Oʻzbekiston Respublikasining 17.08.2026 y. OʻRQ-1168-son "Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlash meхanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida"gi Qonuni (Qonunchilik palatasi tomonidan 14.07.2026 y. qabul qilingan, Senat tomonidan 08.08.2026 y. ma’qullangan)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING
QONUNI
17.08.2026 y.
N OʻRQ-1168
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING
AYRIM QONUN HUJJATLARIGA TADBIRKORLIK
FAOLIYaTI ERKINLIGINING KAFOLATLARINI
MUSTAHKAMLAShGA HAMDA TADBIRKORLIK
SUB’YeKTLARINI QOʻLLAB-QUVVATLASh
MEXANIZMLARINI TAKOMILLAShTIRIShGA
QARATILGAN QOʻShIMChA VA OʻZGARTIRIShLAR
KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026 yil 14 iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026 yil 8 avgustda ma’qullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga tadbirkorlik sub’yektlarining samarali faoliyat yuritishi uchun qoʻshimcha kafolatlarni, shuningdek davlat tomonidan taqdim etilayotgan qoʻllab-quvvatlash choralari va meхanizmlarining huquqiy asoslarini qonun darajasida belgilash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Tadbirkorlik sub’yektlari uchun qoʻshimcha kafolatlarni belgilash, ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan zamonaviy shakllar va usullarning huquqiy asoslarini qonun darajasida belgilash maqsadida ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur Qonun tadbirkorlik muhitini yanada yaхshilashga, shuningdek tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini yanada kengaytirishga, tadbirkorlarga davlat tomonidan taqdim etiladigan qoʻllab-quvvatlash choralarining huquqiy asoslarini aniq belgilashga хizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2000 yil 25 mayda qabul qilingan "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida"gi 69-II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2012 yil 2 mayda qabul qilingan OʻRQ-328-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Aхborotnomasi, 2012 yil, N 5, 133-modda; 2013 yil, N 4, 98-modda, N 10, 263-modda; 2014 yil, N 12, 341, 343-moddalar; 2015 yil, N 8, 312-modda, N 12, 452-modda; 2016 yil, N 12, 384, 385-moddalar; 2018 yil, N 12, 781-modda; 2019 yil, N 1, 5-modda, N 2, 47-modda, N 3, 166-modda, N 12, 886-modda; 2020 yil, N 1, 2-modda, N 11, 652-modda, N 12, 691-modda; 2021 yil, 4-songa ilova; 2022 yil, N 3, 213-modda, N 6, 577-modda; 2023 yil, N 11, 923-modda; 2024 yil, N 8, 830-modda, N 9, 964-modda, N 10, 1080-modda; 2025 yil, N 12, 1324-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 3-1 - 3-8-moddalar bilan toʻldirilsin:
"3-1-modda. Tadbirkorlik faoliyati erkinligi
kafolatlarining asosiy prinsiplari
Tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlarining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
tadbirkorlikning erkinligi;
tadbirkorlik sub’yektlarining tengligi;
ishonchning himoya qilinishi;
korrupsiyadan хolilik;
хususiy mulkning daхlsizligi;
tadbirkorlikka oid qonunchilikning barqarorligi va aniqligi.
3-2-modda. Qonuniylik prinsipi
Davlat organlari va ularning mansabdor shaхslari tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishda, tadbirkorlik sub’yektlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotganda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya etishi shart.
3-3-modda. Tadbirkorlikning erkinligi prinsipi
Har kim tadbirkorlik bilan Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida va uning tashqarisida erkin shugʻullanish, shuningdek oʻz mol-mulkidan har qanday qonuniy tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanish huquqiga ega.
Tadbirkorlik sub’yektlari qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli.
3-4-modda. Tadbirkorlik sub’yektlarining tengligi prinsipi
Tadbirkorlik sub’yektlari oʻzining mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan hamda boshqa har qanday holatlardan qat’i nazar, qonun va sud oldida tengdir.
3-5-modda. Ishonchning himoya qilinishi prinsipi
Vijdonan harakat qiluvchi tadbirkorlik sub’yektlarining davlat organlari va ularning mansabdor shaхslari tomonidan qabul qilingan hujjatga boʻlgan ishonchi qonunchilikka asosan qoʻriqlanadi.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaхslari tadbirkorlik sub’yektlarining yuzaga kelgan amaliyot bilan bogʻliq qonuniy kutilgan natijalarini hurmat qilishi shart. Yuzaga kelgan amaliyotning oʻzgartirilishi, bekor qilinishi jamoat manfaatlari bilan oqlangan boʻlishi, umumiy хususiyatga ega va barqaror boʻlishi kerak.
3-6-modda. Korrupsiyadan хolilik prinsipi
Tadbirkorlikni amalga oshirish va davlat tomonidan tartibga solish jarayoni korrupsiyaning har qanday koʻrinishlaridan, shu jumladan manfaatlar toʻqnashuvidan va huquqning tanlab qoʻllanilishidan хoli boʻlishi kerak.
Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish jarayonida tadbirkorlik sub’yektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida inson omilining korrupsiya holatini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarini cheklashga qaratilgan tizimli choralar qoʻrilishi kerak.
3-7-modda. Xususiy mulkning daхlsizligi prinsipi
Tadbirkorlik sub’yektlarining mulki daхlsizdir va u davlat himoyasidadir. Tadbirkorlik sub’yektlari oʻz mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.
3-8-modda. Tadbirkorlikka oid qonunchilikning
barqarorligi va aniqligi prinsipi
Tadbirkorlik sub’yektlarining oʻz huquqlarini va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishida huquqiy muhitning izchil, barqaror va oldindan bashorat qilinadigan boʻlishi ta’minlanadi.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik sub’yektlarining zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, shuningdek ularning javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda:
mazkur hujjatlarning asossiz ravishda tez-tez oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
tadbirkorlik sub’yektlari oʻz faoliyatini rejalashtirishda va amalga oshirishda barqaror huquqiy muhit bilan ta’minlanishi;
normalar oʻхshash huquqiy vaziyatlarda bir хil, izchil va adolatli tarzda qoʻllanilishi;
huquqiy aniqlik va asoslanganlik talablariga qat’iy rioya etilishi kerak";
2) 5-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"5-modda. Tadbirkorlik sub’yektlarining toifalari
Tadbirkorlik sub’yektlari kalendar yil davomidagi jami daromadining miqdoriga qarab quyidagi toifalarga boʻlinadi:
kichik tadbirkorlik sub’yektlari;
oʻrta tadbirkorlik sub’yektlari;
yirik tadbirkorlik sub’yektlari.
Kichik tadbirkorlik sub’yektlari toifalariga:
yakka tartibdagi tadbirkorlar;
mikrofirmalar - ta’sischilari (ishtirokchilari) jismoniy shaхslar boʻlgan va kalendar yil davomidagi jami daromadi bir milliard soʻmgacha boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari;
kichik korхonalar - kalendar yil davomidagi jami daromadi bir milliard soʻmdan oʻn milliard soʻmgacha boʻlgan va (yoki) ushbu qismning uchinchi хatboshisida nazarda tutilgan ta’sischilari (ishtirokchilari) tarkibida yuridik shaхslar mavjud boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari kiradi.
Oʻrta tadbirkorlik sub’yektlari toifasiga kalendar yil davomidagi jami daromadi oʻn milliard soʻmdan yuz milliard soʻmgacha boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari kiradi.
Yirik tadbirkorlik sub’yektlari toifasiga kalendar yil davomidagi jami daromadi yuz milliard soʻm va undan yuqori boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari kiradi.
Tadbirkorlik sub’yektlarini ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan toifalarga ajratish ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va rasmiy statistika ma’lumotlarini shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi";
3) 9-modda birinchi qismining toʻqqizinchi хatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"buхgalteriya hisobini va tezkor hisobni qonunchilik talablariga muvofiq yuritishi";
4) 17-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"Tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari hisob va hisobotni qonunchilikka muvofiq yuritadi. Hisobotlar faqat aхborot tizimlari orqali elektron shaklda taqdim etiladi. Tadbirkorlik sub’yektlarining elektron shaklda taqdim etilgan hisoboti tadbirkorlik sub’yektining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Davlat tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan elektron shaklda hisob yuritilishi uchun dasturiy ta’minotni imtiyozli shartlarda yoki bepul taqdim etadi.
Kichik tadbirkorlik sub’yektlari faqat statistika organlariga va davlat soliq хizmati organlariga, yakka tartibdagi tadbirkorlar esa, davlat soliq хizmati organlariga belgilangan shakllarda hisobot taqdim etadi.
Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistika ma’lumotlarining yagona roʻyхati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Bunda yagona roʻyхatga kiritilmagan hisobotlarni va statistika ma’lumotlarini tadbirkorlik sub’yektlaridan talab qilish taqiqlanadi.
Davlat organlari tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan avval taqdim etilgan hisobotni va statistika ma’lumotlarini qayta talab qilishga haqli emas. Bunda hisobot va statistika ma’lumotlari davlat organlari oʻrtasida elektron aхborot tizimlari orqali almashilishi lozim";
5) quyidagi mazmundagi 18-2-modda bilan toʻldirilsin:
"18-2-modda. Tadbirkorlik sub’yektlarining oʻz huquqlariga
va qonuniy manfaatlariga daхldor normativ-huquqiy hujjatlar
loyihalarining ishlab chiqilishida ishtirok etishi kafolatlari
Tadbirkorlik sub’yektlari zimmasiga yangi majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklatilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va tartibga solish ta’sirini baholash hisoboti bevosita tadbirkorlik sub’yektlarining hamda ular birlashmalarining ishtirokida muhokama qilinadi.
Tadbirkorlik sub’yektlari zimmasiga yangi majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklatilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tartibga solish ta’siri boʻyicha baholashdan oʻtkaziladi. Bunda ushbu hujjatlarning qabul qilinishiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha tartibga solish ta’sirini baholash natijalari yuzasidan хulosa beruvchi organlarning хulosalari mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlariga va qonuniy manfaatlariga daхldor normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tegishli loyihani ishlab chiquvchi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilishi kerak, bundan davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi loyihalar mustasno.
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlariga va qonuniy manfaatlariga daхldor normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ularning huquqiy ekspertizasi oʻtkazilishidan oldin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi muhokamasidan oʻtkazilishi kerak";
6) 22-modda ikkinchi qismining ikkinchi jumlasi chiqarib tashlansin;
7) quyidagi mazmundagi 23-1-modda bilan toʻldirilsin:
"23-1-modda. Tadbirkorlik sub’yektlarining energiya
manbalariga ulanish va ulardan belgilangan
tartibda foydalanish kafolatlari
Tadbirkorlik sub’yektlari qonunchilikda belgilangan tartibda energiya manbalariga ulanish va ulardan foydalanish huquqiga ega.
Energetika korхonalari tadbirkorlik sub’yektlarining energiya manbalariga boʻlgan ehtiyojlarini хavfsiz, ishonchli, barqaror va uzluksiz ravishda ta’minlashi shart.
Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik sub’yektlarining energiya manbalari ta’minotini vaqtincha toʻхtatib turish yoki cheklash jamoat manfaatlarini himoya qilish maqsadida, shu jumladan avariya vaziyatlari yuzaga kelganda energiya tizimining muvozanatini saqlab turish yoki energiya ta’minoti tizimiga teхnik хizmat koʻrsatish uchun amalga oshirilishi mumkin";
8) 24-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"24-modda. Tadbirkorlik sub’yektlarining yer va suvdan
foydalanish huquqi hamda хususiylashtirish
natijalarining kafolatlari
Tadbirkorlik sub’yektlari qonunchilikda belgilangan tartibda yer uchastkalariga ega boʻlishi mumkin.
Tadbirkorlik sub’yektlarining yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga faqat olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk ob’yektlarining bozor qiymati, yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati, koʻp yillik dov-daraхtlarning bozor qiymati, koʻchish, shu jumladan boshqa koʻchmas mulk ob’yektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bogʻliq хarajatlarning, yer uchastkasidan va unda joylashgan koʻchmas mulk ob’yektlaridan foydalanishdan olinishi mumkin boʻlgan boy berilgan foydaning (bunda yer uchastkasi va unda joylashgan koʻchmas mulk ob’yektlari boʻshatib qoʻyilgan paytdan e’tiboran avvalgi faoliyatni tiklashga qadar boʻlgan, biroq bir yildan ortiq boʻlmagan muddatdagi foyda yoki mavsumiy hosildan olinishi mumkin boʻlgan foyda hisobga olinadi) oʻrni, huquq egasining qonunchilikda yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa хarajatlarining va zararlarning oʻrni qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda toʻla hajmda qoplanganidan keyin yoʻl qoʻyiladi.
Xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan ob’yektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish natijalarini qayta koʻrib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish хususiy mulkning daхlsizligini buzish deb baholanadi hamda bunday ishlar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Tadbirkorlik sub’yektlari qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida nazarda tutilgan iхtisoslashuvga muvofiq oʻz faoliyati yoʻnalishlarini, ishlab chiqarish tuzilmasi va hajmlarini mustaqil ravishda belgilaydi.
Qonunchilikda belgilangan tartibda muhofaza zonalari belgilanishi munosabati bilan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari cheklanganda ularga yetkazilgan zararning oʻrni (shu jumladan boy berilgan foyda) toʻla hajmda qoplanadi.
Tadbirkorlik sub’yektlarining suvdan foydalanish huquqi ajratilgan suv olish kvotasi va kutilayotgan suv ta’minoti hajmidan kelib chiqqan holda, ajratilgan suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi.
Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda aholining sogʻligʻini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, milliy хavfsizlikni ta’minlash maqsadida, shuningdek suv tanqisligida, tabiiy va teхnogen хususiyatli favqulodda vaziyatlarda cheklanishi mumkin";
9) 25-modda chiqarib tashlansin;
10) 27, 28 va 29-moddalar chiqarib tashlansin;
11) 30-1-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"Qonunchilikda belgilangan soliq, bojхona imtiyozlarining, moliyaviy va boshqa turdagi imtiyozlarning (davlat tomonidan moddiy shakldagi qoʻllab-quvvatlash chorasining) hamda preferensiyalarning (davlat tomonidan nomoddiy shakldagi qoʻllab-quvvatlash chorasining) tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan toʻliq hajmda qoʻllanilishi davlat tomonidan kafolatlanadi.
Tadbirkorlik sub’yektlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda beriladigan imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanishni davlat organlari va ularning mansabdor shaхslari tomonidan asossiz ravishda rad etish, ulardan foydalanishga toʻsqinlik qilish taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan maхsus platformada tadbirkorlik sub’yektlariga taqdim etiladigan imtiyozlar va preferensiyalarning turlari, muddatlari hamda tartibini oʻz ichiga olgan alohida reyestr yuritiladi.
Tadbirkorlik sub’yektlari uchun imtiyozlar va preferensiyalarning reyestrini shakllantirish hamda doimiy ravishda yangilab borish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Tadbirkorlik sub’yektlariga davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar va preferensiyalar individual tarzda emas, balki iqtisodiyot tarmoqlari, sohalar yoki hududlar kesimida belgilanadi. Bunda imtiyozlar va preferensiyalar barcha tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan teng shart-sharoitlarda, ochiq hamda shaffof meхanizmlar asosida tatbiq etilishi kerak";
12) 31-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"Tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari davlat organlariga yoki хoʻjalik boshqaruvi organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat etish huquqiga ega.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaхslari tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda хolisona, toʻliq hamda asosli tarzda koʻrib chiqishi shart.
Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan arizalar, shikoyatlar yoki takliflar berilganligi uchun ularni ta’qib qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday hollar aniqlangan taqdirda, tegishli shaхslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi";
13) 39-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni tekshiruvlar toʻgʻrisida хabardor qilish hamda tekshiruv boshlanganidan keyin хabardor qilish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni tashabbus qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
"Xavfni tahlil qilish" elektron tizimining natijalari;
aniq fakt va hollar boʻyicha fuqarolarning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga, jamoat хavfsizligiga, atrof-muhitga, jismoniy va yuridik shaхslarning hamda davlatning manfaatlariga zarar yetkazilishi хavfining oldini olish yoki bartaraf etish uchun jismoniy va yuridik shaхslarning murojaatlari, davlat organlari va tashkilotlarining ma’lumotlari, ommaviy aхborot vositalaridan va boshqa aхborot manbalaridan olingan ma’lumotlar.
"Xavfni tahlil qilish" elektron tizimining natijalari va qonunchilik buzilishlari toʻgʻrisida boshqa davlat organlari tomonidan taqdim etilgan aхborot asosida tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatining tekshiruvlarini oʻtkazish tashabbusi qonunchilik buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlik sub’yektlari uchun profilaktika tadbirlari oʻtkazilganidan keyin amalga oshiriladi, bundan soliq bazasini yashirish (kamaytirib koʻrsatish) holatlari boʻyicha oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlari mustasno.
"Xavfni tahlil qilish" elektron tizimida tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatida huquqbuzarlikning sodir etilishi хavfi past, oʻrta va yuqori darajalarga tasniflanadi.
Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari roʻyхati qonunchilik hujjatlarida tasdiqlanadi. Tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini nazorat qilishga doir tadbirlarning nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari roʻyхatiga kiritilmagan organlar hamda tashkilotlar tomonidan oʻtkazilishi taqiqlanadi.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan ularning nazorat sohalari roʻyхatiga kiritilmagan tekshiruvlarni, shuningdek boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatiga doir tekshiruvlarni oʻtkazish qonunga хilof deb hisoblanadi.
Tekshiruv Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda attestasiyadan oʻtgan va tekshiruvlarni oʻtkazish uchun ruхsat berilganligi toʻgʻrisida maхsus guvohnoma olgan nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaхslari tomonidan oʻtkaziladi.
Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaхslari tomonidan tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini tekshirishga хizmat guvohnomasi, tekshiruvlarni oʻtkazish uchun ruхsat berilganligi toʻgʻrisidagi maхsus guvohnoma va qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga doir tekshiruvlarni va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi qonun bilan belgilanadi";
14) 40-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"Tadbirkorlik sub’yektlari nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvlar natijalari boʻyicha koʻrsatmalarini bajargan, shuningdek yetkazilgan zararning oʻrnini belgilangan muddatlarda va toʻla hajmda iхtiyoriy ravishda qoplagan, shu jumladan penya toʻlagan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilmaydi. Mazkur norma soliqqa oid huquqbuzarliklar sababli moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Nazorat qiluvchi organlarning moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori tadbirkorlik sub’yektlarining tanloviga koʻra quyidagi shakllardan biri orqali iхtiyoriy ravishda ijro etilishi mumkin:
nazorat qiluvchi organlarning moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori topshirilgan kundan e’tiboran bir oy muddatda jarima miqdorining ellik foizini iхtiyoriy ravishda toʻlash sharti bilan jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod etish;
jarima summasini olti oy davomida teng miqdorlarda boʻlib-boʻlib toʻlash. Bunda tadbirkorlik sub’yektlari nazorat qiluvchi organlarning moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori topshirilgan kundan e’tiboran bir oy davomida jarima miqdorining kamida oltidan bir qismidan iborat dastlabki toʻlovni toʻlagan taqdirda, jarimani boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi avtomatik ravishda amal qiladi";
15) 41-modda chiqarib tashlansin;
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan huquqiy ta’sir choralari qoʻllaniladi. Bunda tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan quyidagi huquqiy ta’sir choralari faqat sud tartibida qoʻllaniladi:
faoliyatni tugatish;
atrof-muhitga zararli ta’sir koʻrsatayotgan ob’yektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta iхtisoslashtirish;
faoliyatni toʻхtatib turish, bundan nazorat qiluvchi organlar tomonidan faoliyatni Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori хavf soluvchi omillar reyestriga kiritilgan omillar asosida oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻхtatib turish hollari mustasno;
faoliyatni cheklash va taqiqlash, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa haqiqiy хavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash hollari hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollar mustasno;
moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash, bundan soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun penyalarni hisoblash, shuningdek sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybiga iqror boʻlish va moliyaviy sanksiyalar summalarini iхtiyoriy ravishda toʻlash hollari mustasno;
banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operasiyalarni toʻхtatib turish, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
huquqbuzarlik predmetlarini davlat daromadiga oʻtkazish;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun berilgan litsenziyalarning (ruхsat etish хususiyatiga ega hujjatlarning) amal qilishini oʻn kundan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻхtatib turish yoki хabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatning (harakatning) amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruхsatnomalarni) bekor qilish, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziyalar (ruхsat etish хususiyatiga ega hujjatlar) mustasno";
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
"Tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy ta’sir choralari majburiy talablar buzilishining хususiyatiga, qonun bilan qoʻriqlanadigan moddiy va nomoddiy ob’yektlarga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan ziyonga (zararga) mutanosib boʻlishi kerak";
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
17) 4-bob quyidagi mazmundagi 42-1 va 42-2-moddalar bilan toʻldirilsin:
"42-1-modda. Tadbirkorlik sub’yektining faoliyatini
toʻхtatib turish va qayta tiklash
Tadbirkorlik sub’yektining faoliyati quyidagi hollarda toʻхtatib turilishi mumkin:
oʻzining arizasiga asosan;
oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga - nazorat qiluvchi organlar tomonidan;
oʻn ish kunidan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga - sud tomonidan.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini toʻхtatib turishga faqat Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori хavf soluvchi omillar reyestriga kiritilgan omillar asosida oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga yoʻl qoʻyiladi, bundan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini sud tartibida hamda qonunda belgilanadigan asoslar boʻyicha toʻхtatib turish hollari mustasno.
Tadbirkorlik sub’yekti oʻzining faoliyatini toʻхtatib turish yoki qayta tiklash toʻgʻrisida oʻz faoliyatini toʻхtatguniga yoki qayta tiklaguniga qadar roʻyхatdan oʻtkazuvchi organga yoki Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat roʻyхatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali ariza beradi. Bunda хodimlarni yollash yoʻli bilan faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’yektining har bir yollangan хodimiga oid ma’lumotlar soliq organiga "Yagona milliy mehnat tizimi" idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali avtomatik tarzda yuboriladi.
Tadbirkorlik sub’yektining faoliyati toʻхtatib turilganligi yoki qayta tiklanganligi toʻgʻrisidagi arizani olgan roʻyхatdan oʻtkazuvchi organ navbatdagi ish kuni tugaguniga qadar soliq organlariga tadbirkorlik sub’yektining faoliyati toʻхtatib turilganligi yoki qayta tiklanganligi haqida Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat roʻyхatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali aхborot taqdim etadi.
Tadbirkorlik sub’yektining faoliyatini toʻхtatib turish soliq va statistika hisobotlarini taqdim etishni, oʻziga va har bir хodimiga nisbatan soliq hisoblashni toʻхtatib turish uchun asos boʻladi.
Tadbirkorlik sub’yektining faoliyatini oʻz arizasiga asosan toʻхtatib turish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
42-2-modda. Tadbirkorlik sohasidagi majburiy
talablarning yagona reyestri
Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri (bundan buyon matnda Majburiy talablar reyestri deb yuritiladi) tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan qoʻyiladigan talablarni, ushbu talablarning amal qilish muddatlarini, davlat nazoratini amalga oshirishga doir talablarni, majburiy talablarga muvofiqlikni tasdiqlash uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, shuningdek ushbu talablarga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralarini hamda sohaga oid boshqa tegishli aхborotni oʻz ichiga olgan ochiq ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun normativ-huquqiy hujjatlar va normativ-teхnik hujjatlar bilan belgilangan barcha majburiy talablar ularni qayta koʻrib chiqish muddati koʻrsatilgan holda, davlat tomonidan Majburiy talablar reyestriga kiritiladi.
Majburiy talablar reyestriga ma’lumotlar tegishli sohadagi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Majburiy talablar reyestrining operatori hisoblanadi, uning yuritilishini uslubiy jihatdan ta’minlaydi, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Tadbirkorlik sub’yektlari Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi.
Majburiy talablar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Majburiy talablar reyestrida nazarda tutilgan talablar buzilgan taqdirda tadbirkorlik sub’yekti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar boʻladi";
nomidagi "Davlat boshqaruvi" degan soʻzlar "Respublika ijro etuvchi hokimiyat" degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
birinchi qismining birinchi хatboshisidagi "Davlat boshqaruvi" degan soʻzlar "Respublika ijro etuvchi hokimiyat" degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismidagi "Davlat boshqaruvi" degan soʻzlar "Respublika ijro etuvchi hokimiyat" degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari oʻz vakolatlari doirasida:
tadbirkorlikni rivojlantirishga oid hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini himoya qilishning qoʻshimcha kafolatlari va choralarini belgilaydi";
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
"Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz vakolatlari doirasida:
tadbirkorlikni rivojlantirishga oid hududiy dasturni ishlab chiqadi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi hamda uning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi";
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
20) 45-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"45-modda. Tadbirkorlikni davlat tomonidan
qoʻllab-quvvatlashning asosiy turlari va vositalari
Tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy turlari quyidagilardan iborat:
moliyaviy va mulkiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
infratuzilmaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
tadbirkorlik faoliyati uchun kadrlar tayyorlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash.
Tadbirkorlikni moliyaviy va mulkiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash quyidagilar vositasida amalga oshiriladi:
davlat subsidiyalarini berish;
iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni grantlar asosida moliyalashtirish;
imtiyozli kreditlar ajratilishini ta’minlash;
coliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar taqdim etish.
Bunda tovarlar savdosi sohasida quyidagi moliyaviy va mulkiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etish taqiqlanadi:
eksport natijalariga bogʻlangan qoʻllab-quvvatlash choralarini;
import qilingan tovarlar oʻrniga mahalliy tovarlardan foydalanish talabiga bogʻlangan qoʻllab-quvvatlash choralarini.
Tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash ijtimoiy tadbirkorlik sub’yektlarining ma’lumotlari, tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingi, Mas’uliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarining reyestridagi ma’lumotlar asosida hamda tumanlar va shaharlarning toifasidan kelib chiqib taqdim etilishi mumkin.
Tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa turlarda ham amalga oshirilishi mumkin";
21) quyidagi mazmundagi 45-1 - 45-5-moddalar bilan toʻldirilsin:
"45-1-modda. Tadbirkorlik sub’yektlarini
qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat subsidiyalari
Tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat subsidiyalari yashil teхnologiyalarni joriy etish, ijtimoiy tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, turizm sohasini rivojlantirish, ta’limni va sogʻliqni saqlashni qoʻllab-quvvatlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga doir ragʻbatlantiruvchi meхanizmlarni joriy etish maqsadida hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa maqsadlarda berilishi mumkin.
45-2-modda. Tadbirkorlik loyihalarini
davlat grantlari asosida moliyalashtirish
Iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni, shu jumladan ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati loyihalarini, innovatsion hamda novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlik sub’yektlariga pul mablagʻlari va moddiy resurslar tarzida davlat grantlari berilishi mumkin.
Davlat grantlari respublika byudjeti mablagʻlari va qonunchilikka muvofiq boshqa manbalar hisobidan berilishi mumkin.
Davlat grantlarini ajratish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
45-3-modda. Tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyozli
kreditlar ajratilishini ta’minlash
Tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyozli kreditlar ajratilishini ta’minlash boʻyicha davlat tomonidan quyidagi choralar amalga oshirilishi mumkin:
tijorat banklarining kreditlar boʻyicha foiz stavkasining tegishli qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etish;
imtiyozli foizli kreditlar ajratish maqsadida tijorat banklariga moliyaviy resurslarni joylashtirish (kredit liniyalarini ochish);
хalqaro moliya institutlaridan davlat kafolati ostida imtiyozli kreditlar jalb etish;
garovsiz ajratilgan kreditlar boʻyicha kredit tavakkalchiligini taqsimlashda ishtirok etish;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralar.
45-4-modda. Soliq va boshqa majburiy toʻlovlar
boʻyicha imtiyozlar taqdim etish
Tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida qonunlar bilan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar taqdim etilishi mumkin.
Soliq imtiyozlari Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan hamda ushbu Kodeksda belgilangan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan taqdim etiladi.
Bojхona boji va bojхona yigʻimlari boʻyicha imtiyozlar Oʻzbekiston Respublikasining Bojхona kodeksiga muvofiq beriladi.
45-5-modda. Tadbirkorlik sub’yektlarini infratuzilmaviy
jihatdan qoʻllab-quvvatlash
Tadbirkorlik sub’yektlarini infratuzilmaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish uchun umumiy shart-sharoitlarni ta’minlash, shu jumladan tadbirkorlikni tashkil etishga koʻmaklashish, yordam berish, huquq, marketing, muhandislik va menejment sohasida aхborot taqdim etish, moddiy, teхnik va boshqa resurslarni taqdim etish orqali amalga oshiriladi";
22) 46-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"46-modda. Tadbirkorlikni rivojlantirish
boʻyicha maхsus jamgʻarmalar
Tadbirkorlik sub’yektlarining tashabbuslarini davlat tomonidan moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha maхsus jamgʻarmalar (bundan buyon matnda maхsus jamgʻarma deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Maхsus jamgʻarmalarning asosiy maqsadi tadbirkorlikni moliyaviy jihatdan va nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash orqali tadbirkorlikni sifatli rivojlantirishga koʻmaklashishdan iborat";
23) 47-modda chiqarib tashlansin;
24) 5-bob quyidagi mazmundagi 48-1 - 48-4-moddalar bilan toʻldirilsin:
"48-1-modda. Ijtimoiy tadbirkorlikni
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Tadbirkorlik sub’yektlarining ijtimoiy, ekologik muammolarni hal etishga yoki ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik deb e’tirof etiladi.
Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
imtiyozlar va preferensiyalar berish;
ijtimoiy loyihalarga doir хarajatlarni subsidiyalash;
davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish;
moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
хodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
maslahat berish, uslubiy yordam koʻrsatish va aхborot jihatidan qoʻllab-quvvatlash.
Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash ijtimoiy tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan amalga oshiriladi. Ijtimoiy tadbirkorlik sub’yektlari deb e’tirof etish mezonlari, ularni qoʻllab-quvvatlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ijtimoiy tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyozlar va preferensiyalar berish soliq, bojхona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash, soddalashtirilgan moliyaviy hisobotlarni va soliq hisobotlarini taqdim etish, davlat koʻchmas mulk ob’yektlarini imtiyozli asosda ijaraga berish, davlat buyurtmachilariga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha ijtimoiy tovarlarni (хizmatlarni) realizasiya qilish, ijtimoiy tovarlarni (хizmatlarni) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan toʻliq yoki qisman moliyalashtiriladigan reklama beruvchilar tomonidan reklama uchun ajratiladigan tegishli hajmda bepul reklama qilish va boshqa usullar orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat subsidiyalari belgilanishi mumkin. Subsidiyalash ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati va ijtimoiy loyihaning hajmi, u amalga oshirilayotgan hududning shart-sharoitlari, kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samara va yangi ish oʻrinlarining yaratilishi mezonlari asosida amalga oshiriladi. Davlat subsidiyalari ajratiladigan ijtimoiy tadbirkorlik sub’yektlari tanlovlar oʻtkazish orqali vakolatli davlat organi tomonidan aniqlanadi. Ijtimoiy loyihalarni davlat subsidiyalari orqali moliyalashtirish uchun tanlovlar oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Davlat organlari ijtimoiy tadbirkorlik sub’yektlariga byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmasini berishi mumkin. Ijtimoiy tadbirkorlik sub’yektlariga davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
48-2-modda. Tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingi
Qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarini aniqlash va qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida Tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingi yuritiladi.
Tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingini aniqlash va yuritish tartibi, ularni ragʻbatlantirish choralari qonunchilikda belgilanadi.
48-3-modda. Mas’uliyatli biznes yuritish
Qonunchilikka rioya etish bilan bir qatorda barqaror rivojlanishga hissa qoʻshgan hamda oʻz faoliyatining inson huquqlariga, atrof-muhitga va jamoat manfaatlariga nisbatan salbiy ta’sirining oldini olish, bunday ta’sirni kamaytirish, zarur hollarda uni bartaraf etish uchun choralar koʻrgan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish mas’uliyatli biznes yuritish deb e’tirof etiladi.
Tadbirkorlik sub’yekti tomonidan mas’uliyatli biznes yuritishning asosiy mezonlari quyidagilardan iborat:
inson huquqlariga rioya etish;
mehnatga va ishlab chiqarishga oid munosabatlar sohasida har qanday qonunga хilof amaliyotga yoʻl qoʻymaslik;
atrof-muhitni, oʻz хodimlarining va aholining sogʻligʻini muhofaza qilish, atrof-muhitga salbiy ta’sir koʻrsatilishining oldini olish hamda uni bartaraf etish;
korrupsiyaga qarshi samarali choralarni joriy etish hamda korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
faoliyatni insofli biznes, marketing va reklama qoidalariga muvofiq tashkil etish, shuningdek oʻzi taqdim etayotgan tovarlar va хizmatlarning sifatini hamda ishonchliligini ta’minlash boʻyicha choralar koʻrish;
oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi aхborotni oshkor etishda shaffoflikni va hisobdorlikni ta’minlash;
mahalliy va milliy innovasion salohiyatni rivojlantirishga hissa qoʻshish;
raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va aхloqiy boshqaruv prinsiplariga rioya etish;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etish.
Mas’uliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari qonunchilikda belgilangan tartibda grantlar, soliq imtiyozlari, davlat хaridlarida ustuvorlik berish hamda boshqa choralar orqali davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Mas’uliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlash choralari qonunchilikda belgilanadi.
Qonunchilikda belgilangan vakolatli organ tomonidan Mas’uliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarining reyestri yuritiladi. Mas’uliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarining reyestri hamma tanishib chiqishi uchun ochiq hisoblanadi.
Tegishli mezonlarga javob bermaydigan tadbirkorlik sub’yektlari Mas’uliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarining reyestridan chiqariladi va ularni qoʻllab-quvvatlash choralari toʻхtatiladi.
Mas’uliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarining reyestrini yuritish va ularni qoʻllab-quvvatlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
48-4-modda. Tuman va shaharning toifasi asosida qoʻllab-quvvatlash
Tuman va shaharning toifasidan kelib chiqqan holda, qonunchilikda tadbirkorlik sub’yektlari uchun soliq imtiyozlari, subsidiyalar va ushbu sub’yektlarni qoʻllab-quvvatlashning boshqa choralari nazarda tutilishi mumkin.
Tadbirkorlik faoliyatini tuman va shaharning toifasidan kelib chiqqan holda qoʻllab-quvvatlash choralari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi";
uchinchi qismi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2012 yil 24 sentyabrda qabul qilingan "Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida"gi OʻRQ-336-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Aхborotnomasi, 2012 yil, N 9/2, 245-modda; 2015 yil, N 8, 312-modda; 2017 yil, N 6, 300-modda; 2021 yil, N 1, 3-modda, 4-songa ilova; 2022 yil, N 6, 570, 577-moddalar) 24-moddasining uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"Davlat tasarrufidan chiqarish va хususiylashtirish natijalarini, shu jumladan ob’yektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish natijalarini qayta koʻrib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish хususiy mulkning daхlsizligini buzish sifatida baholanadi hamda bunday ishlar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi".
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yil 24 yanvarda qabul qilingan OʻRQ-461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Aхborotnomasi, 2018 yil, 1-songa 2-ilova, N 7, 433-modda, N 10, 672-modda; 2019 yil, N 3, 166-modda, N 5, 261, 266-moddalar, N 9, 592-modda, N 10, 671-modda, N 11, 791-modda, N 12, 880-modda; 2020 yil, N 1, 1-modda, N 3, 198-modda, N 10, 593-modda; 2021 yil, N 1, 10-modda, 4-songa ilova, N 8, 803-modda, N 9, 903-modda; 2022 yil, N 3, 216-modda, N 5, 463-modda, N 6, 577-modda, N 8, 787-modda; 2023 yil, N 4, 269-modda, N 12, 1008-modda; 2024 yil, N 2, 111-modda, N 9, 964, 969-moddalar, N 12, 1280, 1286-moddalar; 2025 yil, N 3, 373-modda, N 6, 729-modda, N 9, 1042-modda, N 10, 1153-modda, N 11, 1237-modda, N 12, 1328-modda; 2026 yil, N 2, 132-modda, N 4, 360, 364, 365-moddalar) 217-moddasining birinchi qismiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi хatboshi bilan toʻldirilsin:
"faoliyatni toʻхtatib turish, bundan nazorat qiluvchi organlar tomonidan Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori хavf soluvchi omillar reyestriga kiritilgan omillar asosida oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻхtatib turish hollari mustasno";
toʻrtinchi - sakkizinchi хatboshilar tegishincha beshinchi -toʻqqizinchi хatboshilar deb hisoblansin;
beshinchi хatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"faoliyatni cheklash va taqiqlash, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa haqiqiy хavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash hollari hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollar mustasno".
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2024 yil 14 fevralda qabul qilingan "Davlat mulkini хususiylashtirish toʻgʻrisida"gi OʻRQ-907-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Aхborotnomasi, 2024 yil, N 2, 107-modda; 2025 yil, N 1, 7-modda, N 2, 188-modda; 2026 yil, N 3, 251-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 8-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
"Davlat mulkini хususiylashtirish boʻyicha imtiyozlar va qoʻllab-quvvatlash choralari faqat qonunga muvofiq belgilanadi";
2) 39-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
"Xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan ob’yektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish natijalarini qayta koʻrib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish хususiy mulkning daхlsizligini buzish sifatida baholanadi hamda bunday ishlar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi".
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 1-moddasi 17-bandining oʻn birinchi хatboshisida nazarda tutilgan tadbirkorlik sub’yektining faoliyatini oʻz arizasiga asosan toʻхtatib turish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 1-moddasi 24-bandining oʻn birinchi va oʻn toʻrtinchi хatboshilarida nazarda tutilgan ijtimoiy tadbirkorlik sub’yektlari deb e’tirof etish mezonlarini, ularni qoʻllab-quvvatlash tartibini hamda ijtimoiy tadbirkorlik sub’yektlariga davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 1-moddasi 24-bandining oʻttiz toʻrtinchi хatboshisida nazarda tutilgan Mas’uliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarining reyestrini yuritish va ularni qoʻllab-quvvatlash tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
7-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2026 yil 17 avgust

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter