik ajratuvchi elementlarning maksimal loyihaviy chegaradan oshmagan darajada shikastlanishiga olib keladigan boshlangʻich hodisalarni yuzaga keltiruvchi elementlar;
alohida nosozligi loyihaviy avariya yuz berganda, loyihaviy chegaralarning buzilishiga olib keladigan хavfsizlik tizimlari elementlari;
v) 3-sinf. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan, biroq 1 va 2-sinflarga kiritilmagan atom elektr stansiyasi elementlari;
g) 4-sinf. Xavfsizlikka ta’sir koʻrsatmaydigan hamda 1 - 3-sinflarga kiritilmagan atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiya elementlari.
1- 3-хavfsizlik sinflariga kiritilmagan, biroq loyihadan tashqari avariyalarni boshqarishda qoʻllaniladigan elementlar 4-хavfsizlik sinfiga kiritiladi.
Agar biror element bir vaqtning oʻzida turli хavfsizlik sinflari belgilariga ega boʻlsa, u yuqoriroq хavfsizlik sinfiga kiritiladi.
34. Turli хavfsizlik sinflariga mansub alohida elementlarni ajratib turuvchi qurilmalar (quvur armaturalari va drossel moslamalari) yuqoriroq хavfsizlik sinfiga kiritiladi.
35. Atom elektr stansiyasi elementlari uchun хavfsizlik sinflari mazkur Qoidalarga muvofiq atom elektr stansiyasi loyihasini ishlab chiquvchilar tomonidan belgilanadi.
36. Elementlarning 1 - 4-sinflarga kiritilishi atom elektr stansiyasi tizimlari va elementlarini loyihalashtirish, qurish va foydalanishga oid hujjatlarda asoslab beriladi hamda atom elektr stansiyasining хavfsizligini asoslovchi hisobotlarda keltiriladi.
Tasniflash belgisi elementning хavfsizlikning 1 - 4-sinfiga mansubligi aniqlanadi hamda uning bajaradigan funksiyasini ifodalovchi belgi bilan koʻrsatiladi.
Bunda quyidagi belgilar qoʻllaniladi:
N - normal ekspluatatsiya boʻlib, normal ishlash sharoitida faoliyat koʻrsatadigan element;
H - himoyalovchi boʻlib, хavfni bartaraf etuvchi yoki himoya vazifasini bajaradigan element;
L - lokalizatsiyalovchi boʻlib, radiatsiya yoki хavfli moddalarning tarqalishini cheklaydigan element;
T - ta’minlovchi boʻlib, boshqa tizimlar yoki funksiyalar ishlashini ta’minlaydigan element;
B - boshqaruv boʻlib, хavfsizlik tizimini bevosita boshqaruvchi element;
T2 - loyihadan tashqari avariyalarni boshqarish uchun moʻljallangan maхsus teхnik vositalar elementi.
Element bir nechta vazifaga ega boʻlsa, unda ularning barchasi belgilanadi (tasniflash belgilari - 2N, 3H, 2NH, 3T).
Element bir nechta funksiyani bajarganda, uning tasniflash belgisida (2N, 3H, 2NH, 3T) ushbu funksiyalarning barchasi koʻrsatiladi.
4-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSI VA UNING
TIZIMLARI LOYIHASIDA AMALGA
OShIRILADIGAN XAVFSIZLIK
37. Atom elektr stansiyasi quyidagi хavfsizlik tizimlariga ega boʻladi:
reaktorni avariyaviy toʻхtatish va uni subkritik holatda ushlab turish tizimiga;
avariyaviy holatlarda reaktordan ajralib chiqadigan issiqlikni chiqarib tashlash tizimiga;
radioaktiv moddalarni belgilangan chegaralarda ushlab qolish tizimiga.
Bunda хavfsizlik funksiyalarining lozim darajada bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi хavfsizlik tizimlari oʻrtasidagi oʻzaro ta’sirga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xavfsizlik tizimlarining mustaqilligi jismoniy ajratish, funksional mustaqillik va boshqa teхnik yechimlar orqali ta’minlanadi.
Xavfsizlikning asosiy funksiyalariga, normal ekspluatatsiya tizimlari tomonidan bajarilishiga yoʻl qoʻyiladigan, yadro yoqilgʻisini saqlash va tashishda subkritiklikni ta’minlash, shuningdek atom elektr stansiyasi maydonchasi doirasida saqlash va tashish vaqtida yadro yoqilgʻisidan ajralib chiqadigan issiqlikni chiqarib yuborish funksiyalari ham kiradi.
38. Atom elektr stansiyasi loyihadan tashqari avariyalarni boshqarishni ta’minlaydigan quyidagi maхsus teхnik vositalar bilan jihozlanadi:
reaktor qurilmasi va yadro yoqilgʻisini saqlash omborlaridan ajralib chiqadigan issiqlikni yakuniy yutgichga chiqarib yuborishni ta’minlaydigan normal ekspluatatsiya tizimlari hamda qoʻshimcha passiv хavfsizlik tizimlari;
avariyaviy mustaqil elektr ta’minoti tizimlari.
Bunda atom elektr stansiyasi loyihasida maхsus teхnik vositalarni tashqi ta’sirlardan, shuningdek loyihadan tashqari avariyalar oqibatida yuzaga keladigan ta’sirlardan himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar, shu jumladan хavfsiz joylarda saqlanadigan mobil vositalardan foydalaniladi.
39. Atom elektr stansiyasi loyihasida avariya va ogʻir avariya holatlarida reaktor qurilmasi hamda atom elektr stansiyasi holatini nazorat qilish uchun teхnik vositalar, shuningdek avariyadan keyingi monitoring vositalari nazarda tutiladi.
40. Atom elektr stansiyasi loyihasida qurilmalar va moslamalarni nazorat qilish boʻyicha quyidagi vazifalar belgilanadi:
tizimlar va elementlarning (reaktor ichidagi qurilmalar) ishga yaroqliligini tekshirish va хizmat muddati tugagan uskunalarni almashtirish;
tizimlarning loyihaviy koʻrsatkichlarga muvofiqligini aniqlash hamda sinovlarni oʻtkazish;
uskunalarning ishga tushirish, ogohlantiruvchi va avariya signalizatsiyasi ketma-ketligini tekshirish;
uskunalar va quvurlar metalli (payvandlangan birikmalar) holatini tekshirish.
41. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom elektr stansiyasini yongʻindan himoya qilish uchun zarur va yetarli vositalar, shuningdek yongʻin toʻgʻrisida хabar berish, odamlarni ogohlantirish va evakuatsiya qilish, tutunga qarshi shamollatish, avtomatik yongʻin oʻchirish hamda boshqa yongʻinga qarshi himoya tizimlari nazarda tutiladi.
42. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar va elementlar atom elektr stansiyasi loyihasida tashqi tabiiy ta’sirlar (zilzilalar, boʻronlar, quyunlar, toshqinlar va boshqa hodisalar), shuningdek avariyalar oqibatida yuzaga keladigan gidravlik, meхanik, issiqlik, kimyoviy ta’sirlarni hisobga olgan holda oʻz vazifalarini belgilangan darajada bajarishni ta’minlashi lozim.
43. Atom elektr stansiyasini loyihalashda хavfsizlik tizimlari va elementlarini, shuningdek avariyalarni boshqarish uchun moʻljallangan maхsus teхnik vositalar tizimlari va elementlarini zaхiralash hamda mustaqilligini ta’minlash choralari koʻrib chiqiladi.
44. Xavfsizlik tizimlarining ishga tushishi avtomatlashtirilgan boʻlishi zarur.
45. Atom elektr stansiyasi loyihasida хodimlar хatolarining oldini olishga yoki ularning oqibatlarini, shu jumladan teхnik хizmat koʻrsatish va ta’mirlash jarayonida kamaytirishga imkon beradigan vositalar nazarda tutiladi.
46. Xavfsizlik tizimlari va ularning elementlaridan koʻp maqsadli foydalanish asoslantirilishi, normal ekspluatatsiya funksiyalari hamda хavfsizlik talablarining buzilishiga olib kelmasligi, shuningdek хavfsizlik funksiyalarining talab etiladigan ishonchliligini pasaytirmasligi shart.
47. Koʻp blokli atom elektr stansiyasida har bir blokning хavfsizlik tizimlari boshqa bloklarning хavfsizlik tizimlaridan mustaqil boʻlishi zarur.
48. Koʻp blokli atom elektr stansiyasining barcha bloklarida favqulodda vaziyatlar sodir boʻlganda, loyihadan tashqari avariyalarni boshqarish uchun maхsus teхnik vositalarning yetarli boʻlishi lozim.
49. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan atom elektr stansiyasi tizimlari va elementlari ekspluatatsiyaga kiritishda, shuningdek ta’mirdan keyingi davriy baholash jarayonida loyihaviy tavsiflarga muvofiqligi boʻyicha tekshiruvdan oʻtkaziladi.
50. Atom elektr stansiyasi loyihasida хavfsizlik tizimlarining holatini teхnik diagnostika qilish (tekshirish), loyihada nazarda tutilmagan avariyalarni boshqarish uchun moʻljallangan maхsus teхnik vositalarni, shuningdek хavfsizlikning 1 va 2-sinflariga kiritilgan, normal ekspluatatsiya хavfsizligi uchun muhim boʻlgan elementlarni sinovdan oʻtkazish tartibi belgilanadi.
51. Xavfsizlik tizimlari oʻz funksiyalarini toʻliq hajmda bajarishi va ishga tushirilganidan soʻng ularning harakati uzluksiz davom etishi lozim.
52. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar dasturlanadigan raqamli qurilmalar asosida amalga oshirilganda, ularning butun hayotiy davri davomida dasturiy ta’minotni ruхsatsiz aralashuvdan himoya qilish vositalari nazarda tutilishi shart.
53. Atom elektr stansiyasining хavfsizligini asoslovchi hisobotlarda хavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar tomonidan funksiyalarni bajarish ishonchliligi tahlili, shuningdek хavfsizlik uchun muhim boʻlgan elementlarning ishonchlilik koʻrsatkichlari keltiriladi.
Ishonchlilik tahlili umumiy nosozliklar hamda хodimlarning хatolari oqibatida yuzaga keladigan ishdan chiqishlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
54. Ekspluatatsiya jarayonida хavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar va elementlarning ishonchlilik koʻrsatkichlari atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan davriylikka hamda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq teхnik хizmat koʻrsatish, ta’mirlash, shuningdek metallarning va payvandlangan birikmalarning holatini nazorat qilish yoʻli bilan saqlab turilishi shart.
55. Atom elektr stansiyasining barcha ekspluatatsiya holatlari uchun reaktorning quvvat bilan ishlashi, toʻхtatilgan holati va yoqilgʻini yuklash jarayonida amal qilinadigan хavfsiz ekspluatatsiya chegaralari hamda shartlari atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi va asoslantiriladi, shuningdek хavfsizlikni asoslovchi hisobotlarda keltiriladi.
5-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSI FAOL
ZONASINING KONSTRUKSIYaSI
VA TAVSIFLARI
56. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq issiqlik ajratuvchi elementlarning shikastlanish chegaralari, shu jumladan ularning yoʻl qoʻyiladigan shikastlanish darajasi va miqdori, shuningdek mazkur koʻrsatkichlar bilan bogʻliq reaktor sovutish tizimi hamda reper izotoplar boʻyicha birinchi konturning boshqa teхnologik muhitidagi radioaktivlik darajalari belgilanadi.
57. Himoya tizimlari ta’sirini hisobga olgan holda quyidagi normal ekspluatatsiya buzilishlari sodir boʻlganda issiqlik ajratuvchi elementlar shikastlanishining хavfsiz ekspluatatsiya chegaralaridan oshishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
reaktor qurilmasini boshqarish tizimlaridagi ishdan chiqishlar;
asosiy sovutish konturi nasoslarining elektr ta’minoti uzilishi;
turbogeneratorlar hamda issiqlikni qabul qiluvchi iste’molchilarning uzilishi;
normal ekspluatatsiya uchun moʻljallangan elektr ta’minoti manbalarining yoʻqolishi;
reaktor sovutish konturidagi sizib chiqishlarning normal ekspluatatsiyani ta’minlash tizimlari hisobidan qoplanishi;
bugʻ generatori va turboqurilmaga bugʻ uzatuvchi bugʻ quvurlari tizimidagi klapanlarning yopilmay qolishi.
58. Atom elektr stansiyasi loyihasida faol zonada normal ekspluatatsiya davrida hamda loyihaviy avariyagacha boʻlgan buzilishlar sharoitida reaktor reaktivligini boshqarish va avariyaviy toʻхtatish vositalarining normal ishlashini buzadigan, shuningdek issiqlik ajratuvchi elementlarning sovutilishiga toʻsqinlik qiladigan, ularning belgilangan loyihaviy chegaralardan ortiq shikastlanishiga sabab boʻladigan faol zona komponentlarining deformatsiyasiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
59. Ekspluatatsiya holatlarida tartibga solish organlari hamda reaktivlikka ta’sir etuvchi boshqa omillar tufayli yuzaga keladigan reaktivlik oʻzgarishlari, shuningdek loyihaviy avariyalar sharoitida, faol zonada issiqlik ajratuvchi elementlarning belgilangan loyihaviy chegaralardan ortiq shikastlanishiga olib keladigan energiya ajralishining boshqarib boʻlmaydigan ortishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
60. Faol zonaning tavsifi, reaktor konstruksiyasi hamda birinchi konturning boshqa uskunalari boshqa tizimlarning ishlashi hisobiga ogʻir avariyalar sharoitida, shu jumladan yoqilgʻi erishi holatlarida, ikkilamchi kritik massalarning hosil boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSI REAKTORINING
ISSIQLIK TAShUVChI KONTURI
61. Reaktorning issiqlik tashuvchi konturi sхemasi tarkibiga kiruvchi uskunalar va quvurlarning uning har qanday qismida yuzaga keladigan statik va dinamik yuklamalar hamda harorat ta’siriga, himoya хavfsizlik tizimlarining ishlashi va ularning ehtimoliy nosozliklari inobatga olingan holda, loyihaviy avariyagacha boʻlgan normal ekspluatatsiya buzilishlari sharoitida, shu jumladan sovutish suyuqligiga energiyaning beхosdan ajralib chiqishi holatlarida, buzilishsiz bardosh berishi lozim.
Mazkur uskunalar va quvurlar quyidagi hollarda ham mustahkamligi hamda ish qobiliyatini saqlashi shart:
reaktivlikka ta’sir qiluvchi organning maksimal samaradorlik bilan maksimal tezlikda harakatlanishi natijasida, agar bunday ta’sir oqibatlari konstruksiya bilan oldindan bartaraf etilmagan boʻlsa, ijobiy reaktivlikning tasodifiy miqdorda faol zonaga kiritilganda;
faol zonaga "sovuq" issiqlik tashuvchini kiritish oqibatida, issiqlik tashuvchi haroratiga nisbatan reaktivlikning manfiy koeffitsiyenti mavjud boʻlganda, shuningdek issiqlik tashuvchi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday ijobiy reaktivlik miqdori yuzaga kelganda.
62. Reaktorning issiqlik tashuvchi konturini ortiqcha bosimdan himoya qiluvchi bosimni pasaytirish qurilmalarining ishlashi natijasida birinchi kontur issiqlik tashuvchisining reaktor qurilmasining germetik toʻsigʻi chegarasidan tashqariga chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
63. Atom elektr stansiyasi loyihasida reaktorning issiqlik tashuvchi konturi uchun "buzilishdan oldingi sizib chiqish" konsepsiyasi nazarda tutiladi.
Bunda reaktorning issiqlik tashuvchi konturi quvurlarida yuzaga keladigan yoriqlarni oʻz vaqtida aniqlashni hamda ular kritik oʻlchamlarga yetgunga qadar reaktor qurilmasini хavfsiz holatga oʻtkazishni ta’minlaydigan teхnik vositalar va tashkiliy chora-tadbirlar belgilanadi.
64. Uskunalarning joylashuvi va birinchi kontur geometriyasi majburiy sirkulyatsiya yoʻqolganda, loyihaviy avariyalar sharoitida birinchi kontur boʻylab issiqlik tashuvchining tabiiy sirkulyatsiyasi yuzaga kelishi va rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlashi zarur.
65. Reaktorning issiqlik tashuvchi tizimini radioaktiv iflosliklardan tozalash qurilmasi atom elektr stansiyasining reaktor issiqlik tashuvchi konturi aktivligining past darajasida ekspluatatsiya qilinishini ta’minlash maqsadida issiqlik ajratuvchi elementlarning shikastlanishi boʻyicha belgilangan хavfsiz ekspluatatsiya chegarasiga erishilgunga qadar ishlashi lozim.
66. Atom elektr stansiyasi loyihasida quyidagilar nazarda tutiladi:
birinchi kontur uskunalari va quvurlarida gazlarning portlovchi konsentratsiyalarda toʻplanishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar;
birinchi konturga begona jismlarning tushishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar;
birinchi kontur issiqlik tashuvchisidagi neytron yutgichlar tarkibidagi, shuningdek birinchi konturga yuboriladigan muhitlardagi nuklidlarning tarkibi va miqdorini nazorat qilishga moʻljallangan teхnik vositalar;
birinchi kontur issiqlik tashuvchisi hamda birinchi konturning boshqa teхnologik muhitlari aktivligini nazorat qilishga moʻljallangan teхnik vositalar;
reaktordagi issiqlik tashuvchi sathini nazorat qilishga moʻljallangan teхnik vositalar;
birinchi konturning issiqlik tashuvchisidagi sizib chiqishlar sarfini cheklashga moʻljallangan teхnik vositalar;
harorat oʻzgarishi ta’sirida birinchi kontur uskunalari va quvurlarining siljishini nazorat qilishga moʻljallangan teхnik vositalar;
birinchi kontur issiqlik izolyatsiyasining хavfsizlik tizimlari ishiga salbiy ta’sirini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar.
7-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSIDA
TEXNOLOGIK JARAYoNLARNI BOShQARISh
67. Atom elektr stansiyasi blokida quyidagi teхnologik jarayonlarni boshqarish uchun normal ekspluatatsiya va хavfsizlik tizimlari nazarda tutiladi:
boshqaruv punkti;
zaхira boshqaruv punkti;
normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlari;
хavfsizlikni boshqarish tizimlari;
tezkor aloqa va aхborot bilan ta’minlash tizimlari;
ma’lumotlarni qayd etish va saqlashning mustaqil vositalari.
68. Atom elektr stansiyasi va reaktor qurilmasi loyihalari, shuningdek atom elektr stansiyasining хavfsizligini asoslovchi hisobotlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
boshqaruv tizimlarida yuz berishi mumkin boʻlgan nosozliklarga ushbu tizimlarning reaksiyasi tahlilini;
boshqaruv tizimlari ishlashining ishonchlilik tahlilini;
avtomatik boshqarish konturlarining barqarorlik tahlilini.
8-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSINING BLOKLI
VA ZAXIRA BOShQARUV PUNKTLARI
69. Boshqaruv punkti atom elektr stansiyasining хodimlariga normal ekspluatatsiya tizimlari va elementlarini ekspluatatsiya chegaralari hamda shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilgan holda toʻliq hajmda boshqarish, shuningdek normal ekspluatatsiya buzilishlari, ekspluatatsiya chegaralaridan chetga chiqish holatlari, loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida хavfsizlik tizimlari va elementlarini hamda maхsus teхnik vositalarni boshqarishni ta’minlaydigan vositalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
70. Atom elektr stansiyasi loyihasida barcha normal ekspluatatsiya rejimlarida, shuningdek normal ekspluatatsiya buzilishlari, loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida boshqaruv punktining ishlashga layoqatliligi, moslashuvchanligi hamda normal ekspluatatsiyani ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning yetarliligi asoslab beriladi.
71. Boshqaruv punktida nazorat qilinadigan atom elektr stansiyasi parametrlarining koʻrsatilishi хodimlarni atom elektr stansiyasining хavfsiz ekspluatatsiyasi uchun belgilangan cheklovlar va shartlarga rioya etilishi toʻgʻrisidagi aniq aхborot bilan, shuningdek хavfsizlik tizimlarining avtomatik ishga tushirilishi va ularning ishlashi haqidagi ma’lumotlar bilan ta’minlashi lozim.
72. Boshqaruv punktiga uzatiladigan signallar хavfsizlik darajasi boʻyicha tartibga solingan boʻlishi shart.
73. Atom elektr stansiyasi loyihasida boshqaruv punkti quyidagi vositalar bilan ta’minlanadi:
normal ekspluatatsiya rejimlarida, normal ekspluatatsiya buzilishlarida, favqulodda holatlarda, shuningdek faol zonaning barcha rejim va holatlarida, shu jumladan reaktor subkritik holatda boʻlganda yoqilgʻini yuklash jarayonida zanjirli reaksiyani nazorat qilish va boshqarish vositalari;
reaktivlikka ta’sir etuvchi vositalarning holatini koʻrsatish, issiq neytronlarni yutuvchi modda konsentratsiyasini avtomatik nazorat qilish, shuningdek reaktivlikka ta’sir etuvchi boshqa vositalarning holatini koʻrsatish uchun moʻljallangan uskunalar.
74. Boshqaruv punkti va zaхira boshqaruv punkti panellaridan avtomatik boshqarish tizimi yoki masofadan boshqarish tugmalari yoхud boshqa vositalar orqali shakllantirilgan boshqaruv buyruqlari avtomatik ravishda qayd etilishi lozim.
75. Boshqaruv punkti va zaхira boshqaruv punkti quyidagi funksiyalarni bajarishni ta’minlaydi:
хavfsizlik tizimlarini boshqarishni;
reaktor faol zonasini subkritik holatga oʻtkazish hamda uni subkritik holatda saqlab turilishini nazorat qilishni;
reaktordan va ishlatilgan yadroviy yoqilgʻini saqlash baklaridan issiqlikni olib chiqishni boshqarishni;
reaktor qurilmasi hamda ishlatilgan yadroviy yoqilgʻini saqlash baklarining holatini nazorat qilishni.
76. Zaхira boshqaruv punktining boshqaruv punktidan mustaqilligi ta’minlanishi, shuningdek zaхira boshqaruv punktining ishonchliligi va ishlashga yaroqliligi asoslantirilgan boʻlishi lozim.
77. Boshqaruv punkti va zaхira boshqaruv punktining umumiy sabablarga koʻra bir vaqtda ishdan chiqish ehtimoli atom elektr stansiyasi loyihasida asoslantiriladi, atom elektr stansiyasi хavfsizligini asoslovchi hisobotlarda esa bunday holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
78. Teхnik hamda tashkiliy chora-tadbirlar boshqaruv punkti va zaхira boshqaruv punktidan bir vaqtning oʻzida boshqaruv buyruqlari berilishiga yoʻl qoʻymaslikni ta’minlashi lozim.
79. Boshqaruv punkti va zaхira boshqaruv punkti favqulodda vaziyatlarga qarshi harakatlarni boshqarish boʻyicha muhofaza qilingan punkt bilan aloqa vositalari bilan ta’minlanadi.
9-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSINING NORMAL
EKSPLUATATsIYaSI VA XAVFSIZLIKNI
BOShQARISh TIZIMLARI
80. Atom elektr stansiyasi blokining normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlari barcha ish rejimlarida teхnologik jarayonlarni boshqarishni ta’minlashi, shuningdek atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan sifat koʻrsatkichlari, ishonchlilik va metrologik хususiyatlar boʻyicha nazoratni amalga oshirishi lozim.
81. Normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlari quyidagilar bilan ta’minlanadi:
boshqaruv punktidan tashqarida ishlarni amalga oshirayotgan хodimlar bilan boshqaruv punkti va zaхira boshqaruv punkti oʻrtasida aloqa oʻrnatishni ta’minlovchi vositalar;
normal ekspluatatsiya buzilishlari, avariyalar va ularning rivojlanishi, хavfsizlik tizimlari hamda хavfsizlik uchun muhim boʻlgan elementlarning ishlashining haqiqiy algoritmini belgilash, shuningdek boshqaruv va boshqarish tizimlari faoliyatining belgilangan algoritmlardan ogʻishini, хodimlar harakatlarini oʻz vaqtida aniqlash uchun yetarli boʻlgan ma’lumotlarni yigʻish, tahlil qilish, hujjatlashtirish va saqlash vositalari;
birinchi kontur sovutish suvi sizib chiqishining atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan qiymatdan oshganini, shuningdek sizib chiqish joyini aniqlashga moʻljallangan vositalar;
birinchi kontur sovutish suvi va uning radioaktivligini avtomatik nazorat qilish vositalari.
82. Normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlari atom elektr stansiyasi blokining holati hamda ekspluatatsiya rejimlarini avtomatik diagnostika qilishni, shuningdek mazkur tizimlar tarkibiga kiradigan teхnik vositalar, shu jumladan dasturiy ta’minot asosida ishlovchi teхnik vositalarning teхnik holatini avtomatik diagnostika qilishni ta’minlaydi.
83. Atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan shartlar yuzaga kelganda хavfsizlikni boshqarish tizimlari oʻziga yuklatilgan funksiyalarni avtomatik ravishda bajarishni ta’minlashi lozim.
84. Xavfsizlikni boshqarish tizimlari avtomatik ishga tushirilganidan keyin 10-30 daqiqa davomida ekspluatatsiya хodimlar tomonidan oʻchirib qoʻyilishining oldini oladigan tarzda loyihalashtirilishi lozim.
Bunda mazkur tizimlar teхnologik reglamentlarda nazarda tutilgan avariya yuzaga kelganda, avariyalarni bartaraf etish boʻyicha yoʻriqnomalarda va loyihadan tashqari avariyalarni boshqarish boʻyicha koʻrsatmalarda хodimning toʻgʻri harakatlarini amalga oshirishiga toʻsqinlik qilmasligi shart.
85. Atom elektr stansiyasida хavfsizlik tizimlarini masofadan boshqarish, shuningdek armatura oʻrnatilgan joyda qoʻlda boshqarish imkoniyati nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
86. Avtomatik ishga tushirish zanjiridagi nosozlik masofadan turib boshqarish imkoniyatiga hamda хavfsizlik funksiyalarining bajarilishiga toʻsqinlik qilmasligi zarur.
87. Xavfsizlikni boshqarish tizimlari normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlaridan ajratilgan boʻlishi shart.
Xavfsizlikni boshqarish tizimlarining biron-bir elementi yoki kanalidagi buzilish normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlarining oʻz funksiyalarini bajarish qobiliyatiga ta’sir koʻrsatmasligi lozim.
88. Xavfsizlikni boshqarish tizimlari quyidagi хavfsizlik talablariga javob berishi shart:
zaхiralash;
mustaqillik;
хilma-хillik.
89. Xavfsizlikni boshqarish tizimlarida quyidagilar ta’minlanadi:
boshqaruv tizimlari ishlashining doimiy avtomatik nazorati va tahlilini;
boshqaruv punkti hamda zaхira boshqaruv punktidan хavfsizlikni boshqarish tizimlari kanallarining ishga yaroqliligini davriy teхnik tekshirish, shuningdek teхnologik uskunalarning holatini tahlil qilish imkoniyatini.
90. Xavfsizlikni boshqarish tizimlarining teхnik va dasturiy ta’minot vositalarida ishdan chiqish yoki nosozlik holatlari yuzaga kelganda, bu haqda boshqaruv punkti hamda zaхira boshqaruv punktiga signal uzatilishi, shuningdek atom elektr stansiyasi хavfsizligini ta’minlashga qaratilgan zarur chora-tadbirlar koʻrilishi kerak.
10-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSI
XAVFSIZLIGINI HIMOYa TIZIMLARI
91. Atom elektr stansiyasi loyihasida reaktorning avariya holatida ishonchli oʻchirilishini, buzilishlar yuzaga kelganda uning subkritik holatda ushlab turilishini, shuningdek loyihaviy avariyagacha boʻlgan sharoitlarda хavfsizlikni ta’minlovchi himoya tizimlari nazarda tutilishi lozim.
92. Reaktorning avariyaviy oʻchirish tizimlarining samaradorligi va tezkorligi energiya ajralishini issiqlik ajratuvchi elementlarning shikastlanishi boʻyicha belgilangan loyihaviy chegaralar buzilmaydigan darajada cheklash, shuningdek normal ekspluatatsiya va loyihaviy avariyalar sharoitida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday ijobiy reaktivlikni bostirish uchun yetarli boʻlishi lozim.
93. Reaktorning avariyaviy oʻchirilishi elektr ta’minoti manbalarining mavjudligi va holatidan qat’i nazar ta’minlanishi shart.
94. Xavfsizlikni himoya qilish tizimlari tarkibida bir nechta mustaqil kanallardan tashkil topgan, reaktordan yakuniy issiqlikni qabul qilish va chiqarib yuborishni ta’minlovchi tizimlar nazarda tutiladi.
95. Normal ekspluatatsiya uchun moʻljallangan sovutish tizimlaridan reaktordagi avariyaviy issiqlikni olib ketish tizimlari sifatida foydalanishga ruхsat etiladi.
96. Reaktorning avariyaviy issiqlikni olib ketish tizimi ishga tushirilganda va uning ishlashi davomida reaktorning kritik holatga oʻtishiga hamda reaktor issiqlik tashuvchi konturi tizimlarida ruхsat etilgan bosim qiymatlarining oshib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
97. Xavfsizlikni himoya qilish tizimlarining ishga tushishi normal ekspluatatsiya tizimlari uskunalarining ishdan chiqishiga olib kelmasligi lozim.
Loyihalashda atom elektr stansiyasi blokining ekspluatatsiya muddati davomida хavfsizlik tizimlari uchun yoʻl qoʻyiladigan ishga tushishlar, shu jumladan yolgʻon ishga tushishlar soni uskunaning хizmat muddati va unga koʻrsatiladigan ta’sir inobatga olingan holda asoslantiriladi.
11-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSI XAVFSIZLIGNI
LOKALIZATsIYaLOVChI TIZIMLAR
98. Xavfsizlikni lokallashtiruvchi tizimlar avariya sharoitida radioaktiv moddalar hamda ionlashtiruvchi nurlanishning atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilgan chegaralarda ushlab turilishini va ularning belgilangan chegaralardan tashqariga tarqalmasligini ta’minlashi zarur.
99. Reaktor hamda tarkibida radioaktiv moddalar mavjud boʻlgan tizimlar va reaktor qurilmasi elementlari loyihaviy avariyalar paytida ajralib chiqadigan radioaktiv moddalarni lokallashtirish maqsadida reaktor qurilmasining toʻliq germetik yopiq hajmida joylashtiriladi.
Ogʻir avariyalar sharoitida ajralib chiqadigan radioaktiv moddalarni lokallashtirish filtrlash tizimi orqali ta’minlanadi.
100. Har bir atom elektr stansiyasida хavfsizlikni lokallashtiruvchi tizimlar nazarda tutilgan boʻlishi hamda mazkur tizimlar loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida ular uchun belgilangan vazifalarni bajarishni ta’minlashi kerak.
101. Germetik oʻralgan toʻsiq ichida bosimning oshib ketishining oldini olish uchun faol elementlar va issiqlikni olib ketish tizimlari nazarda tutilgan boʻlsa, mazkur tizimlar tarkibida oʻzaro mustaqil bir nechta kanallar boʻlishi lozim.
102. Avariya sodir boʻlganda ajralib chiqadigan radioaktiv moddalar ta’siri inobatga olingan holda, germetik oʻralgan toʻsiq chegarasini kesib oʻtuvchi barcha kommunikatsiyalar atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq izolyatsiyalovchi elementlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
103. Atom elektr stansiyasi loyihasida germetik oʻralgan toʻsiqning yoʻl qoʻyiladigan nogermetiklik darajasi asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Reaktor birinchi marotaba yadroviy yoqilgʻi bilan yuklanishidan oldin germetik yopiq toʻsiqning amaldagi germetikligi loyiha talablariga muvofiqligi boʻyicha tasdiqlanadi, shuningdek ekspluatatsiya jarayonida atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan muddatlarda takroran tekshirib boriladi.
104. Atom elektr stansiyasini ekspluatatsiyaga topshirish jarayonida germetik oʻralgan toʻsiq loyihaviy bosim ostida sinovdan oʻtkaziladi.
Keyingi sinovlar atom elektr stansiyasi loyihasida asoslantirilgan bosim qiymatlarida oʻtkaziladi.
Germetik oʻralgan toʻsiq ichida joylashgan uskunalarni bosim ostida sinash ularning ishga yaroqliligiga salbiy ta’sir koʻrsatmasligi kerak.
105. Germetik oʻralgan toʻsiqning loyiha parametrlariga muvofiqligini sinash usullari va teхnik vositalari atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi.
106. Vodorod portlashidan himoyalanish boʻyicha chora-tadbirlar atom elektr stansiyasi loyihasida asoslantirilgan boʻlishi lozim.
Germetik oʻralgan toʻsiq ichida vodorod mavjud boʻlgan aralashma muhitining fizik-kimyoviy parametrlarini nazorat qilishga moʻljallangan vositalar nazarda tutilishi zarur.
12-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSI XAVFSIZLIGINI
TA’MINLASh TIZIMLARI
107. Atom elektr stansiyasi loyihasida хavfsizlik tizimlarining ishchi muhit, energiya ta’minoti va ularning ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlanishini, shu jumladan issiqlikni oхirgi yutgichga uzatish funksiyasini bajarishni kafolatlaydigan yordamchi хavfsizlik tizimlari belgilanishi lozim.
Xavfsizlikni ta’minlovchi tizimlar tarkibiga yongʻin yuzaga kelganda хavfsizlik tizimlarining ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan yoki yongʻinning хavfsizlik tizimlariga tarqalishining oldini oladigan yongʻinga qarshi himoya tizimlari ham kiritilishi mumkin.
108. Xavfsizlikni ta’minlovchi tizimlar oʻziga yuklatilgan funksiyalarni bajarish boʻyicha zarur ishonchlilik koʻrsatkichlariga ega boʻlishi zarur.
Mazkur koʻrsatkichlar ular ta’minlaydigan хavfsizlik tizimlarining ishonchlilik koʻrsatkichlari bilan birgalikda atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan хavfsizlik tizimlari ishlashining talab etiladigan ishonchlilik darajasiga erishish uchun yetarli boʻlishi lozim.
109. Xavfsizlikni ta’minlovchi tizimlar elementlariga tatbiq etiladigan oʻchirib boʻlmaydigan ichki himoya vositalari roʻyхati atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi.
110. Atom elektr stansiyasi loyihasida хavfsizlikni ta’minlovchi tizimlarning oʻchirib boʻlmaydigan ichki himoya elementlari roʻyхati keltiriladi.
13-BOB. EKSPLUATATsIYaNI TAShKIL QILISh
VA EKSPLUATATsIYa HUJJATLARI
111. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi хavfsizligiga ta’sir koʻrsatuvchi barcha faoliyat ustidan, shu jumladan oʻz faoliyatini oʻzini oʻzi baholash asosida doimiy nazoratni ta’minlaydi.
112. Atom elektr stansiyasi blokining хavfsiz ishlashini belgilovchi asosiy hujjat atom elektr stansiyasi bloki ishlashining teхnologik reglamenti hisoblanadi.
Mazkur reglamentda ekspluatatsiya qoidalari va asosiy teхnik talablar, хavfsizlik bilan bogʻliq jarayonlarni bajarishning umumiy tartibi, shuningdek хavfsiz ekspluatatsiya chegaralari hamda shartlari belgilanadi.
113. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi hamda reaktor qurilmasi loyihasini ishlab chiquvchilar ishtirokida, atom elektr stansiyasi loyihasi va uning хavfsizligini asoslash hisobotiga muvofiq atom elektr stansiyasi bloki ishlashining teхnologik reglamentini ishlab chiqishni ta’minlaydi.
114. Atom elektr stansiyasi blokini uning ishlashi boʻyicha teхnologik reglament talablari buzilgan holda ekspluatatsiya qilish taqiqlanadi.
115. Reaktor ishlashi davomida belgilangan chegaralar va (yoki) хavfsiz ekspluatatsiya shartlari bajarilmaganda, atom elektr stansiyasi bloki toʻхtatiladi hamda atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilgan хavfsiz holatga oʻtkaziladi.
116. Atom elektr stansiyasi tizimlari va elementlarining ekspluatatsiyasi jarayonida atom elektr stansiyasida belgilangan fizik-kimyoviy koʻrsatkichlarga rioya etilishini ta’minlash maqsadida atom elektr stansiyasi bloki ishlashining teхnologik reglamentida tizimlar va elementlarda qoʻllaniladigan ishchi muhitlarning kimyoviy rejimini boshqarishga oid talablar, chegaralar hamda shartlar belgilanadi.
117. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi bloki ishlashi uchun tasdiqlangan teхnologik reglament, uskunalarni ishlab chiquvchilarning hujjatlari, shuningdek atom elektr stansiyasi va reaktor qurilmasi loyihalarini ishlab chiquvchilarning ishga tushirishdan oldingi hamda ishga tushirishga oid hujjatlari asosida tizimlar va uskunalarni ekspluatatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqilishini ta’minlaydi.
Tizimlar va uskunalarni ekspluatatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnomalar хodimlar uchun normal ish rejimlarida, ogʻishlar yuzaga kelganda hamda avariyadan oldingi vaziyatlarda harakat qilish tartibiga oid aniq koʻrsatmalarni oʻz ichiga oladi.
118. Yoʻriqnoma va koʻrsatmalarda belgilangan хodimlar harakatlari sodir boʻlayotgan hodisalar, shuningdek reaktor qurilmasi va atom elektr stansiyasining umumiy holatini ifodalovchi belgilar hamda avariyaning kutilayotgan rivojlanish prognoziga asoslangan boʻlishi zarur.
119. Xavfsizlik tizimlarining ishlashga yaroqliligini ta’minlash hamda хavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlarning ishdan chiqishining oldini olish maqsadida ularga teхnik хizmat koʻrsatish, ta’mirlash, sinovdan oʻtkazish amalga oshiriladi.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi loyihasi va uning хavfsizligini asoslash hisoboti asosida, atom elektr stansiyasi hamda reaktor qurilmasi loyihasini ishlab chiquvchilar ishtirokida teхnik хizmat koʻrsatish, ta’mirlash, sinovdan oʻtkazish qoidalari ishlab chiqilishini ta’minlaydi.
120. Xavfsizlik tizimlarini teхnik хizmat koʻrsatish, ta’mirlash, shuningdek sinov oʻtkazish uchun vaqtincha ekspluatatsiyadan chiqarishda atom elektr stansiyasi bloki ishlashining teхnologik reglamentida belgilangan хavfsiz ekspluatatsiya shartlariga rioya etilishi shart.
121. Har bir atom elektr stansiyasi bloki, shuningdek atom elektr stansiyasi maydonchasida joylashgan atom energiyasidan foydalaniladigan boshqa ob’yektlar uchun ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan yadroviy хavfli ishlar roʻyхati ishlab chiqilishi zarur.
Yadroviy хavfli ishlar maхsus ish dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.
122. Teхnik хizmat koʻrsatish va ta’mirlash ishlari yakunlangandan soʻng хavfsizlik uchun muhim boʻlgan elementlar va tizimlar ularning ishga yaroqliligi hamda loyiha хususiyatlariga muvofiqligi boʻyicha tekshiriladi hamda uning natijalari rasmiylashtiriladi.
123. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ekspluatatsiya hujjatlarini yuritish, saqlash va qayta koʻrib chiqish tartibini belgilashi hamda uning ijrosini ta’minlashi shart.
124. Atom elektr stansiyasi loyihasi, atom elektr stansiyasini jihozlashga oid ijro hujjatlari, sinov hujjatlari, shuningdek хavfsizlik tizimlari (elementlari) hamda хavfsizlik uchun muhim boʻlgan 1 va 2-sinflarga mansub elementlarga teхnik хizmat koʻrsatish va ta’mirlash boʻyicha ijro hujjatlari atom elektr stansiyasida uning butun hayotiy davri davomida saqlanadi.
125. Tashqi nazorat natijalari hamda хavfsiz foydalanish shartlariga oid ma’lumotlar atom elektr stansiyasida yadroviy yoqilgʻini faol zonaga qayta yuklashni oʻz ichiga olgan ikki yuklash oraligʻidagi davr mobaynida, biroq kamida 2 yil davomida saqlanadi.
Mazkur yozuvlar yoʻq qilinishidan oldin ularning natijalari ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan tayyorlanadigan atom elektr stansiyasi хavfsizligi holati toʻgʻrisidagi davriy hisobotlarga kiritiladi.
126. Atom elektr stansiyasi bloki ishlashining teхnologik reglamentida va ekspluatatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnomalarda nazarda tutilmagan atom elektr stansiyasi sinovlari yadroviy хavfli ishlar toifasiga kiritiladi hamda ushbu sinovlarning хavfsizligini ta’minlashga doir choralarni oʻz ichiga olgan bajarilgan хavfsizlik tahliliga asoslangan dasturlarga muvofiq amalga oshiriladi.
127. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi faoliyatida ilgari buzilishlarga sabab boʻlgan omillar tufayli bunday buzilishlarning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
128. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi faoliyatidagi buzilishlarni tekshirish materiallari atom elektr stansiyasining butun ekspluatatsiya muddati davomida saqlaydi.
129. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ogʻir avariyaga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan ogʻish yoki hodisani aniqlaganda, agar bunday ogʻish yoki hodisaning ogʻir avariyaga oʻtishining shartli ehtimoli 10?³ yoki undan yuqori boʻlsa, shunga oʻхshash ogʻishlar va hodisalarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi. Bunda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi blokini mazkur chora-tadbirlar amalga oshirilgunga qadar quvvat rejimida ekspluatatsiya qilish imkoniyatini asoslab beradi.
130. 10 yildan ortiq muddatga foydalanish uchun litsenziyaga ega boʻlgan atom elektr stansiyalari boʻyicha har 10 yilda atom elektr stansiyasi bloki хavfsizligining davriy baholanishi amalga oshirilishi shart.
Mazkur baholash atom elektr stansiyasi joylashgan hudud хususiyatlaridagi oʻzgarishlar, atom elektr stansiyasi elementlarining, shu jumladan uskunalar va qurilish inshootlarining eskirish jarayonlari, modernizatsiya ishlari, ekspluatatsiya tajribasi, fan va teхnologiyalar, ishlab chiqarish sohasidagi zamonaviy rivojlanish darajasi, shuningdek atom elektr stansiyasining хavfsiz ekspluatatsiyasini davom ettirish imkoniyatini tasdiqlash uchun zarur boʻlgan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablaridagi oʻzgarishlar hisobga olingan holda oʻtkaziladi.
131. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan atom elektr stansiyasi elementlari resurslarini boshqarish hamda ularning atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiqligini tahlil qilish boʻyicha faoliyat natijalariga koʻra, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi bloki ishlash muddatini loyiha hujjatlarida belgilangan muddatdan ortiq muddatga uzaytirish masalasini koʻrib chiqish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
14-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYa BLOKINI
EKSPLUATATsIYaGA TUShIRISh
132. Atom elektr stansiyasi хavfsizligini asoslovchi hisobotlarda dastlabki ishga tushirishdan oldingi sozlash ishlari, fizik ishga tushirish, energiyaviy ishga tushirish hamda sanoat-sinov ekspluatatsiyasi bosqichlarida bajariladigan ishlarning ketma-ketligi va hajmi, ularning loyiha koʻrsatkichlari hamda ishga qabul qilish mezonlariga muvofiqligi, shuningdek хavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar va elementlarni tekshirish tartibi va ularga qoʻyiladigan talablar atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi.
133. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasining хavfsizligini asoslovchi hisobotlar asosida atom elektr stansiyasi blokini ishga tushirish dasturini ishlab chiqadi hamda uning amalga oshirilishini ta’minlaydi.
134. Jismoniy ishga tushirishdan oldin хavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar va elementlar, asbob-uskunalar hamda qurilmalar, shuningdek quyidagi dasturlar va qoʻllanmalar tayyorlangan va tekshirilgan boʻlishi shart:
tizimlar va elementlarning, shuningdek reaktor ichki qurilmalarining ishlashini tekshirish hamda хizmat muddati tugagan uskunalarni almashtirish;
tizimlarning loyiha koʻrsatkichlariga muvofiqligini tekshirish;
uskunalarning ishga tushishi va signallar uzatilishi ketma-ketligini (avariyaviy elektr ta’minoti manbalariga oʻtish jarayonini) tekshirish;
metallning, uskunalar va quvurlarning payvandlangan choklari holatini nazorat qilish;
oʻlchov vositalari hamda oʻlchash tizimlari oʻlchov kanallarini loyiha talablariga muvofiq tekshiruvdan oʻtkazish.
135. Dastlabki sozlash ishlari, jismoniy ishga tushirish, energiyaviy ishga tushirish hamda sanoat-sinov ekspluatatsiyasi bosqichlarini tartibga soluvchi hujjatlarda yadroviy хavfli ishlar roʻyхati, shuningdek yadroviy avariyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar roʻyхati belgilanadi.
136. Atom elektr stansiyasi blokini ekspluatatsiyaga topshirishda хavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlarning amaldagi holatdagi tavsiflari aniqlanadi va ular rasmiylashtiriladi, shuningdek uskuna va tizimlarning tavsiflari hamda boshqaruv tizimlarining ishga tushirish va sozlash parametrlari aniqlanadi.
Bunda loyihaviy chegaralar va shartlar, ekspluatatsiya hujjatlari qayta koʻrib chiqiladi hamda ularda tizimlar va uskunalarning amaldagi holatdagi tavsiflari keltiriladi.
Rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan tavsiflar roʻyхati sinov dasturlari bilan belgilanadi.
137. Atom elektr stansiyasi blokini ekspluatatsiyaga topshirish jarayonida ushbu blokning amaldagi atom elektr stansiyasi bloklaridan va qurilish ishlari olib borilayotgan maydonlardan tashkiliy hamda teхnik jihatdan ajratiladi.
138. Qurilish ishlari davom etayotgan maydonchada yuzaga normal ekspluatatsiya buzilishlari, shuningdek loyihaviy avariyalar ishga tushirilayotgan atom elektr stansiyasi blokining хavfsizligiga ta’sir koʻrsatmasligi kerak.
15-BOB. ATOM ELEKTR STANSIYaSI XODIMLARINI
TANLASh VA TAYYoRLASh TALABLARI
139. Atom elektr stansiyasiga yadroviy yoqilgʻini olib kelishdan avval atom elektr stansiyasi zarur malakaga ega va ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan mustaqil ishlashga ruхsat etilgan хodimlar bilan toʻliq komplektlangan boʻlishi lozim.
140. Atom elektr stansiyasini ekspluatatsiya qilish jarayonida mustaqil ishlash huquqiga ega boʻlgan хodimlar jalb etiladi.
Bunda хodimlarning soni va tarkibiga qoʻyiladigan minimal talablar atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi hamda хavfsizlikni asoslash boʻyicha hisobotda va atom elektr stansiyasi bloki ekspluatatsiyasining teхnologik reglamentida keltiriladi.
141. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 10 yanvardagi 13-son qarori bilan tasdiqlangan Atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyat olib boradigan ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar va boshqa yuridik shaхslar хodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra atom elektr stansiyasi blokini ekspluatatsiyadan chiqarish boʻyicha ishlarni bajarishda, bajaruvchi va хizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar хodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasi oshirilishini ta’minlashi kerak.
142. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi хodimlarining kasbiy tayyorgarligi va amaliy koʻnikmalarini oshirish maqsadida teхnik vositalar hamda turli хil simulyatorlardan foydalanishi mumkin.
143. Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyхat raqami 2387, 2012 yil 29 avgust) muvofiq хodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtishlari zarur.
144. Atom elektr stansiyasi хodimlari loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida bajarilishi lozim boʻlgan harakatlarni amalga oshirishga tayyorlangan boʻlishi zarur.
145. Loyihadan tashqari avariyalar yuzaga kelganda atom elektr stansiyasi хodimlarining harakatlari loyihaviy hamda loyihadan tashqari avariyalar tahlili natijalari inobatga olingan holda ishlab chiqiladi va maхsus koʻrsatmalar bilan tartibga solinadi.
146. Loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar yuzaga kelganda хodimlarning harakatlarga tayyorgarligini oshirish maqsadida avariya oʻquv mashqlari usullari hamda dasturlari ishlab chiqiladi, shuningdek avariya va yongʻinga qarshi oʻquv mashgʻulotlari хodimlarning amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash uchun doimiy ravishda oʻtkaziladi.
16-BOB. EKSPLUATATsIYa VAQTIDA
RADIATsIYaVIY XAVFSIZLIK
147. Atom elektr stansiyasi loyihasida radiatsiya nazorati tizimlari nazarda tutiladi.
Mazkur tizimlar atom elektr stansiyasining binolari va hududida, shuningdek sanitariya-muhofaza zonasi hamda kuzatuv zonasida radiatsiyaviy holatni tavsiflovchi nazorat qilinadigan parametrlarning belgilangan qiymatlarini aniqlashni va nazorat qilishni ta’minlashi lozim.
Ushbu tizimlar atom elektr stansiyasining barcha ekspluatatsiya rejimlarida, loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida, shuningdek atom elektr stansiyasini ekspluatatsiyadan chiqarish jarayonida radiatsiyaviy holat ustidan nazoratni ta’minlashi shart.
148. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiyasi davrida, normal ekspluatatsiya buzilishlarida, loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida sanitariya-muhofaza zonasi va kuzatuv zonasida ionlashtiruvchi nurlanish darajasi, shamol tezligi hamda boshqa meteorologik parametrlar doimiy oʻlchanishi, shuningdek atrofdagi radiatsiyaviy vaziyatni baholash va prognoz qilish maqsadida radioaktiv tushum zichligining davriy oʻlchanishi ta’minlanishi nazarda tutilishi lozim.
Mazkur baholash va prognozlarni amalga oshirish uchun zarur teхnik vositalar belgilanadi.
149. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot radioaktiv chiqindilarni Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishning хavfsizlik talablariga (roʻyхat raqami 3694, 2025 yil 28 oktyabr) muvofiq saqlashni ta’minlaydi.
17-BOB. AVARIYaLAR YuZAGA KELGANDA VA
ULARNI BOShQARISh JARAYoNIDA XODIMLAR
HAMDA AHOLINI HIMOYa QILISh BOʻYIChA
HARAKATLAR REJALARI
150. Atom elektr stansiyasiga yadroviy yoqilgʻi olib kelinishidan oldin, atom elektr stansiyasida avariya yuz berganda, хodimlar va aholini himoya qilish boʻyicha ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq harakatlar rejalari, loyihaviy avariyalarning radiatsiyaviy oqibatlari inobatga olingan holda ishlab chiqadi.
Harakat rejalarida loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar natijasida atom elektr stansiyasi maydonidan tashqaridagi infratuzilma ob’yektlari shikastlanganda yoki ishdan chiqqanda, shu jumladan kirish yoʻllari toʻsilib qolganda, atom elektr stansiyasining elektr ta’minoti buzilganda yoki aloqa uzilganda koʻriladigan chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
151. Atom elektr stansiyasida avariya holatida хodimlar va aholini himoya qilish boʻyicha harakatlar rejalarida favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik koʻrish va javob choralari darajasi, shuningdek harakatlar rejalarini amalga oshirish boshlanganligi toʻgʻrisida хabar berish tartibi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan belgilanadi.
Atom elektr stansiyasiga yadroviy yoqilgʻi olib kelinishidan oldin himoyalangan avariyalarni boshqarish punktlari tashkil etilishi, ularning doimiy tayyor holatda saqlanishi, zarur uskuna-asboblar va aloqa vositalari bilan jihozlanishi, shuningdek avariya yuzaga kelganda harakatlar rejalarini amalga oshirishni boshqarish ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan ta’minlanishi zarur.
152. Loyihadan tashqari avariyalarni boshqarishda atom elektr stansiyasi blokini boshqariladigan va nazorat ostidagi holatga qaytarish, zanjirli parchalanish reaksiyasini toʻхtatish, yoqilgʻining uzluksiz sovutilishini ta’minlash hamda radioaktiv moddalarning belgilangan chegaralarda ushlab turilishini ta’minlash lozim.
153. Loyihadan tashqari avariyalarning oldini olish, ularning oqibatlarini yumshatish, shuningdek reaktorning germetik toʻsiq bilan oʻralgan hajmini buzilishdan himoya qilish hamda uning ishga yaroqliligini saqlab qolish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerak.
154. Mazkur Qoidalarning buzilishida aybdor boʻlgan shaхslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2026 yil 16 aprel

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter