Javob beramiz

Mol-mulk soligʻi va yer soligʻi

2011 yilda sotib olingan, 2015 yil oxirida ishga tushirilgan bozor hududida joylashgan savdo doʻkoniga kadastr hujjatlari 2016 yilning yanvar oyida rasmiylashtirilgan boʻlsa unga mulk soligʻi qanday hisoblanadi?


Doʻkonlar boʻyicha mulk soligʻi ularga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab, ya’ni 2016 yilning yanvaridan yuridik shaxslar uchun belgilangan stavkada (noturarjoy ob’yekti sifatida) toʻlashingiz zarur.

Jamiyat(MChJ) oʻz ta’sischisining yer va mol-mulk soligʻidan qarzi boʻyicha javobgarmi? Soliq inspeksiyasi tomonidan jamiyatning hisob raqamiga ta’sischi - jismoniy shaxsning yer va mol-mulk soligʻidan qarzi boʻyicha toʻlov talabnomasi qoʻyishi toʻgʻrimi?


Agar kadastr hujjatlarida mulkdor sifatida Jamiyat emas, jismoniy shaxs koʻrsatilgan boʻlsa, albatta mol-mulk soligʻini jismoniy shaxs toʻlashi lozim boʻladi. Ya’ni bu holatda soliq organlari tomonidan Jamiyatga soliqni toʻlash toʻgʻrisidagi talabnomani qoʻyishi notoʻgʻridir.

Istirohat bogʻi ijaraga berilgan binolar uchun mol-mulk soligʻini hamda ular joylashgan maydondan yer soligʻi toʻlashi lozimmi? Ijaradan soliq toʻlashda ijara haqining eng kam miqdori qanday hujjat asosida aniqlanadi? Agar istirohat bogʻi Labzak, Zulfiyaxonim koʻchalari va Anhor kesishgan joyda joylashgan boʻlsa, u holda bogʻ qaysi zonaga taalluqli boʻladi? Qanday faoliyat va xizmatlar uchun biz litsenziya yoki boshqa ruxsat etish xususiyatga ega hujjatlar olishimiz kerak (masalan, restoran, kafe, chakana va ulgurji savdo, attraksionlar va boshqa faoliyat turlari)?


Modomiki bogʻga ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanar ekan va aholining madaniy ehtiyojlarini qondiradigan umumiy foydalanishdagi yerlari jumlasiga kirar ekan, u holda ular qurilish tugallanganidan keyin ham, bogʻ faoliyatini boshlanganda ham  yer soligʻi solish ob’yekti hisoblanmaydi.