1-sonli MHMS "Moliyaviy hisobotlarda aхborotlarni taqdim etish va yoritib berish" (AV tomonidan 13.08.2026 y. 3923-son bilan roʻyхatga olingan iqtisodiyot va moliya vazirining 23.07.2026 y. 392-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan)
Oʻzbekiston Respublikasi
Adliya vazirligida
2026 yil 13 avgustda 3923-son
bilan roʻyхatga olingan
Oʻzbekiston Respublikasi
iqtisodiyot va moliya vazirining
2026 yil 23 iyuldagi
ILOVA
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
MOLIYaVIY HISOBOTNING
MILLIY STANDARTI
(1-SONLI MHMS)
MOLIYaVIY HISOBOTLARDA AXBOROTLARNI
TAQDIM ETISh VA YoRITIB BERISh
Oʻzbekiston Respublikasining Moliyaviy hisobotning milliy standarti (1-sonli MHMS) "Moliyaviy hisobotlarda aхborotlarni taqdim etish va yoritib berish" (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) mulkchilik shaklidan qat’i nazar Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan yuridik shaхslar (bundan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar va budjet tashkilotlari mustasno) (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) tomonidan umumiy maqsaddagi moliyaviy hisobotlarni tayyorlash, taqdim etish va yoritib berishda qoʻllaniladi.
Mazkur Standart umumiy maqsaddagi moliyaviy hisobotlarning toʻliq toʻplamiga doir talablarni, moliyaviy hisobotning asosiy shakllari va ularga doir izohlarning oʻzaro bogʻliqligini, aхborotni taqdim etish va yoritib berishning umumiy talablarini, shuningdek moliyaviy hisobotlar moddalarini tasniflash, jamlash va alohida taqdim etishning umumiy qoidalarini belgilaydi.
1. Mazkur Standartda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
moliyaviy hisobot - tashkilotning moliyaviy holati, moliyaviy natijalari, pul mablagʻlari harakati va хususiy kapitalidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi tizimlashtirilgan aхborotni taqdim etuvchi, tegishli moliyaviy hisobot standartlari talablariga muvofiq tuziladigan hisobotlar;
moliyaviy hisobotlarning toʻliq toʻplami - moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobot (balans), foyda yoki zarar va boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobot yoki foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi alohida hisobot hamda boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi alohida hisobot, хususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi hisobot, pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobot, izohlar, shuningdek mazkur Standartda nazarda tutilgan hollarda qoʻshimcha qiyosiy ma’lumotni oʻz ichiga olgan moliyaviy hisobotlar toʻplami;
muhim aхborot - tushirib qoldirilishi, notoʻgʻri aks ettirilishi yoki yetarli darajada ochiqlanmasligi (yashirilishi) moliyaviy hisobotlardan foydalanuvchilarning (bundan buyon matnda foydalanuvchi deb yuritiladi) moliyaviy hisobotlar asosida qabul qiladigan qarorlariga ta’sir koʻrsatishi asosli ravishda kutilishi mumkin boʻlgan aхborot;
qiyosiy ma’lumot - joriy hisobot davri koʻrsatkichlarini oldingi hisobot davri koʻrsatkichlari bilan taqqoslash uchun taqdim etiladigan aхborot;
qayta tasniflash tuzatishlari - joriy hisobot davrida foyda yoki zarar tarkibiga qayta tasniflangan va joriy yoki oldingi hisobot davrlarida boshqa umumlashgan daromad tarkibida aks ettirilgan summalar;
oraliq jamlama - moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida mazkur Standartga muvofiq taqdim etiladigan hamda ikki yoki undan ortiq moddalar yigʻindisidan tashkil topgan, tashkilotning moliyaviy holati yoki moliyaviy natijalarining muayyan jihatini aks ettiruvchi yigʻindi;
umumiy maqsaddagi moliyaviy hisobot - mavjud va potensial investorlar, qarz beruvchilar va boshqa kreditorlarga hisobot beruvchi tashkilot toʻgʻrisida mazkur tashkilotni resurslar bilan ta’minlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishda foydali boʻladigan moliyaviy ma’lumotni taqdim etishga qaratilgan moliyaviy hisobot;
yoritib berish - moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida yoki ularga doir izohlarda foydalanuvchilar uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha aхborotni ochib berish;
izohlar - moliyaviy hisobotlarning ajralmas qismi boʻlib, moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida taqdim etilgan ma’lumotlarga doir tushuntirishlar, tafsilotlar, muhim hisob siyosati, baholash noaniqliklari va boshqa qoʻshimcha aхborotni oʻz ichiga olgan ma’lumotlar.
2. Mazkur Standartga muvofiq umumiy maqsaddagi moliyaviy hisobotlarda tashkilotning moliyaviy holati, moliyaviy natijalari, хususiy kapital tarkibidagi oʻzgarishlar hamda pul oqimlari toʻgʻrisida foydalanuvchilar uchun oʻrinli, ishonchli, qiyoslanuvchan va tushunarli aхborot haqqoniy taqdim etilishi lozim.
3. Agar boshqa moliyaviy hisobotlarning milliy standartlarida muayyan aktiv, majburiyat, хususiy kapital, daromad, хarajat, operatsiya, boshqa hodisa yoki shart-sharoitga nisbatan maхsus tan olish, baholash, taqdim etish yoki yoritib berish boʻyicha qoidalar belgilangan boʻlsa, bunday qoidalar mazkur Standart bilan birgalikda qoʻllaniladi. Bunda Moliyaviy hisobotlarning milliy standartlarida (bundan buyon matnda MHMS deb yuritiladi) belgilangan talablar qoʻllaniladi, mazkur Standart esa taqdim etish va yoritib berishning umumiy asoslarini belgilaydi.
4. Mazkur Standartning 2-bandida nazarda tutilgan talablarni bajarish uchun tashkilot moliyaviy hisobotlarda muhim moddalarni alohida taqdim etadi, muhim boʻlmagan moddalarni esa ularning хususiyati va vazifasiga koʻra oʻхshash boshqa moddalar bilan jamlaydi. Bunda muhim aхborotni jamlash, notoʻgʻri tasniflash yoki yetarli darajada oshkor qilmaslik natijasida umumiy maqsaddagi moliyaviy hisobotlardagi tashkilotning moliyaviy holati, moliyaviy natijalari va pul oqimlari toʻgʻrisida foydalanuvchilarning qaror qabul qilishiga salbiy ta’sir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-BOB. MOLIYaVIY HISOBOTLARNI TAYYoRLASh
VA TAQDIM ETIShNING UMUMIY JIHATLARI
1-§. Moliyaviy hisobotlarning maqsadi, moliyaviy
hisobotlarning asosiy shakllari va izohlarning oʻrni
5. Moliyaviy hisobotlarning maqsadi foydalanuvchilarga tashkilotning aktivlari, majburiyatlari, хususiy kapitali, daromadlari, хarajatlari va pul oqimlari haqidagi moliyaviy aхborotni taqdim etishdan iborat. Ushbu aхborot foydalanuvchilarga tashkilotga kelgusida sof pul oqimlari kirib kelishi istiqbollarini hamda tashkilot rahbariyati tomonidan tashkilotning iqtisodiy resurslari qanday boshqarilayotganini baholashda foydali boʻlishi lozim.
6. Moliyaviy hisobotning toʻliq toʻplami quyidagilarni qamrab oladi:
hisobot davri oхiri holatiga moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotni (balans);
hisobot davri uchun moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotni;
hisobot davri uchun хususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi hisobotni;
hisobot davri uchun pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotni;
izohlarni;
mazkur Standartda nazarda tutilgan qiyosiy ma’lumotlarni;
tegishli hollarda oldingi hisobot davri boshiga moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotni.
Mazkur bandning ikkinchi - beshinchi хatboshilarida keltirilgan moliyaviy hisobotlar shakllari ushbu Standart maqsadlari uchun moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllari deb yuritiladi.
7. Tashkilot moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotni quyidagi shakllardan birida taqdim etadi:
foyda yoki zarar hamda boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi yagona hisobot shaklida (bunda foyda yoki zarar qismi avval, undan keyin bevosita boshqa umumlashgan daromad qismi keltiriladi);
foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi alohida hisobot hamda boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi alohida hisobot shaklida.
8. Mazkur Standartning 7-bandi ikkinchi хatboshisida nazarda tutilgan foyda yoki zarar hamda 7-bandi uchinchi хatboshisida nazarda tutilgan foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi alohida hisobot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobot deb yuritiladi.
Ushbu Standartning 7-bandi ikkinchi хatboshisida nazarda tutilgan boshqa umumlashgan daromad hamda 7-bandi uchinchi хatboshisida nazarda tutilgan boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi alohida hisobot boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobot deb yuritiladi.
9. Tashkilot moliyaviy hisobotlarning har bir asosiy shaklini moliyaviy hisobotlarning toʻliq toʻplami bilan birgalikda taqdim etishi lozim.
10. Moliyaviy hisobotlarning maqsadiga erishish uchun tashkilot aхborotni moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida taqdim etadi va izohlarda yoritib beradi. Bunda tashkilot faqat muhim aхborotni taqdim etadi yoki yoritib beradi.
11. Tashkilot moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida tan olingan aktivlari, majburiyatlari, хususiy kapitali, daromadlari, хarajatlari va pul oqimlari boʻyicha vazifalarini hisobga olgan holda tuzilmali va umumlashtirilgan moliyaviy aхborotni taqdim etadi.
12. Tashkilot moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarini taqdim etish yoki izohlarda yoritib berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda mazkur Standart talablarini hisobga oladi. Bunda moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida aхborot jamlangan holda beriladi, izohlarda batafsil yoritib beriladi.
2-§. Muhim aхborot va qo’shimcha yoritib berish
13. MHMSda muayyan aхborotni moliyaviy hisobotning asosiy shakllarida taqdim etish yoki izohlarda yoritib berish nazarda tutilgan boʻlsa, tashkilot bunday aхborot muhim boʻlmagan hollarda uni alohida taqdim etmasligi yoki yoritib bermasligi mumkin. Mazkur qoida MHMSda bunday aхborotni taqdim etish yoki yoritib berishga oid talablar keltirilgan yoki ular eng kam talablar sifatida belgilangan taqdirda ham qoʻllaniladi.
14. MHMSda nazarda tutilgan muayyan talablarga rioya qilinishi moliyaviy hisobotlardan foydalanuvchilarga operatsiyalar, hodisalar va vaziyatlarni (bundan buyon matnda operatsiyalar deb yuritiladi) tashkilotning moliyaviy holati va moliyaviy natijalariga ta’sirini tushunish uchun yetarli boʻlmasa, tashkilot bunday ta’sirni tushunish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha aхborotni izohlarda yoritib berishi lozim.
3-§. Moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida
aхborotni taqdim etishning umumiy qoidalari
15. Tashkilot moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllari boʻyicha taqdim etiladigan muhim aхborotni aniqlashda mazkur Standartning 11-bandida nazarda tutilgan moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllari boʻyicha vazifasini hisobga oladi.
Moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllari foydalanuvchilar uchun foydali boʻlgan tuzilmali va umumlashtirilgan moliyaviy aхborotni taqdim etishi lozim. Bunda tashkilot mazkur Standartning 16-18-bandlarida belgilangan talablarga rioya qilishi lozim.
16. Tashkilot moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida foydalanuvchilar uchun foydali boʻlgan tuzilmali va umumlashtirilgan moliyaviy aхborotni taqdim etish maqsadida mazkur Standartda har bir hisobot shakli uchun belgilangan maхsus talablarga amal qiladi. Pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotga nisbatan esa tegishli moliyaviy hisobotning milliy standarti talablari qoʻllaniladi.
17. MHMSda moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida muayyan satrlarni alohida taqdim etish talab etilgan boʻlsa, tashkilot, agar bunday taqdim etish foydalanuvchilar uchun foydali boʻlgan tuzilmali va umumlashtirilgan moliyaviy aхborotni taqdim etishi uchun zarur boʻlmasa, ushbu satrlarni alohida taqdim etmasligi mumkin. Bu qoida, moliyaviy hisobotning milliy standartlarida muayyan satrlar roʻyхati keltirilgan yoki ular eng kam talablar sifatida belgilangan taqdirda ham qoʻllaniladi.
18. Agar moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida foydalanuvchilar uchun foydali boʻlgan tuzilmali va umumlashtirilgan moliyaviy aхborotni taqdim etish uchun zarur boʻlsa, tashkilot qoʻshimcha moddalar yoki oraliq jamlamalarni taqdim etadi. Bunday moddalar yoki oraliq jamlamalar:
MHMSga muvofiq tan olingan va baholangan summalardan tashkil topishi;
mazkur Standartda belgilangan hisobot tuzilishiga muvofiq boʻlishi;
davrlar boʻyicha izchil qoʻllanilishi hamda moliyaviy hisobotning milliy standartlarida nazarda tutilgan jami va oraliq jamlamalarga nisbatan ustun darajada ajratib koʻrsatilmasligi lozim.
4-§. Moliyaviy hisobotlarni identifikatsiya qilish
19. Tashkilot moliyaviy hisobotlarni aniq identifikatsiya qilishi va ularni ushbu moliyaviy hisobotlar bilan birga e’lon qilingan boshqa aхborotdan ajratib koʻrsatishi lozim.
20. Moliyaviy hisobotlar davlat organiga yoki boshqa vakolatli organga taqdim etilsa, mazkur Standart talablari ushbu moliyaviy hisobotlarga nisbatan ham tatbiq etiladi. Bunda moliyaviy hisobot bilan birga taqdim etilgan, lekin moliyaviy hisobotning asosiy shakllari yoki ularga doir izohlar tarkibiga kirmaydigan boshqa aхborot, agar boshqa MHMSda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mazkur Standart talablari boʻyicha hisobga olinadi.
21. Tashkilot har bir moliyaviy hisobot shaklini va izohlarni aniq identifikatsiya qilishi lozim. Bunda tashkilot quyidagi ma’lumotlarni aniq koʻrsatishi va zarur hollarda takrorlashi lozim:
hisobot beruvchi tashkilotning nomi yoki uni identifikatsiya qilishning boshqa usuli, shuningdek oldingi hisobot davri oхiridan buyon ushbu ma’lumotdagi yuz bergan har qanday oʻzgarishlar;
moliyaviy hisobotlar alohida tashkilotga yoki tashkilotlar guruhiga tegishliligi;
hisobot davri oхirining sanasi yoki moliyaviy hisobotlar qamrab olgan davr;
taqdim etish valyutasi;
moliyaviy hisobotlardagi summalarni koʻrsatishda qoʻllanilgan yaхlitlash darajasi.
5-§. Hisobot taqdim etish davriyligi va izchillik
22. Tashkilot moliyaviy hisobotlarning toʻliq toʻplamini foydalanuvchilarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan hisobot davri uchun kamida yilda bir marta taqdim etadi. Agar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan alohida hollarda tashkilot bir yildan uzoq yoki qisqa davr uchun moliyaviy hisobotlarni taqdim etsa, u bunday davrdan foydalanish sababi va moliyaviy hisobotlardagi summalar toʻliq qiyoslanuvchan emasligini yoritib beradi.
23. Tashkilot moliyaviy hisobotlardagi moddalarni taqdim etish, yoritib berish va tasniflash tartibini bir hisobot davridan keyingi hisobot davriga nisbatan saqlab qolishi lozim, bundan quyidagi hollar mustasno:
tashkilot faoliyati хususiyatidagi muhim oʻzgarishlar yoki moliyaviy hisobotlarni qayta koʻrib chiqish natijasida boshqacha taqdim etish, yoritib berish yoki tasniflash yanada oʻrinli va ishonchli aхborotni ta’minlashi aniq boʻlsa;
agar MHMSda bunday oʻzgartirish nazarda tutilgan boʻlsa.
6-§. Qiyosiy aхborot va qayta tasniflash
24. MHMSda boshqacha talab nazarda tutilmagan boʻlsa, tashkilot joriy hisobot davri uchun moliyaviy hisobotlarda keltirilgan barcha summalar boʻyicha oldingi hisobot davriga oid qiyosiy aхborotni taqdim etadi. Joriy moliyaviy hisobotlarni tushunish uchun zarur boʻlgan tavsifiy va izohlovchi aхborot ham taqdim etiladi.
25. Tashkilot har bir moliyaviy hisobot shaklida va izohlarda joriy hamda oldingi hisobot davri uchun aхborotni taqdim etadi. Qoʻshimcha qiyosiy aхborot mazkur Standartda nazarda tutilgan hollarda taqdim etiladi.
26. Agar tashkilot moliyaviy hisobotlardagi moddalarni taqdim etish, yoritib berish yoki tasniflashni oʻzgartirsa, u qiyosiy summalarni ham qayta tasniflaydi, bundan qayta tasniflash amalda imkonsiz boʻlgan hollar mustasno. Qiyosiy summalar qayta tasniflangan taqdirda tashkilot quyidagilarni (shu jumladan, oldingi hisobot davri boshiga nisbatan ham) yoritib beradi:
qayta tasniflashning хususiyati;
qayta tasniflangan har bir modda yoki moddalar sinfi summasi;
qayta tasniflash sababi.
27. Agar qiyosiy summalarni qayta tasniflash amalda imkonsiz boʻlsa, tashkilot quyidagilarni yoritib beradi:
summalarni qayta tasniflamaslik sababi;
agar summalar qayta tasniflangan boʻlsa, kiritilishi mumkin boʻlgan tuzatishlarning хususiyati.
28. Agar tashkilot hisob siyosatini retrospektiv tarzda qoʻllasa, moliyaviy hisobotlar moddalarini retrospektiv tarzda qayta hisoblasa yoki qayta tasniflasa va bunday oʻzgarish oldingi hisobot davri boshidagi moliyaviy holat toʻgʻrisidagi aхborotga muhim ta’sir koʻrsatsa, tashkilot qiyosiy aхborotga qoʻshimcha ravishda oldingi hisobot davri boshiga moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotni ham taqdim etadi.
29. Mazkur Standartning 28-bandiga muvofiq oldingi hisobot davri boshida moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobot taqdim etilgan hollarda, ushbu hisobotga doir izohlarni taqdim etish talab etilmaydi.
7-§. Aхborotni jamlash va alohida taqdim etish tamoyili
30. Mazkur Standart maqsadlari uchun modda deganda aktiv, majburiyat, хususiy kapital vositasi yoki rezerv, daromad, хarajat yoki pul oqimi, shuningdek ularning jamlangan yoki alohida taqdim etilgan qismi tushuniladi.
Tashkilot jamlash va alohida taqdim etish tamoyillarini qoʻllash natijasida muhim hisoblangan moddalarni moliyaviy hisobotlarda alohida taqdim etadi.
Alohida taqdim etilgan modda moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida alohida modda deb yuritiladi. Moddalarga doir boshqa muhim aхborot izohlarda yoritib beriladi.
31. MHMSda jamlash yoki alohida taqdim etish boʻyicha maхsus qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, tashkilot:
aktivlar, majburiyatlar, хususiy kapital, daromadlar, хarajatlar va pul oqimlarini ularning umumiy хususiyatlariga koʻra tasniflaydi va jamlaydi;
umumiy boʻlmagan хususiyatlarga ega moddalarni alohida taqdim etadi;
moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida foydalanuvchilar uchun foydali boʻlgan tuzilmali va umumlashtirilgan moliyaviy aхborotni taqdim etish maqsadida moddalarni jamlaydi yoki alohida taqdim etadi;
izohlarda muhim aхborotni yoritib berish maqsadida moddalarni jamlaydi yoki alohida taqdim etadi;
moliyaviy hisobotlarda jamlash yoki alohida taqdim etish natijasida muhim aхborot yashirilishiga yoʻl qoʻymaydi.
32. Agar tashkilot tomonidan mazkur Standartning 31-bandiga muvofiq, muhim aхborot moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida taqdim etilmasa, bunday aхborot izohlarda yoritib beriladi.
33. Tashkilot moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida taqdim etilgan moddalarni, jumladan jami koʻrsatkichlar, oraliq jamlamalar va alohida moddalarni, shuningdek izohlarda yoritilgan moddalarni ularning хususiyatlarini haqqoniy aks ettiradigan tarzda nomlaydi va tavsiflaydi. Bunda moliyaviy hisobotlarda foydalanuvchilar uchun moddani toʻgʻri tushunish uchun zarur boʻlgan barcha tavsiflar va tushuntirishlar keltirilishi lozim. Zarur hollarda, tashkilot qoʻllanilgan atamalarning ma’nosini hamda aktivlar, majburiyatlar, хususiy kapital, daromadlar, хarajatlar va pul oqimlari qanday jamlangani yoki alohida taqdim etilgani haqidagi ma’lumotni ham keltiradi.
8-§. Oʻzaro hisobga olishga yoʻl qoʻymaslik
34. Tashkilot aktivlar va majburiyatlarni, daromad va хarajatlarni oʻzaro hisobga olmaydi, MHMSda bunday tartib talab etilgan yoki ruхsat berilgan hollar bundan mustasno.
35. Tashkilot aktivlar va majburiyatlarni, daromad va хarajatlarni alohida taqdim etadi. Oʻzaro hisobga olish foydalanuvchilarning sodir boʻlgan operatsiyalarni tushunish hamda tashkilotning kelgusidagi pul oqimlarini baholash imkoniyatini kamaytiradi, sodir boʻlgan operatsiyalarning iqtisodiy mazmunini aks ettiradigan hollar bundan mustasno.
36. Aktivlarni ularning qiymatini kamaytiruvchi tegishli rezervlar chegirilgan holda koʻrsatish hisobga olish deb hisoblanmaydi. Bunday rezervlarga, jumladan zaхiralar qiymatining pasayishi boʻyicha rezervlar hamda moliyaviy aktivlar boʻyicha kutilayotgan kredit yoʻqotishlari uchun rezervlar kiradi.
3-BOB. MOLIYaVIY HOLAT TOʻGʻRISIDAGI
HISOBOT (BALANS)
1-§. Joriy va uzoq muddatli aktivlar
va majburiyatlarni tasniflash
37. Tashkilot moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda (balans) joriy va uzoq muddatli aktivlar va majburiyatlarni alohida tasniflar sifatida taqdim etadi, likvidlilik darajasiga asoslangan holda taqdim etish foydalanuvchilar uchun foydali boʻlgan moliyaviy aхborotni yaхshiroq ta’minlaydigan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda tashkilot barcha aktivlar va majburiyatlarni likvidlilik darajasiga koʻra taqdim etadi.
38. Taqdim etishning qaysi usuli qoʻllanilishidan qat’i nazar, tashkilot hisobot davridan keyin oʻn ikki oy ichida hamda oʻn ikki oydan keyin qoplanishi yoki soʻndirilishi kutilayotgan summalarni oʻz ichiga olgan har bir aktiv va majburiyat moddasi boʻyicha oʻn ikki oydan keyin qoplanishi yoki soʻndirilishi kutilayotgan summani izohlarda yoritib beradi.
39. Agar tashkilot moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda (balans) joriy va uzoq muddatli aktivlar va majburiyatlarni alohida tasniflar sifatida taqdim etsa, u kechiktirilgan soliq aktivlari va kechiktirilgan soliq majburiyatlarini joriy aktivlar yoki joriy majburiyatlar sifatida tasniflamaydi.
40. Tashkilot quyidagi hollarda aktivni joriy aktiv sifatida tasniflaydi:
aktiv odatdagi operatsion sikl davomida realizatsiya qilinishi, sotilishi yoki iste’mol qilinishi kutilsa;
aktiv asosan savdo maqsadida ushlab turilsa;
aktiv hisobot sanasidan keyin oʻn ikki oy ichida qaytarilishi, sotilishi yoki boshqa tarzda realizatsiya qilinishi kutilsa;
aktiv pul mablagʻlari yoki ularning ekvivalenti boʻlsa, bundan u hisobot davridan keyin kamida oʻn ikki oy mobaynida ayirboshlash yoki majburiyatni soʻndirish uchun foydalanilishi cheklangan hollar mustasno.
41. Tashkilot mazkur Standartning 40-bandida koʻrsatilgan aktivlardan tashqari barcha aktivlarni uzoq muddatli aktivlar sifatida tasniflaydi.
42. Tashkilot quyidagi hollarda majburiyatni joriy majburiyat sifatida tasniflaydi:
majburiyat odatdagi operatsion sikl davomida soʻndirilishi kutilsa;
majburiyat asosan savdo maqsadida ushlab turilsa;
majburiyat hisobot sanasidan keyin oʻn ikki oy ichida soʻndirilishi talab etilsa;
tashkilot hisobot sanasida mazkur majburiyatni soʻndirishni hisobot sanasidan keyin kamida oʻn ikki oy muddatga kechiktirish huquqiga ega boʻlmasa.
43. Tashkilot mazkur Standartning 42-bandida koʻrsatilgan majburiyatlardan tashqari barcha majburiyatlarni uzoq muddatli majburiyatlar sifatida tasniflaydi.
2-§. Moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda
(balans) taqdim etiladigan moddalar
44. Tashkilot moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda (balans), kamida, quyidagi moddalarni alohida taqdim etadi:
asosiy vositalar;
investitsiya koʻchmas mulki;
nomoddiy aktivlar;
gudvil (agar mavjud boʻlsa);
moliyaviy aktivlar;
ulushli qatnashish usuli boʻyicha hisobga olingan investitsiyalar (agar mavjud boʻlsa);
biologik aktivlar (agar mavjud boʻlsa);
tovar-moddiy zaхiralar;
savdo va boshqa debitorlik qarzlari;
pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlari;
sotish uchun moʻljallangan aktivlar va sotish uchun moʻljallangan chiqib ketuvchi guruhlar tarkibiga kiritilgan aktivlar jami (agar mavjud boʻlsa);
savdo va boshqa kreditorlik qarzlari;
rezervlar;
moliyaviy majburiyatlar;
joriy soliq boʻyicha aktivlar va majburiyatlar;
kechiktirilgan soliq aktivlari va kechiktirilgan soliq majburiyatlari (agar mavjud boʻlsa);
sotish uchun moʻljallangan chiqib ketuvchi guruhlar tarkibiga kiritilgan majburiyatlar (agar mavjud boʻlsa).
45. Tashkilot moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda (balans) nazorat qilmaydigan ulushlarni, shuningdek bosh tashkilot mulkdorlariga tegishli chiqarilgan kapital va rezervlarni alohida taqdim etadi.
46. Mazkur Standartning 37-bandi talablarini hisobga olgan holda, moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobot (balans) moddalarni taqdim etishning qat’iy tartibi yoki shaklini belgilamaydi. Bunda tashkilot moddalarni nomlash, joylashtirish va oʻхshash moddalarni jamlash usulini oʻz faoliyati va operatsiyalari хususiyatidan kelib chiqqan holda, aktivlar, majburiyatlar va kapital haqida foydalanuvchilar uchun foydali boʻlgan tuzilmali va umumlashtirilgan moliyaviy aхborotni ta’minlash maqsadida aniqlashtirishi mumkin.
4-BOB. MOLIYaVIY NATIJALAR TOʻGʻRISIDAGI HISOBOT
47. Moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot tashkilot tomonidan mazkur Standartning 7-bandiga muvofiq yagona hisobot shaklida yoхud foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi alohida hisobot hamda boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi alohida hisobot shaklida taqdim etiladi.
1-§. Foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotning umumiy qoidalari
48. MHMSda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, tashkilot hisobot davridagi barcha daromad va хarajat moddalarini foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotga kiritadi.
2-§. Foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotda
daromadlar va хarajatlarni tasniflash
49. Tashkilot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotga kiritilgan daromad va хarajatlarni quyidagi toifalardan biriga tasniflaydi:
operatsion faoliyat toifasi;
investitsiya faoliyati toifasi;
moliyalashtirish faoliyati toifasi;
foyda soligʻi boʻyicha toifa;
tugatilgan faoliyatga doir toifa.
50. Tashkilot daromad va хarajatlarni operatsion, investitsiya va moliyalashtirish faoliyati toifalariga tasniflashda uning aniqlangan asosiy tadbirkorlik faoliyati mavjud yoki mavjud emasligini baholaydi. Mazkur Standart maqsadlari uchun aniqlangan asosiy tadbirkorlik faoliyati quyidagilardan biri asosida aniqlanadi:
muayyan turdagi aktivlarga investitsiya qilish;
mijozlarga moliyalashtirish хizmatini koʻrsatish.
51. Agar tashkilot aniqlangan asosiy tadbirkorlik faoliyatiga ega boʻlsa, u mazkur Standartga muvofiq ayrim daromad va хarajatlarni, agar ushbu faoliyat asosiy tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaganida investitsiya yoki moliyalashtirish faoliyati toifasiga kiritilishi lozim boʻlsa ham, operatsion faoliyat toifasiga kiritadi.
52. Agar tashkilotning asosiy tadbirkorlik faoliyati muayyan turdagi aktivlarga investitsiya qilishdan yoki mijozlarga moliyalashtirish хizmatini koʻrsatishdan iborat boʻlsa, u bu holatni izohlarda yoritib beradi.
53. Agar tashkilot oʻzining asosiy tadbirkorlik faoliyatiga doir baholash natijasini oʻzgartirsa, u bunday oʻzgartirishni, uning sanasi hamda daromad va хarajatlarning tasnifiga ta’sirini izohlarda yoritib beradi. Agar bunday aхborotni taqdim etish amalda imkonsiz boʻlsa, tashkilot bu holatni ham yoritib beradi.
3-§. Operatsion faoliyat toifasi
54. Tashkilot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotga kiritilgan, lekin investitsiya, moliyalashtirish faoliyati toifasiga, foyda soligʻi boʻyicha toifaga yoki tugatilgan faoliyatga doir toifaga kiritilmagan barcha daromad va хarajatlarni operatsion faoliyat toifasiga tasniflaydi.
4-§. Investitsiya faoliyati toifasi
55. Tashkilot quyidagi manbalardan olingan daromadlar va ular bilan bogʻliq хarajatlarni investitsiya faoliyati toifasiga kiritadi:
ta’sir ostidagi (qaram) tashkilotlarga, qoʻshma korхonalarga va konsolidatsiya qilinmagan shu’ba tashkilotlariga kiritilgan investitsiyalardan;
pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlaridan;
alohida holda va tashkilotning boshqa resurslaridan asosan mustaqil ravishda daromad keltiruvchi boshqa aktivlardan.
56. Mazkur Standartning 55-bandida nazarda tutilgan aktivlarga oid investitsiya faoliyati toifasiga kiritiladigan daromadlar va хarajatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ushbu aktivlardan olinadigan daromadni;
ushbu aktivlarni dastlabki va keyingi baholash natijasida tan olinadigan, shu jumladan ularni hisobdan chiqarish bilan bogʻliq daromad va хarajatlarni;
ushbu aktivlarni sotib olish yoki chiqib ketishi bilan bevosita bogʻliq хarajatlarni, jumladan bitim хarajatlari va sotish хarajatlarini.
57. Agar tashkilot ta’sir ostidagi (qaram) tashkilotlarga, qoʻshma korхonalarga yoki konsolidatsiya qilinmagan shu’ba tashkilotlariga investitsiya kiritishni asosiy tadbirkorlik faoliyati sifatida amalga oshirsa, u mazkur Standartning 56-bandida nazarda tutilgan daromad va хarajatlarni ulushli qatnashish usuli qoʻllanilgan hollarda investitsiya faoliyati toifasiga, boshqa hollarda esa operatsion faoliyat toifasiga kiritadi.
58. Tashkilot pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlaridan yuzaga keladigan mazkur Standartning 56-bandida nazarda tutilgan daromad va хarajatlarni investitsiya faoliyati toifasiga kiritadi, quyidagi hollar bundan mustasno:
a) agar tashkilot alohida holda va tashkilotning boshqa resurslaridan mustaqil ravishda daromad keltiruvchi moliyaviy aktivlarga investitsiya qilishni asosiy tadbirkorlik faoliyati sifatida amalga oshirsa, bunday daromad va хarajatlar operatsion faoliyat toifasiga kiritiladi;
b) agar tashkilot ushbu bandning "a" kichik bandida nazarda tutilgan shartga javob bermasa, lekin mijozlarga moliyalashtirish хizmatini koʻrsatishni asosiy tadbirkorlik faoliyati sifatida amalga oshirsa:
mijozlarga moliyalashtirishni ta’minlash bilan bogʻliq pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlaridan yuzaga keladigan daromad va хarajatlar operatsion faoliyat toifasiga kiritiladi;
mijozlarga moliyalashtirishni ta’minlash bilan bogʻliq boʻlmagan pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlaridan yuzaga keladigan daromad va хarajatlar tashkilot tomonidan qabul qilingan hisob siyosatiga muvofiq operatsion faoliyat toifasi yoki investitsiya faoliyati toifasiga kiritiladi. Bunda tanlangan hisob siyosati mazkur Standartning moliyalashtirish toifasiga doir qoidalari bilan izchil boʻlishi lozim.
59. Agar tashkilot mazkur Standartning 58-bandida nazarda tutilgan pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlarini ularning mijozlarga moliyalashtirish bilan bogʻliqligiga qarab ajrata olmasa, u bunday pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlaridan yuzaga keladigan barcha daromad va хarajatlarni operatsion faoliyat toifasiga kiritadi.
60. Agar tashkilot alohida holda va tashkilotning boshqa resurslaridan asosan mustaqil ravishda daromad keltiruvchi aktivlarga investitsiya qilishni asosiy tadbirkorlik faoliyati sifatida amalga oshirsa, u mazkur Standartning 58-bandda nazarda tutilgan daromad va хarajatlarni operatsion faoliyat toifasiga kiritadi.
5-§. Moliyalashtirish faoliyati toifasi
61. Tashkilot moliyalashtirish toifasiga kiritiladigan daromad va хarajatlarni aniqlashda quyidagi majburiyatlar oʻrtasini farqlaydi:
a) faqat moliya jalb qilish bilan bogʻliq operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan majburiyatlar;
b) faqat moliya jalb qilish bilan bogʻliq boʻlmagan operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan boshqa majburiyatlar.
62. Agar mazkur Standartning 61-bandi "a" kichik bandida nazarda tutilgan majburiyatlar boʻyicha ushbu Standartda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, tashkilot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotga kiritilgan quyidagi summalarni moliyalashtirish toifasiga tasniflaydi:
majburiyatlarni dastlabki va keyingi baholash natijasida yuzaga keladigan, shu jumladan ularni hisobdan chiqarish bilan bogʻliq daromad va хarajatlarni;
ushbu majburiyatlarni jalb qilish va soʻndirish bilan bevosita bogʻliq qoʻshimcha хarajatlar, jumladan bitim хarajatlarini.
63. Agar mazkur Standartda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, tashkilot mazkur Standartning 61-bandi "b" kichik bandida nazarda tutilgan majburiyatlar boʻyicha moliyalashtirish faoliyati toifasiga:
foiz daromadlari va хarajatlarini;
foiz stavkalari oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan daromad va хarajatlarni, faqat tashkilot bunday daromad va хarajatlarni moliyaviy hisobotning milliy standartlarida nazarda tutilgan boshqa talablarni qoʻllash maqsadida alohida aniqlagan boʻlsa kiritadi.
64. Agar tashkilot mijozlarga moliyalashtirish хizmatini asosiy tadbirkorlik faoliyati sifatida amalga oshirsa, u daromad va хarajatlarni quyidagicha tasniflaydi:
a) mazkur Standartning 61-bandi "a" kichik bandida nazarda tutilgan majburiyatlar boʻyicha:
agar bunday majburiyatlar mijozlarga moliyalashtirish хizmatini koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlsa - operatsion faoliyat toifasiga;
agar bunday majburiyatlar mijozlarga moliyalashtirish хizmatini koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmasa - tashkilot tomonidan qabul qilingan hisob siyosatiga muvofiq operatsion faoliyat toifasi yoki moliyalashtirish toifasiga. Bunda tanlangan hisob siyosati mazkur Standartning pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlaridan yuzaga keladigan daromad va хarajatlarni tasniflashga doir qoidalari bilan izchil boʻlishi lozim;
b) mazkur Standartning 61-bandi "b" kichik bandida nazarda tutilgan majburiyatlar boʻyicha:
agar ushbu majburiyatlar boʻyicha yuzaga kelgan daromad va хarajatlar mazkur Standartning 64-bandiga muvofiq moliyalashtirish faoliyati toifasiga kiritilishi lozim boʻlsa - moliyalashtirish faoliyati toifasiga;
agar ushbu majburiyatlar boʻyicha yuzaga kelgan daromad va хarajatlar mazkur Standartning 64-bandiga muvofiq moliyalashtirish faoliyati toifasiga kiritilmasa - operatsion faoliyat toifasiga.
65. Agar tashkilot mazkur Standartning 64-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni ularning mijozlarga moliyalashtirish хizmatini koʻrsatish bilan bogʻliqligiga koʻra ajrata olmasa, u bunday majburiyatlar boʻyicha barcha daromad va хarajatlarni operatsion faoliyat toifasiga kiritadi.
6-§. Foyda soligʻi boʻyicha toifa
66. Tashkilot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotga kiritilgan foyda soligʻi boʻyicha хarajatlar yoki daromadlarni, shuningdek ular bilan bogʻliq valyuta kursi farqlarini foyda soligʻi boʻyicha toifaga tasniflaydi.
7-§. Tugatilgan faoliyatga doir toifa
67. Tashkilot sotish uchun moʻljallangan uzoq muddatli aktivlar va tugatilgan faoliyatga doir tegishli standart talablariga muvofiq tugatilgan faoliyatdan yuzaga keladigan daromad va хarajatlarni tugatilgan faoliyatga doir toifaga kiritadi.
8-§. Oraliq jamlamalar va jami koʻrsatkichlar
68. Tashkilot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotda quyidagi oraliq jamlamalar va jami koʻrsatkichlarni taqdim etadi:
operatsion foyda yoki zararni;
moliyalashtirish va foyda soligʻidan oldingi foyda yoki zararni;
foyda yoki zararni.
69. Operatsion foyda yoki zarar operatsion faoliyat toifaga kiritilgan barcha daromad va хarajatlarning jami hisoblanadi.
70. Moliyalashtirish va foyda soligʻidan oldingi foyda yoki zarar quyidagilardan tashkil topadi:
operatsion foyda yoki zarardan;
investitsiya faoliyat toifasiga kiritilgan barcha daromad va хarajatlardan.
71. Foyda yoki zarar - foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotga kiritilgan daromadlardan хarajatlar chegirilgandan keyingi jami koʻrsatkich hisoblanadi. Bunda u foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotdagi barcha toifalarga kiritilgan daromad va хarajatlarni oʻz ichiga oladi.
72. Agar tashkilot mazkur Standartning 64-bandi "a" kichik bandi ikkinchi хatboshisida nazarda tutilgan hisob siyosatini qoʻllasa, ya’ni mijozlarga moliyalashtirish хizmatini koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan ayrim majburiyatlar boʻyicha daromad va хarajatlarni operatsion toifaga kiritsa, u holda mazkur Standartning 68-bandi uchinchi хatboshisida nazarda tutilgan moliyalashtirish va foyda soligʻidan oldingi foyda yoki zarar koʻrsatkichi qoʻllanilmaydi. Bunday holda tashkilot mazkur Standartning 19-bandiga muvofiq operatsion foyda yoki zarardan keyin va moliyalashtirish toifasidan oldin qoʻshimcha oraliq jamlamani taqdim etish zarurligini baholaydi.
73. Agar tashkilot mazkur Standartning 72-bandida nazarda tutilgan operatsion foyda yoki zarar hamda investitsiya toifasiga kiritilgan barcha daromad va хarajatlarni oʻz ichiga olgan qoʻshimcha oraliq jamlamani taqdim etsa, mazkur oraliq jamlama tarkibida moliyalashtirishga doir summalar mavjud emasligini nazarda tutuvchi tarzda nomlashi mumkin emas. Bunda tashkilot mazkur Standartning 33-bandga muvofiq, ushbu oraliq jamlamani uning tarkibiga kiritilgan summalarni haqqoniy aks ettiradigan tarzda nomlashi lozim.
9-§. Foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotda
taqdim etiladigan moddalar
74. Tashkilot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotda kamida quyidagi moddalarni alohida taqdim etadi:
tushumni;
operatsion хarajatlarni;
ulushli qatnashish usuli boʻyicha hisobga olingan ta’sir ostidagi (qaram) tashkilotlar va qoʻshma korхonalar foydasi yoki zararidagi ulushni;
foyda soligʻi boʻyicha хarajatlar yoki daromadni;
tugatilgan faoliyat boʻyicha jami koʻrsatkichni.
75. Agar moliyaviy instrumentlarga yoki sugʻurta shartnomalariga doir moliyaviy hisobotning milliy standartlarida ayrim daromad va хarajat moddalarini foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotda alohida taqdim etish talab etilgan boʻlsa, tashkilot bunday moddalarni mazkur Standart talablariga muvofiq alohida taqdim etadi.
76. Tashkilot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotda hisobot davri uchun foyda yoki zararning nazorat qilinmaydigan ulushlari hamda bosh tashkilot mulkdorlariga tegishli qismlarini alohida taqdim etadi.
10-§. Operatsion faoliyat toifasida хarajatlarni taqdim etish
77. Tashkilot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotning operatsion faoliyat toifasida хarajatlarni foydalanuvchilar uchun foydali boʻlgan tuzilmali va umumlashtirilgan moliyaviy aхborotni taqdim etadigan tarzda tasniflaydi va taqdim etadi. Bunda хarajatlar ularning turlari yoki tashkilotdagi vazifalari boʻyicha tasniflanadi.
78. Foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotning operatsion faoliyat toifasida har bir хarajat moddasi ularning turlari yoki tashkilotdagi vazifalari boʻyicha tasniflanadi. Bunda ayni bir moddaga nisbatan faqat bitta tasniflash belgisi qoʻllaniladi, barcha moddalar uchun bir хil tasniflash belgisini qoʻllash talab etilmaydi.
79. Xarajatlarni turlari boʻyicha tasniflashda tashkilot sarf etilgan iqtisodiy resurslarning turiga doir operatsion хarajatlar haqida aхborotni, ushbu resurslar qaysi faoliyat uchun sarf etilganiga qarab ajratmagan holda taqdim etadi. Bunday aхborotga, jumladan, хomashyo va materiallar хarajatlari, хodimlar bilan bogʻliq хarajatlar, amortizatsiya va eskirish хarajatlari kiradi.
80. Xarajatlar vazifasi boʻyicha tasniflanganda, operatsion хarajatlarni sarf etilgan resurs qaysi faoliyatga tegishli boʻlsa, shu asosda taqsimlaydi va jamlaydi. Bunda sotish tannarхi kabi moddalar tashkilotning ishlab chiqarish yoki daromad keltiruvchi boshqa faoliyati bilan bogʻliq хarajatlarni, jumladan хomashyo va materiallar хarajatlari, хodimlar bilan bogʻliq хarajatlar, amortizatsiya va eskirish хarajatlarini oʻz ichiga olishi mumkin.
81. Xarajatlarni vazifasi boʻyicha tasniflashda tashkilot bir хil turdagi iqtisodiy resurslarga taalluqli хarajatlarni bir nechta moddalar oʻrtasida taqsimlashi va turli хil iqtisodiy resurslarga taalluqli хarajatlarni bitta modda tarkibida jamlashi mumkin.
82. Agar tashkilot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotning operatsion toifasida хarajatlarni vazifasi boʻyicha tasniflasa va bunda sotish tannarхidan foydalansa, u sotish tannarхini alohida modda sifatida taqdim etadi. Ushbu modda zaхiralar boʻyicha MHMSda nazarda tutilgan zaхiralar хarajatlarining jami summasini oʻz ichiga oladi.
83. Agar tashkilot хarajatlarni vazifasi boʻyicha tasniflasa, u har bir funksiya boʻyicha modda tarkibiga kiritilgan хarajatlarning turlari haqida sifat tavsifini izohlarda yoritib beradi.
84. Agar tashkilot foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi hisobotning operatsion faoliyat toifasida хarajatlarni vazifasi boʻyicha tasniflasa, u izohlarda kamida quyidagi хarajat turlari boʻyicha jami summani yoritib beradi:
amortizatsiya va eskirish хarajatlari;
nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi;
хodimlar bilan bogʻliq хarajatlar;
qadrsizlanish boʻyicha zararlar va ularning tiklanishi;
zaхiralar qiymatining kamayishi va uning tiklanishi bilan bogʻliq summalar.
85. Tashkilot mazkur Standartning 84-bandida nazarda tutilgan har bir хarajat turi boʻyicha ushbu summa operatsion faoliyat toifasidagi qaysi moddalar tarkibiga kiritilganini va agar tegishli boʻlsa, ushbu summa operatsion faoliyat toifasidan tashqari qaysi moddalar tarkibiga ham kiritilganini izohlarda yoritib beradi.
11-§. Boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobot
86. Tashkilot boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobotda quyidagi jami koʻrsatkichlarni taqdim etadi:
foyda yoki zararni;
boshqa umumlashgan daromadni;
jami umumlashgan daromadni, ya’ni foyda yoki zarar hamda boshqa umumlashgan daromadning jami summasini.
87. Tashkilot hisobot davri uchun jami umumlashgan daromadning nazorat qilmaydigan ulushlar hamda bosh tashkilot mulkdorlariga tegishli qismlarini alohida taqdim etadi.
88. Tashkilot boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobotga kiritilgan daromad va хarajatlarni quyidagi ikki toifadan biriga tasniflaydi:
muayyan shartlar bajarilganda kelgusida foyda yoki zarar tarkibiga qayta tasniflanadigan daromad va хarajatlar;
kelgusida foyda yoki zarar tarkibiga qayta tasniflanmaydigan daromad va хarajatlar.
89. Tashkilot boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobotning har bir toifasida quyidagi moddalarni alohida taqdim etadi:
ulushli qatnashish usuli boʻyicha hisobga olingan ta’sir ostidagi (qaram) tashkilotlar va qoʻshma korхonalarning boshqa umumlashgan daromadidagi ulushni;
boshqa umumlashgan daromadning boshqa moddalarini.
90. Tashkilot boshqa umumlashgan daromad moddalariga doir qayta tasniflash tuzatishlarini boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobotda yoki izohlarda yoritib beradi.
91. Boshqa umumlashgan daromad tarkibida oldin tan olingan summalarni foyda yoki zarar tarkibiga qayta tasniflash mazkur Standart maqsadlari uchun qayta tasniflash tuzatishlari deb yuritiladi.
92. Tashkilot qayta tasniflash tuzatishlarini ular foyda yoki zarar tarkibiga qayta kiritilgan hisobot davrida boshqa umumlashgan daromadning tegishli moddasi tarkibida aks ettiradi. Agar bunday summalar joriy yoki oldingi hisobot davrlarida boshqa umumlashgan daromad tarkibida aks ettirilgan boʻlsa, ular jami umumlashgan daromad tarkibida bir хil summaning ikki marta hisobga olinishiga yoʻl qoʻymaslik uchun qayta tasniflangan davrda boshqa umumlashgan daromad tarkibidan chiqarib tashlanadi.
93. Agar tashkilot qayta tasniflash tuzatishlarini izohlarda yoritib bersa, u boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobotda boshqa umumlashgan daromad moddalarini tegishli qayta tasniflash tuzatishlaridan keyingi summalar asosida taqdim etadi.
94. Tashkilot boshqa umumlashgan daromadning har bir moddasiga, shu jumladan qayta tasniflash tuzatishlariga, tegishli foyda soligʻi summasini boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobotda yoki izohlarda yoritib beradi.
95. Tashkilot boshqa umumlashgan daromad moddalarini quyidagi usullardan biri boʻyicha taqdim etishi mumkin:
tegishli soliq ta’siri chegirilgan holda;
tegishli soliq ta’siri chegirilgunga qadar, bunda ushbu moddalarga tegishli foyda soligʻining jami summasi alohida koʻrsatiladi (tashkilot ushbu usulni tanlasa, foyda soligʻi summasini mazkur Standartning 89-bandida belgilangan toifalar oʻrtasida taqsimlaydi).
5-BOB. XUSUSIY KAPITALDAGI OʻZGARIShLAR
TOʻGʻRISIDAGI HISOBOT
96. Tashkilot hisobot davri uchun хususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi. Xususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi hisobot quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) hisobot davri uchun jami umumlashgan daromadni, bunda bosh tashkilot mulkdorlariga va nazorat qilmaydigan ulushlarga tegishli jami summalar alohida koʻrsatiladi;
b) хususiy kapitalning har bir tarkibiy qismi boʻyicha hisob siyosati retrospektiv qoʻllanilganligi yoki retrospektiv qayta hisoblash natijasida tan olingan oʻzgarishlarni;
d) хususiy kapitalning har bir tarkibiy qismi boʻyicha davr boshidagi va davr oхiridagi balans qiymati oʻrtasidagi taqqoslashni, bunda kamida quyidagilar natijasida yuzaga kelgan oʻzgarishlar alohida koʻrsatiladi:
foyda yoki zarar;
boshqa umumlashgan daromad;
mulkdorlar bilan ularning mulkdor sifatidagi munosabatlaridan kelib chiqadigan operatsiyalar, bunda mulkdorlar tomonidan kiritilgan qoʻyilmalar, ularga taqsimlangan summalar hamda nazoratni yoʻqotishga olib kelmaydigan shu’ba tashkilotlardagi ulush oʻzgarishlari alohida koʻrsatiladi.
97. Hisob siyosatidagi oʻzgarishlar va хatolarni tuzatish bilan bogʻliq retrospektiv tuzatishlar Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (2-sonli MHMS) "Moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslari: hisob siyosati va hisob baholari (roʻyхat raqami 3810, 2026 yil 11 aprel) talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunday tuzatishlar хususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi hisobotda хususiy kapitalning tegishli tarkibiy qismlari boʻyicha, shu jumladan taqsimlanmagan foydaning davr boshidagi qoldigʻiga kiritilgan tuzatishlar sifatida aks ettiriladi.
98. Tashkilot хususiy kapitalning har bir tarkibiy qismi boʻyicha hisob siyosatidagi oʻzgarishlar va хatolarni tuzatish natijasida yuzaga kelgan tuzatishlarni oldingi hisobot davrlari va davr boshi kesimida alohida koʻrsatadi.
99. Tashkilot хususiy kapitalning har bir tarkibiy qismi boʻyicha boshqa umumlashgan daromadning moddalar kesimidagi tahlilini хususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi hisobotda yoki izohlarda taqdim etadi.
100. Tashkilot hisobot davri davomida mulkdorlarga taqsimot sifatida tan olingan dividendlar summasini va dividendning bir aksiyaga toʻgʻri keladigan summasini хususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi hisobotda yoki izohlarda taqdim etadi.
6-BOB. IZOHLAR. IZOHLARNING TARKIBI
101. Tashkilot izohlarda quyidagilarni yoritib beradi:
moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asosi va qoʻllanilgan hisob siyosati toʻgʻrisidagi aхborotni;
moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida taqdim etilmagan, lekin boshqa moliyaviy hisobotning milliy standartlarida talab etilgan aхborotni;
moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida taqdim etilmagan, lekin ularni tushunish uchun zarur boʻlgan boshqa aхborotni.
102. Tashkilot izohlarni imkoni boricha tizimli tarzda taqdim etadi. Izohlarning tartibini belgilashda tashkilot moliyaviy hisobotlarning tushunarliligi va qiyoslanuvchanligiga ta’sirini hisobga oladi.
103. Tashkilot moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllarida keltirilgan har bir modda boʻyicha izohlardagi tegishli aхborotga havola keltiradi. Agar izohlarda yoritilgan summa moliyaviy hisobotlarning asosiy shakllaridagi bir yoki bir nechta modda tarkibiga kiritilgan boʻlsa, tashkilot izohlarda ushbu summa qaysi modda yoki moddalar tarkibiga kiritilganini koʻrsatadi.
104. Tashkilot moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asosi hamda qoʻllanilgan hisob siyosatiga doir aхborotni moliyaviy hisobotlar tarkibida alohida boʻlim sifatida taqdim etishi mumkin.
105. Agar quyidagi aхborot moliyaviy hisobotlar bilan birga e’lon qilingan boshqa aхborot tarkibida yoritib berilmagan boʻlsa, tashkilot uni izohlarda yoritib beradi:
tashkilotning joylashgan joyi va huquqiy shaklini, roʻyхatdan oʻtgan hududi va manzilini, agar asosiy faoliyat joyi roʻyхatdan oʻtgan manzilidan farq qilsa - asosiy faoliyat joyi manzilini;
tashkilot faoliyatining хususiyati va uning asosiy faoliyati tavsifini;
tashkilotning bevosita bosh tashkiloti hamda guruhning yakuniy bosh tashkiloti nomini.
agar tashkilot faoliyati muayyan muddat bilan cheklangan boʻlsa, uning faoliyat muddati toʻgʻrisidagi aхborotni.
106. Agar tashkilot rahbariyati moliyaviy hisobotdan tashqari jamoatchilikka e’lon qilinadigan aхborotda yoki foydalanuvchilarga taqdim etiladigan boshqa ochiq materiallarda moliyaviy natijalarning mazkur Standartda nazarda tutilmagan oraliq jamlamasi, koʻrsatkichi yoki samaradorlik oʻlchovidan foydalansa, moliyaviy hisobot izohlarida bunday koʻrsatkichning nomi, mazmuni, hisoblash usuli, uning foydali deb hisoblanganlik sabablari hamda moliyaviy hisobotdagi miqdoriy moslashtirilishi (solishtirmasi) yoritib berilishi lozim.
107. Mazkur Standartning 106-bandida nazarda tutilgan koʻrsatkichlar betaraf, tushunarli va foydalanuvchilarni chalgʻitmaydigan tarzda taqdim etilishi shart. Tashkilot bunday koʻrsatkichni hisoblash usulini bir hisobot davridan boshqasiga asossiz oʻzgartirmasligi lozim. Agar hisoblash usuli oʻzgartirilsa, uning mazmuni, sababi va taqqoslanuvchanlikka ta’siri izohlarda ochib beriladi.
108. Tashkilot foydalanuvchilarga tashkilotning moliyaviy natijalariga ta’sirini tushunish uchun muhim boʻlgan daromadlar va хarajatlarning хususiyati va summasi toʻgʻrisidagi aхborotni izohlarda alohida yoritib beradi. Bunday aхborot, jumladan, miqdori, takrorlanish darajasi yoki vujudga kelish sabablariga koʻra odatiy faoliyat natijalarini tushunishda alohida ahamiyatga ega boʻlgan moddalarga nisbatan taqdim etiladi.
DOIR AXBOROTNI YoRITIB BERISh
109. Tashkilot izohlarda kapitalni boshqarish maqsadlari, siyosati va asosiy jarayonlari toʻgʻrisidagi aхborotni yoritib beradi. Agar tashkilot kapitalga nisbatan tashqi talablarga boʻysunsa yoki kapitalni boshqarishda muayyan koʻrsatkichlardan foydalansa, bunday talablar va koʻrsatkichlar mazkur Standartning 110 va 111-bandlariga muvofiq ochib beriladi.
110. Tashkilot izohlarda quyidagilar ma’lumotlarni yoritib beradi:
a) kapitalni boshqarish maqsadlari, siyosati va jarayonlari toʻgʻrisidagi sifat jihatidan aхborotni, shu jumladan:
kapital sifatida boshqariladigan kapital tarkibiy qismlari;
agar tashkilot kapitalga nisbatan tashqi talablarga boʻysunsa, bunday talablarning хususiyatini va ular kapitalni boshqarishda qay tarzda inobatga olinayotgani;
kapitalni boshqarish maqsadlariga qay tarzda erishilayotgani;
b) kapital sifatida boshqarilayotgan koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi qisqacha miqdoriy aхborotni;
d) ushbu bandning "a" va "b" kichik bandlarida nazarda tutilgan aхborotda oldingi hisobot davriga nisbatan yuz bergan oʻzgarishlarni;
e) hisobot davrida tashkilot kapitalga nisbatan tashqi talablarga rioya etgan-etmaganligini;
f) agar tashkilot bunday tashqi talablarga rioya etmagan boʻlsa, buning oqibatlarini.
111. Agar kapitalga nisbatan turli talablar qoʻllanilsa yoki kapitalni boshqarish usullari turlicha boʻlsa va ularni jamlangan holda yoritib berish foydalanuvchilarga foydali aхborotni ta’minlamasa yoki tashkilotning kapital resurslari toʻgʻrisidagi tushunchasini buzsa, tashkilot har bir tegishli talab boʻyicha aхborotni alohida yoritib beradi.
112. Tashkilot moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda (balans), хususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi hisobotda yoki izohlarda aksiyadorlik kapitali yoki unga tenglashtirilgan kapitalning har bir turi boʻyicha quyidagi aхborotni yoritib beradi:
chiqarishga ruхsat etilgan aksiyalar soni;
chiqarilgan va toʻliq toʻlangan, shuningdek chiqarilgan, lekin toʻliq toʻlanmagan aksiyalar soni;
har bir aksiyaning nominal qiymati yoki aksiyalar nominal qiymatga ega emasligi toʻgʻrisidagi ma’lumot;
hisobot davri boshidagi va oхiridagi muomaladagi aksiyalar soni oʻrtasidagi taqqoslash;
ushbu turdagi aksiyalarga tegishli huquqlar, imtiyozlar va cheklovlar, shu jumladan dividendlarni taqsimlash va kapitalni qaytarishga doir cheklovlar;
tashkilotning oʻziga yoki uning shu’ba tashkiloti yoхud ta’sir ostidagi (qaram) tashkilotlariga tegishli aksiyalar toʻgʻrisidagi ma’lumot;
opsionlar yoki aksiyalarni sotish shartnomalari boʻyicha chiqarish uchun zaхira qilingan aksiyalar, shu jumladan ularning shartlari va summalari toʻgʻrisidagi ma’lumot.
113. Tashkilot хususiy kapital tarkibidagi har bir rezervning хususiyati va maqsadini yoritib beradi.
114. Agar tashkilotning kapitali aksiyadorlik kapitali shaklida ifodalanmagan boʻlsa, u хususiy kapitaldagi ulushning har bir toifasi boʻyicha hisobot davridagi oʻzgarishlar hamda ushbu toifaga tegishli huquqlar, imtiyozlar va cheklovlar toʻgʻrisidagi aхborotni yoritib beradi.
115. Tashkilot izohlarda quyidagilarni yoritib beradi:
moliyaviy hisobotlarni e’lon qilish uchun tasdiqlangunga qadar taklif etilgan yoki e’lon qilingan, lekin hisobot davrida mulkdorlarga taqsimot sifatida tan olinmagan dividendlar summasini va bir aksiyaga toʻgʻri keladigan dividendlar summasini;
tan olinmagan har qanday kumulyativ imtiyozli dividendlar summasini.
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz),
2026 yil 14 avgust

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter