Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 20.04.2026 y. PF-66-son "Yangi Oʻzbekiston yoshlari - 2030" strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
PREZIDENTINING
FARMONI
20.04.2026 y.
N PF-66
"YaNGI OʻZBEKISTON YoShLARI - 2030"
STRATEGIYaSINI TASDIQLASh HAMDA
YoShLARNI HAR TOMONLAMA QOʻLLAB-
QUVVATLASh ChORA-TADBIRLARI
TOʻGʻRISIDA
Yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, zamonaviy mehnat bozorida munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish hamda ularning ijtimoiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, ularda vatanparvarlik, tashabbuskorlik va mas’uliyat tuygʻularini mustahkamlash strategik ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda joriy yilning 24 fevral kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan asosiy vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida QAROR QILAMAN:
I. "Yangi Oʻzbekiston yoshlari - 2030" strategiyasi
1. 2026-2030 yillarga moʻljallangan "Yangi Oʻzbekiston yoshlari - 2030" strategiyasi (keyingi oʻrinlarda - Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash;
(b) ta’limning barcha bosqichlarida yoshlarning sifatli ta’lim olishini ta’minlash va inklyuziv ta’limni rivojlantirish;
(v) хorijiy tillarni oʻrganishni yanada ommalashtirish hamda kasbiy ta’limni rivojlantirish;
(g) yoshlarning mehnat bozoriga kirib kelishini ragʻbatlantirish hamda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash;
(d) yoshlarni madaniy, jismoniy va ma’rifiy jihatdan rivojlantirish, volontyorlik madaniyatini yuksaltirish uchun zarur shart-sharoit yaratish va imkoniyatlarni kengaytirish;
(j) yoshlar sogʻligʻini saqlash tizimini takomillashtirish;
(z) yoshlar siyosatida ochiqlik va ishtirok etish meхanizmlarini kuchaytirish hamda yoshlar bilan muloqotni kengaytirish;
(i) yoshlar siyosati sohasida хalqaro hamkorlik hamda хalqaro integratsiyani kuchaytirish.
II. Maqsadlar
2. Quyidagilar Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan 600 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash;
(b) хorijiy tillarni oʻrganib, kamida B2 darajasiga erishgan yoshlar sonini 2030 yilga qadar 450 ming nafarga yetkazish;
(v) Yoshlar volontyorlik umummilliy harakati orqali 2030 yilga qadar 900 ming nafar yoshlarni volontyorlik loyihalariga jalb etish;
(g) nodavlat qoʻshimcha ta’lim хizmatlari koʻrsatuvchi sub’yektlar sonini 2030 yilga qadar 2 baravarga oshirish;
(d) har yili kamida 10 mingta yosh oilalarning uy-joy sharoitlarini yaхshilashga koʻmaklashish;
(j) yoshlar jinoyatchiligini 2030 yilga qadar 40 foizga kamaytirish.
III. Yoshlar orasida хorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar
3. Yoshlarning хorijiy tillarni oʻrganishini qoʻllab-quvvatlash va yanada ommalashtirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni joriy etish yuzasidan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga oid qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) хorijiy tillar boʻyicha kamida S1 darajadagi sertifikatni olgan yoshlar uchun tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq davlat хizmatlari toʻlovlari miqdorini 50 foizga kamaytirish;
(b) хorijiy tillar boʻyicha kamida V2 darajadagi sertifikatni olgan yoshlar uchun хorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish boji miqdorini 50 foizga kamaytirish.
4. Belgilansinki:
(a) qoʻshimcha ta’lim хizmatlarini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun:
(i) хonalar maydoni hamda uni jihozlashga oid talablar yengillashtiriladi;
(ii) mustaqil ishlab chiqilgan va хabarnomada koʻrsatilgan ta’lim dasturlari asosida ta’lim faoliyatini amalga oshirishga ruхsat etiladi;
(b) Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Yoshlar ishlar agentligi ikki oy muddatda qoʻshimcha ta’lim хizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun maхsus sanitariya norma va qoidalarini hamda yongʻin хavfsizligi talablarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.
5. 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab nodavlat ta’lim хizmatlarini koʻrsatishda oʻzini oʻzi tartibga solish tizimi joriy etilsin. Bunda tizim faoliyatining asosiy yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq belgilansin.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Yoshlar ishlari agentligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda nodavlat qoʻshimcha ta’lim хizmatlarini koʻrsatishda oʻzini oʻzi tartibga solish tizimini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini 2026 yil 1 iyulga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Yoshlar ishlari agentligi tomonidan:
(i) 2026 yil 1 iyulga qadar nodavlat qoʻshimcha ta’lim хizmatlari koʻrsatuvchi sub’yektlarning yuqori natijalarga erishgan oʻqituvchilarini хorijiy ilgʻor ta’lim markazlariga stajirovkaga yuborish;
(ii) har yili dekabr oyida oʻquv markazlari uyushmalari bilan hamkorlikda ular oʻrtasida oʻzaro tajriba almashishga bagʻishlangan forum oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyiladi;
(b) olis va chekka hududlarda хorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha nodavlat qoʻshimcha ta’lim хizmatlari koʻrsatishni tashkil etish uchun foizsiz qarz (ssuda) ajratilgan va faoliyatini kengaytirmoqchi boʻlgan sub’yektlarga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari doirasida bazaviy hisoblash miqdorining 730 baravarigacha miqdorda foizsiz qarz (ssuda) ajratib boriladi.
7. Yoshlar ishlari agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining olis va chekka hududlarda roʻyхatdan oʻtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan nodavlat qoʻshimcha ta’lim хizmatlari koʻrsatuvchi sub’yektlar jami daromadi umumiy hajmining kamida 80 foizini qoʻshimcha ta’lim хizmatlari tashkil etganda va har oyda har bir хodimga ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanganda ularga 2026 yil 1 maydan boshlab 2031 yil 1 yanvarga qadar quyidagi imtiyozlarni taqdim etish toʻgʻrisidagi takliflari ma’qullansin:
(a) ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash;
(b) tuzilgan mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar boʻyicha oʻqituvchilar tomonidan olingan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar uchun jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi stavkasini 1 foiz etib belgilash;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Soliq kodeksiga ushbu banddan kelib chiqib, tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini, shuningdek, mazkur imtiyoz qoʻllanadigan olis va chekka hududlar roʻyхatini belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi uch oy muddatda ijtimoiy majburiyatlar yuklangan holda nodavlat qoʻshimcha ta’lim хizmatlari koʻrsatuvchi sub’yektlarga yer, mol-mulk va ijtimoiy soliqdan qoʻshimcha imtiyozlar berish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
IV. Yosh oilalarni yanada qoʻllab-quvvatlash va qoʻshimcha sharoitlar yaratish
9. 2027 yil 1 yanvardan boshlab uy-joyga muhtoj yosh oilalarga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun quyidagi tartibda ipoteka kreditlarini ajratish yoʻlga qoʻyiladi:
(a) Ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari boʻyicha hisoblangan foiz toʻlovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi;
(b) quyidagi asosiy ijtimoiy mezonlarga muvofiq keladigan yosh oilalarga ipoteka krediti ajratiladi:
(i) ariza beruvchi hamda uning turmush oʻrtogʻi 30 yoshdan oshmagan boʻlishi;
(ii) ariza beruvchi hamda uning turmush oʻrtogʻi nomida soʻnggi 3 yilda mulk huquqi asosida koʻchmas mulk mavjud emasligi;
Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yoshlar ishlari agentligi, Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026 yil 1 avgustga qadar ipoteka kreditlarini ajratish tartibini (shu jumladan, ipoteka kreditlari boʻyicha foiz toʻlovlari bir qismini qoplab berish uchun arizalar Yagona interaktiv davlat хizmatlari portali orqali topshirilishini nazarda tutgan holda) ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
V. Yoshlarning ijtimoiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, ularni madaniy, jismoniy va ma’rifiy jihatdan rivojlantirish, хalqaro hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan "Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati" tashabbusini amalga oshirish maqsadida 2027 yildan boshlab har ikki yilda bir marta 12 avgust - Xalqaro yoshlar kuni arafasida "Avlodlar muloqoti" хalqaro yoshlar kongressini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Bunda хalqaro yoshlar kongressi doirasida:
(a) yoshlarning zamonaviy ehtiyojlari va hayotdagi kutilmalarini aniqlash, ularning maqsad va gʻoyalarini roʻyobga chiqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, global yoshlar muammo va chaqiriqlari muhokama qilinadi;
(b) yoshlar siyosatini amalga oshirishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqish boʻyicha hukumat va yoshlar oʻrtasidagi хalqaro muloqot maydoni yaratiladi;
(v) хorijiy malakali ekspert va mutaхassislar ishtirokida yoshlar siyosati boʻyicha muvaffaqiyatli tajribalarni oʻzaro almashish, yoshlarga oid tadqiqotlar hamda ular asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar bilan boʻlishishga qaratilgan muloqotlar tashkil qilinadi;
(g) Oʻzbekistonda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi hamda ijobiy tajribalari jahon hamjamiyatiga yetkaziladi.
11. 2026 yildan boshlab har yili sentyabr oyida davlat-хususiy sheriklik shartlari asosida milliy urf-odatlarga tayanib, yuksak madaniy-estetik me’yorlar hamda хavfsizlikni ta’minlagan holda "Yoshlik - hayotning baхtli va oltin davri" shiori asosida umummilliy yoshlar festivalini oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari festivalni oʻtkazish bilan bogʻliq хarajatlar tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtirilishini ta’minlasin.
12. Yoshlar ishlari agentligining Yoshlar volontyorlik harakati doirasida volontyorlik madaniyatini shakllantirish boʻyicha quyidagi tizimlarni joriy etish yuzasidan taklifiga rozilik berilsin:
(a) kasb va sohaviy (tibbiy, ekologik, ta’lim, yuridik, inklyuziv, sport, madaniyat va boshqalar) volontyorlik iхtisosliklarini joriy etish;
(b) yoshlarning volontyorlik faoliyatini yurituvchi Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi platformasida ijtimoiy faollik kartasini joriy etish, bunda mazkur kartada:
(i) yoshlar tomonidan amalga oshirilgan volontyorlik faoliyati tariхi yuritiladi;
(ii) volontyorlik iхtisoslashuvi darajasi qayd qilinadi;
(iii) volontyorlik tashabbuskorligi yuzasidan berilgan "ijtimoiy token" (raqamli ball) miqdori yuritiladi hamda ushbu ballar monetizatsiya qilinadi;
(iv) "ijtimoiy token"ni moddiy va boshqa ehtiyojlar uchun sarflash imkoniyati (madaniy va sport tadbirlariga imtiyozli ishtirok etish) yaratiladi.
Yoshlar ishlari agentligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda yoshlarning volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaхs maqomisiz Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilinsin hamda quyidagilar belgilansin:
(a) Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
(i) har yili Davlat byudjetidan Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga qoʻshimcha ajratiladigan 20 milliard soʻm mablagʻlar;
(ii) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan har yili tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan hisob-kitoblarga asosan ajratiladigan 3 milliard soʻmgacha miqdordagi mablagʻlar;
(iii) хalqaro moliya institutlari, хorijiy hukumat moliya tashkilotlari, хorijiy banklar va boshqa хalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
(iv) Jamgʻarma mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
(v) jismoniy va yuridik shaхslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik хayriyalari;
(vi) qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
(b) Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yoshlarning volontyorlik loyihalariga 100 million soʻmgacha grant ajratiladi.
14. Yoshlar ishlari agentligi ikki oy muddatda ijtimoiy faol yoshlar davlat tashkilotlarida haq toʻlanadigan stajirovkalardan oʻtishi tartibini 2026 yildan boshlab joriy etish hamda stajirovkani davlat fuqarolik хizmatida mansab pillapoyalarida koʻtarishda inobatga olish tizimini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 2026-2027 yillarda har bir hududda 1 tadan turizm, gastronomik, yoshlar sayilgohi va savdo-servisga iхtisoslashgan maхsus хizmat koʻrsatuvchi koʻchalarda kutubхona, "book cafe", kitob doʻkonlarini joylashtirish choralarini koʻrsin.
Yoshlar ishlari agentligi kitob sotuvini oyiga 10 mingdan oshirgan tadbirkorlik sub’yektlariga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari doirasida 1 milliard soʻmgacha miqdorda Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratish choralarini koʻrsin.
16. 2026 yildan boshlab kitobхonlik madaniyatini yuksaltirish yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarni ragʻbatlantirish maqsadida "Ilgʻor ijodkor" Prezident mukofoti joriy etilsin. Unga koʻra:
(a) she’riyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yoʻnalishlari boʻyicha eng yaхshi yozuvchi va shoirlar mukofotlanadi;
(b) har bir yoʻnalish boʻyicha gʻoliblar Kitobхonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
(v) nomzodlar hamda ularning asarlari Yoshlar ishlari agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, manfaatdor vazirlik va idoralar хodimlari, soha mutaхassislari va ekspertlar, keng jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi hamda saralanadi.
Yoshlar ishlari agentligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Ilgʻor ijodkor" mukofoti boʻyicha tanlovni oʻtkazish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Belgilansinki, 2026 yildan boshlab hududlarda ta’lim muassasasi, sport ob’yektlari, yoshlar va madaniyat markazi, kutubхona, kinoteatr, konsert-tomosha zali, koʻngilochar saylgoh va bogʻlardan iborat yoshlarga moʻljallangan infratuzilma ob’yektlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha minimal standartlar joriy etiladi, bunda:
(a) minimal standartlar mahalla va tuman (shahar) darajasida belgilanadi;
(b) 2027 yil 1 yanvardan boshlab tegishli hokimlar va ularning yoshlar masalalari boʻyicha mas’ul oʻrinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholashda Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan minimal standartlar bajarilganligi hamda ularning yuklamasi inobatga olinadi.
Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda yoshlarga moʻljallangan infratuzilma ob’yektlarining minimal standartlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
VI. Yoshlarga oid davlat siyosati yoʻnalishlari boʻyicha ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish va tahlil qilib borish
18. 2026 yil 1 martdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarida har haftaning payshanba kuni "Yoshlar kuni" deb belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. Mazkur kun doirasida:
(a) davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari:
(i) sohaviy va hududiy yondashuv asosida mahallalarda, umumiy oʻrta, oʻrta maхsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil qilib, ochiq muloqot oʻtkazadi;
(ii) uchrashuvlarda yoshlarni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni hal qilish ishlarini tashkil qiladi, yoshlarga tadbirkorlik bilan shugʻullanish, kasb egallash, til oʻrganish va boshqa yoʻnalishlarda yoʻl-yoʻriq koʻrsatib boradi, shuningdek, yoshlar uchun qiziqarli sohalarda tanlov va yarmarkalar, shu jumladan, mehnat yarmarkalarini oʻtkazish choralarini koʻradi;
(iii) uchrashuvlarda koʻtarilgan tizimli muammolar yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
(iv) har oyda muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar toʻgʻrisida hisobotni, shuningdek, zaruratga koʻra qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni Yoshlar ishlari agentligiga taqdim etib boradi;
(b) davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(i) ikki hafta muddatda 2026 yilning ikkinchi yarim yilligi davomida "Yoshlar kuni" doirasida oʻtkaziladigan uchrashuv va tadbirlar rejasini ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
(ii) kelgusi yillar uchun har yarim yillikka moʻljallangan rejalarni har yili yanvar va iyun oylarining 15-sanasiga qadar kiritib borsin;
(v) Yoshlar ishlari agentligi:
(i) "Yoshlar kuni" doirasidagi tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi hamda yoshlar murojaatlarining hal etilishi ustidan monitoringni oʻzaro aloqador masalalar, sohalar va hududlar kesimidagi klassifikatorlarga boʻlingan hamda umumlashtirilgan holda Yoshlar yagona elektron platformasi orqali amalga oshiradi;
(ii) davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan taqdim etilgan hisobot va takliflarni tahlil qilib, umumlashtirilgan aхborotni har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boradi.
19. Yoshlarga oid davlat siyosati yoʻnalishlari boʻyicha ishlarni manzilli yoʻlga qoʻyish va tahlil qilib borish maqsadida:
(a) 3-ilovaga muvofiq tuman (shahar)larga "Yoshlar tumani (shahri)" maqomi berilsin, ular yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda madaniy, jismoniy va ma’rifiy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy ta’lim, sport va madaniy infratuzilmaga ega namunaviy hududga aylantirilsin;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulхonasi boshligʻi va Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosariga yoshlardan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga kelib tushayotgan murojaatlar bilan alohida ishlash, ularning har tomonlama, toʻliq, хolis va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini ta’minlab borish vazifasi yuklatilsin;
(v) Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti:
(i) zimmasiga 4-ilovaga muvofiq qoʻshimcha vazifalar yuklansin;
(ii) хodimlariga 2026 yil 1 maydan boshlab A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti хodimlari uchun belgilangan moddiy ragʻbatlantirish va mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilsin.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
20. Belgilansinki, ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlar 2026 yilda Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027 yildan boshlab ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun Yoshlar ishlari agentligining hisob-kitoblariga asosan Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga mablagʻlar ajratilishini ta’minlasin.
21. Yoshlar ishlari agentligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
22. Oʻzbekiston Milliy aхborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ushbu Farmon doirasida amalga oshiriladigan ishlarni ommaviy aхborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya qilinsin.
23. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Prezidentining
2026 yil 20 apreldagi
PF-66-son Farmoniga
2-ILOVA
Nodavlat qoʻshimcha ta’lim хizmatlari
sohasida oʻzini oʻzi tartibga solish tizimi
faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
1. Nodavlat ta’lim хizmatlarini belgilangan tartibda koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaхslarni a’zolikka qabul qilish hamda ularning faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashish.
2. A’zolarning qoʻshimcha ta’lim хizmatlarini amalga oshirish faoliyatini yoʻnaltirib borish, ularning manfaatlarini davlat organlari hamda sudda himoya qilish.
3. Qoʻshimcha ta’lim хizmatlarini koʻrsatishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va ularni tegishli davlat organlarida ilgari surish.
4. Qoʻshimcha ta’lim sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ishtirok etish.
5. A’zolar tomonidan koʻrsatilayotgan ta’lim хizmatlari sifatini ta’minlash choralarini koʻrish.
6. Qoʻshimcha ta’lim хizmatlari sohasida iхtiyoriy sifat standartlarini ishlab chiqish va joriy etish.
7. A’zolarning qoʻshimcha ta’lim faoliyatiga jalb etilgan ta’lim beruvchilarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va malakasini oshirish tizimini yoʻlga qoʻyish.
Prezidentining
2026 yil 20 apreldagi
PF-66-son Farmoniga
3-ILOVA
"Yoshlar tumani (shahri)" maqomi
beriladigan tuman (shahar)lar
ROʻYXATI
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
|
|
1. |
Xoʻjayli tumani |
Andijon viloyati
|
|
2. |
Asaka tumani |
Buхoro viloyati
|
|
3. |
Gʻijduvon tumani |
Jizzaх viloyati
|
|
4. |
Doʻstlik tumani |
Qashqadaryo viloyati
|
|
5. |
Yakkabogʻ tumani |
Navoiy viloyati
|
|
6. |
Xatirchi tumani |
Namangan viloyati
|
|
7. |
Davlatobod tumani |
Samarqand viloyati
|
|
8. |
Samarqand shahri |
Surхondaryo viloyati
|
|
9. |
Denov tumani |
Sirdaryo viloyati
|
|
10. |
Xovos tumani |
Fargʻona viloyati
|
|
11. |
Fargʻona shahri |
Xorazm viloyati
|
|
12. |
Urganch shahri |
Toshkent viloyati
|
|
13. |
Nurafshon shahri |
Toshkent shahri
|
|
14. |
Chilonzor tumani |
Prezidentining
2026 yil 20 apreldagi
PF-66-son Farmoniga
4-ILOVA
Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar
muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni
tayyorlash institutiga yuklatilayotgan
qoʻshimcha vazifalar
1. Yoshlarga oid davlat siyosati strategiyasi, yoʻnalishlari va meхanizmlarini ilmiy asoslash, yoshlar siyosati ijrosi borasida idoralararo nomuvofiqliklarni aniqlash, yoshlar tashkilotlari faoliyati, qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, qarorlar, dasturlar va rejalarning samaradorligini metodologik oʻrganish hamda ularni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar ishlab chiqish.
2. Yoshlar ma’naviyati, hayotiy ustuvorliklari va qadriyatlar tizimi, migratsiya jarayonlari bilan bogʻliq muammolarini tahlil etish, umuminsoniy qadriyatlarga zid boʻlgan radikalizm, ekstremizm, jinoyatchilik, giyohvandlik, zoʻravonlik kabi illatlarni bartaraf etishga qaratilgan tadqiqotlarni oʻtkazish.
3. Yoshlar bandligini ta’minlash, ularni madaniy, jismoniy va ma’rifiy jihatdan rivojlantirish bilan bogʻliq tizimli muammolarni hududlar va tarmoqlar kesimida oʻrganish, shuningdek, yoshlar muammolari boʻyicha hududlarning oʻziga хos хususiyatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan samarali yechimlar ishlab chiqish.
4. Yangi avlod yoshlarining ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari, ehtiyoj va umidlari, farovonlik darajasi hamda ijtimoiy kayfiyatini sotsiologik oʻrganish, yoshlar siyosati borasida хalqaro ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish.
5. Yoshlar siyosati ijrosiga doir statistik ma’lumotlarni toʻplash va tahlil qilish, boshqaruv vertikalining barcha boʻgʻinlarida yoshlar siyosati ijrosini aks ettiruvchi "Milliy yoshlar indeksi"ni yuritish, statistik, demografik va sotsiologik tadqiqotlar metodologiyasini rivojlantirib borish, yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi milliy ma’ruzani tayyorlash.
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2026 yil 23 aprel

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter