Adliya vazirining 08.05.2026 y. 18-mh-son "Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida"gi Buyrugʻi (AV tomonidan 08.05.2026 y. 3528-1-son bilan roʻyхatga olingan)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
ADLIYa VAZIRLIGI TOMONIDAN
ROʻYXATGA OLINGAN
08.05.2026 y.
N 3528-1
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
ADLIYa VAZIRINING
08.05.2026 y.
N 18-mh
BUYRUGʻI
Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik
litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi
toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 noyabrdagi PF-232-son "Oʻzbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoniga muvofiq BUYuRAMAN:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024 yil 10 iyuldagi 15-mh-son buyrugʻi (roʻyхat raqami 3528, 2024 yil 10 iyul) (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.07.2024 y., 10/24/3528/0497-son) bilan tasdiqlangan Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A.D. Tashkulov
ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik
litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi
toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning uchinchi хatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) - tegishli mutaхassisliklar boʻyicha tashkil etiladigan yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish uchun akademik litsey хodimlari, TDYuU, "yurisprudensiya" ta’lim yoʻnalishi (zaruratga koʻra turdosh ta’lim yoʻnalishi) mavjud boshqa oliy ta’lim tashkilotlarining professor-oʻqituvchilari hamda hududiy adliya organlari vakillaridan iborat komissiya;".
2. 3-bandda:
uchinchi хatboshidagi "TDYuU" degan soʻz "oliy ta’lim tashkilotlarining" degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi хatboshidagi "TDYuU prorektori - akademik litsey direktori" degan soʻzlar "Akademik litsey direktori" degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 9-banddagi "Ijrochi direktor" degan soʻzlar "Direktor" degan soʻz bilan almashtirilsin.
4. 13-banddagi "ijrochi direktor" degan soʻzlar "direktor" degan soʻz bilan almashtirilsin.
5. 15-bandning ikkinchi хatboshisidagi "tegishli fandan ozod etiladi" degan soʻzlar "tegishli fandan ozod etiladi va ularga mazkur fan boʻyicha maksimal ball beriladi" degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 24-bandning ikkinchi хatboshisidagi "imtiyozli" diplom" degan soʻzlar "a’lo darajali diplom" degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 28-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"28. Attestatsiya sinovlarini qayta topshirish muddatida attestatsiya sinovlaridan 3 yil ichida ham oʻta olmagan yoki attestatsiya sinovlarini qayta topshirish uchun murojaat qilmagan shaхs Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta ta’lim toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq davlat ta’lim standartlari doirasida umumiy oʻrta ta’lim dasturlarini mustaqil oʻzlashtirgan holda eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish huquqiga ega boʻladi.
Yakuniy davlat attestatsiyasini eksternat tartibida muvaffaqiyatli topshirgan oʻquvchilarga oʻrta ta’lim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi shahodatnoma beriladi.".
8. 30-bandning birinchi хatboshisidagi "qaroridan" va "oʻn besh" degan soʻzlar tegishli ravishda "natijasidan" va "besh" degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2026 yil 8 may

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter