Javob beramiz
Umumiy masalalar
Agar jismoniy shaxs oʻzining uyiga quyosh batareya panellarini oʻrnatsa va undan foydalansa, jismoniy shaxsning biror bir tashkilot oldida soliq yoxud boshqa toʻlovlar buyicha majburiyatlar yuzaga keladimi?
Quyosh batareyalaridan foydalanganlik uchun axolidan biron bir soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlarni undirish amaldagi qonun xujjatlarida koʻzda tutilmagan.
Vaqtincha moliyaviy yordam berilganda qanday soliq oqibatlari kelib chiqadi? Soliqlari qanday hisoblanadi va uni qaysi tomon toʻlaydi?
Vaqtincha moliyaviy yordamni olgan tomon soliqni (soliq tizimidan kelib chiqqan holda) MB qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqib aniqlanadigan daromaddan toʻlaydi.
Agar korxonaga tut plantatsiyalari uchun yer ajratilsa va balansga qabul qilinsa, buning oqibatida qanday soliq majburiyatlari vujudga keladi? Bu faoliyat boʻyicha soliq imtiyozlari mavjudmi va ulardan qanday foydalanish mumkin?
YaST toʻlovchisi boʻlgan korxona yangi yer uchastkasini olsa, uning maydonini 3 karra yer soligʻidan kelib chiqib hisoblanadigan YaST eng kam miqdorini aniqlashda hisobga olishi kerak boʻladi.
1. Tekshirish natijasida kamaytirishga hisoblangan majburiy sugʻurta badallari va YaIT buxgalteriya hisobida qanaqa provodkalar bilal aks ettiriladi. 2. Kamaytirishga hisoblangan soliq va majburiy ajratmalar summasini mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarga qaytarib berishni imkoni boʻlmasa, ularni 3 yil da’vo muddati oʻtishini kutmasdan hisobdan chiqarsa boʻladimi? 3. 9360 schyotida aks ettirilgan majburiyatlarni hisobdan chiqarishdan daromadlar soliqqa tortiladimi? 4. Agar DSIdan pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar boʻyicha ortiqcha toʻlovlar bizning hisob raqamimizga kelib tushmasa ularni 9360 schyotiga oʻtkazish kerakmi?
Soliq tekshiruvi oʻtkazilayotganda hujjatlarining yoʻqotilganligi yoki yoʻq qilinganligi, soxtalashtirilganlik yoki almashtirilganlik holatlari aniqlanmagan boʻlsa ham, soliq organlari soliq va majburiy toʻlovlarni hisob-kitob yoʻli bilan aniqlashga haqlimi? Chorvachilik va baliqchilik sohalarida ishlab chiqarilishi mumkin boʻlgan maxsulot miqdorini normativlar asosida aniqlab, bozor narxlarga asoslangan holda soliq solish bazasini va qoʻshimcha soliqlarni hisoblab chiqarish qonuniymi?
Ha, haqli. Soliq organlari hisob hujjatlari boʻlmaganida ham byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq va majburiy toʻlovlarni hisob-kitob yoʻli bilan aniqlashi mumkin.
Soliq tekshiruvi oʻtkazilayotganda soliq inspektorlari da’vo muddati oʻtgan kreditorlik qarzlarni jamiyat daromadiga hisobdan chiqarib, uning summasiga qoʻshimcha soliq va dividendlarni hisoblashga haqlimi? Soliq toʻlovchilarga muddati uch yildan oʻtgan kreditorlik qarzlarni hisobdan chiqarib soliqqa tortish majburiyatini yuklovchi qanday normativ-huquqiy hujjatlar mavjud?
Ha, soliq tekshiruvi oʻtkazayotgan inspektorlar da’vo muddati oʻtgan kreditorlik qarzlarni jamiyat daromadiga hisobdan chiqarib, uning summasiga qoʻshimcha soliqlarni hisoblashga haqli.
Korxona ustav fondidagi ulushi uchinchi shaxsga nominal qiymatdan past narxga sotilganda ta’sischilar (ulushini sotuvchi va sotib oluvchi) hamda korxonada qanday soliq oqibatlari yuzaga keladi? Ushbu operatsiya buxgalteriyada qanday aks ettiriladi?
Agar ustavga kiritmalar kiritilganligini yoki sotuvchidan sotib olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlsa ustav fondidagi ulushni nominal qiymatdan past narxda sotganda norezident yuridik shaxsda ham, sotib oluvchi – rezident – jismoniy shaxsda ham hech qanday soliq oqibatlari yuzaga kelmaydi.
Asosiy faoliyati chakana savdo boʻlgan korxona boshqa faoliyat turlari bilan ham shugʻullansa va kichik chakana savdo korxonalari uchun belgilangan oʻrtacha yillik xodimlar soni oshib ketsa, u YaST toʻlovchisiligicha qoladimi yoki umumbelgilangan soliqlar toʻlovchisi boʻladimi? Bunda YaST umumbelgilangan soliqlar toʻlovi asosida qayta hisoblanadimi?
Ha, korxona YaST toʻlovchisiligicha qoladi. 2016 yilda kichik chakana savdo korxonalari uchun qonun bilan belgilangan 25 nafar xodimdan koʻproq xodim ishlasa ham korxona tanlov huquqisiz YaSTni toʻlaydi (Soliq kodeksining 350-moddasi 2-bandi).
Ishlab chiqaruvchi korxona ulgurji savdo faoliyati uchun litsenziya olib ulgurji savdo bilan shugʻullanishni boshlasa yagona soliq toʻloviga oʻtishi shartmi?
Umumbelgilangan soliq toʻlovchisi boʻlgan ishlab chiqarish korxonangiz 2017 yildan boshlab yagona soliq toʻloviga oʻtishi shart boʻladi, agar 2016 yil yakunlari boʻyicha asosiy faoliyati ulgurji savdo boʻlsa.
1. MChJ oʻz faoliyatini toʻxtatib turgan davrda korxona rahbariga ish haqi hisoblanishi shartmi va pirovardida ish haqidan ushlanadigan soliq va ajratmalar hisobi qanday boʻladi? 2. Shu davrda DSIga topshiriladigan yagona soliq hisobotlarini qay tariqa toʻldirishni tavsiya qilasiz? 3. Ushbu holatni biron bir hujjat bilan rasmiylashtirish kerakmi?
Yuridik shaxsni faoliyati vaqtincha toʻxtab turgan davrda uning soliq majburiyatlari tugatilmaydi. Korxonaning oʻz soliq majburiyatlarini bajarish maqsadida korxona rahbariga ish haqining yagona tarif setkasi boʻyicha birinchi razryadli ishchilarga belgilangan me’yordan kam boʻlmagan miqdorda har oyda ish haqi hisoblanishi kerak.
Yuridik shaxsdan ustav kapitalidagi ulushni tekinga olgan jismoniy shaxslarda qanday soliq oqibatlari yuzaga keladi?
Jismoniy shaxslar uchun yuridik shaxsdan tekinga olingan pay va ulushlar moddiy naf tarzidagi daromadlar boʻlib (Soliq kodeksining 177-moddasi 2-bandi), u jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻiga (JShDS) tortilishi kerak, ammo ular yagona ijtimoiy toʻlov va fuqarolarning sugʻurta badallariga tortilmaydi.
Ushbu holatda qanday tuzatish buxgalteriya yozuvlari beriladi? Xar ikkala tomonning soliq oqibatlari qanday boʻladi?
Sizning holatingizda foizsiz qarz berishdan qarz beruvchida ham, qarz oluvchida ham soliq oqibatlari yuzaga kelmaydi, shuning uchun buxgalteriya hisobida toʻgʻirlashlar kiritishga hojat yoʻq.
Har oyda ta’sischidan qarzga olingan qurilish havozalari qiymatidan 1% miqdorida ta’sischiga toʻlovni amalga oshirishda qanday soliq oqibatlari yuzaga keladi?
Iste’mol qilinmaydigan ashyolar qarz shartnomasi predmeti boʻla olmaydi. Iste’mol qilinmaydigan ashyolar ijara shartnomasi predmeti boʻladi. Ijara toʻlovi jismoniy shaxs uchun mulkiy daromad boʻlib, u oʻrnatilgan eng past stavka 7,5% boʻyicha Soliq kodeksining 184-moddasiga muvofiq toʻlov manbai (yuridik shaxs) da soliqqa tortiladi.
Oziq-ovqat iste’moli uchun ishlatiladigan qadoqlanmagan oʻsimlik yogʻini (kungaboqar yegʻi, paxta yogʻi) ulgurji sotib olib, qoʻshimcha ishlov bermasdan 1, 2, 5-litrli idishlarga qadoqlab, savdoga chiqarilganda soliq solish tartibi qanday boʻladi? Ushbu faoliyatni olib borish mumkinmi?
Qadoqlanmagan oʻsimlik yogʻini dastlab kichik idishlarga quyib, ularni sotish faoliyati – savdo faoliyati deb hisoblanadi. Soliq kodeksning 350 moddasiga asosan savdo korxonalari, xodimlarning sonidan qat’i nazar yagona soliq toʻlovini toʻlovchilari hisoblanadi.
Korxona 2015 yil uchun YaITni 25%dan 15%ga oʻzgartirib qayta hisob-kitob qilishi, 2016 yildan esa YaST toʻlashga oʻtishi hamda YaITni 15% stavka boʻyicha toʻlashi mumkinmi?
Ha, basharti 2015 yil uchun korxona kichik korxona mezoniga mos kelsa, Yagona ijtimoiy toʻlovning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona ijtimoiy toʻlovni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (13.04.2010 yildagi 2095-son) muvofiq siz YaITni 15% stavka boʻyicha qayta hisob-kitob qilishingiz mumkin.

Bizning Facebook
Telegram kanali @uz_buxgalter