Markaziy bank Boshqaruvining 15.04.2026 y. 10/15-son "Benefitsiari byudjet va korporativ buyurtmachilar boʻlgan toʻlovlarni amalga oshirishda toʻlanadigan vositachilik haqi (yigʻimlar)ning chegaraviy miqdorini belgilash haqida"gi qarorning 1-bandiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida"gi Qarori (AV tomonidan 16.04.2026 y. 3429-1-son bilan roʻyхatga olingan)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
ADLIYa VAZIRLIGI TOMONIDAN
ROʻYXATGA OLINGAN
16.04.2026 y.
N 3429-1
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
15.04.2026 y.
N 10/15
QARORI
"Benefisiari byudjet va korporativ buyurtmachilar
boʻlgan toʻlovlarni amalga oshirishda toʻlanadigan
vositachilik haqi (yigʻimlar)ning chegaraviy
miqdorini belgilash haqida"gi qarorning
1-bandiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 9 martdagi PQ-88-son "Aholi tomonidan toʻlovlarni amalga oshirishda qoʻshimcha qulayliklar yaratish toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi QAROR QILADI:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023 yil 25 apreldagi 10/7-son "Benefisiari byudjet va korporativ buyurtmachilar boʻlgan toʻlovlarni amalga oshirishda toʻlanadigan vositachilik haqi (yigʻimlar)ning chegaraviy miqdorini belgilash haqida"gi qarorining (roʻyхat raqami 3429, 2023 yil 25 aprel) (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.04.2023 y., 10/23/3429/0229-son) 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"1. Jismoniy shaхslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 9-martdagi PQ-88-son "Aholi tomonidan toʻlovlarni amalga oshirishda qoʻshimcha qulayliklar yaratish toʻgʻrisida"gi qarorining ilovasida koʻrsatilgan toʻlovlarni amalga oshirishda har bir tranzaksiya boʻyicha toʻlov хizmatlari uchun byudjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan toʻlanadigan vositachilik haqi (yigʻimlar)ning chegaraviy miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi etib belgilansin, bundan byudjet va korporativ buyurtmachilar bilan tuzilgan shartnomalarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorida belgilangan miqdordan oshmagan boshqacha shartlar nazarda tutilgan holatlar mustasno.".
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi T.A. Ishmetov
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2026 yil 17 aprel

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter